Lui Paster

21.04.2020 00:00 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 48
Juda yomon!A'lo! 

Lui Paster

(1822-1895)

Zamonaviy mikrobiologiya asoschilaridan biri, odamzotni uzoq asrlar mobaynida dahshatga solib kelgan infeksion kasalliklar ustidan g‘alaba qozonishida mislsiz ulkan xizmatlar ko‘rsatgan olim Lui Paster 1822-yilning 27-dekabrida Fransiyaning Yura departamenti, Dol shahrida tug‘ilgan. U tug‘ilgan paytda, otasi allaqachon iste’foga chiqqan harbiy bo‘lib, kichikroq teri oshlash korxonasini boshqargan. Paster oilasi katta va ahil oila bo‘lgan. Oila boshlig‘i – iste’fodagi harbiy Jan-Jozef Paster o‘zi savodsiz odam bo‘lgan uchun, bolalarini yaxshi ta’lim olishini istagan va ularga imkon qadar barcha sharoitni hozirlab bergan.

 

Oilada uchinchi farzand bo‘lgan Lui a’loga o‘qishi bilan otasini xursand qilgan. Lekin, bolalik yillarida uni tengdoshlaridan yaqqol ajratib turadigan alohida qobiliyati bo‘lmagan. Lui Paster hamma qatori, o‘yinqaroq,  rasm chizishni yaxshi ko‘radigan va ko‘p kitob o‘qiydigan a’lochi o‘quvchi bo‘lgan. Talabalik yillarida u haqida eng ko‘p aytilgan gap esa, Lui juda sinchkov va mehnatkash yigit bo‘lganini ta’kidlash bo‘lgan. Shuningdek, atrofdagilar bu yigitchani salomatligi biroz zaif, unchalik ham baquvvat bo‘lmagan tana tuzilishi tufayli ko‘p tanqid qilishgan ekan.

Paster biroz moddiy qiyinchilikda ulg‘aygan. Shunga qaramay, u o‘z bilimi bilan avvaliga Arbua kollejini tamomlagan, keyin esa, Bezansonda bakalavr darajasini qo‘lga kiritgan. 1843-yilda esa, o‘rta maktablar uchun o‘qituvchilar tayyorlaydigan Oliy maktabga o‘qishga kirgan. U ayniqsa, fizika va kimyo fanlarini juda yaxshi o‘zlashtirgan va bu fanlar bilan mukkasidan ketar darajada qiziqib o‘qigan. U ataylab Sorbonna universitetiga borib, o‘z zamonasining mashhur kimyogari Dyumaning ma’ruzalarini tinglagan. Shuningdek, kimyo laboratoriyasida Paster qattiq berilib ishlagani tufayli, ba’zan ovqatlanish va dam olishni ham yoddan chiqarib qo‘yar ekan.

1847-yilda Oliy maktabni tamomlab, fizika fanlari dotsenti darajasini himoya qilgan. Bir yil o‘tib esa, u endi doktorlik dissertatsiyasini ham muvaffaqiyat bilan himoya qilgan. Shunday qilib, Lui Paster 26 yoshidayoq fizika bo‘yicha fan doktori darajasiga erishgan edi. Uning bu paytdagi asosiy tadqiqotlari kristallar tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu yo‘nalishda u butun Fransiyada katta shuhrat qozonib ulgurgan edi. Xususan u qutblangan yorug‘lik nurlarining organik moddalarning kristalllariga turlicha ta’sir qilishi sabablarini ochib bergani bilan hammani lol qoldirgan edi. Shu tariqa, u zamonaviy stereokimyoga – atomlarning molekulalardagi fazoviy joylashuvi haqidagi fanga asos soldi. Tasavvur qilyapsizmi, 26 yoshidayoq Paster, butun boshli yangi fan sohasiga asos solmoqda!

1848-yildan Paster Dijonda fizika adyunkt-professor lavozimida ish boshlagan, oradan atigi uch oy o‘tib, unga Strasburg universitetida kimyo bo‘yicha adyunkt-professor lavozimi berilgan. Lui Paster ijtimoiy faol fuqaro bo‘lgan, u o‘sha yillarda navbatdagi Farang inqilobida ishtirok etgan va Milliy gvardiya safida xizmat qilgan.

