Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Horijlik olimlar Serqirra daho. Jon fon Neyman

Serqirra daho. Jon fon Neyman

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 9
Juda yomon!A'lo! 

Serqirra daho. Jon fon Neyman

Jon fon Neyman XX asrning eng yirik matematiklaridan biri. U avvaliga o‘yinlarning matematik nazariyasini ishlab chiqdi. Keyin esa, ko‘plab jarayonlarni ushbu nazariya orqali ifodalash mumkinligini ko‘rsatib berdi. Fon Neymanning ilmiy salohiyati faqatgina nazariy matematika bilan cheklanib qolmay, balki, matematikani boshqa ko‘plab ilmiy-texnikaviy yo‘nalishlarga tadbiq qilish bilan namoyon bo‘lgan. U qaysi fan sohasiga qo‘l urmasin ulkan amaliy natijalarni qayd etdi.

Jon fon Neyman. Manxetten loyihasidagi ishtiroki paytidaYanosh Layosh Neyman - bu Jon fon Neymanning asl ismi-sharifidir. Yanosh Neyman 1903-yilning 28-dekabrida Budapeshtda tug‘ilgan. Uning otasi Miksa Neyman bankir, onasi Margaret Kann esa yirik boy tijoratchining qizi bo‘lgan. Yanosh (uni erkalatib Yanchi deb chaqirishgan) Neyman juda iqtidorli bo‘lib, bolaligidan boshlab matematikaga jiddiy qiziqqanligiga qaramay, otasi uni kimyogar bo‘lishini istagan ekan. U 6 yoshligidayoq hatto sakkiz xonalik sonlarni ham qog‘oz-qalam ishlatmasdan, bemalol dilda qo‘shib, ayrib, ko‘paytish va bo‘lish amallarini bajara olgan ekan. 8 yoshida esa u matematik analizga oid masalalarni mustaqil hal qila olgan. 1911-yilda u lyuteran gimnaziyasiga o‘qishga kiradi. 1913-yilda uning otasi zodagonlik maqomini oladi va endilikda qahramonimiz ham, Avstro-Vengriya Imperiyasi an'analariga muvofiq ravishda, o‘zining asl Yanosh Neyman ismini zodagonlik maqomiga moslab Yanosh fon Neyman shakliga o‘zgartiradi.

 

Otasining talabi bilan fon Neyman Shveysariyadagi Syurix universitetida kimyo muhandisligi sohasini o‘zlashtirishga kirishadi. Ota Neyman shunchaki matematikaning o‘zi hayotda to‘q yashash uchun yetarli bo‘lmaydi deb hisoblagan va o‘g‘lining o‘sha zamonlarda istiqbolli sanalgan soha - kimyo texnologiyalarni o‘zlashtirishini istagan. Lekin Yanosh fon Neyman matematikaga bo‘lgan qiziqishni ham tashlab yubormaydi. U kimyo yo‘nalishida tahsil olar ekan, matematikani mustaqil o‘rgana boshlaydi va 1926-yilda Budapesht universitetida matematikadan fan doktori darajasini qo‘lga kiritadi. 1927-yilda olim Germaniyaning Gyottingen universitetiga, mashhur matematik David Gilbertning ilmiy maktabiga yo‘l oladi. Fon Neyman o‘zining nazariy fizikaga oid eng muhim ilmiy ishlarini aynan Gyottingenda yuritgan va e'lon qilgan. Yanosh Fon Neymanning Germaniyada yashagan davrlaridagi ilmiy ishlarida uning ismi nemischaga moslanib Yoxann Neyman tarzida qayd etiladi.

