Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Orbita.uz - ...Ilm-fan fazosi uzra!

Pluton

E-mail Chop etish PDF

Pluton

OCHILISHI TARIXI

Nyuton mexanikasi qonuniyatlariga ko'ra izlanishlar olib borgan astronom olim Urban Leverye, Uran orbitasidagi anomaliyalarga asoslanib, o'sha vaqtlarda hali noma'lum bo'lgan sayyora - Neptunning mavjud ekanligini ilmiy bashorat qilgan edi. 1846-yilda Neptun Leverye ko'rsatib bergan joyda haqiqatan ham kashf qilindi. Biroq, keyingi kuzatishlar, Uranning orbital trayektoriyasiga Neptundan boshqa yana bir osmon jismi ham jiddiy ta'sir qilayotganligini ko'rsatardi. Bu esa olimlar va jamoatchilik orasida yirik Transneptun osmon jismi, ya'ni to'qqizinchi sayyoraning ham mavjud ekanligi haqidagi fikrlarning rivojlanishiga olib keldi. Natijada, 1906 yilda, Bostonlik millioner Persival Louell tomonidan, shartli ravishda "X-sayyora" deb nomlangan keng ko'lamli loyiha ishlab chiqilib, to'qqizinchi sayyorani qidirish ishlari boshlab yuborildi. Persival Louellning o'zi 1894-yilda "Louell" Rasadxonasini tashkil etib, uni shaxsiy mablag'i evaziga moliyalashtirib kelayotgan edi. 1909-yilda Louellning o'zi hamda astronom Uilyam Pikeringlar tomonidan, "X-sayyora"ning joylashuvi taxmin qilingan ba'zi hisob kitoblar ishlab chiqildi. Qidiruv ishlari Persival Louellning vafoti yuz bergan 1916-yilgacha davom etdi. Aslida, Louell rasadxonasi 1915-yilning 15-mart kunida ilk marta Plutonning fototasvirini olishga muvaffaq bo'lgan ekan. Biroq, tasvirning sifatining o'ta yomonligi tufayli, rasadxona xodimlari bu haqida o'zlari bilmay qolishgan.

Yangilаndi: 31.01.2025 10:57
 

Stiven Xoking - inson irodasiga qo'yilgan haykal

E-mail Chop etish PDF

Stiven Xoking - inson irodasiga qo'yilgan haykal

1941-yilning ikkinchi yarmida minglab ingliz oilalari imkon qadar Oksford va Kembrijga ko'chib o'tishga intilishardi. Lekin bu intilish mazkur shaharlarning mashhur oliy o'quv yurtlariga kirish uchun emas, balki o'z jonlarini omon saqlash, bolalarni ehtiyotlash maqsadini ko'zlardi. Fashistlar Germaniyasi va Angliya hukumatlari o'rtasidagi o'ta kam sonli kelishuvlardan biriga ko'ra, qarama-qarshi tomonlar, Angliyada Kembrij va Oksfordni, Germaniyada esa Geydelberg va Gyottingenni harbiy harakatlarda holi tutishga rozi bo'lishgan. Otasi tropik kasalliklar bo'yicha mutaxassis vrach, onasi esa kotiba bo'lib ishlagan Xokinglar oilasi ham, 1941-yilda London osmonida Lyuftvaffe bombardimonchilari muntazam paydo bo'la boshlagach, poytaxtni tashlab, vaqtincha Oksfordga ko'chib o'tishga majbur bo'lishdi. Taqdirning shunday taqozosi bilan, biz ushbu maqola orqali tanishtirmoqchi bo'lgan olim, zamonamizning eng nufuzli nazariyotchi fiziklaridan bo'lmish Stiven Xoking 1942-yilning 8-yanvarida, Oksfordda dunyoga keldi. U o'zining tavalludini, zamonaviy fizika fanining otasi bo'lmish Galileyning vafotidan roppa-rosa 300 yil o'tib yuz berganiga hech qanday ramziy ma'no bermaydi. O'zining ta'biri bilan aytganda, "axir aynan shu kuni yana ikki yuz mingga yaqin boshqa chaqaloqlar ham tug'ilgan edi".

