Pluton

24.02.2014 02:02 Muzaffar Qosimov Ma'lumotnomalar - Astronomiya
Chop etish
Maqola Reytingi: / 8
Juda yomon!A'lo! 

Pluton

OCHILISHI TARIXI

Nyuton mexanikasi qonuniyatlariga ko‘ra izlanishlar olib borgan astronom olim Urban Leverye, Uran orbitasidagi anomaliyalarga asoslanib, o‘sha vaqtlarda hali noma'lum bo‘lgan sayyora - Neptunning mavjud ekanligini ilmiy bashorat qilgan edi. 1846-yilda Neptun Leverye ko‘rsatib bergan joyda haqiqatan ham kashf qilindi. Biroq, keyingi kuzatishlar, Uranning orbital trayektoriyasiga Neptundan boshqa yana bir osmon jismi ham jiddiy ta'sir qilayotganligini ko‘rsatardi. Bu esa olimlar va jamoatchilik orasida yirik Transneptun osmon jismi, ya'ni to‘qqizinchi sayyoraning ham mavjud ekanligi haqidagi fikrlarning rivojlanishiga olib keldi. Natijada, 1906 yilda, Bostonlik millioner Persival Louell tomonidan, shartli ravishda "X-sayyora" deb nomlangan keng ko‘lamli loyiha ishlab chiqilib, to‘qqizinchi sayyorani qidirish ishlari boshlab yuborildi. Persival Louellning o‘zi 1894-yilda "Louell" Rasadxonasini tashkil etib, uni shaxsiy mablag‘i evaziga moliyalashtirib kelayotgan edi. 1909-yilda Louellning o‘zi hamda astronom Uilyam Pikeringlar tomonidan, "X-sayyora"ning joylashuvi taxmin qilingan ba'zi hisob kitoblar ishlab chiqildi. Qidiruv ishlari Persival Louellning vafoti yuz bergan 1916-yilgacha davom etdi. Aslida, Louell rasadxonasi 1915-yilning 15-mart kunida ilk marta Plutonning fototasvirini olishga muvaffaq bo‘lgan ekan. Biroq, tasvirning sifatining o‘ta yomonligi tufayli, rasadxona xodimlari bu haqida o‘zlari bilmay qolishgan.

Persival Louell vafot etgach, uning xotini tomonidan sud orqali da'vo qilingan million dollarli meros mojarosi tufayli, Louell laboratoriyasi faoliyati uzoq muddatga to‘xtab qoldi. Faqat 1929-yilga kelibgina "X-sayyora"ni qidirish ishlari qayta jonlantirildi. Bu vaqtga kelib, rasadxona direktori Melvin Slayfer, "X-sayyora"ni qidirish ishlarini, Kanzaslik 23 yoshli astronom Klayd Tomboga (1906-1997) topshirdi. Klayd Tombo, koinotning "X-sayyora" joylashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan qismini ikki hafta davomida fotosuratga olib borib, keyin, tasvirlardagi o‘z joyini o‘zgartirgan obyektni aniqlash usuli bilan yangi sayyorani qidirishga kirishdi. U o‘z tekshirishlari uchun blink-komporatordan foydalandi. Unda kadrlarning tezkor o‘rin almashtirish imkoniyati bo‘lib, bu tufayli, tasvirdagi o‘z joyini o‘zgartirayotgan osmon jismining harakat illuziyasi namoyon bo‘lar edi. Deyarli bir yil olib borilgan kuzatuvlardan so‘ng, 1930-yilning 18-fevral kuni, Tombo, 23-29 yanvar kunlari olingan fotokadrlarni tekshirish asnosida, harakatlanayotgan Transneptun obyektni aniqladi. 13-mart kuni, Tombo qo‘shimcha ilmiy dalillarni o‘rganib chiqqach, kashfiyot haqida Garvard kolledji rasadxonasiga telegramma yo‘lladi. Mazkur kashfiyot tufayli Klayd Tombo, Qirollik Astronomiya jamiyatining oltin medali bilan mukofotlangan.

