Issiqlik sig'imi
Jismning issiqlik sig'imi deb, shu jism haroratini bir darajaga ko'tarish uchun unga berish lozim bo'lgan issiqlik miqdoriga aytiladi. Jism bir darajaga soviganda u shuncha miqdordagi issiqlikni beradi. Issiqlik sig'imi jism massasiga proporsional. Jism massa birligining issiqlik sig'imi solishtirma issiqlik sig'imi, solishtirma issiqlik sig'imining atom yoki, molekula massasiga ko'paytmasi mos ravishda atom yoki, molekulyar issiqlik sig'imi deyiladi.
Turli moddalarning issiqlik sig'imlari bir-birida katta farq qiladi. Masalan suvning 20 °C dagi issiqlik sig'imi - 4200, qayin daraxtiniki 1700, havoniki 1010 J/(kg·K) ni tashkil qiladi. Metallarda u kichikdir: alyumiyniyniki 880, temirniki 460, misniki 385, qo'rg'oshinniki 130 J/(kg·K). Solishtirma issiqlik sig'imi harorat ortishi bilan sekin o'sadi (90 °C da suvning issiqlik sig'imi 4220 J/(kg·K) ni tashkil qiladi) va fazaviy o'tishlarda keskin o'zgaradi: 0 °C dagi muzning issiqlik sig'imi, shu haroratdagi suvnikidan 2 marta kichik; 100 °C dagi suv bug'ining issiqlik sig'imi 1500 J/(kg·K) ga yaqin.