Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Edvin Xabbl

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 1
Juda yomon!A'lo! 

Edvin Xabbl

(1889−1953)

Edvin Xabbl XX-asr ilm-fani uchun tom ma’noda yorqin iz qoldirgan shaxsdir. Olim o‘zidan keyin, uning nomi bilan ataladigan qonuniyat asosida evolyutsion rivojlanuvchi galaktikalar olami va Koinotning muttasil va shiddatli kengayishi bilan bog‘liq favqulodda ulkan ilmiy meros qoldirdi. Uning astronomiya sohasida amalga oshirgan kashfiyotlari ko‘lami shu qadar ulkanki, bejizga Xabbl Kopernik zamonasidan buyon dunyoga kelgan eng buyuk astronom deb e’tirof etilmagan.

Edvin Xabbl 1889-yilning 20-noyabr sanasida AQSHning Missuri shtatidagi Mensfild nomli kichik shaharchada dunyoga kelgan. Uning ajdodlari Amerikaga Angliyadan ko‘chib kelishgan bo‘lib, Xabblar shajarasi bu shaharda XVI-asrdan buyon yashab kelgan. Edvin Xabblning otasi Jon Paul Xabbl sug‘urta agenti, onasi Virginiya Jeyms esa uy bekasi bo‘lgan. Xabbl doim o‘z oilasi, ayniqsa ota-onasi haqida eslaganda entikib, samimiy jilmayish bilan yodga olar edi. U doim o‘z do‘stlariga, ota-onasining naqadar mehribon va o‘zaro ahil oila bo‘lishgani haqida gapirib bergan. Haqiqatan ham, Xabbllar oilasi o‘z yaqinlari ichida katta hurmat qozongan, mustahkam va ahil oila bo‘lgan. Xabbllar oilasida Edvindan tashqari yana 7 ta farzand bo‘lgan. Edvin Xabblning ona tomondan bobosining uyida eng oddiy, havaskor teleskop mavjud edi. Bo‘lajak astronom olim, falakkiyot ilmiga qiziqishni aynan shu teleskop orqali, bobosi yordamida shakllantirib borgan.

 

1906-yilda Edvin Xabbl o‘rta maktabni bitiradi. U maktabda hamma qatori oddiy o‘quvchi bo‘lgan. Tengdoshlaridan yaqqol ajralib turadigan qandaydir qobiliyat yoki iste’dodi bilan tanilmagan. Lekin, uning o‘qishda fanlarni yaxshi o‘zlashtirgani va ayniqsa, aniq fanlardan a’loga o‘qigani ma’lum. Maktabni tamomlagach, Xabbl o‘sha davrda AQSHning eng nufuzli oliygohlari o‘ntaligiga kirgan Chikago universitetiga o‘qishga kiradi va o‘zining bir umrlik ustozi, yirik astronom olim Multon bilan tanishadi.

Talabalik yillari qanday o‘tgani haqida Xabbl o‘zi deyarli hech narsa xotirlab yozib qoldirmagan. Faqat u, o‘sha yillari ustozi Multon bilan qattiq mehnat qilib ishlaganini eslardi. Shuningdek, talabalik paytida uning sport bilan oshno bo‘lgani, xususan, basketbol bilan muntazam shug‘ullangani ma’lum. Xabbl hatto professional boksga ham qadam qo‘ygan. Lekin, keyinchalik bu mashg‘ulotni butunlay tashlab, o‘zini to‘laqonli ravishda ilmga baxshida etadi.

Bakalavr diplomini qo‘lga kiritgach, yosh Edvin Xabbl Rods stipendiyasi olishga muvaffaq bo‘ladi va uch yil muddatga Angliyaga ketib, oliy ta’limni davom ettiradi. Biroq, u Kembrijda o‘zi istaganidek aniq fanlar yo‘nalishida emas, balki, huquq sohasida ta’lim olishiga to‘g‘ri keladi (stipendiya shartlari shuni taqozo etardi). Biroq, u o‘zining ta’biri bilan aytganda, tabiatidagi bosiqlik va olijanoblik fazilatlarini aynan musofirlikda, Angliya safari paytida o‘rgangan ekan. Shuningdek, Kembrijdagi huquq ta’limi unga o‘z fikrini mukammal va ravon bayon etish ko‘nikmasi, hamda, mutolaaga bo‘lgan muhabbatni shakllantirgan.