Yangi sayyora kashf etilgani haqidagi xabar bilan, tez orada butun dunyo gazeta va jurnallari, radio efirlari ko‘plab chiqishlar qilishdi. Bu orada, sayyoraga nom berish masalasi ham yuzaga chiqdi. Dastavval, rasadxonaning marhum egasi sharafiga, uning bevasining taklifi bilan "Persival" sayyorasi deb nomlash taklifi bildirildi. Biroq, bir muddatdan so‘ng Louell xonim, endi o‘z ismini taklif qiladi boshladi. o‘sha vaqtlarda butun dunyo gazetalari yangi sayyora haqida bong ura boshlashgan edi va u haqida deyarli barcha savodli kishilar xabar topib ulgurishgan edi. Xususan "Tayms" nashrini, ertalabki nonushta ustida mutolaa qilib o‘tirgan Oksford universiteti kutubxonachisi Fokoner Meydan, bu haqida 11 yoshli nabirasi Venetsiya Berniga hikoya qilib beradi. Venetsiya nafaqat astronomiya, balki qadimgi yunon va Rim mifologiyasidan ham ancha xabardor qiz bo‘lib, uning fikriga ko‘ra bunday sovuq va qorong‘u joydagi sayyora uchun qadimgi yunon yer osti ma'budining, qadimgi Rim varianti - Pluton eng mos kelar edi. Meydan nabirasining taklifini universitetdagi hamkasbi - Gerbert Ternerga yetkazadi. Terner o‘z navbatida bu haqida bu xabarni AQSHlik hamkasblariga telegraf orqali yo‘llaydi. Yangi sayyoraga rasman Pluton nomi 24-mart 1930-yilda berildi. Louell rasadxonasi xodimlari Sayyora uchun, ovoz berish orqali ucta variant - "Minerva", "Kronos" va "Pluton" variantlari ichidan, aynan Berni taklif qilgan nomni tanlashdi. "Minerva" - allaqachon asteroidlardan biriga berilgan nomligi uchun, "Kronos" esa, badxulq xodim (Tomas Jefferson Jekson Si) tomonidan taklif etilgani boisidan qabul qilinmadi. Tanlangan rasmiy Pluton " 1930-yilning 1-may kuni ilmiy jamoatchilikka ma'lum qilindi. Plutonning astronomik ramzi P va L harflaridan tuzilgan monogramma bo‘lib, u shuningdek, sayyorani aniqlash va kuzatish ishlarining moliyalashtiruvchisi - Persival Louellning ism-sharifi bosh harflariga ham mos keladi.

Asosiy ma'lumotlar

Pluton (Pluto 134340) - Transneptun osmon jismi bo‘lib, Quyosh tizimidagi yirik karlik sayyora hisoblanadi. Quyosh atrofida aylanayotgan osmon jismlari ichida massasiga ko‘ra 10 o‘rinda turadi. 1930-yildan 2006-yilgacha Plutonni Quyosh tizimining katta sayyoralari qatorida, odatiy (mumtoz) sayyora sifatida qaralgan. Biroq, hozirda esa, Pluton karlik sayyoralar turkumiga kiritilgan. Koyper belbog‘idagi ko‘plab osmon jismlari singari, Pluton ham asosan tog‘ jinslaridan tarkib topgan. Plutonning Quyoshdan o‘rtacha uzoqligi 39.53 a.b. ni tashkil qiladi. Plutonning ravshanligi 15-kattalikdagi yulduzlarniki bilan bir xil. Ya'ni, qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rib bo‘ladigan eng xira yulduzlarning yorqinligidan ham 4000 marotaba xira bo‘lib, uni faqat kuchli teleskoplardagina kuzatish mumkin. Pluton o‘z ekliptika tekisligiga nisbatan 17° burchak ostida og‘ish holatda aylanadi. Bu sayyoraning Quyosh atrofida to‘liq aylanib chiqish muddati 247.69 yil. Pluton orbitasi trayektoriyasi g‘ayrioddiy ellips bo‘lib, perigeliyda u Quyoshga Neptundan ham yaqinroq masofaga 29,6 a.b gacha (?4.4 mlrd km) yaqinlashadi. Quyoshdan eng uzoqlashgan nuqtasida (Afeliy) esa, masofa 49,3 a.b. (≈7.4 mlrd km) gacha yetadi. Ekliptika tekisligiga nisbatan og‘ish burchagining kattaligi tufayli Neptun va Pluton orbitalari o‘zaro kesishmaydi. Neptun Quyosh atrofida uch marta aylanib chiqishga ulgurgan vaqtda, Pluton endigina ikkinchi aylanishni yakunlagan bo‘ladi. Ya'ni Neptun va Pluton o‘zaro 3:2 orbital rezonansda bo‘ladi. Natijada Neptun va Pluton hech qachon 17 a.b. dan yaqinroq masofaga yaqinlashmaydi. Biroq Pluton, Uranga 11 a.b. masofagacha yaqinlashib kelishi mumkin.

Perigeliyda Quyosh nurlari Plutongacha 241 daqiqada, affeliyda esa, 402 daqiqada yetib boradi. Pluton yaqinidan turib yerga radiosignal yuborgan kosmik apparatning tarqatgan radioto‘lqinlari, qabul qiluvchigacha 8 daqiqada yetib keladi.

