|
Neptunning tabiiy yo‘ldoshlari
Neptunda ham ko‘p sonli tabiiy yo‘ldoshlar tizimi hamda juda ingichka va xira halqalar mavjudligi, Voyajer-2 tomonidan olingan tasvirlar orqali aniqlandi. Neptun halqasi asosan silikatlar bilan qoplangan uglerodli materiallardan tashkil topgan muzlagan mayda jismlardan iborat. Hozirgacha Neptunning 5 ta halqasi aniqlangan.
Tabiiy yo‘ldoshlarning eng kattasi - Tritonni, Neptunning o‘zi kashf etilishidan 17 kun o‘tib, Uilyam Lasselning o‘zi ochgan. Triton nomini Kamil Flammarion 1880- yilda fanga tavsiya etgan edi. Biroq, Neptunning 2-yo‘ldoshi Nerida ochilguniga qadar Triton nomi rasmiy qo‘llanilmay, u faqat "Neptun yo‘ldoshi" sifatida yuritilgan. Triton, quyosh tizimidagi tabiiy yo‘ldoshlar ichida o‘z atmosferasiga ega bo‘lgan uchta tabiiy yo‘ldoshdan biridir (Io va Titan bilan birgalikda). U ham teskari yo‘nalishda va spiralsimon orbita bo‘ylab aylanadi. Olimlarning fikricha aslida Triton Neptunning haqiqiy tabiiy yo‘ldoshi bo‘lmay, balki uzoq o‘tmishda Neptun tomonidan "tutib olingan" bo‘lishi ham mumkin ekan. Neptunning ikkinchi yo‘ldoshi Nereida 1949-yilda golland olimi Jerard Koyper tomonidan kashf etilgan. Keyingi yo‘ldoshlarni esa 1989-yilda Neptunga Voyajer-2 ning tashrifidan keyin aniqlandi. 2002-2003 yillar davomida Neptunning yana 5 ta yangi tabiiy yo‘ldoshi qayd etildi. Sakkizinchi sayyoraning hozircha oxirgi - 14-chi tabiiy yo‘ldoshi 2013-yilda aniqlangan bo‘lib, unga hali nom berilganicha yo‘q (vaqtinchalik nomi - S/2004 N 1).
Yangilаndi: 27.12.2018 13:53
|
Voyajer-1
Amaldagi maqsadi Quyosh tizimi va uning tevarak chegaralarini o‘rganishga mo‘ljallangan avtomatik fazoviy zond. AQSH tomonidan 1977 yilning 5-sentyabrida, Kanaveral kosmodromidan "Titan IIIE" raketa eltuvchisi yordamida orbitaga chiqarilgan. Start vaqtidagi vazni 723 kg. Ta'minot manbai sifatida plutoniy-238 asosida ishlovchi, 3 ta radioizotopli termoelektr generatori qo‘llanilgan. Dastlabki vaqtda, "Voyajer-1"ning asosiy vazifasi, gigant sayyoralar - Yupiter va Saturnni tadqiq qilish sifatida belgilangan bo‘lib, ishchi rejim muddati 5 yil baholangan edi. "Voyajer-1" dastlabki manzil - Yupiter tevaragiga 1979 yilning 1 yanvar kuni yetib bordi va ushbu gigant sayyora yuzasini, uning tabiiy yo‘ldoshlarini fotosuratini yerga yubordi. Ko‘zlangan ikkinchi manzil - Saturnga esa apparat 1980-yilning 13 noyabr kuni yetib bordi. "Voyajer-1" Yupiter va Saturnning mufassal fotokadrlarini olgan eng birinchi kosmik apparatdir. Shuningdek "Voyajer-1" yordamida, ushbu gigant sayyoralarning ilgari fanga ma'lum bo‘lmagan bir necha tabiiy yo‘ldoshlari aniqlandi. "Voyajer-1" belgilangan vazifalarni to‘liq bajarib bo‘lgach, o‘zining ish qobiliyatini 100% saqlab qoldi va un iQuyosh tizimining chetki qismlarini o‘rganish maqsadida, geliosfera chegarasiga yo‘naltirilidi. 1998-yilning 17-fevral kuni "Voyajer-1", o‘sha vaqtgacha, Quyoshdan eng uzoq masofaga yetib borgan fazoviy apparat - "Pioner-10" kosmik zondini quvib o‘tdi va inson tomonidan yaratilgan fazoviy apparatlar ichida Quyoshdan eng olis masofaga uzoqlashgan kosmik apparatga aylandi. "Voyajer-1"ning keyingi maqsadi, Koyper belbog‘i hududini tadqiq qilish va geliopauza chegarasiga yetib borish va u haqidagi axborotlarni yerga uzatish sifatida belgilandi. "Voyajer-1" bu vazifani ham uddalab, keyin geliosferani tark etib, yulduzlararo fazoga chiqib ketsa, u yulduzlararo fazo muhiti haqida ma'lumot uzatgan dastlabki apparatga aylanishi ko‘zda tutilgan edi.