1913-yil yozida Edvin Xabbl AQSHga qaytadi. Biroq u huquqshunos bo‘lmadi. Uni hamon aniq fanlar va ayniqsa, astronomiya kuchli qiziqtirar edi. Shu sababli, u uzoq o‘ylab o‘tirmay, yana Chikago universitetiga jo‘nadi va u yerda, professor Frost rahbarligidagi Yerk rasadxonasida o‘z dissertatsiyasini yoza boshladi. Uning mavzusi tungi osmondagi spiralsimon xira tumanliklarni statistik tadqiq qilishdan iborat bo‘lib, avvalboshda qandaydir katta ilmiy yutuqlardan darak bermas, universitet uchun shunchaki, oddiy ilmiy tekshirish sifatida qaralayotgan mavzu bo‘lgan. Lekin, Xabbl bu mavzuga ongli ravishda, uning istiqbolli ekanini bilib turib yondoshgani aniq. Chunki, u avval ham, osmondagi bu kabi xira tumanliklar shunchaki oddiy osmon jismlari bo‘lmay, balki, yulduz sistemalari bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan edi. Xususan u, hamkasblariga bir safar «ushbu xira hududlar ham yulduz sistemalari bo‘lib, ular bilan masofa millionlab yorug‘lik yili masofasini tashkil qiladi» - deb qayd qilgan.

Aynan shu paytda, Maunt-Vilson tog‘idagi rasadxonada o‘sha davr uchun eng katta ko‘zguga ega teleskop, 100 dyum o‘lchamga ega reflektor ishga tushirishga hozirlanmoqda edi. Ushbu ulkan ilmiy uskuna qurilishi yakuniga ko‘ra, uning tashkilotchisi va homiysi Xeyl AQSHning eng ko‘zga ko‘ringan astronomlari qatorida, yosh va ilmga chanqoq tadqiqotchilarni ham jalb etdi. Ko‘pchilik qatorida, Maunt-Vilson rasadxonasida ishlash taklifi Edvin Xabblga ham yetib keldi.

1917-yil boshida Xabbl Maunt-Vilsonda ish boshlashi kerak edi. Biroq, bu orada AQSHning I-jahon urushiga qo‘shilishi barcha rejalarni o‘zgartirib yubordi. Xabbl ko‘ngilli tarzda harbiy xizmatga jo‘nab, piyoda qo‘shinlarning eng ilg‘or va nufuzli batalyoni - «Qora qirg‘iy» ga qo‘mondonlik qilgan. Xabbl o‘z ekspeditsion korpusi bilan Yevropa jang maydonlariga yetib kelganida allaqachon 1918-yilning kuzi kelgan edi va urush tugash arafasiga kelib bo‘lgandi. Shu sababli, u va uning rotasi janglarda ishtirok etmagan. 1919-yil yozida Xabbl ataylab Pasadenaga keladi va Xeyl bilan gaplashib, Maunt-Vilsonga yo‘l oladi.

Yangi va eng ilg‘or rasadxonada Xabbl o‘zining dissertatsiya mavzusi – xira tumanliklarni tadqiq qilishi kerak edi. U avvaliga, Somon Yo‘li yaqinidagi xira obyektlarni o‘rganishga kirishdi. Ushbu obyektlar bizning galaktikamizga taalluqli obyektlar bo‘lib, asosan, planetar tumanlik va diffuzion tumanliklardan iborat bo‘lgan. Ushbu obyektlarni o‘rganish asnosida, Xabbl tumanliklardagi yorug‘lik manbai bu – yulduzlar ekanini isbotlab berdi. U shuningdek, planetar tumanliklar o‘zining yaqinidagi yulduzlardan kelgan ultrabinafsha nurlarni optik diapazonda qayta akslantirib nurlatishini isbotlab berdi. Galaktik tumanliklarning o‘zidan yog‘du taratishi masalasi shu tariqa uzil-kesil yechim topdi.

