Elektrodinamika

Erstedning kashfiyotidan keyinroq, fiziklarda, o'tkazgichdan elektr toki o'tganida u magnitga aylanib qoladi degan tasavvur paydo bo'ldi. Bunday tushuntirishni Arago hamda Bio tomonidan qabul qilingan edi.
Bio 1820-yilda quyidagicha taklif kiritdi: "To'g'ri chiziq bo'ylab harakatlanayotgan tok, magnit molekulasiga ta'sir ko'rsatganida, bu ta'sir kuchining tabiati, o'tkazgich yoniga ma'lum yo'nalishda qo'yilgan magnitlangan strelkaga bo'lgan ta'sir kabi, volt toki yo'nalishiga nisbatan doimiy bo'ladi ".
Bio va uning tarafdori bo'lgan boshqa fiziklar, elementar magnitlarning o'zaro ta'sirlashuvining elektrodinamik xususiyatlarini tushuntirishda, tok o'tayotgan har qanday o'tkazgich magnit trubkasiga aylanib qoladi degan yanglish fikrni ilgari surganlar.
Tamomila boshqacha taklifni Amper tavsiya qildi... Keling avval uning tarjimai-holi bilan tanishib olamiz:
Andre-Mari Amper (1775-1836) Lion yaqinidagi otasiga qarashli, katta bo'lmagan Polemye yer-mulkida tavallud topdi. Amperning iste'dodi ancha erta namoyon bo'la boshlagan. U hali maktabga bormay turib ham o'qish va arifmetikani mustaqil o'zlashtirib olgan ekan. U otasining kutubxonasida nimaiki topsa, bir boshdan o'qib chiqavergan. 14 yoshida esa "Farang ensiklopediyasi"ning barcha 28 jildini o'qib bo'lgan. Amper fizika va kimyo fanlariga alohida qiziqish bilan yondoshgan. Lekin aynan shu fanlarga oid kitoblar otasining kutubxonasida mavjud emas edi. Shu sababli Andre Amper Lion kollejining kutubxonasiga borib, o'sha yerda buyuk fizik va matematiklarning asarlarini mutolaa qilishga kirishdi. Bo'lajak olimning tengsiz iqtidoridan shu narsa ham dalolat berib turibdiki, manbalarda qayd etilishicha Andre-Mari Amper 13 yoshidayoq Lion akademiyasiga o'zining matematikaga oid ilk ishlarini taqdim qilgan ekan.