Ser Rojer Penrouz - takrorlanmas mozaika va tafakkur ildizlari haqida bahs

Birlashgan Qirollikda davlat va jamiyat uchun buyuk xizmatlar ko'rsatgan shaxslarga Ritsarlik maqomi hamda, Ser unvoni berilishi tarixiy an'ana sanaladi. 1994-yilda zamonamizning eng nomdor olimlaridan biri, fizika, matematika, hamda, inson tafakkurining neyrofiziologik jihatlarini tadqiq qilish borasidagi eng ilg'or tadqiqotlar muallifi Rojer Penrouz ham, qirolicha Elizaveta II tomonidan Angliyaning mazkur yuksak unvon va maqomlari bilan taqdirlandi. Haqiqatan ham u tom ma'noda zamonamiz ilm-fanining shavkatli ritsaridir. Keling, uning tarjimai holi va ilmiy faoliyati haqida ushbu maqola orqali imkon qadar batafsil to'xtalamiz.
Ser Rojer Penrouzning ota-onasi tibbiyot mutaxassislari bo'lishgan. Chunonchi uning otasi Laynoel Sharplz Qirollik Jamiyati a'zosi bo'lib, tibbiy genetika bo'yicha o'z davrining yetakchi mutaxassislaridan sanalgan. Qahramonimiz Rojer Penrouz otasining 1931-yilda Kolchester shahrida o'tkazilgan maxsus ilmiy tadqiqot dasturida ishtirok etayotgan paytida, o'sha yilning 8-avgust sanasida dunyoga kelgan.
Penrouzlar oilasi ilm-fanga nisbatan e'tiqodiy darajada yondoshadigan oila bo'lgan. Ularning oilaviy yalpi aqliy salohiyatidan shu narsa yaqqol darak beradiki, oilada Rojerdan boshqa farzandlar ham kuchli ilmiy salohiyatli olimlar bo'lib yyetishishgan. Xususan, akasi Oliver Penrouz ham Rojer singari fizik va matematik mutaxassis bo'ib yetishgan bo'lsa, uning ukasi Jonatan Penrouz esa, kasbi bo'yicha psixolog, shuningdek Britan orollarida dong'i ketgan mashhur shaxmatchi bo'lib tanilgan. Ma'lum sabablarga ko'ra, Penrouzlar oilasi 1939-yilda avval AQSH va keyin Kanadaga ko'chib o'tadi. Aynan shu paytlarda Rojerda matematikaga nisbatan ishtiyoq paydo bo'la boshlaydi. Chunki bu vaqtlarda uning ota-onasi ham mazkur fan bilan qattiq berilib shug'ullanar edi. Ayniqsa otasi o'zi genetik bo'lishiga qaramay, geometriyaga mukkasidan ketar darajada ishtiyoq bilan yondoshgan.
1945-yilda Yevropa II-jahon urush olovidan qutilgach, Penrouzlar yana Angliyaga qaytib kelishadi va Londonga joylashishadi. Ota Penrouz London Universitet Kollejida odam genetikasi fanidan professor unvoni bilan ishlay boshlaydi. U farzandlarini ham aynan shu dargohda ta'lim olishlarini istagan. Ayni istakka ko'ra Rojer ham mazkur kollejga o'qishga kiradi. Kollejdagi o'qish yakuniga ko'ra unga ota-onasi oilaviy an'analarni davom ettirishni, ya'ni tibbiyot xodimi bo'lib yetishishi uchun, biologiya va kimyo yo'nalishi mutaxassisligini taklif etishadi. Lekin Rojer ularning xafsalasini pir qilgancha, fizika va matematika sohalarini o'zi uchun istiqbolli deb tanlaydi.