Jamoliddin Razzokov

10.06.2020 17:12 Muzaffar Qosimov Minbar - Olim yurtdoshlarimiz minbari
Chop etish

Jamoliddin Razzokov

- Assalomu alaykum! Jamoliddin aka, orbita.uz bilan suhbat uchun vaqt topganingizga rahmat. Avval yaqindan tanishib olsak? Ilmiy faoliyatingiz qanday boshlangan?

-Men Jamoliddin Razzokov 1986-yilda Surxondaryo viloyatida tavallud topganman. O’rta maktabdan fizika faniga bo’lgan qiziqishim meni universitet tomon yetakladi. O'zbekiston Milliy universitetini fizika fakulteti, nazariy fizika kafedrasini tamomlaganman (Bakalavr 2003-2007, Magistratura 2007-2009). Ilk ilmiy faoliyatimni bakalavr 2-kurs vaqtimda Fanlar Akademiyasini Issiqlik Fizikasi bo’limida muhandis sifatida boshlaganman. Magistraturani tamomlaganimdan keyin esa Fanlar Akademiyasini Ion-Plazma va lazer texnologiyalari institutida kichik ilmiy xodim sifatida ishlaganman. 2012-2013 yillarda Jepa-fondidan ajratilgan grant yordamida Nederlandiyada, Eyndxoven Texnika universitetida ilmiy tekshirish olib borganman. Sintetik oqsillarni o’z-o’zidan tolalar hosil qilishini modellashtirish yordamida o'rganganmiz. O'zbekistonga qaytib 2 yil davomida Ion-Plazma va lazer texnologiyalari institutida faoliyatimda davom etganman. So’ngra Belgiya Qirolligini Antverpen Universiteti, Kimyo fakultetiga PhD grant yutdim va 2015 yil Dekabridan buyon PLASMANT guruhida ishlamoqdaman. 2019 yilda “Plazma tibbiyoti uchun molekulyar darajadagi modellashtirish” mavzusida doktorlikni himoya qildim. Hozirda ushbu guruhda postdoctoral tadqiqotchi sifatida faoliyat olib bormoqdaman va “Reaktiv kislorod va azot molekulalarini saraton hujayralariga ta'siri” loyihasi ustida tadqiqotlarni davom ettirmoqdaman.

-Tadqiqotlaringizda qanday masalalarni o’rganasiz?

-        Saratonni davolashda kompyuter modellaridan foydalanish mumkinmi? – mening tadqiqotlarim asosan shu masalani yoritishga qaratilgan.

Hozirgi vaqtda saraton o'lim darajasi eng yuqori bo'lgan kasalliklardan biri bo'lib qolmoqda. Saratonni davolash uchun yangi vositalarga katta ehtiyoj bor, chunki hozirgi terapiya usullari samaralilik darajasi past. Mumkin bo'lgan yangi davolash usullaridan biri bu plazma tibbiyotining sohalaridan biri bo'lgan "plazma onkologiyasi"dir. Klinik tadqiqotlarda sovuq atmosfera plazmasidan (SAP) foydalanganda o'simta hajmi sezilarli darajada kamaydi. Bundan tashqari, ko'pchilik in vitro va in vivo tadqiqotlar SAPning ko'plab saraton hujayralariga qarshi foydali ta'sirini ko'rsatdi. Plazma onkologiyasida ushbu istiqbolli natijalarga qaramay, buning molekulyar darajadagi mexanizmlari hanuz yaxshi o’rganilmagan. Klinikada SAP qo'llanilishini aniq va samarali boshqarish uchun plazma zarralarining hujayralar va biomolekulalar (lipid, oqsil va DNK) bilan o'zaro ta'sirining aniq mexanizmlarini kompyuterda modellashtirish yordamida tushuntirish kerak. Men aynan hujayralarda ro’y berayotgan biofizikaviy va biokimyoviy hodisalarni kompyuterda modellashtirish yordamida tadqiq qilaman. Shunday qilib, eksperimental tadqiqotlar bilan birga kompyuter simulyatsiyalari plazma va biomolekulalar bilan o'zaro ta'sirida sodir bo'layotgan, eksperimental vositalar yordamida qo’lga kiritish murakkab bo'lgan yoki hatto imkonsiz bo'lgan jarayonlar to'g'risida chuqur tasavvurga ega bo'lish mumkin. Natijada esa plazma manbalarini optimal dizaynlash bilan saraton hujayralarini davolashni samarali yechimini topish mumkin.

-Nima sababdan ilm bilan shug‘ullanishga qaror qilgansiz?

