Turbulentlk
Turbulentlk - suyuqlik va gazlarning ko'p oqimlarda kuzatiladigan hamda, bu oqimlarda turli o'lchamli ko'plab uyurmalar hosil bo'lishidan iborat hodisa. Bu hodisa tufayli gidrodinamik va termodinamik xarakteristikalar (tezlik, bosim, harorat, zichlik) tartibsiz fluktuatsiyalar ta'sirida bo'ladi hamda, shuning uchun fazoda va vaqt davomida tartibsiz o'zgaradi.
Turbulentlik kuzatiladigan suyuqlik oqimiga turbulent oqim deyiladi. Bunday oqimda suyuqlik va gazning zarralari tartiblanmagan, turg'unlashmagan harakatlar qiladi. Hamda bu hol ularning intensiv jadal aralashuviga olib keladi.
Bu jihatdan turbulent oqimlar tartibli xarakterga ega bo'lgan va faqat ta'sir qiluvchi kuchlarning o'zgarishidangina vaqt o'tishi bilan o'zgaradigan laminar oqimlardan farq qiladi. Laminar oqimda suyuqlik yoki gaz zarralari bir-biri bilan aralashmaydigan qatlamlar tarzida qat'iy bitta yo'nalishda ko'chadi.
Jadal tartibsiz aralashuv tufayli turbulent oqimlar yuqori issiqlik uzatish, kimyoviy reaksiyalarni (masalan yonishni) tez tarqatish, tovush va elektromagnit to'lqinlarni sochish, shuningdek impulsni uzatish va shu sababli qattiq jismlarni aylanib oqayotganda ularga yuqori kuch bilan ta'siri ko'rsatish xususiyatlariga egadir. Bunda turbulent oqimlarda harakatlanuvchi jismlar anchagina katta qarshilikka uchrashi sababli, kattagina energiya yo'qotadi.
Yangilаndi: 29.01.2025 09:38
Om qonuni
"O'tkazgich bu shunchaki elektr zanjirning passiv qismi xolos" - qabilidagi yanglish fikr XIX asrning 40-yillarigacha deyarli hamma fiziklar qat'iy ishonadigan ommalashgan fikr edi. Ular, "modomiki shunday ekan, o'tkazgichlarni tadqiq qilishdan naf yo'q" deb hisoblashardi.
o'tkazgichlarning o'tkazuvchanlik xossalari yuzasidan ilk ilmiy tekshirishlar olib borgan olimlar qatoriga Stefano Marianini (1790-1866) kiradi. Stefano o'z kashfiyotiga tasodifan to'qnash kelib qolgan. U elektr batareykalarining xossalarini o'rganar ekan, Volt ustunlarining soni ortgani bilan, ulardagi umumiy kuchlanishni ko'rsatuvchi strelkaga ta'sir qiluvchi elektromagnit ta'sir sezilarli darajada oshmayotganini sezib qoldi. Shunga ko'ra Marianini, har bir Volt ustuni, tok oqib o'tishi yo'liga o'ziga xos g'ov bo'layotgan bo'lsa kerak degan fikrga keldi. U ikkita faol va nofaol (ya'ni, orasi nam qog'oz bilan to'silgan ikkita mis plastinadan iborat Volt ustuni) yordamida tajriba qilib ko'rdi. Marianini bu orqali, hozirgi zamon maktab o'quvchilari ham yaxshi biladigan, ya'ni tashqi zanjirning umumiy qarshiligi e'tiborga olinmaydigan ko'rinishdagi Om qonunining xususiy holini keltirib chiqargan edi.
Om Marianinining xizmatlarini e'tirof etib, uning izlanishlariga doim hurmat bilan qaragan. Lekin Marinini izlanishlari Om uchun qo'llanma bo'lmagan va Om o'z faoliyatida Marianini tajribasiga murojaat qilmagan.
