Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Horijlik olimlar Albert Eynshteyn

Albert Eynshteyn

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 9
Juda yomon!A'lo! 

Albert Eynshteyn

(1879—1955)

Albert Eynshteyn 1879 yilning 14-mart sanasida Avstriyaga qarashli Ulm shahrida tavallud topgan. Bo‘lajak buyuk fizikning otasi German Eynshteyn ham, maktab chog‘laridayoq tengdoshlariga nisbatan kuchli zehni va ajoyib matematik qobiliyati bilan ajralib turgan ekan. Albert 1 yoshga to‘lgan yili, Eynshteynlar oilasi Myunxenga ko‘chib o‘tadi. Albert Eynshteyn 5 yoshlik paytida unga kompas sovg‘a qilishgan. Yosh Albert ushbu ajoyib narsaning xususiyatlaridan hayratlanib, butun kelajak hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi kuchli qiziqishlar olamiga sho‘ng‘ib ketgan. Keyinchalik, 12 yoshlik chog‘ida uning qo‘liga Yevklidning geometriya kitobi (ya'ni, «Boshlang‘ichlar» asari) tushib qoladi. Eynshteyn o‘zining fizika va umuman ilm-fan olamiga kirib kelishida bolaligida qo‘liga kelib tushgan aynan o‘sha ikkita narsa – kompas va geometriya kitobi hal qiluvchi o‘rin tutganini ko‘p bora ta’kidlagan.

Myunxenda Albert Eynshteyn avvaliga oddiy boshlang‘ich maktabga, keyinroq esa maxsus gimnaziyaga qatnay boshlagan. 6-sinfgacha bo‘lgan ta’limni Germaniyada olgan yosh Albert, keyinchalik Milanga yo‘l oladi va mustaqil o‘qiy boshlaydi.

 

 

1895 yilning kuzida u Shveytsariyaga ko‘chib o‘tadi. Uning maqsadi Syurixdagi oliy texnika o‘quv yurtiga – Syurix Politexnikumiga o‘qishga kirish bo‘lgan. Biroq, dastlabki urinishda Eynshteyn imtihonlardan o‘ta olmagan. Uni gumanitar fanlar va botanika, hamda, fransuz tilidan o‘tkazilgan imtihonlardagi bahosi qoniqarsiz bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da Syurix Politexnikumi direktori Eynshteynning aqliy salohiyatini o‘z vaqtida ilg‘ab qoladi va unga Aaraudagi maktabda vaqtincha o‘qib, o‘sha maktabning attestatiga ega bo‘lishi mumkinligini aytadi. Politexnikum direktori Eynshteynga «Siqilmang, Juzeppe Verdini ham Milan konservatoriyasiga darhol qabul qilishmagan. Sizning kelajagingiz porloq, men bunga aminman» - degan ekan o‘sha direktor.

Albert Eynshteyn direktorning maslahatiga ko‘ra Aarauga yo‘l oladi va u yerda bir yil ta’lim olgach, fizika o‘qituvchisi bo‘lishga qaror qiladi. U yil davomida avvalgiAlbert Eynshteynning fotosuratlari ichida uning eng kichik yoshdagi paytiimtihonda o‘ziga yetishmagan bilimlarni qaytadan mukammal o‘zlashtirib, puxta tayyorgarlik ko‘radi va keyingi imtihonda Syurix Politexnikumining fizika o‘qituvchiligi fakulteti talabasiga aylanadi.

Politexnikumda ta’lim ola boshlagan dastlabki yiliyoq Eynshteyn ko‘p vaqtini mazkur ilmiy dargohning yaxshi jihozlangan fizika laboratoriyasida o‘tkaza boshlagan. U hamma tajribalarni o‘zi, o‘z qo‘li bilan bajarishni istaydigan injiq va o‘ta qiziquvchan talaba bo‘lgan. Nazariy fizikaga bo‘lgan yuksak qiziqishidan tashqari, Eynshteyn talabalik yillarida shuningdek geologiya, madaniyatshunoslik, tarix, iqtisodiyot, hamda, adabiyotshunoslik fanlari bilan ham jiddiy qiziqqan. U darslardan tashqari vaqtini asosan yoki laboratoriyada, yoki kutubxonada o‘tkazardi. Ko‘pincha, u mavzularni o‘zlashtirish bo‘yicha kursdoshlaridan o‘zib ketib, asosan mustaqil izlanishlar bilan band bo‘lgan. Uning mutolaa stolida German Gelmgolts va Genrix Gerslarning ilmiy ishlarini, shuningdek, Darvinning asarlarini doimo uchratish mumkin edi.