Yangilаndi: 30.01.2025 07:42
 

Klayd Tombo

E-mail Chop etish PDF

Klayd Tombo

Klayd Tombo 4-fevral, 1906-yilda AQSHning Illinoys shtatida, ijaraga yer olib dehqonchilik qiluvchi fermer oilasida tug'ilgan. 12-yoshidan boshlab astronomiya bilan jiddiy qiziqib shug'ullana boshlagan. o'rta maktabni tugallagach, keyingi ta'limni olish uchun mablag'i yetmaganligi bois, mustaqil shug'ullanishga majbur bo'lgan. U o'zining yasama teleskopida Oy va Marsning tasvirlarini olib, Louell rasadxonasiga yuborgan. Rasadxonadagi yuqori malakali astronomlarning hayratiga sabab bo'lgan bu fototasvirlar, o'zining aniqligi va sifati tufayli, Tombo ushbu nufuzli rasadxonaga ishga taklif etilgan. Aynan Louell rasadxonasida, 1930-yilning 18-fevral kuni, Klayd Tombo o'zining eng olamshumul kashfiyoti - Pluton sayyorasini kashf qildi. Shuningdek u, Plutonni qidirish ishlari mobaynida, yangi kometa va yuzlab ilgari fanga noma'lum bo'lgan asteroidlarni ham ochdi. Tombo 1932-yilda Kanzas universitetiga o'qishga kirib, 1936-yilda bakalavr diplomiga ega bo'ldi. U 1943-yilgacha Louell rasadxonasida ishladi. 1943-45 yillarda esa, Arizona kollejida, 1945-46 yillarda esa Kaliforniya universitetida dars berdi. 1946-yildan boshlab Las-Krus laboratoriyasida, 1955-yildan boshlab esa, Nyu-Meksiko universitetida ishladi. 1965-yilda Nyu-Meksiko universiteti professori, 1973-yildan esa faxriy professor unvonlariga ega bo'ldi. Klayd Tombo Plutonni ochganligi uchun maxsus medal (Uilyam Gershel tasviri tushirilgan) va Buyuk Britaniya Qirollik ilmiy jamiyatining Astronomiya uyushmasi tomonidan maxsus oltin medal bilan taqdirlangan. Tombo 1934-yilda Patrisiya Edisonga uylangan va umrining oxirigacha o'z oilasiga sodiq yashagan. U o'zidan bir o'g'il, bir qiz qoldirgan. Klayd Tombo 1997 yilda Nyu-Meksiko shtatidagi, Las-Kruses shahrida olamdan ko'z yumgan. Tomboga oid qiziq ma'lumot: o'rta maktabni bitiruv oqshomida, sinfdoshlari u haqida dastxat-esdaliklar kitobiga "U yangi olamlarni kashf etadi" degan qaydni qoldirishgan ekan.