-Yoshligimdan tabiat qonuniyatlariga qiziqishim yuqori bo’lgan. O’rta maktabda 6-sinfga qadar matematika, tenglamalar, trigonometrik masalalar o’ziga jalb qilgan edi. Shunga qaramasdan ba’zi matematik qonuniyatlarni asl mohiyatini tushunmas edim va savollar ustiga savollar paydo bo’lar edi. 7-sinfda fizika fanini o’qib boshlagach esa matematika tenglamalaridan fizika qonuniyatlarini tushunish uchun foydalanish, ularga ma’no bera boshladi va tabiatning sirlarini birma-bir o’rganishni boshladim. Texnikalar, radio, magnitofon va televizor qanday prinsiplar asosida ishlashiga juda qiziqar edim. Oddiy savollar murakkablik sari yetaklar va aynan shu murakkabliklarni mag’zini chaqish o’zgacha zavq berar edi. Shu tarzda fanga o’zgacha mehr paydo bo’lgan. Bu borada ustozim Aliyev Sultonmurodni hissasi va ota-onamni qo’llab quvvatlashlarini o’rni katta.

-Basharti, gap ustozlar haqida ochilgan ekan, keling, ular haqida eslab o’taylik. Sizga eng katta ta’sir ko’rsatgan insonlar kimlar?

-Issiqlik fizikasi bo’limida Dr. Mamatkulov Shavkat rahbarligida ilmiy ishlarni boshladim. Avvalo kompyuterda modellashtirishni suvni modellashtirish va suvda turli xil klatrat strukturalar hosil bo’lishini tadqiq qilishdan boshlaganman. Keyinchalik suvda kirindi (kiruvchi) molekulalar tetragidrofuran va dimetilformamidni turli xil konsentratsiyalarda aralashmalar hosil qilib temperatura va bosim qiymatlarini o’zgartirib hosil bo’ladigan optimal klatrat strukturalarni aniqlaganmiz. Bu ishlarimiz vodorodni klatrat strukturalarda xavfsiz va samarali saqlash imkonini beradi. Bakalavr va Magistrlik dissertatsiyalarimni Milliy universitet va Issiqlik  Fizikasi bo’limi hamkorligida “Vodorod va ftor atomlarini biriktirgan (doped) nanotrubkalarni elektron xususiyatlari” mavzusida himoya qilganman. Eyndxoven Texnika universitetida professor Paul van der Schoot loyihamga rahbarlik qilgan. 2015 yildan buyon esa PhD va postdoctoral loyihalarimga professor Annemie Bogaerts ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Har bir rahbarlarimdan minnatdorman. Ular hayotimda o’z yo’limni topishimga, ilmda yutuqlarga erishishimda hissalari beqiyosdir.

-Sizning faningizdagi zamonaviy eng dolzarb ilmiy masala nimada?

-Oqsillar tirik organizmda turli xil muhim vazifalarni bajaradi. Masalan, hujayralarda molekulalar transporti, turli xil metabolik reaksiyalar, DNKdan nusxa olish, o’zaro turli strukturalar hosil qilish, hujayralar shaklini saqlash va boshqalar. Oqsillarda aminokislotalarni ketma-ketligi bir biridan farq qiladi va bu esa o’z navbatida ularni 3-D konformatsiyasiga ta’sir ko’rsatadi. Oqsillarni konformatsiyasi ularni funksiyasini aniqlash faktori bo’lib xizmat qiladi. Bundan tashqari oqsillarni vazifasi hujayralardagi muhitga bog’liq holda ham o’zgaradi, sekinlashadi, faollashadi yoki umuman vazifa bajarishdan to’xtaydi. Oqsillar fizikaviy (bosim, harorat, kuch) yoki kimyoviy (oksidlanish, azotlanish, fosforlanish, metillanish) ta’sir sababli ham 3-D konformatsiyasini o’zgartiradi. Aynan oqsillarni 3-D konformatsiyasini kompyuter modellari yordamida bashorat qilish modellashtirishning dolzarb muammolaridan biridir. Aniq konformatsiyani aniqlash esa oqsillarni funksiyalarini molekulyar darajadagi mexanizmlarini tadqiq qilishga yordam beradi va ushbu muammo sohamizdagi dolzarb muammolardan biridir. Shubhasiz aniq konformatsiyani kompyuterda modellashtirish yordamida aniqlash, fizika, kimyo, biologiya va tibbiyot sohalarida katta burilishga sabab bo’ladi.

