Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi 4 ta element qo'shildi
Nazariy va Amaliy Kimyo Xalqaro Ittifoqi (IUPAC) Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi to'rtta element qo'shilganini rasman tasdiqladi. Yangilangan davriy jadvalni Rossiya, AQSH va Yaponiya olimlari birgalikda tartiblashgan.
Davriy jadvalga yangi qo'shilgan elementlarga hozircha vaqtinchalik nomlar berilgan. Ulardan birinchisi Ununtriy deb nomlangan bo'lib, formulasi Uut, davriy jadvaldagi tartibi esa 113 bo'ladi ("Ununtriy" nomi lotinchada 113 degani). Shuningdek Ununpentiy - Uup (115), Ununseptiy - Uus (117) va Ununoktniy - Uuo (118) elementlari ham endi rasman tan olindi. Endilikda ushbu elementlarni kashf qilgan olimlarga yoki ilmiy guruhlarga mazkur elementlarga boshqa nom berish huquqi beriladi. Ushbu elementlarning kashf etilgani haqidagi xabarlar paydo bo'lganiga ancha yillar bo'lgan bo'lsa-da, shtab-kvartirasi Shimoliy Karolinadagi Research Triangle Parkda joylashgan IUPAC tashkiloti, ushbu elementlarni faqat 2015-yil 30-dekabr sanasiga kelibgina rasman tan oldi. Buning uchun o'sha elementlarni kashf qilgan olimlardan mustaqil ravishda, boshqa ilmiy ekspertlar ham ushbu elementlarni sintez qila olishlari talab etilardi. Odatda faqat shunday tasdiq orqaligina haqiqatan ham yangi kimyoviy element kashf etilgani rasman e'tirof etiladi. Shu sababli ham biz yangi 4 elementning davriy jadvalga rasman qo'shilishini 2015-yil so'ngigacha kutishga majbur bo'ldik.