Albert Eynshteyn Shveytsariya davlatining fuqaroligiga erishmoqchi edi. Buning uchun unga turli xil rasmiy tartiblarni bajarish, hamda, 1000 frank miqdorida badal to‘lash zarur edi. Biroq, bu paytda Eynshteynlar oilasining moddiy ahvoli juda qiyin holatda bo‘lib, oila shundoq ham arang amal-taqal qilib kun kechirgan. Otasi German Eynshteyn o‘g‘lining Syurixdagi o‘qish xarajatlarini imkon qadar qoplashga harakat qilardi. Lekin, uning ishlari biroz yurishmasdan, biznesi kasodga uchragan bo‘lib, boshqa daromad manbaini topishga qiynalayotgadi. U Albert uchun oyiga ko‘pi bilan 100 frank mablag‘ jo‘natgan. Albert Eynshteyn esa otasidan kelgan ushbu pullarning asosiy qismini shaxsiy jamg‘armasiga ajratib, to‘plab borgan. Bu esa yosh Eynshteyn uchun ko‘p narsalardan, xususan, to‘yib ovqatlanishdan ham tiyilish majburiyatini keltirib chiqargan. U talabalik yillarida pul tejash uchun o‘ta kamtarona kiyinishga va ovqatlanishda ham faqat eng zarur mahsulotlar bilan cheklanishga majbur bo‘lib o‘qigan. Albertning Shveytsariya fuqaroligini olishga intilishining ikkita sababi bor edi: birinchidan, agar u Germaniyada qolsa, uni harbiy harakatlarga – urushlarga albatta jalb qilishardi. Albert esa nemis armiyasida xizmat qilishni istamagan. Ikkinchida, Shveytsariyada ishlash, masalan, o‘qituvchilik qilish uchun ushbu mamlakat fuqarosi bo‘lish talab etilardi. U Shveytsariyadagi biror oddiy maktabda bo‘lsa ham fizika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlashni ko‘zlab turgandi. 1900 yil yozida Eynshteyn Syurix Politexnikumini o‘rtacha baholar bilan tamomladi. Unga fizika va matematika o‘qituvchisi diplomi topshirildi. Bir yil o‘tib, 1901 yilda u Shveytsariya fuqaroligiga ham erishdi. O‘sha yili uni Shveytsariya armiyasiga ham chaqirishgan. Biroq, Albert yassitovon bo‘lgani uchun uni armiyaga olishmagan.

Politexnikumni tamomlagach, keyingi ikki yil davomida Eynshteyn o‘ziga ish topolmay sarson bo‘lib yurgan. Unga Vintertur kichik aholi manzilidagi o‘rta maktabda fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlashni taklif etganida quvonchi ichiga sig‘may ketgan ekan. Chunki u vanihoyat doimiy ish topganidan behad xursand bo‘lgan. Biroq, yosh fizik o‘qituvchining xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Unga ishbay haq to‘lashgan va shu sababli, u dars yo‘q paytda pulsiz va ovqatsiz qolib juda qiynalgan. Bunday hayot tarzini bizning xalqimizda «it yotish mirza turish» deyiladi. Xullas, Eynshteyn Vinterturdagi fizika o‘qituvchiligi faoliyatidan tezda hafsalasi so‘nib, yana boshqa ish izlashga tushib ketgan. Uning Vinterturda ba’zan kunlab ovqatlanmasdan och qolib ketishi natijasida surunkali buyrak kasalligini orttirib olgan edi. Ushbu kasallik olimni butun keyingi hayoti davomida ta’qib qilib kelgan. Vinterturdan ketar ekan, unga Shafxauzen degan joyda fizika va matematikadan o‘qituvchilik qilish taklifi tushadi. U Shafxauzenga yetib borib, ishni boshlab yuboradi. Qo‘shimcha ravishda, o‘sha yerning o‘zida Shveytsariyaning oliy o‘quv yurtlariga kirish istagida bo‘lgan xorij fuqarolari uchun tashkillangan tayyorlov kurslaridan ham matematikadan dars beradi.