-O‘zingiz shug‘ullanayotgan sohaning insoniyat turmush tarziga ko‘rsatgan ijobiy va salbiy jihatlari (agar bo‘lsa) haqida nima dеya olasiz?

-Modellashtirishni tajribaga nisbatan ustun tomonlari nimada?

Simulyatsiyadan sistemalar va ularning tabiatini, ya'ni zamonaviy texnologiyalar yordamida erishib bo'lmaydigan nanoo’lchamdagi aniqlik bilan tushunish uchun qo’llash mumkin. Agar bizda ba'zi sistemalarning eksperimental kuzatish asosida qanday harakat qilishini tahlil qilib beradigan ma'lumotlar mavjud bo'lsa, biz ushbu hodisalar qanday sodir bo'lganligi yoki aslida qanday yuz berganligi haqidagi savollarga javob berish uchun kompyuter simulyatsiyasidan foydalanishimiz mumkin. Bu esa o’z navbatida sistemalarni optimal boshqarish imkonini beradi. Shu jumladan modellashtirish quydagi afzalliklarga ega:

Xavfsizlik – odamga yoki atrof-muhitga zarar bermasdan sinab ko'rish yoki tajriba o'tkazish.

Prototip – yakuniy mahsulot ishlab chiqarilishidan oldin, yangi mahsulotlarni loyihalash va sinash uchun modellardan foydalanishdan iqtisodiy tejash.

Proyeksiya – kelajakka qarash va mumkin bo'lgan ta'sirlarni ta'kidlab, muammolar paydo bo'lishidan oldin ularga yechim topish.

Vizualizatsiya – tizimdagi munosabatlarni ko'rish, tushunish va tahlil qilish. Vaqtni tezlashtirishi yoki sekinlashtirish.

Takrorlash – modelni turli xil ssenariylar asosida parametrlarni o’zgartirib  qayta takrorlash.

-Kompyuterda modellashtirish sohasining kеlajak taqdirini qanday tasavvur qilasiz?

-Kompyuterda modellashtirishdan deyarli iqtisodiy rivojlangan barcha mamlakatlar keng foydalanib keladi. Shubhasiz modellashtirish iqtisodiyotni ajralmas bir qismiga aylanib bo’lgan. Jumladan a) Materialshunoslikda - uglerodni nanotrubkalarni o’sish mexanizmlarini tushunishda, b) qishloq xo’jaligi va toza ichimlik suvi muammosini yechishda - dengiz va dunyo okeanlaridagi suvni filtrlash va iqtisodiy samarador filtrlarni kashf qilishda, c) farmakologiyada – turli xil kasalliklarga qarshi dorilar ishlab chiqishda d) mashinasozlik va samolyot sanoatida - samarali aerodinamik dizaynni qo’lga kiritishda va boshqa ko’plab sohalarda kompyuterda modellashtirishdan foydalaniladi. Iqtisodiy rivojlanishni maqsad qilgan har bir davlat oliy ta’lim tizimiga kompyuterda modellashtirishni kiritishi zarur.

-Modellashtirish fani bo‘yicha hozirdagi eng kuchli ilmiy maktablar qayеrda joylashgan (oliygohlar, ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriya, ilmiy markaz va ho kazo)?

-Kompyuterda modellashtirish Niderlandiyada juda yaxshi rivojlangan. Ko’plab modellashtirish dasturlari Niderlandiyada universitetlari tomonidan ishlab chiqilgan, jumladan GROMACS (Groningen Machine for Chemical Simulations – Groningen universiteti), ADF (Amsterdam Density Functional – Amsterdam universiteti), HADDOCK (High Ambiguity Driven protein-protein DOCKing – Utrext universiteti). Ushbu modellashtirish dasturlari fizikaviy, kimyoviy, biologik, biofizikaviy va biokimyoviy jarayonlarni o’rganish uchun keng qo’llaniladi. Albatta dasturlarni rivojlantirgan guruhlar yuqorida ko’rsatilgan universitetlar laboratoriyalarida faoliyat olib boradi. Hozirgi kunda xususiy kompaniyalar ishlab chiqqan tijoriy modellashtirish dasturlari ham keng tarqalmoqda. Tadqiq qilinayotgan muammolarga bog’liq holda modellashtirish dasturlarini tanlab olasiz, chunki modellashtirish dasturlari turli maqsadlarni ko’zlab ishlab chiqilgan. Shubhasiz, kompyuterda modellashtirish ilmiy ishlarda va iqtisodiyotni real sektorlarida o’rni yanada mustahkamlanmoqda va aytishim mumkin dunyoni top universitetlarini har birida kompyuterda modellashtirish  guruhlari mavjud.

