Angstrem

22.11.2016 15:32 Muzaffar Qosimov Xalqaro birliklar tizimi - SI - Tizimlashmagan birliklar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 5
Juda yomon!A'lo! 

Angstrem

Angstrem - o‘zbekcha va xalqaro belgilanishi - (shved alifbosidagi harf), SI tizimiga kirmaydigan, tizimlashmagan maxsus uzunlik o‘lchov birligi. 1 angstrem 1010 metrga (1 metrning o‘n ming milliarddan bir ulushiga), boshqacha aytganda, 0,1 nanometrga teng. Ushbu birlikni 1868-yilda shved fizigi va astronomi Anders Yonas Angstrem (1814-1874) tomonidan fanga taklif etilgan va keyinchalik olimning o‘z familiyasi bilan atala boshlangan. Qoidaga ko‘ra, birlik belgisi sifatida yozilganda - tarzida yozilaveradi. Lekin, matn ichida to‘liq yozma shaklda keltirilganda, kichik harflar bilan, "angstrem" ko‘rinishida yoziladi. Ushbu o‘rinda, olim familiyasi emas, aynan birlik nomi yozilayotgani e'tiborga olinadi (olim familiyasi bo‘lsa har qanday o‘rinda albatta katta harf bilan yozilishi shart).

 

Angstrem birligi garchi Xalqaro Birliklar Tizimiga kirmasa-da, lekin uni fizikaning atom va yadro fizikasi bo‘limlarida, elementar zarralar fizikasida, spektroskopiya, kristallografiya, qattiq jism fizikasi, optika sohalarida, molekulyar biologiyada, biokimyo, biofizika, neyrobiologiyada, shuningdek umuman kimyo fanida keng qo‘llaniladi. 1 angstrem bu - qo‘zg‘atilmagan vodorod atomi elektronining orbitasi diametriga taqriban teng bo‘lgan uzunlikdir. Shuningdek, aksariyat kristalllarning atom panjarasidagi atomlarning o‘zaro joylashuv masofasi ham taxminan shuncha masofani tashkil qiladi. Odam ko‘ziga ko‘rinadigan nurlanishlar spektri, ya'ni, ko‘rinadigan yorug‘lik spektri 4000-7000 - to‘lqin uzunligiga ega bo‘ladi.

Angstrem birligi belgisi ustiga albatta kichkina halqacha qo‘yilgan A harfi ko‘rinishida ifodalanadi.

Andres Yonas Angstrem spektroskopiya sohasining tamal toshini qo‘ygan olimlardan biri sanaladi. Shuningdek Angstremning astrofizika, issiqlik o‘tkazuvchanlik, Yer magnetizmi hamda qutb yog‘dusini tadqiq qilish bo‘yicha ham ilg‘or ilmiy ishlari ma'lum.

Angstrem o‘zining spektroskopiya sohasidagi ilmiy ishlarini 1852-yilda chop etilgan "Optik tadqiqotlar" nomli asarida bayon qilgan. Uning ushbu asarida bayon qilgan tamoyillarini keyinchalik Kirxgof rivojlantirgan va Kirxgofning issiqlik nurlanish qonuni sifatida qayta shakllantirgan.

1868-yilda Angstrem Quyosh nurlarining spektrini tuzib chiqdi. Unda olim ko‘rinadigan yorug‘lik nurlari spektridagi to‘lqin uzunliklarini bir millimetrning o‘n milliondan bir qismiga (10−7 mm ga) karrali tarzda ifodalagan edi. Odam ko‘zi seza oladigan yorug‘lik nurlari 4000-7000 - to‘lqin uzunligida bo‘lishi tufayli, Angstrem qo‘llagan ushbu birlik, ya'ni, 107 mm uzunlikka asoslanish, spektr qismlarini o‘rganishda matematik qulaylikni taqdim etgan. Ya'ni bu orqali optika sohasi mutaxassislari kasrlar va juda kichik miqdorlarni hisoblash bilan bog‘liq qo‘shimcha matematik yumushlardan xalos bo‘lishgan. Ushbu qulaylikni e'tiborga olib, spektroskopiyadagi singari o‘xshash miqyoslar bilan ish olib boruvchi boshqa fan sohalari mutaxassislari ham ushbu birlikdan foydalanishga o‘ta boshlashgan.

1907-yilda Xalqaro Astronomiya Ittifoqi angstremning xalqaro ta'rifini qabul qilgan edi. Unga ko‘ra, angstrem kadmiy elementining havodagi qizil spektrining to‘lqin uzunligiga ko‘ra aniqlanadigan bo‘lgan. Kadmiyning qizil chizig‘ining havodagi to‘lqin uzunligi 6438,46963 angstremga teng deb qabul qilingan. Angstremning ushbu ta'rifini o‘lchov va Tarozilar Xalqaro Qo‘mitasi tomonidan 1927-yilda rasman tan olingan edi. 1927-1960-yillar oralig‘ida angstrem spektroskopiya uchun maxsus uzunlik birligi sifatida qo‘llanishda davom etgan. 1960-yilgacha metrning o‘zi ham maxsus etalon orqali aniqlanar edi. Lekin, 1960-yilgi Bosh Konferensiyada metrning o‘zining aniqlanishi va ta'rifi ham spektroskopik kattaliklar nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng, angstremning ta'rifi ham metr ta'rifiga binoan o‘zgardi. o‘shanda 1 angstrem 0,1 nanometrga teng deb belgilab qo‘yilgan.

Garchi angstrem birligi xalqaro tan olingan va maxsus fan sohalari uchun nihoyatda qulay birlik bo‘lsa-da, lekin u SI tizimi tarkibiga kirmaydi va SI tizimini targ‘ibot qiluvchi mutaxassislar, angstrem o‘rniga metr birligini ulushli birliklaridan, xususan, nanometr yoki mikrometr birligidan foydalanishni doimiy tavsiya etishadi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 23.11.2018 12:58