Keyin esa, Xabbl Somon Yo‘lidan ancha narida bo‘lgan xira obyektlarga nazar tashlay boshladi. Xabbl ishni dastavval ularni tasniflashdan boshladi. U tez orada, o‘sha xira tumanliklar aslida galaktikalar ekanini payqab qoldi. U o‘z odatiga muvofiq, ushbu galaktikalarni ham tashqi ko‘rinishiga qarab, spiralsimon va elliptik galaktikalarga, hamda, noto‘g‘ri galaktikalar turkumiga taqsimlay boshladi. Natijada, olim galaktikalarning ham dastlabki tasniflanishini yo‘lga qo‘ydi. O‘shandan buyon, astronomlar galaktikalarni tasniflashda Xabbl sistemasidan foydalanishadi.

Albatta, bu tarzda tasniflashning o‘zi tumanliklarning tabiati haqidagi savolning javobini bermasligi tabiiy. Ular kashf qilina boshlagan paytdan boshlab, bu borada juda turli-tuman va o‘zaro zid qarashlar shakllanib kelayotgan edi. Tumanliklarda, ayniqsa spiral tumanliklarda o‘zaro juda zich yaqin joylashgan obyektlar namoyon bo‘lardi. Go‘yoki, unda, diffuz moddadan yulduzlar va sayyoralar shakllanayotgandek taassurot uyg‘onar edi. Va hatto, bu obyektlardan ba’zilari to‘laqonli yulduz sistemalari, ya'ni, galaktikalar shakllanayotgandek edi.

1923-yilda Xabbl Andromeda yulduz turkumidagi tumanlikni kuzatishni boshladi. Unda oltmish dyum va yuz dyumlik reflektorlardan foydalandi. Kuzatishlar asnosida u 4-oktyabrda olingan ilk muvaffaqiyatli plastinkada, ikkita yangi yulduzdan tashqari yana bir xira miltillagan obyektni payqab qoldi. O‘sha obyekt sefeida bo‘lib chiqdi. Uning asosida esa, Xabbl unga yaqin bo‘lgan boshqa yulduzlarning yorqinligini ham aniqlashi mumkin bo‘ladi. Bu orqali esa, o‘sha yulduzgacha bo‘lgan masofani aniqlash imkonini beradi. Xabbl, o‘sha plastinka orqali aniqlangan ikkita yangi yulduzgacha bo‘lgan masofani, ularga yaqin joydagi sefeida orqali hisoblab chiqdi. Bundan kelib chiqib esa, u Andromeda tumanligigacha bo‘lgan masofani ham aniqladi. Hisob-kitob natijalari uni lol qoldirar edi. Xabbl o‘sha oqshom juda katta kashfiyot qilganini o‘zi ham yaxshi anglardi. Ya'ni, Andromeda tumanligi – bizning Somon Yo‘liga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, alohida yulduz sistemasi ekan!

Keyingi kunlardagi kuzatishlari va hisoblashlari orqali, Edvin Xabbl boshqa tumanliklarni sinchiklab qarab chiqdi va MOC6822 hamda, Uchburchak tumanliklari ham aslida, mustaqil yulduzlar sistemasi ekanini aniqladi.

Garchi Xabblning ushbu olamshumul kashfiyotlari haqida ko‘plab astronomlar tez orada xabar topishgan bo‘lsa-da, biroq, rasmiy e’lon faqat 1925-yilning 1-yanvarida, ya'ni, deyarli 1 yildan keyin berildi. O‘shanda Amerika astronomiya jamiyati yig‘ilishida Xabblning ma’ruzasini uning nomidan astrofizik olim G.Rassel o‘qib bergan edi. Ma’ruzani eshitgan o‘sha zamonning eng mashhur astronomlaridan biri Stebbis esa, «Xabbl bizga ma’lum moddiy borliq chegaralarini hajman yuz karraga kengaytirib yubordi» - deya xitob qilgan ekan.