Biroq, Shafxauzendagi o‘qituvchilik faoliyati ham Eynshteyn kutganidek bo‘lib chiqmagan. Ish borga sari chappasiga ketavergan. U yana ko‘pincha pulsiz, demakki ovqatsiz, och-nahor qola boshlagan. U keyinchalik hazil aralash shunday degan edi: «Men o‘sha paytlarda bir burda boʻlsa ham non topish uchun, skripkamni ko‘tarib ko‘chama-ko‘cha kuy chalsammikan degan xayolga ham borganman…» (Shu o‘rinda rahmatli Hojiboy  Tojiboyevning «qiziqchi, zo‘r qiziqchi! Ikkita respublikada xizmat ko‘rsatgan! Qotirib tashlaydi!» - degan askiyasi esga tushib ketdi…)

Eynshteyn skrpipkani ham qoyil qilib chalgan

Vaziyat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Albert Eynshteyn umidni yo‘qotmasdan, nazariy fizika bo‘yicha izlanishlarni to‘xtatib qo‘ymagan. Uning dastlabki ajoyib ilmiy maqolalari aynan Shafxauzenda ishlab yurgan paytlarida yozilgan. Chunonchi, uning ilk maqolalaridan bo‘lgan «Kappilyarlik nazariyasidan kelib chiquvchi xulosalar» nomli maqolasi Berlinda chop etiluvchi mashhur «Fizika solnomalari» (Annals der Physik) jurnalida nashr etilgan. Ushbu maqolada yosh Eynshteyn suyuqliklarning atomlari orasidagi tortishish kuchlari haqida so‘z yuritgan. Shafxauzenda o‘ta oz maoshga qanoat qilib arang kun kechirib yurgan Eynshteynni Politexnikumdagi yaqin do‘stlaridan biri Marsel Grossman Berndagi patent idorasiga ishga taklif qiladi. Eynshteyn ushbu taklifga tez rozi bo‘ladi va Bernga yo‘l oladi. Unga Bern patent idorasida uchinchi toifa eksperti darajasi bilan 3500 frank yillik maosh tayinlangan. Bunday sharoit ham aslida Eynshteyn kutgan darajada bo‘lmasa-da, harholda Vintertur va Shafxauzenda dars berishdan yaxshiroq edi. Qolaversa, patent idorasida o‘zini ko‘rsatish orqali lavozim bo‘yicha yuqorilash imkoni bo‘lgan.

Patent idorasidagi ish Eynshteyn juda yoqib qolgan. Ushbu idorada bo‘lajak olim 7 yildan ziyodroq vaqt mobaynida, ya'ni, 1902 yildan 1909 yilgacha faoliyat yuritgan. U aynan o‘sha yillarda o‘zining ajoyib, olamshumul maqolalarini yozgan va yetuk nazariyotchi fizik sifatida dunyoga tanilgan. Idoradagi odatiy ish kunidan keyin uning ixtiyorida yana ancha ko‘p bo‘sh vaqti qolardi va qiziquvchan Eynshteyn bu vaqtdan nihoyatda unumli foydalanardi. Idoraning patent uchun kelgan talabnomalarni sinashga mo‘ljallangan asbob-uskunalari va yaxshi jihozlangan laboratoriyalari Eynshteyn uchun ideal sharoitlarni taqdim etgan.

Bern patent idorasida doimiy ish o‘rniga va barqaror moliyaviy ta’minot manbasiga ega bo‘lgan Albert Eynshteyn uylanishga qaror qiladi. Uning tanlovi – asli Xorvatiyalik bo‘lgan Mileva Marich ismli qiz edi. Ota-onasining, ayniqsa onasi Paulina Koxning jiddiy qarshiligiga qaramay, Albert va Mileva turmush qurishadi va Berndagi ko‘pqavatli uylardan biridan ijaraga xonadon topib, yashay boshlashadi. 1904 yilning may oyida Albert va Milevaning oilasida to‘ng‘ich o‘g‘il farzand – Gans-Albert dunyoga kelgan.

Mileva Marich ham Syurix Politexnikumi bitiruvchisi bo‘lib, uning Eynshteynning ilmiy ishlarida yaqindan yordam bera oladigan, ajoyib mantiqiy fikrlash qobiliyati bo‘lgan. Eynshteynlar oilasini yaqindan tanigan ko‘pchilik olimlar shuni ta’kidlashganki, Mileva ham aqliy salohiyat bobida Albertdan hecham qolishmaydigan, yetuk fizik bo‘lgan. Albert va Mileva oilada ham, ilmiy izlanishlarda ham bir-birlarini to‘ldiradigan, bir butunning ikki bo‘lagi kabi bo‘lishgan. Eynshteynning ko‘plab g‘oyalarida Mileva Marichning ham salmoqli ulushi bo‘lgan albatta. Biroq, Mileva Marich ko‘pincha farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani, qolaversa, ilmiy izlanishlarni oila nomidan Albertning o‘zi e’lon qilishi yetarli bo‘ladi deb hisoblagani uchun, aksar hollarda panada qolishni ma’qul ko‘rgan.