Fon Neymanning ota avlodi kelib chiqishiga ko‘ra yahudiy millatiga mansub bo‘lgan. 1930-yillarga kelib Germaniyada hukumat tepasiga fashistlar kela boshlagach, mamlakatda antisemitizm illati kurtak yoza boshladi. Bu orada fon Neyman ancha obro‘-e'tibor orttirgan olim bo‘lib tanilib ulgurgan edi va uni 1930-yilda AQSHga Prinston universitetida yangi tashkil qilinayotgan Istiqbolli Tadqiqotlar Institutiga taklif etiladi. Bu uning uchun ayni muddao edi. Fon Neyman 1930-yilda Prinstonga ko‘chib o‘tadi va avvaliga ushbu universitetda o‘qituvchilik qiladi. 1933-yildan boshlab u Istiqbolli Tadqiqotlar Institutida ishlay boshlaydi. Olim ushbu institutning eng yosh ilmiy xodimi bo‘lgan va umrining oxirigacha aynan shu institutda mehnat qilgan. Amerikaga ko‘chib o‘tgach, Yanosh fon Neymanning ismi asta sekinlik bilan Jon shaklida talaffuz qilina boshladi (olimning ismi pasportida Janosh yozilgan. Shundan avvaliga Jan keyinroq Jon shakliga o‘tgan). 1937-yilga kelib fon Neyman AQSH fuqaroligini qabul qildi. U asl qoni vengr millatiga mansub ekanligini unutmasdi. Fon Neyman oila qurish uchun turmush o‘rtog‘ini albatta vengr millatiga mansub bo‘lishi kerak degan fikrga ega bo‘lgan. U ikki marotaba uylangan va har ikki safar AQSHga Vengriyadan muhojirlikka kelgan vengr qizlari bilan turmush qurgan. Fon Neymanning har ikki turmushidan bittadan qiz farzandi bo‘lgan.

Bu orada Yevropada mashu'm urush olovi alangalanib, fashistlar armiyasi ommaviy qirg‘inbarotlarni boshlab yuborgandi. fashistlar Germaniyasining ittifoqchisi bo‘lmishRobert Oppengeymer (o'ngda) va Jon fon Neyman (chapda) Yaponiya armiyasi AQSHning Tinch okeanidagi Pirl-Xarbor bazasini bombardimon qilgach, AQSH hukumati ham urush harakatlarida faol qatnasha boshladi. AQSH hukumatidagilar urushda qo‘llash uchun, dushmanga ommaviy va yalpi zarba bera oladigan qirg‘in quroli - atom bombasini tayyorlashni maqsad qilishgan edi. Shu maqsadda mamlakatda yirik fizik-yadroshunos Robert Oppengeymer boshchiligida, shartli ravishda "Manxetten loyihasi" deb nomlanuvchi, asl maqsadi esa dushmanga qarshi qo‘llash mumkin bo‘ladigan atom bombasini tayyorlash bo‘lgan davlat ahamiyatiga ega loyiha yo‘lga qo‘yildi. 1942-yilda Oppengeymer "Manxetten loyihasi"da ishtirok etish uchun Jon fon Neymanni ham taklif qildi. Bu vaqtda fon Neyman AQSH hukumati huzuridagi harbiy maslahatchi bo‘lib ishlayotgan edi. 1943-yildan boshlab fon Neyman ham "Manxetten loyihasi"ning to‘laqonli a'zosiga aylandi. Uning sai-harakatlari bilan atom bombasi tayyorlash loyihasi yangi bosqichga ko‘tarildi va Los-Alamosdagi favqulodda maxfiy laboratoriyada tarixda ilk atom bombasi yasaldi. Uning mazkur loyihaga qo‘shgan hissasi shunchaki nazariy tavsiyalardan iborat bo‘lmagan. Atom bombasining detonatsiyalanish holatining eng optimal variantini aynan fon Neyman matematik usulda hisoblab chiqarib bergan va amalda uning hisob-kitob o‘zini to‘liq oqlagan. Shuningdek u bombani sinab ko‘rish uchun eng maqbul va zararsiz joylarni belgilash bo‘yicha geografik-topologik tavsiyalarni ishlab chiqqan.

