Ot kuchi

12.02.2019 08:00 Muzaffar Qosimov Xalqaro birliklar tizimi - SI - Tizimlashmagan birliklar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 10
Juda yomon!A'lo! 

Ot kuchi

Ot kuchi – SI tizimiga kirmaydigan, lekin, keng qo‘llaniladigan quvvat birligi. O‘zbekcha belgilanishi o.k. (кирилл алифбосида о.к.). Xalqaro belgilanishi hp (inglizcha horsepower so‘zidan).

Siz bu birlikni asosan avtomobillarning dvigateliga nisbatan qo‘llanishiga guvoh bo‘lgansiz. Jahonda «ot kuchi» termini ostida tushuniladigan bir necha xil o‘lchov birliklari mavjud. Lekin, ular ichida eng asosiysi bu «metrik ot kuchi» deyiladigan va SIdagi muqobiliga ko‘ra 735,49875 vatt deb aniq belgilangan ot kuchi birligidir. Garchi, rasman ushbu birlik iste’moldan chiqarilgan bo‘lsa-da, lekin, avtomobilga oid texnik hujjatlarda va ilmiy adabiyotlarda qo‘llanishda davom etmoqda. Xalqaro Birliklar Tizimida quvvatning rasmiy belgilangan o‘lchov birligi bu – vatt bo‘ladi.

 

Ot kuchi birligi uchun ko‘plab adabiyotlarda quyidagicha ta’rif beriladi: 1 o.k. bu – standart erkin tushish tezlanishi sharoitida, massasi 75 kg bo‘lgan yukni vertikal yo‘nalishda, bir soniyada 1 metr ko‘tarish uchun sarflangan quvvatga aytiladi. Bu holatda, 1 o.k. = 735,49875 Vt ga teng bo‘ladi va aynan shu qiymatni «metrik ot kuchi» deyiladi. (Vaholanki, u metr tizimiga kirmasa ham 😳)

AQSH va yana ayrim mamlakatlarda avtomobilsozlik sanoatida 1 o.k. = 745,69988145 Vt deb qabul qilingan. Bu esa, metrik ot kuchidan 1,01386967887 ga kattadir.

Shuningdek, AQSH elektr energetikasida ot kuchi birligining yanada boshqacharoq uchinchi turi – «elektr ot kuchi» qo‘llaniladi. Unga ko‘ra, bir ot kuchi = 746 Vt deb olinadi. Yana o‘sha AQSHning bug‘ qozonlari tasarruf qiluvchi issiqlik manbai korxonalarida ot kuchi birligining «bug‘ qozon ot kuchi» deb nomlanadigan yana bir turi qo‘llaniladi va uning qiymati 9809,5 Vt ga teng.

Ot kuchi birliklarining bu qadar chalkash qo‘llanilishi juda ko‘p tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli, Jahon metrologiya tashkiloti mazkur birlikdan imkon qadar tez voz kechib, umumqabul qilingan Vatt birligidan foydalanishga o‘tishga chaqirgan.

Ushbu birlikning kelib chiqish tarixi Jeyms Uattning bug‘ mashinasini ixtiro qilishi bilan bog‘liq. U o‘z mashinasining nechog‘lik quvvatga ega ekanini isbotlash va namoyish qilish uchun, bitta bug‘ mashinasi bir necha otning o‘rnini bosa olishi haqida so‘z ochadi. Uning bug‘ mashinalaridan birini sharob ishlab chiqaruvchi korxona egasi sotib oladi. Aytishlaricha, o‘sha sharob korxonasida suv nasosini bundan avval otlar aylantirgan bo‘lib, ularning o‘rniga Uattning bug‘ mashinasi qo‘yilgach, bitta mashina 1,5 ta otning o‘rnini bosa olishi hisob-kitob qilingan ekan. O‘shandan buyon, mashina dvigateli quvvati ot kuchi bilan taqqoslanishi urfga kirib qolgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 12.02.2019 08:29