Albert o‘zi esa, ko‘pincha o‘zining tashqi ko‘rinishiga deyarli e’tibor bermaydigan, odatda juda jo‘n kiyinadigan, sochi to‘zg‘igan holda yuruvchi odam bo‘lgan. U oddiylikni yoqtirardi. Lekin bu borada ba’zan me’yordan chiqib ketardi. Kunlardan bir kun, tanishlaridan biri unga «nega yuvinish va soqol olish uchun boshqa-boshqa sovun ishlatmasdan, har ikkalasi uchun bitta sovun bo‘lagidan foydalanasiz?» - deb savol berib qoladi. Bunga javoban Eynshteyn - «Ikkita sovun men uchun juda murakkablik qiladi» - degan ekan. Eynshteyn o‘zini-o‘zi «lo‘li», yoki, «darvesh» deb atardi va bundan uyalmasdi.

Eynshteyn 1904 yilda issiqlikning molekulyar nazariyasi va statistik mexanikaga bag‘ishlangan ikkita maqolasini «Fizika solnomalari»ga yubordi. Ushbu maqolalar 1905 yil boshida bosilib chiqqan. Keyinchalik, XX asrning eng mashhur fiziklaridan bo‘lmish Lui de Broyl ta’kidlaganidek, Eynshteynning mazkur ikki maqolasi tun qo‘ynida kuchli yorug‘lik paydo qiluvchi mash’ala misol fizika fanini charog‘on qilib yuborgan edi.

Mazkur maqolalar nafaqat Yevropa, balki butun dunyo ilm-fanida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Aynan o‘sha maqolalardan keyin Albert Eynshteyn, biz tanigan fizik daho timsoliga kirib borgan edi. Ushbu maqolalarda yoritilgan eng muhim masalalar shundan iborat ediki, ularda olim Broun harakatining mohiyatini yangi nuqtai nazardan bayon qilib, berilgan hajm birligidagi molekulalar sonini hisoblash bo‘yicha amaliy takliflarni kiritgan. Ushbu takliflar asosida ilmiy izlanish olib borgan fransuz olimi Jan Perren, ko‘p o‘tmay Eynshteynning haq ekanini isbotlagan. Perrenning o‘sha ishlari uchun unga Nobel mukofoti topshirilgan edi. Shuningdek, o‘sha maqolalarda Eynshteyn, ba’zi metallarning elektromagnit nurlanishlar ta’sirida o‘zidan elektronlar chiqarishi hodisasini tushuntirib bergan. Fizika fotoeffekt hodisasi deb nom olgan ushbu jarayon bo‘yicha yana shuningdek farang olimi Filipp Delinar va olmon olimi Maks Planklar ham izlanish olib borishayotgan edi.

Eynshteynning «Fizika solnomalari»ga bergan uchinchi, lekin eng muhim maqolasida olimni butun olamga mashhur qilgan olamshumul maxsus nisbiylik nazariyasi bayon qilingan edi. Ushbu maqolada Eynshteyn, tabiatda biror bir jism yorug‘lik tezligidan kattaroq tezlikka erisha olmasligini ta’kidlovchi muhim va ajoyib ilmiy xulosani keltirib chiqaradi. Ushbu xulosa asosida esa, Eynshteyn, jismning massasi uning tezligiga bog‘liq ekanini payqab qoladi. Eynshteyn, massa aslida «muzlatilgan energiya» ekanini hammadan birinchi bo‘lib anglab yetgan va buni o‘z maqolasida bayon qilib bergan edi. U aynan o‘sha maqolasida, o‘zining mashhur E=mc2 formulasini keltirib chiqaradi. Ya'ni, jismning energiyasi – uning massasi bilan yorug‘lik tezligining ko‘paytmasiga teng bo‘ladi!

Ushbu maqoladan so‘ng Eynshteynning ilm-fan olamidagi obro‘si cheksiz ortib ketadi. Uni jahonning eng nufuzli ilmiy doiralarida e’tirof etila boshlashadi. 1909 yilda Eynshteynga Syurix universitetida nazariy fizika professori darajasini berishadi va mazkur universitetda fizikadan dars berishga taklif etishadi. Vanihoyat uning benazir ilmiy salohiyati munosib baholana boshlangan edi.