Urushdan keyingi yillarda olim kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish va kompyuterlardan amaliyotda keng foydalanishga o‘tish masalalariga qiziqib qoldi. U 1950-yilda ENIAK kompyuteridan ob-havoni bashorat qilish maqsadida foydalanish borasida AQSH meteorologiya xizmati bilan tajriba o‘tkazdi va muvaffaqiyatli natijani qo‘lga kiritdi. 1954-yilda uni Atom Energetikasi Hay'atiga a'zolikka saylashdi. Atom Energetikasi bo‘yicha hukumatning bosh maslahatchisi bo‘lib ishga tayinlangan olim 1955-yil may oyida Vashingtonga ko‘chib o‘tadi va qit'alararo ballistik raketalar, hamda, atom bombasini qo‘llash strategiyalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Avj olib borayotgan sovuq urush sharoitida fon Neymanda olimlarga xos bo‘lmagan radikal qarashlar shakllanib borayotgan edi. U AQSHning SSSR ga qarshi urush ochishini tarafdori bo‘lgan o‘ta o‘ngchi radikal siyosatchilar safiga kirib qoladi. U hatto Sovet Ittifoqiga qarshi yadroviy zarba berish kerakligi haqida hukumatga taklif ham kiritadi. Fon Neymanning ushbu yillardagi radikal siyosiy qarashlariga nima sabab bo‘lganini aytish qiyin. Balki bu holatni, uning vatani Vengriyada urushdan keyin kommunistik tartib o‘rnatilganini hazm qila olmagani bilan izohlash mumkindir. Lekin nima bo‘lganda ham AQSH hukumati tepasidagi hal qiluvchi qarorni qabul qiladigan shaxslarda oxir-oqibat sog‘lom fikr g‘alaba qozondi va insoniyat uchun muqarrar kulfat keltiradigan yadroviy urush ro‘y bermadi.

1954-yil yozida Jon fon Neyman yiqilib tushdi va jarohat oldi. Davolanishiga qaramay, jarohat o‘rnidagi og‘riq o‘tib ketmasdan battar zo‘rayaverdi. Qanchalik daho bo‘lmasin, afsuski u o‘zi qanday zararli sharoitda ishlayotganiga e'tibor qaratmagan ekan. Vrachlar uning suyaklarida saraton avj olayotganini aniqlashdi. Buning bosh omili esa - o‘sha "Manxetten loyihasi"da radioaktiv moddalar bilan ko‘p ishlagani va hayot uchun xavfli nurlanish dozasi olganligi bo‘lib chiqdi. Fon Neyman "Manxetten loyihasi"da ishlayotganda o‘ziga qat'iy ishonch bilan Los-Alamos favqulodda maxfiy laboratoriyasida haddan ziyod ko‘p soatlab ish olib borgan. Kasallik 1955-yilga kelib olimni to‘shakka mixlab qo‘ydi. Beqiyos zakovat egasi, XX-matematikasi daholaridan biri Yanosh, Yoxann, Jon fon Neyman 1957-yilning 8-fevralida Prinstonda vafot etdi.

Bu qiziq:

