Hisoblash texnikasi
Mening bolaligim 90-yillarning boshiga to'g'ri kelgan. Boshlang'ich sinfga borganimda o'qituvchimiz avval sanoq cho'plarda, keyinchalik kichik cho't yordamida sanashni o'rgatganlar. Eng sodda arifmetik amallar - qo'shish, ayrish, ko'paytirish, bo'lishni o'qituvchilarim doim yozma ravishda bajarishni o'rgatishar edi.
U vaqtlarda do'konlarda sotuvchilar hisob kitoblar uchun cho'tlardan foydalanishardi. Men ularning cho't donachalarini "shaq-shuq" etib u yoqdan buyoqqa urib, hisoblashlarini hayrat bilan kuzatgan paytlarim esimda. Biroq, XXI asr - axborot texnologiyalari eshik qoqayotgan bir jarayonda, o'sha cho'tlarning amaliy o'rni va ahamiyati yo'qolib, o'zi esa muzey va kolleksiyalarning eksponatiga aylanib borayotganini tasavvur qilmagan ekanman...
Bugungi kunda har qanday matematik hisob kitoblarni bir zumda bajara oladigan elektron vositalar - kompyuterlar va kalkulyatorlar doimo qo'l ostimizda. Hozirgi zamon do'kondorlariga o'sha cho'tlar endi beso'naqay matohdek tuyuladi. Uyali aloqa apparatimizning ilovasidagi kalkulyatorda nafaqat oddiy arifmetik amallar, balki, murakkab algebraik hisoblashlar, trigonometrik yechimlar, logarifmlar, hosilalar, va hattoki mantiqiy operatsiyalarni, muhandislik yechimlarini ham bajarish imkoniyati bor. Bozor va do'konlarda esa savdogarlar qo'lida kalkulyator doimiy hoziru-nozir. Jamoatchilikda bu jarayon borasida albatta ijobiy fikr hukmron. Biroq, yakdillikka raxna solayotgan ba'zi mulohazalar ham borki, ular ham o'z o'rnida to'g'ri albatta. Xususan, maktab o'quvchilarining ham, misol va masala yechishda faqat kalkulyatorga suyanib qolayotgani, bu esa, ularning mantiqiy fikrlashi qobiliyatiga salbiy ta'sir qilishi haqida fikrlar mavjud. Mayli, bu boshqa masala. Bu maqolamda men Sizlarga, bugungi kundagi benazir dastyorimiz - kalkulyatorlargacha bo'lgan vaqtda insoniyatga xizmat qilib kelgan hisoblash vositalari haqida so'z yuritmoqchiman.
Yangilаndi: 23.01.2025 14:03
Quyma ichiga nazar...
Solishtirma og'irlik ajoyib narsa. U haqida bilish ko'p hollarda insonga naf keltirishi tayin. Masalan men, yaqindagina xorij safaridan yaqinlarim uchun sovg'a salomlar oldim. Qo'l mehnati bilan tayyorlanadigan suvenirlar do'konida savdo qilayotgan habash yigit menga, vazni taxminan 1.5 kg keladigan globuschani tavsiya qildi. Narxi esa bir oz qimmat. Sababini so'raganimda, u globuschaning maqtash asnosida, uning to'liq mis metallidan ekanligini va qolipga quyilishda u g'ovaklarsiz, yaxlit holatda quyilishini, shu tufayli narxi bir oz qimmatligini tushuntirdi. Qolaversa, namunaga badiiy bezak berish, materiklar va okeanlar, orollar, davlatlar chegaralarini o'yib tushirish ancha mashaqqatli mehnat ekan. Buni tushunaman, albatta, qo'l mehnati oson yumush emas. Qolaversa, suvenir menga juda yoqib qolgandi. Uni sotib oldim...
Lekin, habash yigitning (o'zini aytishicha u usta ekan) suvenir misdan yaxlit quyilganligi haqidagi gapi menda shubha uyg'otdi. Men, o'zimni xayolan, zargarga buyurtma asosida tayyorlatilgan tojning tarkibini aniqlagan Arximed kabi tasavvur qildim. Mehmonxonaga kelgach suvenirning haqiqatan to'liq misdan yasalganligi yoki, habash "usta" menga lag'mon ilganmi-yo'qmi tekshirib ko'rishga qiziqdim. Albatta, shunday chiroyli suvenirni o'rtasi bo'shliqmi, yoki yaxlitmi, shuni bilish uchun qiziqish yuzasidan ichini teshib ko'rish yaramaydi. Bu jarayonda menga - fizika yordam beradi.