1849-yilda Lui Paster Mari Lauren degan qizga uylanadi. Ularning oilasida to‘rt farzand dunyoga kelgan. Pasterlar oilasini hamma tanishlari boshqalarga namuna sifatida ko‘rsatgan. Ular juda ahil oila bo‘lib, er-xotin bir-birini qattiq mehr bilan avaylagani, bolalariga juda yuksak madaniyat bilan tarbiya singdira olgani uchun hammaning hurmatiga erishishgan. Shuningdek, Pasterlar oilasining do‘stlari, bu er-xotinni ajoyib yumor hissi borligi bilan yodga olishgan. Ular, nozik didli hazillar bilan hammaning ko‘nglini ovlashga usta bo‘lishgan ekan.

1854-yilda Lui Paster Lill shahriga yo‘l oladi va bu yerda tabiiy fanlar fakulteti dekani lavozimini egallaydi. Bu yerdagi ilmiy faoliyatida u o‘ziga xos sinchkovlik bilan, asimmetrik kristallar asosan, bijg‘ish natijasida hosil bo‘ladigan moddalarda uchrashini payqab qoldi. Shu orqali u, bijg‘ish hodisasining mohiyatini chuqurroq o‘rganishga kirishdi. Bijg‘ish jarayonlarini diqqat bilan o‘rganish orqali esa u o‘zining buyuk kashfiyotlariga yo‘l ochayotgan edi. Shu tariqa, ma’lumotiga ko‘ra asli fizik va kimyogar bo‘lgan Lui Paster, ilk bora fanning o‘zi uchun yangi sohasi – mikrobiologiyaga qadam qo‘ydi.

Bijg‘ish hodisalari Pasterni tasodifan qiziqtirib qo‘ygan deyish qiyin. Paster hech qachon xonasida o‘tirib ishlaydigan qog‘ozboz olim bo‘lmagan. U doimo, kundalik turmush talab qilayotgan o‘tkir muammolarning yechimini izlashga qaratilgan sayi-harakatlari bilan hammaga o‘rnak bo‘lgan. Fransiyaning iqtisodiy hayotida sharob (vino) ishlab chiqarish sanoati katta o‘rin tutar edi. Vino esa, uzum sharbatining bijg‘ish jarayonlari mahsuloti bo‘lishi bugun hech kimga sir emas. Lekin, Pastergacha bo‘lgan paytda, bu jarayonning mohiyatini hech kim tushunmas edi.

Lill shahridagi ishxonasida Lui Paster o‘zi uchun chog‘roqqina, kamtar jihozlangan laboratoriya tashkillab, o‘sha yerda bijg‘ish jarayonlarining ilmiy asoslarini tekshirish bilan shug‘ullangan. U aynan shu yerda o‘zining ajoyib kashfiyotini amalga oshirgan. Bijg‘ish jarayonini o‘sha paytlar hamma kimyoviy jarayon deb o‘ylar edi. Pasterning laboratoriya tadqiqotlari esa, bijg‘ish kimyoviy jarayon emas, balki, biologik hodisa ekanini isbotlab berdi. U sirka kislotasi, yoki, spirtli bijg‘ish hodisalarining hammasining tub mohiyatida, mikroskopik organizmlar, ya'ni, achitqi va zamburug‘larining faoliyati yotishini  ko‘rsatib berdi.

O‘sha vaqtning o‘zida Paster yana bir muhim kashfiyotni amalga oshirdi. U kislorodsiz ham yashay oladigan organizmlar mavjudligini aniqladi. Bunday organizmlar uchun kislorod nafaqat kerak emas, balki, zararli ham bo‘lar ekan. Bunday organizmlarni fanda hozir anaerob organizmlar deyiladi. Bunday organizmlarga xususan, moyli-kislotali bijg‘ish jarayonini keltirib chiqaruvchi mikroblar mansub bo‘lib, shunday mikroblar tufayli, vino va pivo achqimtir bo‘lib qoladi.

1857-yilda Lui Pasterni yana Parijga chaqirib olishadi va uni Oliy maktab direktori muovini qilib tayinlashadi. Dastavval unga ishlash uchun alohida laboratoriya ajratib berilmagan. Shu sababli olim, maktab binosining chordoq qismida o‘z hisobidan kamtarona jihozlangan ilmiy laboratoriya tashkil qilgan va izlanishlarini qaytadan boshlab yuborgan. Pasterning mikrobiologiyaga oid yirik kashfiyotlari, aynan o‘sha, kichik va kamtarona laboratoriyada amalga oshirilgan edi.