Aslida, Xabblning shu qadar muhim kashfiyoti haqidagi rasmiy axborot qariyb bir yilga kechikishiga sabab, o‘sha yillarda astronomiya fanida yetakchi sanalgan boshqa bir nazariya – van Maanenning spiral galaktikalarning tezkor aylanishi haqidagi yanglish g‘oyasi sabab bo‘lgan.

Albatta, ushbu kashfiyotining o‘ziyoq, Xabbl nomini fan tarixida o‘chmas bo‘lishiga kifoya qilar edi. Biroq, olim undan-da muhimroq yana bir ilmiy kashfiyot qildi. U qizilga siljish qonunini ochdi.

1929-yilning yanvarida AQSh milliy fanlar akademiyasining «Ilmiy ishlar» jurnalida Xabblning «Galaktikalardan tashqaridagi tumanliklarning nur tezligi va oraliq masofa orasidagi bog‘liqlik» deb nomlangan qisqagina xabari e’lon qilindi. Tumanliklarning tezligi va ulargacha bo‘lgan masofa qiymatlari o‘zaro taqqoslansa, ushbu ikki fizik ko‘rsatkich, ya'ni, tumanlik tezligi va ungacha bo‘lgan masofa orasida aniq bog‘liqlik borligiga ishora qilar edi. Faqat masofa va tezlikni o‘zaro bog‘lovchi qandaydir kinematik had (K-had), yoki, koeffitsient mavjud bo‘lib, u masofaga proporsional bo‘lishi kerak ekan. Xabbl ushbu K-hadning qiymatini dag‘al yaxlitlash bilan taxminiy hisoblab chiqdi va u olgan natija, har bir megaparsekka 500 k/soniyadan to‘g‘ri keldi. Albatta, keyinchalik, Xabbl olgan bu qiymat ancha xato ekani, aslida, u aslida ancha kichikroq son qiymatini tashkil qilishi ma’lum bo‘lgan. Biroq, nima bo‘lganda ham, bu koeffitsientning aniq qiymatidan qat’iy nazar, masofa va tezlik orasidagi ushbu bog‘liqlikdan aniq bir xulosa kelib chiqardi: galaktikalar bir-biridan uzoqlashmoqda ekan va eng qizig‘i – oraliq masofa ortgani sayin, ularning bir-biridan uzoqlashish tezligi ham chiziqli ravishda oshib borar ekan! Tez orada, ushbu g‘oyat muhim ilmiy kashfiyot barcha astrofiziklar orasida shov-shuv bo‘lib ketdi. Masofa va tezlik orasidagi mazkur bog‘liqlik esa fanda Xabbl qonuni deb yuritila boshladi. Boyagi proporsionallik koeffitsienti esa Xabbl doimiysi degan nom oldi.

Ushbu kashfiyotdan ilhomlangan olimlar Maunt-Vilson rasadxonasida olis galaktikalarning nur tezliklarini hisoblashga kirishdilar. 1936-yilga kelib, astronom Xyumanson tomonidan 100 ta tumanlik uchun tezlik ko‘rsatkichlari hisob-kitoblar e’lon qilindi. Unda, xususan, Katta Ayiq turkumida joylashgan galaktikalar to‘dasining tezligi 42000 km/soniya ekani ma’lum bo‘ldi. Va bu o‘sha hisob-kitoblar uchun rekord ko‘rsatkich edi.

Astrofiziklar, xususan, Xabblning o‘zi bu ko‘rsatkich hali eng yuqori ko‘rsatkich emasligini, aksincha, bu faqat o‘sha Maunt-Vilsondagi 100 dyuymlik teleskop aniqlay oladigan imkoniyat chegarasi ekanini darhol fahmlashgan. Endi, yanada kuchliroq teleskop va hisob-kitob usullari zarur edi. Aslida, bunday xulosaga Xabbl 1935-yildayoq kelgan bo‘lib, u «endilikda quruq matematik hisob-kitoblarning o‘zi bizga yordam bera olmaydi, endi kamida 200 dyumlik reflektor zarur» - deb yozgan edi.