Yangilаndi: 31.01.2025 10:53
 

Yangi Gorizontlar

E-mail Chop etish PDF

Yangi Gorizontlar

"Yangi gorizontlar" - (inglizcha: New Horizons) - NASA tomonidan, "Yangi sarhadlar" dasturi doirasida, 2006-yilning 19-yanvar kuni AQSHning Kanaveral kosmodromidan "Atlas-5" 551 raketa-eltuvchisi yordamida koinotga uchirilgan sayyoralararo avtomatik kosmik zond. Start vaqtidagi vazni 478 kg. Loyiha qiymati 650 million AQSH dollari. Apparat va uning bort asbob uskunalari, 11 kg plutoniy-238 radioaktiv termoelektr generatoridan quvvat oladi. o'lchamlari 2,2×2,7×3,2 metr. "Yangi gorizontlar"ning ishlash muddati 15-17 yilgacha bo'lishi ko'zda tutilgan. Apparat, Pluton atmosferasi va sirt yuzasi tuzilishini tadqiq qiluvchi ultrabinafsha spektrometr, oddiy va infraqizil diapazonlarda ishlovchi yuqori aniqlikdagi yirik planli yoyilma fotokamera, Quyosh shamoli zarrachalarining parametrlarini o'rganuvchi SWAP apparati, energetik zarrachalar spektrometri, Koyper belbog'idagi chang zarrachalarini o'rganish uchun chang detektori, hamda radiospektrometr kabi uskunalar bilan jihozlangan. Shuningdek, "Yangi gorizontlar" bortiga, Plutonni kashf qilgan astronom Klayd Tomboning xoki, hamda NASA o'tkazgan maxsus "Plutonga ismingni yubor"dasturi doirasida 434738 kishining ismi yozilgan disk joylashtirilgan. Yer bilan aloqa esa, ko'plab antennalar va kuchaytirgichlar tizimi orqali ta'minlanadi. "Yangi gorizontlar"ning axborot uzatish tezligi 4.75 Km/soniya (Yupiter hududida), Plutonga yetib borishda bu tezlik 96 bayt/soniyaga tenglashishi kerak.

Ushbu apparat, kosmik tadqiqotlar erasi boshlanganidan buyon, Yerdan eng katta tezlik bilan uchib chiqqan kosmik zond hisoblanadi. U start vaqtida 16.21 km/soniya tezlik bilan Yerni tark etgan. Biroq hozirda apparatning uchish tezligi 14.95 km/soniyani tashkil qiladi va bu, 70-yillar oxirida uchirilgan "Voyajer-1"ning tezligidan (17.055 km/soniya) past ko'rsatkichdir (Voyajer-1 Saturn bilan bajarilgan gravitatsion manyovr evaziga qo'shimcha tezlanish olgan).

Yangilаndi: 31.01.2025 08:41
 

DNK strukturasining kashf etilishi

E-mail Chop etish PDF

DNK strukturasining kashf etilishi

Boston universitetining biomeditsina muhandisligi fakulteti professori, fizika-matematika fanlari doktori, biofizik Maksim Frank-Kamenetskiy bilan rentgenostrukturaviy tahlil hamda, DNK molekulasining shakl va asoslari haqidagi suhbat.

DNKning hujayra yadrosida joylashadigan molekula sifatida kashf qilinganiga ancha bo'lgan. Uni XIX-asrning 60-yillarida Shveytsariyalik vrach Fisher tomonidan ochilgan edi. Lekin DNKning haqiqiy tarixi aytish mumkinki, 1953-yildan e'tiboran boshlanadi. Aynan shu yili DNK molekulasining strukturasi kashf qilingan. o'shandan buyon DNK, o'zining tirik organizmlar hayotida markaziy o'rin tutuvchi ob'ektlardan biri ekanligi orqali olamga mashhur bolib kelmoqda.