-Bu fan bo‘yicha tahsil olmoqchi bo‘lgan va kеlajakda uning mutaxassisi bo‘lishga qaror qilgan yoshlarga maslahatlaringiz?

-Talabalar avvalo 1-2 kurslarda matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan asosiy tushunchalarni chuqur egallashlari kerak. 3-kursdan boshlab modellashtirish bilan bosqichma-bosqich shug’ullanishni boshlasalar bo’ladi. Afsuski o’zbek tilida manbalar juda kam, shuni hisobga olgan holda molekulyar dinamikani yoshlarga o’rgatish uchun “Biofizikaviy va biokimyoviy  jarayonlarni kompyuterda modellashtirish” deb nomlangan kurs tashkil qilganman. O’rganishni xohlovchilar YouTube va Telegram kanallarimni kuzatib borishlari mumkin. Talabalar imkon qadar ingliz tilini o’rganishlari zarur. Eng yaxshi adabiyotlarni barchasi ingliz tilida.

-O’rni kelganda an’anaviy savollarimdan so’ramoqchiman, demak, imkon bo’lsa, modellashtirish sohasiga qiziqqan talabalar uchun quyidagilarni tavsiya qilsangiz:

a) fanga boshlang‘ich kirish uchun eng maqbul, tushunarli adabiyot(lar) qaysi?;

  1. Phillips, Rob, Jane Kondev, Julie Theriot, and Hernan Garcia. Physical biology of the cell.
  2. Reginald H. Garrett, Charles M. Grisham. Biochemistry. University of Virginia. 2010.
  3. Bahl, Arun, B. S. Bahl, and G. D. Tuli. "Essentials of physical chemistry." (2012).

b) fanning fundamеntal masalalari eng kеng qamrovda yorituvchi mukammal fundamеntal adabiyot(lar) qaysi?

1.         Field, Martin J. A practical introduction to the simulation of molecular systems. Cambridge University Press, 1999. Garland Science, 2012.

2.         Bonomi, Massimiliano, and Carlo Camilloni, eds. Biomolecular Simulations: Methods and Protocols. Humana Press, 2019.

3.         Petsko, Gregory A., and Dagmar Ringe. Protein structure and function. New Science Press, 2004.

4.         Dalarsson, Nils, Mariana Dalarsson, and Leonardo Golubovic. Introductory statistical thermodynamics. Academic Press, 2011.

c) bu fan mutaxassisi bo‘lmagan, lеkin unga qiziquvchilarga qaysi ilmiy-ommabop adabiyot, yoki nazariy minimum(lar)ni tavsiya etasiz?

-Ilmiy-ommabop nashrlardan phys.org va medicalxpress.com saytlarini kuzatib borishni tavsiya qilaman.

-Modellashtirish bo‘yicha zamonaviy tеndеntsiyalarni o‘zida ifodalovchi qanday ilmiy jurnallar, axborotnoma va saytlarni tavsiya etasiz?

-Kompyuterda modellashtirish yordamida qilingan tadqiqot ishlari deyarli barcha jurnallarda chop etib kelinmoqda (IOP, AIP, NPJ, ACS, Science, Elsevier, Cell press).

-Bu fan bo‘yicha adabiyot, qo‘llanma va ho kazo manbalar o‘zbek tilida yetarlimi yoki aksincha? O‘zbekistonda kompyuterda modellashtirish fanni yanada taraqqiy qilishi uchun bajarilish lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘pmi?

