Mendeleyev haqida 11 fakt

25.05.2014 10:19 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 72
Juda yomon!A'lo! 

Mendeleyev haqida 11 fakt

Mendeleyev - jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimlardan biri. Ko‘pchiligimiz uni odatda, maktab kimyo xonasidagi sersoqol portreti hamda, uning nomi bilan ataluvchi, kimyoviy elementlar davriy jadvali orqali bilamiz. Ushbu maqolamizda esa, mashhur kimyogarning hayotiga oid biz bilmagan yana boshqa qirralari haqida fikr almashamiz...

Oilada 17-chi farzand.

Dmitriy Mendeleyev, Tobol shahri gimnaziyasining direktori lavozimida ishlagan Ivan Pavlovich Mendeleyev oilasidagi 17-farzand bo‘lgan. o‘sha vaqtlarda, bunchalik ko‘p bolali oilaga ega bo‘lish, rus ziyolilari orasida nihoyatda kam urf bo‘lgan hodisa sifatida qaralgan. 17 ta farzand deganda, ajablanib yoki, hayratlanib qarashdan oldi, Ivan Pavlovichning Dmitriydan oldingi nechta farzandi yashab ketganiga ham e'tibor qaratish zarur: 17-chi farzanddan avvalgilaridan faqat ikki o‘g‘il va 5 qiz hayotda yashab ketgan. Dmitriydan avvalgi 8 ta aka-opalari chaqaloqligidayoq o‘lib ketgan, ulardan uchtasi esa, o‘lik tug‘ilgan ekan...

Aslida u Mendeleyev emas!

Hayron bo'lmang, haqiqatan ham Dmitriy Ivanovichning asl familiyasi Mendeleyev emas. Bu hatto taxallus ham emas. Aksincha, Mendeleyev - Ivan Pavlovichlarning qo'shnisining familiyasi! Gap shundaki, ularing oilasining asl familiyasi Sokolov bo'lgan. Biroq, Dmitriy Ivanovichning bobosi, ya'ni Pavel Maksimovich, o'zining hudojo'yligi tufayli, cherkov xizmatiga kirib, u yerda ma'lum martabaga erishgach, o'sha zamon an'analariga ko'ra, o'z o'g'illariga boshqa familiyalar bergan. Xususan, katta o'g'li Aleksandrga familiyani, cherkov joylashgan qishloq nomini - Tixomandritskiy deb o'zgartirgan bo'lsa, Ivanga, ya'ni, mashhur olimning otasiga, qishloqdagi qo'shnilari - Mendeleyevlarning fmiliyasini bergan ekan. Ana shunaqa, hozir biz Mendeleyev emsa, balki, Sokolov davriy jadvali haqida gaplashayotgan bo'lishimiz mumkin edi...

Qoloq ikkichi va oltin medalchi!

Dmitriy Mendeleyev gimnaziyada unchalik yaxshi o‘qimagan. U ayniqsa lotin tili va ilohiyot darslarini umuman xushlamagan. Peterburgdagi pedagogika institutidagi o‘qish chog‘ida u yaxshi o‘zlashtirmaganligi uchun, bir marta kursdan kursga ham qoldirilgan. U birinchi kursda, matematikadan tashqari boshqa barcha fanlardan qoniqarsiz baho olgan ekan. Matematikadan ham u zo‘rg‘a 3 ga topshirgan... Biroq, yuqori kurslarga o‘tib, bo‘lajak olimning ishlari yurishib ketdi: u barcha fanlarni a'loga o‘zlashtirib, o‘rtacha 4.5 ball bilan institutni yakunladi, faqat ilohiyot darslaridan Mendeleyev 3 baho olgan. 1855 yilda, Dmitriy Mendeleyev institutni oltin medal bilan yakunlaydi va Simferopol gimnaziyasiga katta o‘qituvchi qilib ishga tayinlanadi. Biroq, bu orada boshlanib qolgan Qrim urushi tufayli, Mendeleyev ish faoliyatini Odessadagi Rishyel litseyida davom ettirishga majbur bo‘ladi.

Chamadon yasash bo‘yicha tan olingan mohir usta.