DNKni kim tomonidan va qanday kashf etilgan? Bu savolga javobni ko'pchilik yaxshi biladi: DNKni ingliz olimi Frensis Krik va amerikalik olim Jeyms Uotson tarafidan Buyuk Britaniyada, aniqrog'i Kembrijda kashf qilingan. Uotson bu yerga malaka oshirish maqsadida kelgan edi. U paytlari Uotson endi-endi ilmiy tadqiqotlar olamiga kirib kelayotgan yosh biolog mutaxassis bo'lib, Kavendish laboratoriyasida olib borilayotgan DNK strukturasi bo'yicha ilmiy tadqiqotlarda qatnashish uchun jiddi-jahd qilgan 24-yoshli ishtiyoqmand yigitcha edi. Bu vaqtga kelib, DNK molekulasi inson irsiy axborotini o'zida saqlashi va avloddan-avlodga tashishi haqida yetarlicha ma'lumotlar yig'ilgan bo'lib, ularga faqat Uotson ichki intuitsiya orqali ishonar edi. Lekin bu natijalarga ishonmaydigan olimlar ham bisyor bo'lganidan, hali tajriba natijalarining amaliy isbotini obdon sayqallash talab etilardi. Kavendish laboratoriyasida Uotson bilan maslakdosh bo'lgan kam sonli xodimlardan biri Frensis Krik ishlagan. U ham DNK molekulasi strukturasini aniqlash orqali inson irsiyati sinoatlarining tagiga yetish mumkin degan g'oyaga qattiq ishonardi. Biroq Uotson va Krik tasarrufida DNK molekulasi strukturasini tadqiq qilish imkonini beruvchi hech qanday laboratoriya jihozi va asbob-uskunasi bo'lmagan. Bu boradagi eng ilg'or tadqiqotlar esa, Kavendish laboratoriyasida emas, balki Londondagi Qirollik kollejida olib borilayotgan bo'lib, u yerdagi ilmiy tekshiruvlarni - rentgenostrukturaviy tahlil bo'yicha mutaxassis Rozalinda Franklin tomonidan o'tkazilayotgan bo'lgan. Uotson va Krik uning oldiga yo'l olishadi. Shu tarzda, DNK strukturasiga nisbatan sevgi uchburchagi - Uotson, Krik va Rozalinda ishtirokidagi drama boshlanadi.

Yangilаndi: 10.02.2025 07:44
 

Qadimgi islomiy o'lchov birliklari

E-mail Chop etish PDF

Qadimgi islomiy o'lchov birliklari

Yurtimiz ming yillar davomida o'zining yuksak madaniyati va shonli tarixi bilan jahon maydonida o'ziga xos shuhrat qozonib kelgan. Ajdodlarimizninh ilm-fanning barcha sohalarida samarali ijod qilib, buyuk ilmiy kashfiyotlar qilishgan. Ular qoldirgan benihoya boy ilmiy me'ros, hozirgi kun uchun ham o'ta qadrli va dolzarbdir. Buyuk bobokalon ajdodlarimiz - Muso al Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad al Farg'oniy, Abu Nasr Farobiy, Mirzo Ulug'bek, g'iyosiddin al Koshiy singari o'tkir mutafakkir allomalarimizning aniq va tabiiy fanlar borasida olib borgan ilmiy faoliyatlariga, jahon hali hanuz tahsinlar o'qimoqda. Ularning o'z ilmiy ishlarida foydalangan o'lchov birliklari ham o'ziga xos bo'lib, mazkur allomalarning ilmiy ishlarini o'rganishda va mohiyat-mazmunini anglashda asosiy o'rinlardan birini egallaydi.

Umuman olganda, IX-XII asrlar islom uyg'onish davri deb yuritiladigan, jahon ilm-fani osmonida Beruniy, al-Xorazmiy, Ibn Sino kabi bobolarimizning porlashi bilan boshlangan buyuk ilmiy tariximizda ham, shonli o'tmishimizning keyingi davri - Temuriylar hukmronligi ostida o'tgan XIII-XV asrlarda ham, va o'zbek xonliklarining qaror topishidan toki ularning tanazzuligacha bo'lgan XVI-XIX asrlarda ham, mamlakatimiz hududida muqaddas islom dini va shariat qonunlari ustivor bo'lganligini e'tirof etish o'rinlidir. Shunga ko'ra, xalq kundalik turmushi va savdo munosabatlarida ham, buyuk allomalarimizning ilmiy ishlarida ham, asosan islom dini shariat qonunlarida o'rnatilgan o'lchov birliklaridan foydalanilgan.

Yangilаndi: 07.02.2025 14:01
 

David Gilbert - haqiqiy parishonxotir olim

E-mail Chop etish PDF

David Gilbert - haqiqiy parishonxotir olim

Biz bilishimiz lozim va bilib olamiz ham!

David Gilbert.