Xabbl qonuni ilm-fanda deyarli darhol tan olindi. Xususan, ushbu kashfiyot ahamiyatini Albert Eynshteyn juda yuqori baholagan edi. 1931-yilda Eynshteyn o‘z maqolalarining birida «Xabbl va Xyumansonning yangi kuzatishlari asosidan qizilga siljish hodisasi, Koinotning umumiy strukturasi turg‘un emasligiga ishora qilmoqda» - deb yozgan edi.

Kashfiyot haqidagi xabar deyarli bir necha kun ichida butun dunyodagi barcha ilmiy muassasalarga yetib bordi va Xabblning dovrug‘i olamga yoyildi. Uni eng ilg‘or universitetlarga o‘z faoliyati haqida ma’ruza qilishga taklif eta boshlashdi. Olim, ketma-ket ravishda, turli akademiyalar va ilmiy jamiyatlarning haqiqiy va faxriy a’zoligiga saylandi. U haqiqatan ham, 30-40 yillarning eng mashhur kishilaridan biriga aylandi.

Shunga qaramay, tabiatan juda kamtar inson bo‘lgan Xabblning o‘zi uchun deyarli hech narsa o‘zgarmadi. U Yel universitetida ma’ruzalar o‘qishda davom etdi. Ilmiy ishlarining umumiy tafsilotlari va xulosalari berilgan «Tumanliklar olami» kitobini nashr etish bilan cheklandi. Mashhurlik tufayli garchi endi uni turli tashkilotlar va OAV vakillari tinimsiz bezovta qilib turishgan bo‘lsa-da, Xabbl doimo o‘zini ulardan chetga olar va taniqli shaxs (ya'ni, public person) bo‘lishni istamasdi. U avvalgidek, o‘z ilmiy faoliyatiga qattiq berilgan holda, tinimsiz ishlashdan to‘xtamasdi. Taklif etilayotgan turli tashkiliy ishlar va rahbarlik, vakillik ishlaridan voz kechardi.

Lekin, bu gaplar orqali Xabblni qandaydir, odamovi shaxs bo‘lgan deyishdan yiroqmiz. U juda xushfe’l va ochiqko‘ngil inson bo‘lgan. Har xolda, u haqida eslagan barcha do‘stlari va hamkasblari bir ovozdan shunday gap aytishgan. To‘satdan kelgan mashhurlik uni esankiratib qo‘ymagani va aksincha, u avvalgidek o‘z yo‘lidan davom etaverganini juda ko‘pchilikni hayratga solgan.

Xabbl shuningdek yaxshi musiqa va badiiy asarlar shaydosi bo‘lgan. Bastakor Stravinskiy, yozuvchi Oldos Xaksli, rassom va resjissyor Uolt Disney va yana ko‘plab madaniyat arboblari bilan Xabbl juda yaqin do‘st bo‘lgan. Boz ustiga, olim ilm-fan tarixi, o‘tmishda yashab o‘tgan olimlar hayoti bilan bog‘liq arxiv materiallarini yig‘ishga qiziqqan. Uning shaxsiy kutubxonasida esa XVI-XVII asrga taalluqli juda noyob tarixiy kitoblar saqlangan.

Xabbl shuningdek ijtimoiy faol shaxs bo‘lgan va jamiyat hayotiga oid muhim munozaralarda u albatta o‘z fuqarolik pozitsiyasini qat’iy bildirishga harakat qilgan. Xususan, ikkinchi jahon urushining boshlanishidayoq Xabbl faol chaqiriqlar bilan chiqib, Amerika xalqi va davlati Gitlerga qarshi urushda Buyuk Britaniyaga yordam berishi lozimligini ta’kidlagan. U AQSh oliy harbiy amaldorlariga murojaat bilan chiqib, «Biz urushda qatnashish yoki qatnashmaslikni tanlay olmaymiz, bu albatta boshimizga tushadigan va qochib qutulib bo‘lmaydigan narsadir. natsizmni yo‘q qilish uchun bo‘ladigan urushda Amerika qurolli kuchlariga ehtiyoj bo‘lsa, ularni albatta urushga jo‘natish zarur. Tushuninglar, bizda tanlash imkoniyati yo‘q...» - deb yozgan edi. Ya'ni, u baribir istaydimi-yo‘qmi, Amerika urushga kirishga majbur bo‘lishini, bu urush Amerikani hech qanaqasiga chetlab o‘tmasligini amaldorlarga uqtirishga uringan. Tayyorgarlik borasida kechikmaslik kerakligini hammaga ta’kidlagan. U Pirl-Xarborga yapon aviatsiyasi hujum qilishidan ancha avval, gitler va uning ittifoqchilari Amerikani ham baribir tinch qo‘ymasligini yaxshi fahmlagan. Shunga qaramay, unga quloq soladiganlar juda kam bo‘ldi.