  • Jon fon Neyman zamonaviy kompyuter texnologiyalarining asoschilaridan biri sanaladi. Hozir butun dunyo bo‘yicha amal qiladigan kompyuter texnikasi arxitekturasining ishlash tamoyillarining konsepsiyasini aynan fon Neyman ishlab chiqqan.
  • Nobel mukofoti laureati, fizik Xans Byote inson intellekti darajasini 10 ballik shkala bilan baholashni ma'qul ko‘rardi. Uning fikricha, 8 ball bilan baholangan intellekt sohiblari Byotening o‘zi hamda fon Neyman bilan bir xil aqliy salohiyatga ega bo‘lgan shaxslardir. 9 ballik intellekt egalari esa faqat fon Neyman intellekti bilan tenglasha oladigan intellektga ega bo‘lishi kerak. 10, ya'ni eng yuqori intellekt egasi esa, fon Neyman "hozircha" tushuna olmayotgan narsalarni tushunadigan odam bo‘lishi kerak va bunday odam hozircha yo‘q degan edi u.
  • Fon Neyman bilan zamondosh olimlar orasida shunday yarim hazil yarim chin ibora bor edi: "Aksariyat matematiklar o‘zi qurbi yetgan narsalarnigina isbotlaydilar; Jon fon Neyman esa - o‘zi xohlagan narsani isbotlaydi". Bunga dalil qilib quyidagi misolni keltirish mumkin: fon Neyman Universitetda matematikadan ma'ruza o‘qiyotgan paytda bir teoremaning isbotini eslay olmay qoladi. U talabalar ko‘z o‘ngida, doskada teoremani bosh-boshidan ko‘rib chiqadi va uning isbotini yo‘l-yo‘lakay keltirib chiqarib beradi. Shunda olimga talabalardan biri murojaat qilib, o‘zining qo‘lidagi kitobda, qaralayotgan teoremaning 3 xil isbotlash usuli borligini, lekin fon Neyman doskada keltirib chiqargan usul ular ichida yo‘qligini aytib qoladi. Auditoriyga yuzlanar ekan fon Neyman yuzida tabassum bilan: "baxtga qarshi men to‘rtinchi isbotlash usulini tanlab qo‘yibman" - degan ekan.
  • Jon fon Neymanga bir kuni quyidagicha masala berishgan ekan: ikkita poyezd orasidagi masofa 200 km; ular bir-biriga qarama qarshi ravishda 50 km/soat tezlik bilan harakatlanmoqda. Pashsha birinchi lokomotivning old oynasidan uchib chiqib ikkinchi poyezdga tomon uchib boradi va ikkinchi poyezd lokomotivining old oynasiga tegib yana ortga qaytadi. Shu tarzda u poyezdlar o‘rtasida 75 km/soat o‘zgarmas tezlik bilan uchib boradi. Poyezdlar to‘qnashganicha pashsha qancha masofani bosib o‘tadi?

Bu masala juda oddiy yechiladi: har ikkala poyezd to‘qnashuvgacha 100 km masofani bosib o‘tadi va buning uchun 2 soat vaqt ketadi. Bu ikki soat ichida pashsha 75 km/soat tezlik bilan 150 km masofani uchib o‘tadi. Lekin masalani yechishning boshqacha yo‘li ham bor: matematiklar odatda bu masalani pashshaning poyezddan poyezdga uchib o‘tgan har bir masofalarini qatorlarga yoyish va cheksiz qatorlar yig‘indisini chiqarish orqali yechadilar. Bu usulda yechish ham unchalik mushkul emas. Lekin muayyan hajmdagi hisob-kitoblarni bajarishni talab etadi. Mazkur masala fon Neymanga berilganida u javobni atiga 3 soniyadan keyin bayon qilgan ekan. Qizig‘i shundaki, fon Neyman masalani aynan qatorlarga yoyish usuli bilan yechgan ekan. Chunki suhbatdoshi undan javobni eshitgach, hayron bo‘lib, "hamma matematiklar bu masalani qatorlar orqali yechishadi, siz bo‘lsa..." - deb turganda, olim uni gapini bo‘lib: "Nima, boshqa yo‘li ham bormi???" - degan ekan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 17.12.2018 08:38  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
0 #2 Javob: Serqirra daho. Jon fon NeymanMen 2017-01-12 18:46
Ha tog'ri
 
 
0 #1 Javob: Serqirra daho. Jon fon NeymanBaxtiyor Sheraliyev 2016-01-16 08:02
Bunaqa olimlar haqida o'qiganimda o'zimni yuqoridagi pashshadek his qilaman :cry:
 

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Faylasuf va fizik suhbatidan:

-Muhabbatning kuchi nimada deb o'ylaysiz? - deb so'radi faylasuf.

-Buning javobi juda oson, Muhabbatning kuchi, uning tezlanishi va massasining kopaytmasiga teng, ya'ni Fmuh=ma... - deb javob berdi fizik.


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11858082

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)