Yuqorida ham aytilganidek, Lui Paster o‘z ilmiy izlanishlarida eng avvalo ishlab chiqarishdagi mavjud muammolarni amaliy hal qilishga qaratilgan tarzda ish yuritgan. Xususan, 1864-yilda unga fransuz vinochilar uyushmasi vinoga tushadigan zararli kasalliklarni bartaraf etish uchun, masalani ilmiy jihatdan o‘ranib, amaliy yordam berish uchun murojaat bilan chiqishganida, u muammoning mohiyatini jiddiy o‘rganishga kirishadi. O‘zining mazkur muammo yuzasidan qilgan ilmiy izlanishlari natijasini monografiya shaklida e’lon qilgan Paster, vino kasalliklarining sababchilari turli mikroorganizmlar ekanini ko‘rsatib bergan edi. Bunda, har bir kasallikning qo‘zg‘atuvchisi alohida, shu kasallikning o‘zigagina xos bo‘lgan mikroorganizm bo‘lishini olim alohida qayd qilgan. Bunday zararli mikroorganizmlardan qutulish yo‘llarini ham Paster vinochilarga topib bergan. U agar vino 50-60 ℃ haroratda qizdirilsa, zararli mikroorganizmlar yo‘q bo‘lib ketishini namoyish qilib berdi va shu tariqa, vino sanoati har yili ko‘radigan katta iqtisodiy zararlarni bartaraf etilishiga mislsiz hissa qo‘shdi. Mahsulotlarni zararli mikroorganizmlardan tozalashning bunday usulini hozirda ham sanoat va ilm-fan katta muvaffaqiyat bilan qo‘llamoqda. Usulning o‘zi esa, olim sharafiga pasterizatsiya deb nomlanadi. Xususan, sutni va konserva mahsulotlarini iste’molga tayyorlashda, ishlab chiqaruvchilar uni pasterizatsiya qilish orqali turli mikroorganizmlardan zararsizlantirishadi.

Paster tomonidan bijg‘ish hodisasining mohiyati ochilishi ilmiy nuqtai nazarda juda katta voqea edi. Bu orqali, vino kasalliklaridan har yili katta-katta iqtisodiy zarar ko‘radigan vino ishlab chiqaruvchilarigina emas, balki, biologiya fani ham o‘zi uchun ulkan istiqbollarni ochdi. Buning natijasida, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, hamda, oziq-ovqat sanoatidagi ko‘plab og‘riqli muammolarning yechimi topildi. Bijg‘ish jarayonining tub mohiyatini anglab yetish orqali, inson ushbu jarayonning borishini nazorat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, bijg‘ish jarayonini nozik o‘lchov chegaralari bilan mohirona boshqarish orqali, non pishirish, sharob va sirka tayyorlash va boshqa ko‘plab amaliy muhim texnologik jarayonlarning sifat ko‘rsatkichi bir necha karra oshdi.

Ushbu kashfiyotdan keyin Lui Pasterning mamlakatdagi nufuzi keskin oshib ketdi. Uni turli yondosh sohalarda ham muammolarni o‘rganib, yechim topishda yordam berish uchun taklif qila boshlashdi. Xususan, Fransiya ipakchilari uchun yomon bosh og‘rig‘i bo‘lgan pilla qurti kasalliklari, ipak va shoyi tayyorlash sohasi mutaxassislarini qattiq qiynab kelar edi. XIX-asr o‘rtalarida, Fransiyaning janubiy hududlarida boshlangan pilla qurti kasalligi epidemiyasi, butun ipak sanoatini jar yoqasiga keltirib qo‘ygan edi. Ipakchilar Lui Pasterni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, muammoni o‘rganib chiqishga ko‘ndirishdi. 1865-1869 yillar orasida har yili yoz faslida olim o‘z qizlari va shogirdlarini olib, mamlakat janubidagi Ade ipakchilik hududiga yo‘l olardi va pilla qurtlarini laboratoriyada sinchiklab tadqiq qilar edi.