Baribir uning aytgani sodir bo‘ldi. 1941-yil 7-dekabr sanasida Amerika xalqi juda og‘ir xabarni eshitdi. Pirl-Xarbor yaponlar tomonidan yakson qilinishi ketidan, AQSh ham urushga qo‘shilishga majbur bo‘ldi. Bu paytda zaxiradagi mayor Edvin Xabbl zudlik bilan o‘ziga eng yaqin harbiy qismga borib, ko‘ngilli sifatida armiya safiga kirishga qaror qilgan. Biroq, allaqachon 50 yoshdan o‘tib qolgan iste’fodagi mayorni armiyaga olishmadi. U bir necha bor muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin, 1942-yil avgustidagina Aberdin poligonida front orti mudofaa ishlariga jalb qilingan. Bu joyda Xabbl ballistik raketalar yaratish laboratoriyasiga boshchilik qilgan. Bu o‘rinda, Edvin Xabblning matematik dahosi o‘z kuchini ko‘rsatgan. Unga, SSSRda ishlab chiqarilayotgan va nemislarga qarshi qo‘llanishi kutilayotgan yangi turdagi raketalar uchun ballistik jadvallar ishlab chiqqan. Bunday bombalarni SSSR AQSh harbiy aviatsiyasi uchun yetkazib berishi va AQSh samolyotlari ular bilan gitler tasarrufidagi hududlarni bombardimon qilishi reja qilingan edi. Xabbl, hali bombalarni ko‘rmasdanoq, ularning tuzilishi va o‘lchamlarining chizmasiga qarab, ballistik jadvallarni shu darajada aniq bajarganki, undan foydalangan uchuvchilar juda katta aniqlik bilan dushmanga zarba bera olgan. Xabbl o‘ziga yuklatilgan harbiy mudofaaga oid ilmiy topshiriqlarni sharaf bilan ado etdi va 1946-yilda «Buyuk xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlanib, yana zaxiraga bo‘shadi. U o‘shanda, «dunyoda qaytib urush bo‘lmasin» - deya qisqagina nutq aytgan edi. Albatta, u ko‘z o‘ngida yaratilgan qirg‘inbarot qurollar – atom bombasi va olis masofaga uchuvchi raketalarni urushlarda qo‘llanishi butun bashariyat uchun ofat bo‘lishini yaxshi anglagan. «Yangi qurollarni qo‘llash orqali urush olib borish shubhasizki, butun insoniyat sivilizatsiyasini yakson qiladi. Hozir jahondagi tinchlik shu qadar mo‘rtki, endilikda hech bir xalq o‘z xavfsizligini yakka o‘zi ta’minlay olmaydi. Yoqadimi-yo‘qmi, bundan buyog‘iga biz faqat o‘zaro hamkorlik qilishimiz, birodarlashishimiz lozim. Endilikda, kimgadir qarshi urush va o‘z-o‘zini yo‘q qilish so‘zlari bir-biriga sinonimdir» - deb yozgandi bir safar Xabbl.