Yangilаndi: 11.12.2018 11:25
Neptun
Neptun - Quyoshdan uzoqligi bo‘yicha sakkizinchi, massasi bo‘yicha uchinchi (17.2 Yer massasi), diametri bo‘yicha esato‘rtinchi (3.9 Yer diametri)o‘rinda turuvchi sayyora. 2006- yildan e'tiboran, Quyosh tizimining eng olis sayyorasi hisoblanmoqda. U noodatiy tarzda kashf etilgan. Galileyning qo‘lyozmalaridagi tasvirlarga qaraganda, Neptunni birinchi bo‘lib aynan Galileo Galiley kuzatgan bo‘lishi ehtimoli katta. Lekin u neptunni sayyora ekanligini xayoliga ham keltirmagan, aksincha uni, Yupiter ortidagi qo‘zg‘almas yulduzlardan biri deb o‘ylagan. Galiley kuzatishlar olib borgan 1612 yilning dekabrida, Neptun orqaga tisarilgandek harakat boshlagan, bunday harakat, Yerning o‘z orbital harakati natijasida tashqi sayyoralarni quvib o‘tganida kuzatiladi. Lekin, uning harakati Galileyning kuchsiz teleskopi seza olishi uchun yetarli darajada bo‘lmagan. Shu tufayli Galiley Neptunni ochgan ilk olim deb hisoblanmaydi.
Oradan 169 yil vaqt o‘tib Uilyam Gershel Uran sayyorasini kashf qildi. 1821-yilda esa Aleksis Buvar Uranning orbital harakati jadvallarini ishlab chiqdi va chop ettirdi. Buvar jadvallari Yevropa astronomlari orasida keng tarqaldi. Astronomik kuzatuvlarda ulardan foydalanish ko‘lami ortdi. Biroq, ko‘p o‘tmay Buvar jadvallariga nisbatan shubha paydo bo‘la boshladi. Uran Buvar hisoblagan trayektoriyadan og‘ib, anomal harakat qilayotganligi aniqlandi. Xususan ingliz astronomi T.Xassi o‘zining kuzatishlarida Uranning belgilangan orbitadan og‘ayotganini aniq hisoblab chiqardi. Xassi 1834-yilda Parijda, Buvar rasadxonasida mehmon bo‘ldi va Uran orbitasidagi anomaliyalarni muhokama qildi. Buvar Xassining mazkur anomaliyalarni Urandan ham keyinroqda joylashgan sakkizinchi sayyoraning gravitatsion ta'siri natijasi bo‘lsa kerak degan farazini qabul qildi va jadvallarni, anomal o‘zgarishlar asosida muvofiqlashtirib chiqdi. Bu vaqtlarda Neptunni ko‘ra oladigan kuchli teleskoplar mavjud bo‘lmagan. Shuning uchun Neptun harakati qonuniyatlarini va uning fizik parametrlarini Uranga qilayotgan gravitatsion ta'siri qiymatlaridan kelib chiqib, toza matematik yo‘l bilan hisob-kitob qilish zarur edi. Bunday favqulodda mushkul matematik masalani Buvar va Xassi ilgari surgan sakkizinchi sayyora haqidagi g‘oya paydo bo‘lgach, oradan 9 yil o‘tib, 1843 yilda ingliz astronomi Jon Kuch Adams, va farang astronomi U. Leverye bir-biridan mustaqil ravishda hal qilishdi. Ular Uran orbitasi anomaliyalari asosida sakkizinchi sayyoraning fazodagi taxminiy joylashuv nuqtasini sof matematik usulda hisoblab chiqarishdi.