1910 yilning 28 iyul sanasida Mileva va Albert Eynshteynlar oilasida ikkinchi farzand – Eduard dunyoga keladi. Keyingi, 1911 yil boshida esa Eynshteynni Pragadagi nemis universitetida mustaqil fizika kafedrasiga rahbarlikni taklif qilishadi. 1912 yilning yozida esa, Albert Eynshteyn o‘zining talabalik yillari o‘tgan qadrdon Syurix Politexnikumiga qaytadi va u yerda fizika professori unvoni bilan dars bera boshlaydi.

Eynshteynning birinchi xotini Mileva Marich va o'g'illari

1913 yilning yozida Albert Eynshteyn o‘g‘li Gans-Albert bilan birgalikda, Shveytsariyaning eng xushmanzara joylaridan bo‘lmish Engadin tog‘ oromgohiga yo‘l olishadi. Bu yerda ota-o‘g‘il, o‘sha davrning yana bir buyuk olimasi, radioaktivlik sohasining tamal toshini qo‘ygan va kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi ikkita element – radiy va poloniy kashf etgan inson – Mariya Kyuri va uning qizlari Yeva va Irenlar bilan uchrashishgan. Dam olish maskanida uchrashib qolgan ushbu ikki buyuk olimlar oilasi dildan suhbat qurishgan va zamona ilm-fanining dolzarb muammolari haqida munozaralar yuritishgan. Keyinchalik Mariya Kyurining xotirlashicha, Albert Eynshteyn hatto dam olish paytlarida ham, o‘zini qiziqtirayotgan ilmiy masalalar ustida muttasil bosh qotirib yurgan. Mariya Kyuri shunday yozadi: «Bir kuni biz birgalikda oilaviy toqqa chiqishga qaror qildik va tik qiyalikka ko‘tarila boshladik. Eynshteyn yelkasida ryukzak bilan borardi. Qiyalikda har bir qadamni ehtiyot bo‘lib tashlash kerak edi va biz farzandlarimizdan nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishlarini talab etardik. Biz yuqorilab borar ekanmiz, Albert birdan to‘xtab qoldi va menga g‘alati qiyofa bilan yuzlanib, «Ha! Ha Mariya, hozir meni oldimdan turgan vazifa – jismlarning bo‘shliqda pastga tushishi qonuniyatining asl mohiyatini ochishdir!» - deb yuborgan». U shu gaplarni aytar ekan, odatiga ko‘ra, albatta cho‘ntagida olib yuradigan qog‘oz va qalamni chiqarib, allanimalarni qoralay boshlagan. Shunda Mariya Kyuri Eynshteynga «O‘sha bo‘shliqda qulash hodisasini hozir o‘zimda sinab ko‘rishga to‘g‘ri kelib qolmasin yana…» - degan ekan. Albert Mariyaning hushyorligi va hozirjavobligiga tan bergan va uning so‘zlaridan xoxolab kulgancha, qog‘oz qalamini yig‘ishtirib, ko‘tarilishda davom etgan ekan.

Yangi nazariyaning paydo bo‘lish jarayoni Eynshteyn uchun juda qiyin kechgan. Bu haqida u 1913 yilning 25 iyun sanasi bilan fizik Ernst Maxga yozgan maktubida shunday qayd qiladi: «Siz shu kunlarda mening nisbiylik va gravitatsiyaga bag‘ishlangan ishlarim bilan tanishib chiqqan bo‘lsangiz kerak. Vanihoyat men uzoq va mashaqqatli mehnatlar bilan, bu boradagi ishlarimni yakunladim. Kelasi yili kutilayotgan Quyosh tutilishi vaqtida, yorug‘lik nurlarining Quyosh yaqinida egilishi hodisasini tekshirib olishimiz mumkin bo‘ladi. Boshqacharoq aytganda, sanoq tizimining tezlanishi va tortishish maydonining o‘zaro ekvivalentligi haqidagi fundamental ilmiy taxminning to‘g‘ri yoki, noto‘g‘ri ekanligini bilib olamiz. Agar bu haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqsa, unda Plankning tanqidlariga uchrayotgan sizning mexanikaga oid tadqiqotlaringiz uchun ham ajoyib tasdiqlarga ega bo‘lamiz…»

1914 yilda Eynshteynni Germaniyaga, Berlin universitetining fizika professori lavozimiga, hamda, bir vaqtning o‘zida kayzer Vilgelm nomidagi fizika Institutiga rahbarlik qilishga taklif etishadi. O‘sha yili, Yevropani qirg‘inbarot jahon urushi qamrab olgan edi. Lekin, Eynshteyn betaraf mamlakat – Shveytsariya fuqarosi sifatida harbiy harakatlarda ishtirok etmagan.