David Gilbert 1862-yilning 23-yanvar sanasida Sharqiy Prussiya davlati poytaxti Kyoningsbergda (hozirda Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad shahri) tavallud topgan. Gilbertning otasi ushbu shahar mahkamasida sudya bo'lib ishlagan. Oilaviy muhitning ilmiy faoliyatga rag'bat beradigan darajada bo'lganidan, Gilbertlar oilasining hamma a'zolari ziyoli insonlar bo'lib yetishishgan. Xususan uning onasi ham falsafa, astronomiya hamda matematikani juda yaxshi biluvchi olima ayol bo'lgan.

18 yoshida o'rta maktabni tugatgan David Gilbert Kyoningsberg universitetiga o'qishga kiradi. Ushbu oliy ma'hadda Gilbert matematika yo'nalishida tahsil olgan. Gilbertning ustozlar borasida omadi kelgan edi. Unga ustozlik qilgan insonlar o'z davrining eng kuchli matematik olimlari bo'lib, xususan Genrix Veber va Ferdinand Lindemanlarni alohida ko'rsatish mumkin. Talabalik yillarida David Gilbert invariantlar nazariyasini tadqiq qila boshlaydi va bu borada ilmiy bahs olib borishga tayyor bo'lgan boshqa bir kuchli matematik - German Minkovskiy bilan yaqindan tanishadi. Minkovskiy va Gilbert keyinchalik, bir umrga qalin do'st bo'lib qolishgan. Aynan Minkovskiy orqali Gilbert, Ernst Kummer, Leopold Kroneker, Karl Vayershtrass, hamda Felkis Klyayn kabi o'sha zamonning eng yetuk matematik mutaxassislari bilan ilmiy aloqalar o'rnatadi. Gilbertning kasbiy faoliyatiga eng katta ta'sir ko'rsatgan matematik aynan Feliks Klyayan bo'lib, u bilan David 1885 yilda Leyptsigda amaliyot o'tash paytida tanishgan edi. 1892-yilda Gilbertni Kyoningsberg universitetining matematika kafedrasida privat-dostesnt lavozimiga ishga tayinlanadi. Bu lavozim unga nafaqat moddiy tarafdan to'kinchilikni, balki, nufuzli ilmiy doiralardan eng kuchli olim va mutaxassislar bilan muntazam kasbiy aloqalar o'rnatish imkonini ham berdi. Gilbert ishga joylashgach, oila qurishga qaror qiladi va Keyte Yerosh ismli ayolga uylanadi. Ko'pchilik Gilbertning xotinini XIX-asr Olmoniyasining mashhur avangard rassomi bo'lgan Keyt Kolvits bilan adashtirib yuborishadi. Ta'kidlash joizki, Keyt Kolvits ijodini Gilbert yoshligidanoq qattiq hurmat qilgan va uni kerakli o'rinlarda himoya qilgan ersa-da, harholda u bilan faqat do'stona munosabat yuritgan. Gilbertning xotini Keytni esa, tasviriy san'atga umuman aloqasi bo'lmagan.

Yangilаndi: 18.02.2025 08:20
 

Gilbert maslalari. O'tkir matematiklar uchun murakkab muammolar.

E-mail Chop etish PDF

Gilbert maslalari.
O'tkir matematiklar uchun murakkab muammolar

Olmon matematigi David Gilbert tomonidan 1900-yilda e'lon qilingan 23 ta murakkab matematik masaladan iborat ro'yxat, XX-asr matematiklarining bir necha avlodi uchun ilmiy faoliyatdagi eng oliy maqsad o'laroq gavdalangandi.

1900-yilning 8-avgust sanasida Butunjahon matematiklarining II-xalqaro kongressida olmon matematik olimi David Gilbert (1862-1943) "Matematika muammolari" deb nomlanuvchi tarixiy ma'ruzasini o'qib eshittirdi. Mazkur ma'ruzada 23 ta murakkab matematika masalalar ro'yxat tariqasida beyon qilingan bo'lib, ma'ruzachining ta'rifiga ko'ra, matematika fanining keyingi taraqqiyoti ko'p jihatdan ushbu masalalarning yechilishi bilan uzviy bog'liq bo'lishi taxmin qilingan. Gilbert haq bo'lib chiqdi. U o'sha kongressda bayon qilgan ro'yxatdagi murakkab matematik masalalarning yechimiga keyingi bir necha avlod matematiklar uchun eng oliy ilmiy maqsadga aylandi. Hozirda Gilbert masalalarining aksariyati o'z yechimini topgan, lekin ular ichida hanuz olimlarga tinchlik bermayotganlari ham bor.

