Kimyoviy struktura nazariyasi
XIX-asr boshlarida g‘arblik kimyogarlar orasida Devi-Berselius elektrokimyoviy nazariyasi yetakchilik qilardi. Xususan, Berseliusning nazariyasiga ko‘ra, har qanday kimyoviy birikma ikki qismdan iborat bo‘ladi va bu qismlardan biri albatta zaryadlangan, elektrmusbat bo‘lsa, ikkinchisi – elektrmanfiy bo‘ladi deb ishonilgan. Shunga muvofiq, Berselius o‘ziga ma’lum barcha elementlarni qatorlarga taqsimlab chiqqan va unga ko‘ra, kislorod elektrmanfiyligi eng yuqori, kaliy esa elektrmusbatligi eng baland element deb hisoblangan. Olim o‘zining fikricha eng yuqori elektrmanfiylikka ega elementlarni metalloidlar deb atagan va nisbatan elektrmusbatligi baland bo‘lgan elementlarni esa metallar deb atagan.
Biroq, XIX-asrning 30-yillariga kelib, farang kimyogari Jan-Batist Dyuma ushbu, Devi-Berselius nazariyasiga kuchli zarba berdi. U organik birikmalar uchun «turlar nazariyasi» deb nomlangan mutlaqo boshqa bir tasniflashni taklif qilgan edi. Unga muvofiq, murakkab jismning kimyoviy tuzilishini uni tashkil qiluvchi elementlarning tabiati belgilaydi degan g‘oya unchalik to‘g‘ri emas deb ta’kidlanadi va birikmaning kimyoviy xossalarini undagi atomlarning joylashish tartibi hamda, nechog‘lik bir xilligi belgilaydi degan fikr ilgari suriladi. Lekin Dyumaning bu qarashlari ham tez orada bir qator ziddiyatlarga borib qoldi.