1915 yilda, Berlinda ishlayotgan vaqtida olim o‘zining eng yuksak ilmiy ishini – umumiy nisbiylik nazariyasini barpo qilib, tugal holatda ommaga e’lon qiladi. Undan nafaqat maxsus nisbiylik nazariyasi umumlashtirilgan, balki, tortishish nazariyasi bo‘yicha ham yangicha qarashlar bayon qilingan edi. Ushbu nazariya orqali Eynshteyn ta’kidlagan eng muhim xulosa shu ediki, unga ko‘ra, Nyuton davridan buyon to‘g‘ri deb qabul qilib kelinayotgan tortishish qonunlarining aslida biryoqlama tasdiqlardan iborat bo‘lib, aslida hamma jism ham o‘zaro tortishmaydi. Aksincha, jismlar o‘z yaqin atrofidagi fazo va vaqt uyg‘unligini (zamon-makon ko‘lamini) egrilantiradi. Bu o‘sha davr uchun shu darajada inqilobiy va g‘ayrioddiy g‘oya ediki, uni dastlabki paytda hatto eng yetuk fiziklar ham tushunishga ojizlik ilib qolishgan. Ba’zi olimlar esa, Eynshteynni Nyuton qonunlariga nisbatan isyon ko‘targanlikda ayblab, uning umumiy nisbiylik nazariyasida bayon qilgan fikrlarini esa mahmadonachilikdan boshqa narsa emas deb ham ta’kidlashgan. Umumiy nisbiylik nazariyasida ilgari surilgan eng muhim g‘oyalar va ularni amalda tekshirish usullaridan biriga ko‘ra, yorug‘lik nurlarining o‘ta katta massaga ega jism, masalan Quyosh yaqinidan o‘tishida, uning (Quyoshning) atrofida egrilangan fazo bo‘ylab, nur trayektoriyasi ham egrilanishi kerakligi edi. Buni esa, olim Quyosh tutilishlari paytida tekshirib amin bo‘lish mumkinligini ta’kidlagandi. Uning mazkur g‘alati taklifini amalda tekshirib ko‘rish uchun 1919 yilgi Quyosh tutilishi paytida ingliz olimlari ataylab janubiy Amerikaga – Braziliya sohillariga ekspeditsiya uyushtirishgan. Ekspeditsiya Quyosh tutilishini muvaffaqiyat bilan kuzatib, u orqali Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasida keltirilgan ilmiy taxminlar to‘liq asosli ekani va haqiqatan ham, yulduzlardan kelayotgan yorug‘lik nurlari Quyosh yaqinida o‘z trayektoriyasidan og‘ishini tasdiqlashdi. Eynshteynning nazariyasi haq ekanligi rasman e’lon qilingach esa, uning shon-sharafi bir kecha-kunduzning o‘zida butun dunyoni qamrab oldi. Uning mashhurligi mislsiz darajada oshib ketgan edi.

Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasini tasdiqlovchi xabar

Lekin Eynshteyn mashhurlikni va hashamatni yoqtirmaydigan odam bo‘lgan. Unga mashhur shaxs sifatida qarashlari va jurnalistlarning ham tinimsiz savollar bilan murojaat etaverishlari aslo yoqmasdi. Bu haqida u o‘zining Syurixdagi yaqin do‘sti Genrix Zangerga shunday yozgan edi: «Men mashhurlik tufayli borgan sari tanbal va ahmoq bo‘lib borayotgandekman va bu mashhur odamlar uchun odatiy holat ekanini bilaman. Odam aslida (asl basharasi) kim ekanligi va u haqida boshqalar qanday fikrda ekanligi o‘rtasida ulkan tafovut mavjud. Nima bo‘lganda ham, shon-sharafga nisbatan e’tiborsizroq bo‘lgan ma’qul».

