Spektroskopiya
Olmon olimi R.Bunzen o'zi kashf qilgan gorelkaning issiqlik alangasida moddalarni bug'ga aylanib, alangani har xil ranglarga bo'yashini payqadi. Xususan, mis yashil alanga, osh tuzi sariq, stronsiy bo'lsa to'q qizil alanga berardi. Gorelkaga moddani quyilsa, alanganing rangi bo'yicha moddaning tarkibini aniqlash mumkin bo'ladigandek tuyulardi. Biroq, Bunzen tez orada har xil tarkibli moddalar ba'zi hollarda alangani bir xil bo'yashini payqab qoldi. Shundan keyin uning yurtdoshi fizik G.Kirxgof alanga yorug'ligini rangli nurlarni monoxromatik qismlarga ajratadigan shisha prizmadan o'tkazishni taklif qildi. Litiy hamda stronsiy ta'siridan alanga ko'zga hammavaqt bir xil rangda - to'q qizil bo'lib ko'rinadi; litiy alangasi yorug'ligi prizmadan o'tgandan keyin ikki chiziqqa - ravshan to'q qizil rangga va uning yonida xira jigarrangga ajraladi. Stronsiy bo'lsa bitta havorang, ikkita qizil va jigarrang chiziqlarni beradi.
Ma'lum bo'lishicha, istalgan kimyoviy elementning yorug'lanuvchi bug'lari faqat unga xos bo'lgan spektr - monoxromatik nurlanishlar to'plamini taratadi. Spektrda ularning har biriga faqat o'zigagina xos bo'lgan chiziq taaluqli bo'lar ekan. Barcha elementlarning spektrlari maxsus jadvallarda aks etgan. Ularda spektral chiziqlarning to'lqin uzunligi, ketma-ketligi va intensivligi ko'rsatiladi. Shunday tarzda spektrlar bo'yicha olimlar nurlanuvchi moddalar tarkibini aniqlash usuliga ega bo'ldilar. Natijada fizikaning elektromagnit nurlanishlar spektrlarini tadqiq qiluvchi yangi bo'limi - spektroskopiya vijudga keldi. Bu Kirxgof va Bunzen kimyoviy elementlarning eng dastlabki spektral tahlillarini amalga oshirgan 1859-yilda yuz berdi.