Gilbertning o'sha mashhur ma'ruzasidan uch yilcha avvalroq boshqa bir nufuzli olim Anri Puankare (1854-1912) Syurix kongressi uchun shunga o'xshash ma'ruza tayyorlagandi. o'z ma'ruzasida Puankare matematik analiz va matematik fizika orasidagi o'zaro uzviylik masalalariga e'tibor qaratgan bo'lib, ularning hal etilishi ya'ni, isbotlanishi matematika va fizikaning keyingi rivoji uchun ulkan qadam bo'lishini ta'kidlagan.

Parij kongressi uchun Gilbertga shunga o'xshash ma'ruza qilish taklifi bilan chiqishganida, olim bu fikrni Puankarega nisbatan behurmatlik bo'lishini aytib rad etgan edi. Lekin, Gilbertning do'sti va salohiyatda undan kam bo'lmagan boshqa bir matematik olim German Minkovskiy, uni bu borada umuman boshqacha yo'l tutish mumkinligiga ishontirdi. Uning maslahatiga ko'ra, Gilbert o'z ma'ruzasida o'sha davrning eng murakkab masalalari sifatida qaralayotgan, hamda, yaqin kelajak matematiklari hal etishi (isbotlashi) lozim deb qaralgan muammolarni o'rtaga tashlashi kerak edi. Shunday qilib, Minkovskiyning maslahati bilan, Gilbert mana yaqin 100 yildan ziyod vaqtdan buyon dunyo matematiklarini aqlini shoshirib kelayotgan 23 ta muhim va murakkab matematik masalalar ro'yxatini e'lon qildi.

Yangilаndi: 29.01.2025 10:02
 

Xabbl qonunining mazmuni qanday?

E-mail Chop etish PDF

Xabbl qonuning mazmuni qanday?

Edvin Xabbl Andromeda galaktikasi fotosurati bilan. ©AP Archive.

Xabbl qonuni bizdan olisdagi galaktikalarning uzoqlashish tezligi hamda ulargacha bo'lgan masofa orasidagi chiziqli munosabatni ifodalaydi. Unga muvofiq, bizdan ikki barobar olis masofada joylashgan galaktika, bizdan ikki xissa kattaroq tezlik bilan uzoqlashayotgan bo'ladi.

Ushbu qonuni XX-asrning 20-yillarida, o'sha paytda unchalik ham aniq bo'lmagan va miqdoran kam sonli o'lchashlar asosida, AQSHlik astronom Edvin Xabbl tomonidan shakllantirilgan edi. Galaktikalargacha bo'lgan masofani undagi nisbatan yorqin yulduzlarning yarqiroqligiga ko'ra baholash va baholash natijalarini avvaldan ma'lum bo'lgan boshqa galaktikalarning tezliklari bilan qiyoslash orqali, Xabbl ushbu tezliklar orasidagi chiziqli munosabatni aniqladi. Lekin bunda tezlik va masofa orasidagi o'zaro bog'liqlikni ifodalovchi proporsionallik koeffitsiyenti, masofani chamalashdagi tizimli ravishda yo' qo'yilgan xatolik tufayli, anchayin past ko'rsatkich bilan aniqlangan edi. Xabbl nisbatidagi proporsionallik koeffitsiyentini Xabbl doimiysi deb atash urfga kirgan. Xabbl doimiysiga aniqlik kiritish hozirda ham davom etmoqda. Bugungi davrdagi ushbu doimiynining nisbatan katta aniqlik bilan belgilangan qiymati har bir megaparsekka (Mpk) 70 km/soniyani tashkil qiladi. (1 Mpk taxminan 3 million yorug'lik yiliga teng). Masalan biror galaktika bizdan aytaylik 100 Mpk masofada joylashgan bo'lsa, demak u bizdan taxminan 70×100=7000 km/soniya tezlik bilan uzoqlashmoqda ekan deb xulosa qilinadi.