Paster va uning ilmiy jamoasi to‘rt yil yoz ichi o‘tkazgan ilmiy izlanishlari besamar ketmadi. Ular, pilla qurtini kasallikka duchor qilayotgan epidemiyada ikki xil xastalik ishtirok etayotganini aniqlashdi. Bu kasalliklardan biri pebrina deb nomlangan va u hasharotning qurt, kapalak va g‘umbak ko‘rinishidagi hamma rivojlanish bosqichlarida organizmida mavjud bo‘ladigan muayyan yot tanachalar bilan bog‘liq bo‘lar ekan. Aynan o‘sha tanacha ipak qurtida kasallikni qo‘zg‘atishini Paster jamoasi isbotladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu tanachalar ona qurt tuxumi orqali avlodga o‘tar ekan va ya’ni, bu kasallik avloddan-avlodga o‘tuvchi kasallik bo‘lar ekan. Paster ipak qurtining mazkur kasalligini bartaraf etish uchun, kapalaklar ichidan hali kasallikka chalinmaganlarini alohida ajratib olish va keyingi avlodni aynan o‘sha kapalaklardan olishga yo‘naltirilgan seleksion tanlash usulini taklif qildi. Birinchi sinovlardayoq, Paster taklif qilgan tanlash usuli ipak qurtining ushbu epidemiyasi ustidan g‘alaba qozonish imkonini bergan. Ipak qurtining yoppa kasallanishiga sabab bo‘ladigan ikkinchi kasallik esa, Pasterning aniqlashicha, flyasheriya deb nomlangan kasallik bo‘lib, olim uni ham yengishning juda oson usulini topib bergan. Lui Paster va uning ilmiy jamoasi sayi-harakatlari bilan, shu tariqa fransuz ipakchilari pilla qurtining epidemik kasalliklaridan xalos bo‘lishgan. Tez orada, uning tajribalarini Italiya ipakchilari ham o‘zlashtirib, katta muvaffaqiyatga erishishga edi. Bu orqali esa, endi Lui Paster butun Yevropada katta hurmat qozongan olimga aylandi.

Lekin, pilla qurti kasalliklarni o‘rganish jarayonida, 1869-yilda afsuski olim o‘zi ham apopleksik zarba bilan zararlanib qoldi va tanasining yarmi falaj bo‘lib qoldi. U juda uzoq davolanishiga to‘g‘ri keldi va lekin, olim baribir butunlay tuzalmadi. Umrining oxirigacha, Pasterning tanasining ma’lum qismi falaj bo‘lib qoldi.

1870-yilda Fransiya Germaniya bilan urushga kirishadi. Urush manzarasi esa olimni qattiq qayg‘uga soladi. U urush sababli, ancha muddat ishga qayta olmadi va go‘yoki, tanasi singari, ilmiy faoliyati ham falaj bo‘lib qolgandek edi. Olimning obro‘si butun Yevropada katta ekanidan foydalanib, uni turli institut va oliygohlar ishga taklif qilishar edi. Shunday oliygohlardan biri Germaniyaning Bonn universiteti bo‘lib, bu muassasa Lui Pasterga, mikrobiologiya sohasidagi buyuk xizmatlari e’tirofi uchun, tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini ham taqdim etgan edi. Biroq, Paster juda vatanparvar shaxs ham bo‘lgani sababli, Fransiya bilan urush holatida bo‘lgan Germaniyaga borib ishlashni istamagan va nemislarga qat’iy rad javobini bergan.

1874-yilda Fransiya parlamenti Lui Pasterning mamlakat oldidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etadi va unga, har oy to‘lanadigan 12000 frank miqdoridagi umrbod nafaqa tayinlaydi. 1883-yilda ushbu nafaqa miqdori 26000 frankkacha oshirilgan. 1881-yilda esa olimni katta shon-sharaf bilan, Fransiya Fanlar Akademiyasiga qabul qilishgan.

Lui Paster avvaliga vino va ipak qurtiga oid kasalliklar va ularning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan mikroorganizmlarni tadqiq qilish bilan o‘z ilmiy ishlarini boshlagan bo‘lsa, aynan shu yillarga kelib, ya'ni, 1880-yillar boshidan boshlab, endi u hayvonlarda va odamda uchraydigan yuqumli kasalliklarni tadqiq qilish va bu kasalliklarni qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan mikroorganizmlarni aniqlash bo‘yicha ilmiy faoliyatga kirishgan. Maqsad esa oliy edi. Ya'ni, u ushbu yuqumli kasalliklarning davosini topish va minglab bemorlar hayotini o‘limdan qutqarib qolish yo‘lida bel bog‘lagandi.