Yangilаndi: 27.12.2018 13:55
Xalqaro Astronomiya Ittifoqi
Xalqaro Astronomiya Ittifoqi (XAI) - butun jahon bo‘yicha astronomik jamiyatlarni birlashtiruvchi xalqaro ilmiy tashkilot. XAI, osmon jismlarining rasmiy va xalqaronomlanishi, tasniflanishi va shu kabi o‘zaro muvofiqlik va standartlashtirishni talab etuvchi astronomik masalalar yuzasidan qaror va yechimlar chiqaruvchi eng oliy xalqaro tashkilot sifatida tan olingan.
XAI dastavval, 1887-yilda "Osmon Xaritasi" loyihasi yuzasidan, koinotning fototasvirlarini qayta ishlash a yulduzlar xaritasini tayyorlash ishlari jarayonida faoliyat olib borgan fotografik astronomiya hay'ati asosida shakllangan. Rasman esa, 1919 yilda Belgiyaning Bryussel shahrida ta'sis etilgan. XAI - a'zo davlatlar (turli xil astronomik akademiyalar hamda, tegishli muassasalar timsolida) hamda, mustaqil professional astronom olimlar ishtirokida faoliyat yuritadi. Ittifoqqa 73 ta a'zo davlat va 10886 nafar mustaqil astronomlar a'zo. Ittifoq idorasi tarkibiga "Astronomik telegrammalar markaziy idorasi" va "Kichik sayyoralar markazi" faoliyat yuritadi. Bu tashkilotlar Smitson astrofizika rasadxonasida joylashgan. Ittifoq tarkibida shuningdek 50 dan ortiq muvofiqlashtiruvchi kengashlar va Ijroiya Qo‘mitasi mavjud. Ittifoqning joriy va tashkiliy ishlari, ishchi guruhlar va ishchi hay'at tomonidan yuritib boriladi. XAI har 3-4 yilda (faqat, 1939-1945 yillardagi, II-jahon urushi davrida assambleya chaqirilmagan), a'zo davlatlardan birining hududida Bosh Assambleyaga yig‘iladi va astronomiyaning dolzarb masalalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlar, xulosa, qaror va yechimlar berib boradi. Shuningdek XAI, rivojlanayotgan va qoloq mamlakatlar uchun astronomiya sohasida ilmiy va amaliy ko‘mak berib kelmoqda.
Yangilаndi: 18.02.2019 09:24
Haumea
Haumea (136108 Haumea) - kattaligi jihatdan to‘rtinchi o‘rinda turuvchi karlik sayyora. Transneptun obyekt va Plutoid hisoblanadi. Uni ilk marta, bir biridan mustaqil ravishda Andalusiya Astrofizika instituti olimi Xose Luis Ortis hamda talaba Pablo Santos-Sanzlardan iborat Ispaniyalik ilmiy guruh, hamda, Kaliforniya Texnologiya universiteti olimlari Maykl Braun, Chedvik Truxilo va Devid Rabinovitslardan iborat ilmiy guruhlar kashf qilishgan. AQSHlik guruh Haumeani 6-may, 2004-yildagi fotosuratlar asosida, 2004 yilning 28-dekabrida kashf qilgan edi. Biroq, ilmiy guruh rahbari Maykl Braun, avvaliga to‘la ishonch hosil qilish uchun, qo‘shimcha dalillarni o‘rganishga kirishdi. U 2005 yilning 7-iyuliga yangi osmon jismining kashf qilingani haqida ma'ruza-e'lon tayyorlagan edi. Lekin oilaviy sabablarga (shu kuni Braun qiz farzand ko‘rgan edi) ko‘ra bu chiqishni keyinga surishga majbur bo‘lgan. Bu orada, Ispaniyalik astronom olim va talaba, Kaliforniyadagi tadqiqotlardan mutloq bexabar holda, Serra-Nevada rasadxonasidagi 36-santimetrli teleskop yordamida Haumeani kashf etishdi. Ular olgan ma'lumotlar Malyorka universitetida qayta tekshirib, tasdiqlangach, ispanlar o‘z kashfiyotlari haqida 2005-yilning 29 - iyul kuni e'lon qilishdi.
Yangilаndi: 09.10.2019 08:00
|
|
Mavzuga oid boshqa mаqоlаlаr...
|
|
Maqolaning 9 sahifasi, jami 27 sаhifа |