Yangilаndi: 13.02.2025 08:19
Fazoviy janglar yoxud, fantastik kinofilmga mexanikning nigohi
Kino sanoati oxirgi yillarda fazoviy janglar, o'zga sayyoraliklar, boshqa galaktikalik kelgindilar bilan insoniyat o'rtasidagi urush tasvirlangan mahsulotlar bilan tez-tez chiqish qilmoqda. Ayniqsa xorij kinosida bunga misollar bisyor. "Oblivion", "Dunyolar jangi", "Yulduzlar darvozasi" kabi filmlarni ko'pchiligingiz ko'rgansiz. Bu filmlar ssenariychi va rejissorlarning boy fantaziyalarini namoyon etadi. Lekin, tangri bunday ofatdan barchamizni saqlasin deyman...
Yuqorida sanab o'tganimiz kabi filmlarda, ko'pincha jang sahnalari ochiq koinotda yoki, biror bir osmon jismida, masalan Oyda yuz beradi. Film qahramoni, kelgindilarga qarata biror quroldan o't ochadi. Kelgindi o'zga galaktikalik ham qandaydir bizga notanish quroldan foydalanadi. Endi, kelgindining qurolini qo'ya turaylik.Lekin, masalan, o'zimizning qurollar, xususan artilleriya to'pchisi shunday jangda ishtirok etsa qanday effekt berarkin? Rejissorlarning koinotda quroldan o't ochish bo'yicha fantaziyalari haqiqatga to'g'ri kelarmikin?
Yangilаndi: 12.02.2025 08:53
HAFTANING QAYSI KUNI?
Ishonchim komilki, xuddi men kabi Siz ham, ancha avval bo'lib o'tgan biror voqeaning haftaning qaysi kunida bo'lgani eslashingizga, yoki, kutilayotgan kunning haftaning qaysi kuniga to'g'ri kelishi haqida hisob-kitob qilishingizga ko'p marta to'g'ri kelgan. Masalan, tug'ilgan kuningiz haftaning qaysi kunida bo'lganini, yoki, kelasi yilgi Navro'z bayrami haftaning qaysi kunida bo'lishi bilan qiziqqan bo'lsangiz kerak. Aksariyat hollarda, biror bir bayram kunining haftaning qaysi kunida bo'lishini bilish, dam olish kunlarining taqsimotini tasarruf qilish uchun qiziqish uyg'otadi. Bunday hollarda, odatda, uyali telefon apparati ilovasidagi, yoki, devorga ilingan yil taqvimigatezkorlik bilan ko'z yugurtiriladi. Bu albatta oson usul.
Lekin siz qidirgan sana bir necha yil avvalgi bo'lsachi? (masalan, o'zingiz dunyoga kelgan kun). O'sha yilga taalluqli taqvimni topishingiz mushkul. Keyingi yillarning taqvimi ham qo'l ostingizda bo'lmasa, kelajak sanalarning hafta kunini ham aniqlashingiz mushkul bo'lib qoladi. Bunday hollarda bizga - matematika yordamga keladi!
Biz foydalanayotgan joriy taqvimning o'ziga xosliklarini bilgan holda, istalgan yilning istalgan sanasi uchun haftaning qaysi kuni bo'lishini oddiy arifmetika orqali hisoblab topish mumkin.
Dastavval shuni ta'kidlaymizki, dunyoning aksariyat davlatlari, jumladan, O'zbekistonda ham rasman foydalaniladigan taqvim - Grigorian taqvimidagi oddiy yil - 365 kundan iborat. Biroq, bir kecha kunduz (sutka) aslida biz qabul qilganimizdek to'liq 24 soat emas. Ya'ni, taqvim sutkasi, haqiqiy tabiiy sutka - Yerning o'z o'qi atrofida to'liq aylanib chiqishi uchun ketadigan vaqtdan 3 daqiqa va 56.5 soniya qisqa. Mazkur ≈4 daqiqa kundalik "ortiqcha" vaqt yig'ilib borib, uch yilda 1440 daqiqaga yetib qoladi. Bu esa to'liq bir kunni tashkil etadi. Shu tufayli, har 4 yilda bir marta kabisa yili keladi va o'sha yig'ilib qolgan ortiqcha daqiqalardan iborat bir kun, fevral oyining oxirgi - 29 sanasi qilib belgilanadi. Bu orqali, amaliy taqvimni tabiiy taqvim bilan muofiqlashtiriladi.
Yangilаndi: 29.01.2025 08:52
|