Odam va hayvonlar orasida uchraydigan yuqumli kasalliklarning aksariyati mikroorganizmlar tomonidan qo‘zg‘atilishini Lui Paster anchadan beri taxmin qilib kelgandi. U endi, laboratoriya sharoitida, yuqumli kasalliklar bilan kasallangan jonivorlarni, xususan, quyonlarni tadqiq qila boshlagan. Buning uchun u ishni avvalo, yuqumli kasallik aynan zararli mikroorganizmlar tufayli odamdan-odamga, yoki, hayvondan-hayvonga yuqishini isbotlashdan boshlagan. Bungacha bo‘lgan paytda fanda, yuqumli kasallik organizmning ichida, organizmning o‘z-o‘zidan mustaqil paydo bo‘ladi degan qarash hukm surgan. Paster esa, ko‘p sonli amaliy tajribalar orqali, kasallik aynan tashuvchilar tomonidan, tashqi muhim orqali yuqtirilishini isbotlab bergan. Bu asnoda u, o‘sha zamonning eng taniqli olimlaridan biri Pushe bilan jiddiy ilmiy bahsga kirishgan. Bahsni butun jamiyat diqqat bilan kuzatgan va yakunda, Paster haq ekani isbotlangan. U, mikroorganizmlar faqat ko‘payish yo‘li bilan tarqalishini va agar, ularning ko‘payishining oldi olinsa, hamda, organizmga mikroblarning tashqi muhitdan kelib tushishi yo‘llari to‘silsa, unda, kasallik yuqmasligini isbotlab berdi. Steril muhitda mikroblar bo‘lmasligini va agar muhitda mikroblar mavjud bo‘lmasa, u yerda achish, chirish va bijg‘ish hodisalari ro‘y bermasligini ham Paster birinchi bo‘lib ko‘rsatib bergan.

1880-yilda Paster tovuqlarda tarqaladigan vabo kasalini qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan mikroorganizmlarni aniqlashga va ajratib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu orqali olim insoniyat tarixidagi eng ulkan va eng foydali kashfiyotlardan birini amalga oshirdi.

U tadqiqotlari mobaynida tekshirish uchun tovuq vabosi qo‘zg‘atuvchisining probirka namunalariga doim ega bo‘lish maqsadida, ushbu mikroorganizm koloniyasini laboratoriyada aynigan eski go‘shtga ekib undirib saqlab turar edi. Bir safar Paster parishonxotirlik qilib, shunday namunalardan birini termostatda bir necha haftaga esidan chiqarib qoldiradi. Keyin uni topib olgach, Paster ushbu uzoq turib qolgan namunadagi vabo qo‘zg‘atuvchisi bilan tovuqlarni kasallantirsa nima bo‘larkin deb tekshirib ko‘radi. Uning hayratiga sabab bo‘lgan holda, mazkur qo‘zg‘atuvchidan eng katta dozalarda ham yuqtirilishiga qaramay, undan zararlangan tovuqlar o‘lmagan. Bu paytda, olimlar allaqachon, sigir sog‘uvchilarning suvchechak bilan kasallanmayotgani sababi, sigir chechagi sut sog‘uvchilarda odam chechagiga nisbatan immunitet hosil qilishi boisidan ekanini bilib olishgan edi. Lui Paster ham, demak, termostatda qolib ketgan va shu sababli, kuchsizlanib qolgan tovuq vabosi qo‘zg‘atuvchisi, tovuqlarda ushbu kasallikka nisbatan immunitet hosil qilsa kerak degan taxminni fahmlab qoldi. Sinovlar esa, Pasterning taxminlari to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi. Olim katta muvaffaqiyat bilan navbatdagi ilmiy yutug‘ini nishonladi. Ya'ni, yuqumli kasallikning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan mikroorganizmni kuchsizlantirilgan namunasi organizmga kiritilsa, u keyinchalik ushbu organizmning aynan shu kasallikka nisbatan chidamli bo‘lib qolishiga olib kelar ekan! Shu tariqa Paster ko‘plab yuqumli kasalliklarining oldini olish imkonini beradigan buyuk kashfiyotni amalga oshirdi. Bu usul hozir ham ko‘plab infeksion kasalliklarga nisbatan muvaffaqiyat bilan qo‘llanmoqda va odamzotga asrlar osha dahshat solib kelgan ko‘plab yuqumli kasalliklar ustidan g‘alaba qozonish imkonini berdi. U kashf qilgan mazkur metod nechog‘lik samarador ekanini esa, 1881-yilda sibir yarasi kasalligiga nisbatan o‘tkazilgan sinov natijalari ham ko‘rsatib berdi.