1918 yilda, jahon urushi yakunlanganidan bir necha hafta o‘tib, Eynshteyn Shveytsariyaga qaytib ketadi. Bu qaytish paytida u xotini Mileva Marich bilan rasman ajrashgan. Lekin, u farzandlariga nisbatan otalik burchini risoladagidek bajarishda davom etgan. Bu paytda katta o‘g‘li Gans-Albert Syurix gimnaziyasini tamomlab, oliy o‘quv yurtiga kirish arafasida edi. U o‘g‘lining ta’limi va tarbiyasiga doim jiddiy e’tibor qaratgan va uning ham yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishini istagan. Eynshteynning ikkinchi o‘g‘li Eduard tug‘ma aqliy zaif bola bo‘lgan. Shu sababli ham Eynshteynni keyinchalik, xotinini nogiron bola bilan tashlab ketgani uchun juda ko‘p tanqid qilishgan. Balki tanqidchilar haq bo‘lishgandir… Lekin uning 1922 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganidan keyingi qilgan ishi haqiqatan ham olqishga sazovor desak hecham yanglishmaymiz. Chunki, jahon tan olgan olimga Nobel mukofoti topshirilgach, u mukofot pullarini oxirgi chaqasiga to‘liq holda xotini Milevaga jo‘natgan va ushbu pullarni farzandlari va oilasi ehtiyoji uchun ishlatishini istagan.

Vaqt o‘tishi bilan Albert o‘zining xolavachchasi Elza Lyovental bilan birga yashay boshlagan. Bir necha oydan keyin, aniqrog‘i, 1919 yilning 2 iyunida ular turmush qurushgan va Elza Lyovental Albert Eynshteynning ikkinchi xotiniga aylangan. Ular Elzaning uyida yashay boshlashgan. O‘sha paytlarda Albert Eynshteyn o‘zini juda baxtiyor his qilgani va xotinining mehri bilan yayrab ishlay boshlaganini do‘stlariga maqtanish aralash ma’lum qilgan edi. Xususan uning Mishel Bessoga yo‘llagan xatida «Men o‘zimni juda yaxshi jismoniy holatda va kayfiyatda his qilyapman. Rosa ishlagim kelyapti» degan ekan.

Albert Eynshteyn butun dunyoga mashhur bo‘lib, fiziklarni yangi-yangi inqilobiy g‘oyalar bilan hayratlantirayotgan bir paytda, uning vatani Germaniyada hukumat tepasiga millatchi fashistlar chiqib olishayotgan edi. Fashistlar siyosatidagi eng qabih ishlardan biri, ular barcha yahudiylarni qirg‘in qilish rejasi bilan yashashardi. Eynshteyn esa, kelib chiqishiga ko‘ra yahudiy bo‘lgan. U qanchalik mashhur olim bo‘lmasin, fashistlarni faqat millati qiziqtirardi va bu narsa uning hayoti uchun xavf tug‘dira boshlagan edi. Germaniyada olim 1933 yilgacha chidab yashab keldi. Lekin, fashistlarning millatchilikka asoslangan etnik tozalov ishlari borgan sari xatarli tus olmoqda edi. Antisemitizm va millatchilik g‘oyalari bilan yo‘grilgan, hamda, bir necha chalasavod g‘alamis millatchi olimlardan iborat bir guruh, Eynshteynni doimiy ta’qib qilishga tushdi. Ular olim ustidan kuladigan, masxaralovchi ahmoqona g‘oyalar bilan muntazam chiqish qilishardi. Eynshteynni obro‘sizlantirishga qaratilgan ahmoqona fashistik ilmiy yo‘nalish «Antinisbiylik Kompaniyasi limited» deb nomlangan. Hukumat tepasiga gitler chiqqandan keyin esa, ushbu nayrangbozlikka asoslangan ahmoqona harakat, endi Eynshteynning hayoti va salomatligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid sola boshladi. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, olim jonini omon saqlash uchun Germaniyadan qochib AQSHga muhojirlikka ketishga majbur bo‘ldi.

AQSHda esa Eynshteynni xuddi o‘zlarinikidek, juda iliq kutib olishadi. Unga darhol yaxshi maosh to‘lanadigan va istiqbolli ish taklif qilishgan. Olim AQSHda yangi tashkil qilingan Prinston Istiqbolli Tadqiqotlar Institutida ishlay boshlagan.