Mendeleyevning asosiy ishidan tashqari, qo‘shimcha hunari, yoki xobbisi - kitoblarni muqovalash, portretlar uchun ramkalar tayyorlash va chamadonlar yasash borasida yetuk usta bo‘lganligini ko‘pchilik yaxshi bilmasa kerak. U yasagan chamadonlar, Moskva, Qozon, Peterburg va butun sharqiy Yevropa bozorlarida xaridordir bo‘lib, o‘ziga xos og‘zaki brend - «aynan Mendeleyevniki» nomi ostida, savdogarlar orasida ma'lum va mashhur bo‘lgan. Bundan tashqari, olim, o‘z davri uchun g‘oyat mukammal va mustahkam sanalgan kley mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ham dong taratgan. U o‘z kley tayyorlash retseptini qattiq sir saqlagan.

Olim - ayg‘oqchi.

Dmitriy Ivanovich sanoat ayg‘oqchiligi bo‘yicha ham uncha-muncha ishlar qilganini ko‘pchilik bilmasa kerak. U 1890 yilda, Chor Rossiyasi dengiz vazirligi buyurtmasiga ko‘ra, tutunsiz poroxni tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha, g‘arb davlatlari tomonidan sir tutiladigan ma'lumotlarni qo‘lga kiritish borasida ish olib borgan. Bunday poroxni chet eldan oltin evaziga sotib olish ruslarga juda qimmatga tushar edi. Hukumat buyurtmasini qabul qilgach, Mendeleyev Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya davlat kutubxonalari va statistika idoralaridan, so‘nggi 10 yillik tegishli ko‘mir va hokazo porox tayyorlashda qo‘llanuvchi tarkibiy ingridientlarning iste'mol va sarf miqdori haqidagi hisobotlarni tekshirib chiqib, ular asosida, tegishli proportsiyalarni keltirib chiqaradi va 1 haftalik izlanishlardan so‘ng, Chor hukumati dengiz floti uchun tutunsiz porox tayyorlash usulini ochib beradi.

Mendeleyev poroxini ruslar AQSHdan sotib olishgan.

1893-yilda, xorijiy manbalar asosida Mendeleyev o‘zi qayta ochgan tutunsiz porox tayyorlash usuli bo‘yicha ishlab chiqarishni sanoat miqyosida yo‘lga qo‘ydi. Lekin, ruslarning o‘zi ham bu bu borada o‘zlaridan ha ustasi farang nayrangchilar - AQSHliklar haqida unutib qo‘yishgan ko‘rinadi. Chunki, Mendeleyev usulidagi poroxni, Chor hukumatidan avvalroq, okean orti korchalonlari patentlashtirishga erishishdi va Mendeleyev poroxi ishlab chiqarish huquqini o‘zlariniki qilib olishdi. Vaziyatga ko‘ra, Rossiya, o‘z olimi nomi bilan ataluvchi poroxni Amerikdan sotib olishga majbur bo‘lgan. Bu haqda, AQSHda hatto hajviyalar ham tarqalgan ekan.

Dvigatelli aerostat loyihasi.

Dmitriy Mendeleyev, Yer atmosferasining yuqori qatlamlari, xususan stratosferani tadqiq qilish maqsadida, aeronavtik ekspeditsiyalar uyushtirish borasida jiddiy takliflar bilan chiqqan edi. Jumladan u aerostat uchun maxsus dvigatel o‘rnatib, boshqariladigan aerostat yasash loyihasini ishlab chiqqan. Biroq kimyogar olimga, konstruktsiyni yig‘ish uchun mablag‘ ajratilmagan va loyiha qog‘ozda qolib ketgan. Natijada, stratosferaga aerostatda parvoz qilish bo‘yicha uloqni nemislar olib ketishdi. Stratosfera tomon birinchi boshqariladigan aerostatni, Germaniyaning Augusburg shahridan 1931-yilda uchirildi. Stratosfera tomon qilingan ilk parvoz balandligi 11 km ni tashkil qilgan.

Neftni quvurlar orqali uzatish g‘oyasi.