Muvaffaqiyatlardan ruhlangan olim, 1882-yildan boshlab, o‘z shogirdlari bilan qizilcha kasalligini o‘rganishga kirishadi. Buning uchun u avvalo, cho‘chqa qizilchasini tadqiq qiladi. U cho‘chqalarda kasallik qo‘zg‘atadigan infeksiya manbaini ajratib olib, uni ham kuchsizlantirgan namunasini tayyorlash va keyinchalik, boshqa cho‘chqalarga uni yuqtirish orqali, cho‘chqa qizilchasini ham bartaraf etish mumkinligini isbotlab berdi. U tayyorlagan shtamm butun Fransiya bo‘ylab cho‘chqalarni emlash uchun katta muvaffaqiyat bilan qo‘llanilgan/

Shu tariqa, hayvonlarda uchraydigan yuqumli kasalliklarning manbalarini aniqlab va ularga qarshi davo choralarini topib borar ekan, Paster 1882-yilda o‘z oldiga, eng bedavo yuqumli kasalliklardan biri – quturish kasalligining qo‘zg‘atuvchisini aniqlash maqsadini qo‘yadi. Paster izlanish olib borgan yillari quturishning qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmagan edi. Hozirda, quturish kasalligi virus tufayli kelib chiqishini ilm-fan yaxshi biladi. Uni faqat elektron mikroskop orqali bir necha barobar kattalashtirib qaragandagina ko‘rish mumkin. Lui Paster hayvonlarda quturish qanday kechishini kuzatish uchun, quyonlar bilan tajriba qilib ko‘rgan va dastavval, quturishdan o‘lgan quyon miyasini quritib, boshqalariga berish orqali, ushbu dahshatli kasallikka qarshi emlash usulini o‘ylab topgan. Quyonlar bilan olib borilgan sinovlar yaxshi natija bergach, Paster xuddi shu ishni boshqa jonivorlar bilan ham takrorlab ko‘radi va shu tariqa, xonaki hayvonlarning quturishini oldini olish yo‘lini topadi. Pasterning quturishga qarshi amaliyoti hayvonlarda yaxshi natija bergach, hamma undan endi odamlar uchun ham ushbu dahshatli kasallikdan davo topish umidi bilan qaray boshlaydi. Biroq, Lui Paster, odam ustida tajriba qilib ko‘rishga jur’ati yetmay, uzoq vaqt mobaynida bu ishga qo‘l urmay yurgan. U, agar mabodo odam quturish kasalligi yuzasidan qilingan sinovlar chappasiga ketsa va tajribada qatnashishga rozi bo‘lgan odam vafot etadigan bo‘lsa, buning uchun o‘zini bir umr kechira olmasligini aytgan. Bilasizki, quturishga yo‘liqqan odam tuzalmaydi. Bu kasallik asab tizimida tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi va quturgan odam albatta vafot etadi.

1885-yilning 6-iyul kuni, Lui Paster o‘ta qiyin tanlov oldida qoladi. Uning huzuriga ikki kun avval quturgan it tishlab olgan bolakayni olib kelishadi. Agar, Paster davo topmasa, bu begunoh go‘dak o‘lishi aniq edi. Qattiq va iztirobli ikkilanishlardan keyin Lui Paster bu bolakayning hayotini saqlab qolishga urinib ko‘rishga jazm qiladi. Unda hali quturish belgilari paydo bo‘lmagan bo‘lsa-da, uni qopgan it quturganligi aniq bo‘lgani uchun, unda ham tez orada vasvasa boshlanishi muqarrar edi. Boz ustiga, it uni kuchli jarohatlagan bo‘lib, bir necha joydan tishlagan bo‘lgan. Paster bolaga o‘z usuli bilan, quturishga qarshi emlashni amalga oshirib ko‘radi. Va natijada, bolakay quturishga yo‘liqmay, yengil kasallanib, tuzalib ketadi!