Yangilаndi: 03.02.2025 09:10
 

Hijriy taqvim haqida

E-mail Chop etish PDF

Hijriy taqvim haqida

Musulmon olami muqaddas Ramazon oyini qarshilash arafasida turibdi. Kunning yorug' qismida yeyish-ichishdan tiyilib, ibodatga yanada kuchli rag'bat qilinadigan ushbu oy joriy milodiy 2015-yilda 18-iyun sanasidan kirib kelmoqda.

Ramazon ro'zasining shartlari, tarixi va boshqa tegishli xos jihatlari haqida yurtimiz diniy-ma'rifiy manbalarida yetarlicha ma'lumot topish mumkin. Shu sababli biz ushbu maqolada ko'pchlikni aynan Ramazon kirib kelishi bilan bog'liq holda qiziqtiruvchi jihatga - uning har yili avvalgi yildagidan 11-12 kun erta kelishiga qaratmoqchimiz.

Aslida ushbu maqolaning tayyorlanishiga sabab ham, ijtimoiy tarmoqlarda do'stalrimdan birining "Ramazon har yili 12 kun erta keladi" - degan jumlasi sabab bo'ldi.

"Erta keladi" iborasi bu o'rinda biroz mubolag'a bilan aytiladi. Sababi Ramazon ham, umuman har qanday boshqa diniy sanalar ham aslida har yili o'z o'rnida keladi. Gap shundaki, islomiy taqvim aslida Yerning yagona tabiiy yo'ldoshi bo'lmish Oyning Yer atrofi orbitasi bo'ylab harakatiga asoslanadi. Bunday taqvimni "Qamariy taqvim" deyiladi. Keling hammasini bir boshdan boshlasak:

Eng qadimgi odamlar ham Oyning osmon sferasi bo'ylab muayyan tartib-nizom asosida harakat qilishiga e'tibor qaratishgan bo'lsa kerak. Oy yangi chiqqan o'roq shaklidan borgan sari kattalashib boradi va 14 kun ichida to'lishib, to'linoy shakliga kiradi. Keyin yana kichrayib boradi va yana boshlang'ich holatiga qaytadi. Bunday davriylik har 29 kecha kunduzda takrorlanaveradi. Ushbu davrni esa biz "Oy" deb ataymiz. (Ba'zan bunday davriylikni boshqacha oylardan ajratib ko'rsatish uchun "tabiiy oy" deb yuritiladi, chunki nutqimizda boshqacha oylar ham mavjud. Masalan "kalendar oyi" kabi).

Yangilаndi: 17.02.2025 07:58
 


Maqolaning 38 sahifasi, jami 55 sаhifа
Banner

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Orbita.uz Facebookda:

.

Tashriflar xaritasi:

Orbita.Uz tavsiya etadi:

Foydali havolalar:
Ilmiy-lugat.uz
Ilmiy-lugat.uz - Ilmiy terminlarning o'zbekcha-ruscha-inglizcha lug'ati, qisqacha izohi va amalda qo'llanishi
http://Gulruxsora.uz/
Jurnalist va blogger Gulruxsora Xudayberdiyevaning shaxsiy sayti
ekodunyo.uz
O'simliklar va hayvonlarning onlayn ensiklopediyasi
Ziyouz.com
Ziyouz.com - O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona.
http://hujayra.uz/
Biolog olim Baxtiyor Sheraliyev va shogirdlari tomonidan yuritiladigan ajoyib veb-sayt! Biologiya va uning tarkibidagi fanlarga oid qiziqarli maqolalar shu yerda!

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 884
O'qilgan sahifalar soni : 13714819

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)