Pluton sirtidagi harorat, eng kam sovigan hududlarida ham - 230 °C sovuqni tashkil qiladi. Atmosferasining yuqori qatlamlarida esa, - 170 °C atrofida. Uning atmosferasida o‘ta siyrak azot qatlami, metan va inert gazlar aralashmasi mavjud. Sirti esa, muzlagan metandan iborat qor qatlami bilan qoplangan. Termodinamik tadqiqotlar natijasida olingan umumiy nisbatga ko‘ra, Pluton atmosferasi 99% azot, ?0.98% uglerod monooksid, va 0.1% metandan iborat bo‘lishi mumkin ekan. Yorug‘likning yutilishi hodisasiga asoslanib olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Pluton atmosferasi bosimi 0.15 Pa (Yer atmosferasining atiga 1/700 000 qismi) atrofida ekan.

Plutonning birinchi tabiiy yo‘ldoshi - Xaron 1978-yilda astronom Jeyms Kristi tomonidan ochilgan. Xaron o‘z sayyorasi - Plutonga nisbatan yorqinroq, lekin, unga shunchalik yaqin masofada aylanadiki, fotokadrlarda u Pluton bilan o‘zaro birlashib ketganday tasavvur uyg‘otadi. Faqat aylanish davriga qarab, Plutonning goh o‘ng, goh chap tarafidan do‘ppayib bo‘rtib chiqib turgan chetlarini kuzatish orqali, Xaron haqida ma'lumotlar olingan. "Xabbl" teleskopi orali olingan ma'lumotlarga qaraganda, Xaronning diametri taxminan 19628-19640 km deb baholandi. Pluton-Xaron barisentri Plutondan tashqarida joylashgan. Shunisi qiziqki, Pluton va Xaron bir-biriga faqat bir tarafi bilan yuzlanib turadi. Ya'ni Plutonning bir yarim sharida Xaron hech qachon botmaydi, ikkinchi yarim sharida esa, Xaron hech qachon ko‘rinmaydi. Pluton-Xaron massalar nisbati 1:8 ni tashkil qiladi (taqqoslash uchun Yer va Oyning massalar nisbati 1:81). Shu kabi parametrlarga ko‘ra, olimlar orasida Xaronni Plutonning tabiiy yo‘ldoshi sifatida emas, balki, ularni Pluton-Xaron qo‘shsayyorasi sifatida e'tirof etish haqidagi g‘oyalar mavjud.

Xaron uzoq vaqt mobaynida Plutonning yagona tabiiy yo‘ldoshi sifatida qarab kelinayotgan edi. Biroq, koinotga "Xabbl" teleskopining chiqarilishidan so‘ng, uning yordamida Plutonning yana to‘rtta tabiiy yo‘ldoshi aniqlandi. Ulardan dastlabki ikkitasi 2005-yil 15 may kuni kashf etilgan bo‘lib, ularga vaqtinchalik nomlar - S/2005 P1 va S/2005 P2 biriktirilgan edi. 2006-yilning 26 iyun kuni XAI bu ikki tabiiy yo‘ldosh uchun "Nikta" (S/2005 P1) va "Gidra" (S/2005 P1) nomlarini berdi. Nikta Plutondan taxminan 50000 km, Gidra esa, 65000 km masofada aylanadi. Taxminiy hisoblashlarga ko‘ra, Niktaning diametri 46 km, Gidraniki esa 61 km. Bu ikki tabiiy yo‘ldoshning massasi Xaron massasining 0.3% qismini, Plutonning esa 0.03% qismini tashkil etadi.

"Xabbl" teleskopi yordamida 2011-yilda Plutonning yana bir tabiiy yo‘ldoshi - S/2011 (134340) 1 aniqlandi va unga keyinchalik (2013-yil iyul) "Kerber" nomi berildi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Kerberning diametri 13-34 km atrofida ekan. 2012 yilning iyul oyida, Plutonning tartib bo‘yicha 5-tabiiy yo‘ldoshi ham kashf qilindi va u S/2012 (134340) 1 shartli nomi bilan qayd etildi. 2013-iyulidan u rasman "Stiks" nomi bilan yuritilmoqda. Stiks Plutondan taxminan ?47000 km masofada aylanadi va uning diametri 15-24 km atrofida.

Kashf etilishi

Kashf etgan olim

Klayd Tombo

Kashf etilgan joy

Louell rasadxonasi, AQSH

Kashf etilgan sana

18-fevral, 1930 yil

Kashf etish usuli

Kuzatuv

Plutonning orbital ko‘rsatkichlari

Perigeliy

29,65834067 a.b.

Afeliy

49,30503287 a.b.

Katta yarim o‘q (?)

39,48168677 a.b.

Orbita ekstsentrisiteti (e)

0,24880766;

Siderik aylanish davri

90 613,3055 kun; ?248,09 yil.