Paster quturishni davolagani haqidagi xabar yashin tezligida butun Fransiya bo‘ylab yoyiladi. Mamlakatning turli burchaklaridan, quturgan hayvonlardan jabr ko‘rgan yuzlab odamlar Lui Paster huzuriga davo izlab oqib kela boshlashadi. 1886-yilning 1-mart holatiga birgina Parijning o‘zida Paster 350 nafar bemorni quturishdan davolagani ma’lumotnomalarda qayd etilgan.

Pasterning quturishga qarshi vaksinatsiya usuli tajribasi tezlik bilan boshqa mamlakatlarda ham o‘zlashtirila boshlagan. Xususan, 1886-yildayoq uning tajribasidan Germaniya, Avstriya, Rossiya, hamda AQShda foydalanila boshlangan.

Biroq, Pasterning quturishni oldini olish borasida ishlab chiqqan uslubi osonlikcha rasmiy tasdiqdan o‘tgan deyish qiyin. Unga qarshi bir necha olimlar va jurnalistlardan iborat raddiyachilar keskin tanqidlar bilan chiqish qila boshlashgan. Tanqidlarda birinchi navbatda, Lui Pasterning ma’lumoti tibbiyotga taalluqli emasligiga urg‘u berilardi va vrach diplomiga ega bo‘lmagan holda, Paster odamlarni davolash bilan shug‘ullanishiga haqqi yo‘q ekani ta’kidlanar edi. Uni asrlar osha hukm surib kelgan ilmiy g‘oyalarga isyon qilganlikda ayblashar edi. Lekin, Paster bunday tanqidlardan xunob bo‘lsa hamki, ularga jiddiy e’tibor berib, vaqtini sarflab o‘tirmagan. U shunchaki o‘z ishini puxta bajarishda davom etardi va eng asosiysi, uning uslublari amalda, chindan ham natija berardi!

Lekin, baribir tinimsiz va ayovsiz tanqidlar olimni charchatdi. 1889-yilga kelib, Paster bu mashmashalardan bezor bo‘lganini tushunib yetdi va o‘ziga yuklatilgan barcha lavozim va vazifalardan iste’fo berib, butunlay mustaqil ishlashga va vaqtini istisnosiz ravishda faqat va faqat ilm-fanga bag‘ishlashga qaror qiladi. U yana bir necha yil shogirdlari qurshovida samarali ilmiy faoliyat yuritadi. 1892-yilda butun Fransiya ilmiy doiralari buyuk olim Lui Pasterning 70 yillik yubileyini katta tantana qilishadi. 1895-yilning 28-sentyabrida esa, Parij yaqinidagi Vildenef-Letaf nomli joyda vafot etgan.

Lui Paster chin ma’nodagi buyuk olim edi. U bashariyatni bir necha dahshatli yuqumli kasalliklardan xalos qilgan ilmiy ishlar muallifi o‘laroq buyuk shaxs va buyuk olim bo‘lgan. Uning shon-shuhrati tiriklik chog‘idayoq tamaddun tarixiga zarhal harflar bilan yozib qo‘yilgan edi. London Qirollik jamiyati 1856 va 1874-yillarda Lui Pasterni ikki bora eng yuksak ilmiy mukofot – Qirollik oltin medali bilan mukofotlagan. Fransiya Fanlar Akademiyasi ham olimni bir necha marta oliy darajadagi nufuzli ilmiy mukofotlar bilan mukofotlagan.

Lui Paster jahon darajasidagi ahamiyatga ega mikrobiologiya maktabiga asos solgan buyuk olimdir. Keyinchalik, uning deyarli barcha shogirdlari o‘z davrining yirik olimlari bo‘lib yetishishdi. U bir safar shogirdlarini atayin yig‘ib, ularga qarata shunday degan ekan: «Sizlarga o‘z muvaffaqiyatim sirini ochishimga izn bergaysizlar... Mening muvaffaqiyatimning yagona kaliti – mening tirishqoqlik bilan mehnat qilganimdir. Odam hayotda, o‘z ishini puxta va mukammal bajarish uchun hamma kuch-g‘ayratingni sarflab, mehnat qilishi kerak».


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 20.04.2020 15:25