-Yuqorida ta’kidlab o’tganimdek o’zbek tilida deyarli adabiyot yo’q. Shuning uchun hozirgi kunda Milliy universitet rahbariyati bilan hamkorlikda, fizika fakulteti talabalariga on-line darslar kursini tashkil qildik. Ta’kidlab o’tishim kerak talabalar ushbu kursni katta qiziqish bilan qabul qilishdi va modellashtirish sirlarini faol o’rganishmoqda.  Kompyuter simulyatsiyasi moslashuvchan, dinamik hamda interaktivdir va shu sababli talabalarda tadqiqotlarga asoslangan izlanishlarga qiziqish uyg’otadi. Bunda talabalar turli xil parametrlarni qiymatlarini o'zgartirib, ularning ta'sirini kuzatish orqali ilmiy tushunchalar va g'oyalar to'g'risida o'z xulosalarini chiqaradilar. Ko'pgina tadqiqotchilar kompyuter simulyatsiyasining interaktivligi va talabalarni jalb qilish xususiyati, ularning bilim olishini yaxshilashda uning afzalliklarini oshirish uchun kalit ekanligini ta’kidlashadilar. Interfaol kompyuter simulyatorlari talabalarga o'zlarining kashfiyotlari va kashfiyotlarini boshqarish va egalik qilish hissini beradi va shu bilan ularning ma'lumotni tushunishi va tahlil qilish qobiliyatini oshiradi. Ushbu simulyatsiyalar odatiy laboratoriya uchun juda uzoq davom etadigan yoki juda murakkab bo'lgan real dunyo jarayonlarini/hodisalarini qayta yaratish va tasavvur qilish imkoniyatini beradi. Simulyatsiya, shuningdek, talabalarga tashqi o'zgaruvchilarni cheklashda, jarayon yoki tizimning muhim jihatlariga e'tibor berishga imkon beradi. Hodisalar yoki o'zgaruvchilar o'rtasidagi bog’lanish va munosabatlarni tushunishga yordam beradi. Turlicha yaqinlashuvlar orqali o'rganish, mavhum tushunchalarni aniqroq qilishi mumkin. Interfaol mashg'ulot va simulyatsiyalarning tezkor aloqasi, sinovlarni osonlikcha takrorlashga imkon beradi va shu bilan jarayonni chuqurroq tushunishga yordam beradi.

-Bu fan bo‘yicha o‘zbеk tiliga birinchi navbatda o‘girilishi zarur dеb hisoblagan va o‘zbеk mutaxassislariga  amaliy/nazariy yordam bеrishi mumkin bo‘lgan biror xorijiy nashrni (kitob, lug‘at va ho kazolar) ayta olasizmi?

Yuqorida ko’rsatib o’tilgan adabiyotlarni tarjima qilish yetarli bo’ladi.

-Agar o‘tmishga qaytib, o‘zingiz istagan biror buyuk olim bilan gaplashish imkoni bеrilsa siz qaysi olim bilan suhbatlashishni istardingiz va undan nimani so‘ragan bo‘lardingiz?

-Olim va ulamo bo’lgan bobokalonlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug’beklar bilan suhbatlashishni xohlar edim. Ular qanday qilib hech bir texnika texnologiyalar rivojlanmagan bir zamonda buyuk yutuqlarga qanday qilib erishganlari haqida va bularni siri nimada ekanligini albatta faqat menga emas boshqalargada qiziq bo’lsa kerak.

-Ilmni puxta egallash uchun kishida eng avvalo qaysi jihatlar bo‘lishi kеrak dеb o‘ylaysiz?

Avvalo qiziqish, ishtiyoq, mehnatsevarlik, reja bilan ishlash, tirishqoqlik, ilmni puxta egallash maqsadga erishish uchun kerak bo’lgan jihatlardir.

-O‘zbеkistonliklarning ilk Nobеl mukofoti qaysi sohada bo‘ladi dеb o‘ylaysiz?

Hozir sohalarda olib borilayotgan ilmiy faoliyatlar haqida to’liq ma’lumotim yo’q. Shuning uchun biror  bir fikr bildirishim mushkul.

- Tasavvur qiling, siz yashash uchun yaroqli kimsasiz sayyoraga tushib qoldingiz. Sizni u joydan qutqaruvchi ekspeditsiya yеtib borgunga qadar, zеrikmaslik uchun 5 ta badiiy kitob,  5ta musiqiy albom va 5 ta kinofilm disklarini yuborishadi. Qaysi asarlarni tanlardingiz?

Kitoblar:

  1. Ahmad Lutfiy Qozonchi  “Saodat asri qissalari”.
  2. Marsel Brion "Menkim, Sohibqiron – Jahongir Temur".
  3. Viktor Suvorov “Ledokol”.
  4. Andy Weir “The Martian”.
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Tafsiri Hilol”

Musiqalar:

Musiqa deyarli eshitmayman, buning uchun vaqt yetmaydi. Sport bilan shug’ullanayotganda BBC Science and Nature podkastlarini muntazam eshitib boraman. Shu tarzda butun dunyo fanida bo’layotgan yangiliklardan xabardor bo’laman. Ba’zida YouTube kanallaridan “Tabiat sadolari / Nature sounds” eshitaman.

Kinolar:

  1. Interstellar.
  2. Inception.
  3. Eagle Eye
  4. 24 (serial)
  5. Jack Ryan (serial)
  6. Treadstone (serial)

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 10.06.2020 17:50