Eynshteynning mashhurligi tufayli unga juda ko‘plab xatlar yog‘ilib kelardi. Masalan, unga xat yo‘llab, o‘zining matematikadan o‘zlashtirishga qiynalayotganidan noligan qizaloqqa olim hazil aralash «O‘zlashtirishda qiynalayotganingizdan xafa bo‘lmang, mening qiyinchiliklarim siznikidan ko‘proq, ishonavering!» - deb javob bergan ekan. Albatta u hamma maktublarga javob berishga ulgurmasdi. Lekin, olim o‘zining mashhurligidan foydalanib, dunyoda tinchlik o‘rnatish masalalarida ishtirok etishga ham urinardi. Masalan u 1939 yil 2-avgust sanasida AQSH prezidenti Franklin Ruzveltga xat yo‘llab, uni fashistlar Germaniyasida tayyorlanayotgan atom bombasining ehtimoliy xatari va vayronkorlik kuchi haqida ogohlantiradi. U o‘z xatida, uranni parchalash orqali boshqariluvchi termoyadro reaksiyasi yo‘lga qo‘yilsa, bundan favqulodda katta vayronkorlik kuchiga ega bo‘lgan qirg‘in quroli tayyorlash mumkinligini yozgan.

Keyinchalik esa, deyarli o‘limigacha Eynshteyn o‘zining prezidentga yo‘llagan mazkur maktubi yuzasidan afsuslanib yurgan. U AQSHning «atom diplomatiyasi» borasida keskin tanqidlar bilan chiqish qilgan. Bu borada olim haq edi. Yadro quroliga ega bo‘lgan AQSH hukumati, endilikda bu borada jahonda monopoliya o‘rnatmoqchi bo‘lib, davlat ushbu qurol orqali boshqa mamlakatlarga tayziq o‘tkazishga kirishgandi. Eynshteyn, tinchlik o‘rnatish va fashistlarning atom quroliga birinchi bo‘lib ega chiqishi ehtimolini oldini olish maqsadida yozgan xati orqali, u kutmagan narsa – AQSH hukumatining yadroviy qurollar poygasini boshlab yuborishidan norozi bo‘lgan edi. Eynshteyn atom energiyasidan qirg‘in quroli sifatida foydalanishga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lib, yadro energiyasidan istisnosiz ravishda faqat tinch maqsadlarda foydalanish tarafdori edi. U keyingi butun umri davomida tinch maqsadlardagi yadro energetikasiga erishish uchun kurashib yashadi. U yadro quroli nafaqat bir mamlakat yoki, qit’a uchun, balki butun bashariyat uchun kulfat keltiruvchi ommaviy qirg‘in quroli quroliga aylanishini istamasdi. U atom bombasidan keyin ixtiro qilingan va vayronkor kuchiga ko‘ra atom bombasidan ham kuchli bo‘lgan vodorod bombasining ham amalda qo‘llanishiga qarshi chiqib, bu maqsad yo‘lida jahonning eng nufuzli olimlarini o‘zida birlashtirgan tinchlik harakatini tashkil qilgan va o‘zi boshchilik qila boshlagan.

Shu tarzda, Eynshteyn hayotining so‘nggi yillari asosan tinchlik yo‘lida kurash va urushlarni oldini olish masalalari bilan o‘tdi.

1955 yilning 18 aprelida, tun yarimidan oqqan vaqtda, ya'ni, soat 1-25 da XX asrning shubhasiz eng buyuk olimi Albert Eynshteyn olamdan ko‘z yumgan. U hayotda o‘ta kamtar va sodda odam bo‘lgan. Olim o‘limidan keyin ham odamlarning uning qabri uzra hashamat barpo qilib yuborishlarini va uning shaxsiyatiga haddan ziyod hurmat keltirishlarini istamagan. Shu sababli ham uning vasiyatida, murdasini ko‘mmaslikni, aksincha, yoqib, kulini shamolga sovurilishini istagan. U o‘zi uchun motam marosimlari uyushtirilmasligini, hamda, tobut ustida marsiya o‘qilmasligini vasiyat qilgan. Shunday qilib, Albert Eynshteyn hech qayerga dafn qilinmagan…

Eynshteyn vafot etgani haqidagi xabar chop etilgan gazetaning bosh sahifasi

Yangilаndi: 14.03.2016 08:45  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

СмешноУлыбаюсьПодмигиваю

Fizika o'qituvchisi bolalarga savol beryapti:

-1 kg temir og'irmi, yoki, 1 kg paxtami?

Bir olg'ir so'zamol bola javob qaytradi:

-Domla oyoqqa tushib ketsami, yoki, tarozida tortib ko'rsami?


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 374
Kiritilgan mаqolalar soni : 762
O'qilgan sahifalar soni : 2513220

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)