Biz davriy jadval muallifi sifatida taniydigan Dmitriy Mendeleyev, shuningdek, neftni tarmoqlangan quvurlar sistemasi orqali, qazib olish joylaridan qayta ishlash korxonalariga uzatish g‘oyasining muallifi hamdir. Aynan Mendeleyev, neftning kelib chiqishi organik kimyoga borib taqalishini, va uni tarkibiy qismlarga parchalash orqali, benzindan boshqa yana ko‘plab foydali mahsulotlar olish mumkin bo‘lishini ta'kidlagan. U neftning ikkilamchi qoldiqlarini shunchaki yoqib yuborishni jinoyat sifatida baholagan edi. U o‘z zamonasi neft magnatlariga, neftni aravalarda va meshlarda tashishdan ko‘ra, sisterna va quvurlarda uzatish iqtisodiy va xavfsizlik nuqtai nazarlaridan foydali ekanligini aniq amaliy misollar va matematik hisob-kitoblar bilan isbotlab bergan.

Nobel mukofotining uch karra laureati.

Dmitriy Mendeleyevning nomzodi, jahondagi eng nufuzli ilmiy mukofot bo‘lmish - Nobel mukofoti uchun uch marta 1905, 1906, hamda, 1907-yillarda ilgari surilgan. Biroq har safar, mukofot uning raqobatchilariga topshirilgan.

o‘zinikilar ichida begona, begonalar ichida o‘zlariniki.

Kimyo dahosi Mendeleyev, o‘zining yuksak ilmiy salohiyati va beqiyos amaliy ishlari bilan tirikligidayoq butun dunyoda katta shuhrat qozongan. Chunonchi u, Yevropa va okean ortining yirik nufuzli ilmiy uyushmalari va akademiyalarining haqiqiy va faxriy a'zoligiga saylangan. Biroq shunday ajoyib olimni, o‘z vatani fanlar akademiyasining a'zoligiga qabul qilishmagani qiziq va taajjubli holat. Yana shunisi g‘alatiki, Dmitriy Mendeleyevning nomzodi Neobel mukofotiga tavsiya etilgan yillarda, yashirin ovoz berish jarayonlarida, aynan rus Fanlar Akademiyasining o‘zi, uning nomzodiga qarshi(!) ovoz bergan ekan...

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalini tuzgan birinchi olim emas!

Haqiqatan ham, Dmitriy Mendeleyev, kimyoviy elementlar davriy jadvalini tuzgan eng birinchi olim emas. U kimyoviy elementlarning xossalarining davriyligi haqidagi g‘oyani ham birinchi bo‘lib ilgari surgan emas. Mendeleyevning yutug‘i va fan oldidagi eng katta xizmati, kimyoviy elementlarning xossalarining davriyligi qonuniyatlarini aniqlaganligi va uning asosida, o‘zigacha fanga ma'lum bo‘lgan elementlarni jadvalga joylashtirib chiqqanligidir. Olim, xossalarning davriyligi asosida, hali fanga noma'lum bo‘lgan kimyoviy elementlar uchun bosh katakchalar qoldirib ketgan. Jadvalning davriyligi va oraliq bo‘sh kataklarga to‘g‘ri kelishi lozim bo‘lgan fizik va kimyoviy xossalarga ko‘ra, hali ochilmagan kimyoviy elementlar haqida nazariy ma'lumotlarga ega bo‘lish va ularni qanday qilib kashf qilish yoki sintez qilish mumkinligi haqida xulosalar chiqarish imkoni paydo bo‘lgan.

Mendeleyev sharafiga, uning nomi bilan atalgan kimyoviy element.

Mendeleyev sharafiga, muallifi uningo‘zi bo‘lgan, kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi 101-element, «Mendeleyeviy»deb atalgan. g‘alati joyi shundaki, ilk bora 1955-yilda sun'iy ravishda olingan mazkur 101-element uchun rus kimyogari nomini, ruslarning o‘zi yoki ularga qardosh millat olimlari emas, balki, ularning okean ortidagi ashaddiy raqobatchilari - AQSHning Kaliforniya shtati, Berkli universitetining G.Siborg boshchiligidagi kimyogar olimlari guruhi taklif etgan!Sovuq urush ayni avjiga chiqqan zamonlarda ham, ilm-fan fidoyilarining bunday tolerant va beg‘araz pozitsiya tutishlari tahsinga sazorov holatdir...


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 27.12.2018 13:49