Harbiydan qaytgach, Xabbl yana Maunt-Vilsonga qaytdi va 200 dyumlik teleskopni yasash ishlarini qaytadan boshladi va kosmologiyaning zamonaviy masalalari yuzasidan yana chuqur izlanishlarga tushib ketdi. Shuningdek u Maunt-Palomar rasadxonasini Maunt-Vilson bilan birlashtirish va istiqbolli tadqiqotlar uchun kerakli darajada jihozlash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. 200 dyumli teleskop qurilgan paytda esa, Xabbl asosan tashkiliy ishlar bilan mashg‘ul olimga aylangandi va unda kuzatuvlarni boshqa astronomlar olib borishardi. Shunga qaramay, yangi teleskopda bir necha hafta kuzatish olib borgan uning hamkasblari tayinli natijaga erishishmadi. Ular avvalboshdan, Xabblning eski hisob-kitoblari yangi teleskop uchun mos kelmaydi deb o‘ylashgan va ko‘p jihatdan o‘zboshimchalik bilan ish yuritishgan edi. 1949-yilda, yangi teleskopda bir necha kun kuzatuv olib borgan Xabbl, undan foydalanib olingan ilk aniq kadrlarni plyonkadan ochdi. Ya'ni. Yangi teleskopni ham birinchi bo‘lib foydalana olgan olim uning o‘zi bo‘lgan edi.

Biroq, Xabbl ushbu teleskopda baribir uzoq ishlay olmadi. O‘sha yilning yozida u og‘ir infarktni boshdan o‘tkazdi. Salomatligini arang tiklab olgan olim ishga qaytishga urinar edi. Rasadxonada endi ancha munkillab qolgan olim avvalgidek faol ishlay olmasdi. U Senjij ismli shogirdiga ilmiy rahbarlik asnosida, Andromeda va Uchburchak tumanliklaridagi ayrim yulduzlarning yorqinligini o‘lchashga oid ilmiy ishini yakuniga yetkazib, ilmiy faoliyatiga ham nuqta qo‘ydi. Keyinchalik u faqat sog‘ligini tiklash va yosh astronom mutaxassislarga maslahatlar berish bilan vaqt o‘tkazdi. Asosan shogirdlarining ilmiy ishlarini tahlil qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish bilan shug‘ullandi. 1953-yilning mayida u Angliyaga tashrif buyurdi va Qirollik Jamiyati majlisida, o‘zi kashf qilgan qonun, ya'ni, qizilga siljish qonuni haqida ma’ruza o‘qidi. Yig‘ilganlarining kosmologiya fanining kelajak istiqbollari haqidagi savollariga javob berdi. Uni tinglaganlardan hech kim, Xabblni salomatligi jiddiy xavf ostida ekanini bilmagan. Chunki, olim ma’ruzani va savol-javobni juda xushchaqchaq o‘tkazgan edi. O‘shanda, ilmiy hamjamiyat olimni oxirgi marta ko‘rib turganini bilmagan albatta. Biroq, ko‘p o‘tmay, XX-asrning shubhasiz eng buyuk shaxslaridan biri, astrofizik olim Edvin Xabbl insult tufayli olamdan o‘tdi. U tushlik payti rasadxonadan mashinada uyga qaytayotgan bo‘lgan.

Qizig‘i shundaki, Yerda Xabbl xotirasi uchun hech qanday yodgorlik o‘rnatilmagan. Hatto u qayerga dafn etilganini ham hech kim bilmaydi. Bu uning ixtiyori bo‘lganini xotini keyinchalik aytib bergan. Shunga qaramay, buyuk astrofizik Edvin Xabbl nomi Koinotdagi boshqa obyektlar nomi orqali abadiylashtirilgan. Xususan, Oydagi Xabbl krateri, hamda, 2069Hubble asteroidi shular jumlasidandir. 1990-yilda orbitaga chiqarilgan Xabbl kosmik teleskopi esa, so‘ngi yillarda qilingan juda ko‘plab astronomik kashfiyotlarga sabab bo‘ldi.

 

 

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 19.11.2019 17:57  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Tezkor tayyorlanadian lapsha taomlar ishlab chiqaruvchisi kimyo bo'yicha Nobel mukofotiga tavsiya etildi. Uning masalliqlarida, ilgari fanga noma'lum bo'lgan kimyoviy elementlar aniqlandi..


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 830
O'qilgan sahifalar soni : 5077980

Tafakkur durdonalari

Xitoydan bo'lsa ham ilm o'rganinglar.

Hadis