Yangilаndi: 29.01.2025 09:04
|
Yangi Gorizontlar
"Yangi gorizontlar" - (inglizcha: New Horizons) - NASA tomonidan, "Yangi sarhadlar" dasturi doirasida, 2006-yilning 19-yanvar kuni AQSHning Kanaveral kosmodromidan "Atlas-5" 551 raketa-eltuvchisi yordamida koinotga uchirilgan sayyoralararo avtomatik kosmik zond. Start vaqtidagi vazni 478 kg. Loyiha qiymati 650 million AQSH dollari. Apparat va uning bort asbob uskunalari, 11 kg plutoniy-238 radioaktiv termoelektr generatoridan quvvat oladi. o'lchamlari 2,2×2,7×3,2 metr. "Yangi gorizontlar"ning ishlash muddati 15-17 yilgacha bo'lishi ko'zda tutilgan. Apparat, Pluton atmosferasi va sirt yuzasi tuzilishini tadqiq qiluvchi ultrabinafsha spektrometr, oddiy va infraqizil diapazonlarda ishlovchi yuqori aniqlikdagi yirik planli yoyilma fotokamera, Quyosh shamoli zarrachalarining parametrlarini o'rganuvchi SWAP apparati, energetik zarrachalar spektrometri, Koyper belbog'idagi chang zarrachalarini o'rganish uchun chang detektori, hamda radiospektrometr kabi uskunalar bilan jihozlangan. Shuningdek, "Yangi gorizontlar" bortiga, Plutonni kashf qilgan astronom Klayd Tomboning xoki, hamda NASA o'tkazgan maxsus "Plutonga ismingni yubor"dasturi doirasida 434738 kishining ismi yozilgan disk joylashtirilgan. Yer bilan aloqa esa, ko'plab antennalar va kuchaytirgichlar tizimi orqali ta'minlanadi. "Yangi gorizontlar"ning axborot uzatish tezligi 4.75 Km/soniya (Yupiter hududida), Plutonga yetib borishda bu tezlik 96 bayt/soniyaga tenglashishi kerak.
Ushbu apparat, kosmik tadqiqotlar erasi boshlanganidan buyon, Yerdan eng katta tezlik bilan uchib chiqqan kosmik zond hisoblanadi. U start vaqtida 16.21 km/soniya tezlik bilan Yerni tark etgan. Biroq hozirda apparatning uchish tezligi 14.95 km/soniyani tashkil qiladi va bu, 70-yillar oxirida uchirilgan "Voyajer-1"ning tezligidan (17.055 km/soniya) past ko'rsatkichdir (Voyajer-1 Saturn bilan bajarilgan gravitatsion manyovr evaziga qo'shimcha tezlanish olgan).
Yangilаndi: 31.01.2025 08:41
Vatt

Vatt - o‘zbekcha belgilanishi Vt, xalqaro belgilanishi W bo‘lgan, Xalqaro Birliklar Tizimi - SI dagi quvvat fizik kattaligining o‘lchov birligidir. Bundan tashqari, vatt o‘lchov birligi bilan, issiqlik oqimi, tovush energiyasi oqimi, doimiy elektr toki quvvati, o‘zgaruvchan tokning aktiv, reaktiv va to‘liq quvvatlari, nurlanish oqimi, ionlanuvchi nurlanishlar oqimi fizik kattaliklari o‘lchanadi. Ushbu o‘lchov birligi shotland-Irland ixtirochi-mexanigi, bug‘ mashinasi ixtirochisi Jeyms Uatt (Vatt) sharafiga uning familiyasi bilan nomlangan.
SI qoidalariga ko‘ra, biror olim sharafiga qo‘yilgan hosilaviy birlik nomi matn ichida yozilganida, kichik harflar bilan yoziladi. Lekin, birlikning belgilanishi katta harflar bilan yoziladi. Shu sababli, quvvat birligi haqida gap ketganda, matn ichida vatt deb yozish to‘g‘ri bo‘ladi. Olimning o‘zi haqida gap borganda esa, Vatt, yoki, Uatt deb katta harflar bilan yozish kerak. Xuddi shu qoidalar, vatt orqali keltirib chiqariladigan boshqa hosilaviy birliklar uchun ham tadbiq etiladi. Masalan, energetik yorqinlik birligi matn ichida "vatt taqsim steradian-kvadrat metr" tarzida yoziladi, birlik tarzida esa tarzida yoziladi.
Yangilаndi: 11.12.2018 12:57
|