Sinodik aylanish davri

366,73 kun;

Orbital tezligi (v)

4,666 km/soniya;

Peritsentr argumenti

113,76329-

Og‘ishi

17°,14175′

Yo‘ldoshlari

5

Plutonning fizik ko‘rsatkichlari

Ekvatorial radiusi

≈1153 km;

Qutb radiusi

1153 km;

Sirt yuzasi (S)

1,795·107 km2;

Hajmi (V)

6,39·109 km3;

Massasi (m)

(1,305 ± 0,007)·1022 kg;

O‘rtacha zichligi (ρ)

2,03 ± 0,06 g/sm3;

Ekvatoridagi erkin tushish tezligi (g)

0,658 m/soniya2;

O‘qining og‘ish burchagi

119,591 ± 0,014-

Albedo

0,4

Ekvatorial aylanish tezligi

0,01310556

Sirtidagi birinchi kosmik tezlik

1,229 km/soniya;

Ko‘rinadigan yulduz kattaligi

13.65 gacha;

Sirtidagi o‘rtacha harorat

−230 °C

Plutonning tabiiy yo‘ldoshlari:

Tabiiy

yo‘ldosh nomi

Sayyora sirtidan

o‘rtacha

uzoqligi

(ming km.)

Aylanish davri

(kun)

Diamteri yoki

o‘lchamlari

(km)

Ochilgan yili

Kashf

etgan olim / kosmik apparat

1

Xaron

19 571 ± 4

6,387230

1212 ± 3

1978

Jeyms Kristi

2

Nikta

48 675 ± 120

24,856 ± 0,001

~46

2005

"Xabbl" teleskopi

3

Gidra

64 780 ± 90

38,206 ± 0,001

~61

2005

"Xabbl" teleskopi

4

Kerber

59 000

32,1 ± 0,3

~13-34

2011

"Xabbl" teleskopi

5

Stiks

?47000

19

~15-24

2012

"Xabbl" teleskopi


QIZIQARLI FAKTLAR

Plutoning kashf etilishi, XX asrning 30-yillari uchun olamshumul hodisa bo‘lgan edi. Shu tufayli, Uolt Disney kompaniyasining "Mikki Maus" multfilmlarida ilk marta 1930-yilda paydo bo‘lgan multqahramon - kuchukka ham Pluto (Plutonning inglizcha talaffuzi) nomi berilgan. Shuningdek, kimyogar olim D.Siborg, ham, Uran va Neptunning kashf etilganidagi[1] kabi, o‘zi kashf etgan kimyoviy elementni Pluton sharafiga "Plutoniy" deb nomlagan.

Plutonga oid yana bir qiziq fakt: 2006 yilda XAI ning qaroriga ko‘ra Pluton katta sayyoralar safidan chiqarilgach, ingliz tili norasmiy nutqida yangi fe'l - "Plutonlamoq" ("to pluto") paydo bo‘ldi. Bu fe'l, biror narsani yoki shaxsni, yuqoriroq maqomdan, pastroq maqomga tushirishni ifodalaydi. Masalan, harbiy unvoni pasaytirilgan zobit haqida, "plutonlandi" iborasi qo‘llanilishi mumkin.

2009-yilda Klayd Tombo tug‘ilib o‘sgan Illinoys shtati senati, maxsus qaror chiqarib, XAI va boshqa rasmiy tashkilotlarning har qanday ta'riflashidan qat'iy nazar, Illinoys uchun Pluton doimo katta sayyora maqomida qolaverishini qonunan tasdiqlab qo‘ydi. 2009-yildan boshlab, har yili Illinoysda, 13-mart Pluton kuni deb e'lon qilindi.

Xitoy, Yapon, Koreys va Vetnam tillarida, Pluton sayyorasi "Yer osti podshosining yulduzi" (???) tarzida aytiladi. Bunday nomlanish, Venetsiya Berni taklif etgan nomning mahalliy variantidir.

Klayd Tomboning tavalludining 100 yilligi munosabati bilan, 2006-yilda Plutonga uchirilgan "Yangi Gorizontlar" kosmik apparati bortida olimning 1 unsiya (?30 gramm) xoki mazkur osmon jismi tomon uchirilgan.

2178-yilda Pluton kashf etilganidan buyon ilk marta Quyosh atrofini to‘liq aylanib chiqadi. Ya'ni Pluton yili to‘ladi.


[1] Bu sayyoralar kashf etilganidan bir oz vaqt keyinroq, kimyo fanida ham, yangi kashf qilingan kimyoviy elementlar uchun, mazkur sayyoralar sharafiga, "Uran" va "Neptuniy" nomlari berilgan edi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 19.12.2018 07:57