Uran

Uran - Quyosh tizimidagi tartib bo'yicha yettinchi, hajmi bo'yicha esa Yupiter va Saturndan keyingi uchinchi sayyoradir. Uran sayyorasini tungi osmonda qurollanmagan ko'z bilan ko'rib bo'lmaydi va shu tufayli uzoq asrlar davomida mazkur sayyora haqida odamlar bilishmagan. Uranni 13-mart, 1781-yilda ingliz astronomi Uilyam Gershel kashf etdi. Gershelning kashfiyotiga qadar ham Uranni boshqa olimlar ham kuzatishgani ma'lum, lekin ular har safar bu sayyorani oddiy yulduz sifatida qabul qilaverishgan. Masalan, uni 1690-yilda Jon Felmstid 6 marta kuzatib, biroq uni Buzoq yulduz turkumiga mansub 34-yulduz sifatida qayd etadi. 1750-1769 yillar orasida farang astronomi Pyer Sharl le Monyer ham Uranni 12 marta kuzatib, baribir uni yulduz sifatida qabul qiladi. Umuman olganda Gershelgacha bo'lgan vaqtda Uran 21 marta astronomlarning teleskopi obyektivida namoyon bo'lgan. biroq uning quyosh tizimidagi tartib bo'yicha yettinchi sayyora ekanligini aynan Uilyam Gershel hammadan avval fahmladi.
Yangilаndi: 13.02.2025 08:09
|
Saturn
Saturn quyosh tizimidagi sayyoralar ichida kattaligi bo'yicha ikkinchi, quyoshdan uzoqlashish tartibida oltinchi sayyora bo'lib, Quyosh atrofida to'liq aylanib chiqish davri 29.46 yil ni tashkil qiladi. Bu sayyora, quyosh tizimidagi qurollanmagan ko'z bilan ham ko'rib bo'ladigan 5 ta sayyoraning biri bo'lib, uning ko'rinadigan yulduz kattaligi birinchi yulduz kattaligidan ham yorqinroqdir. Garchi ekvatorial diametri Yupiternikidan ozgina kichik bo'lsa hamki, massasiga ko'ra Yupiterdan ancha far qiladi - deyarli uch barobar. o'rtacha zichligi juda kichik - 0.7 gr/sm3. Kichik zichlik shu bilan izohlanadiki, bu gigant sayyora asosan vodorod va geliydan tashkil topgan bo'lib gaz gigantlari turkumiga kiradi. Lekin uning sirtidagi bosim ham Yupiterdagidek katta emas. Saturnning ekvatorial radiusi 60300 km, qut radiusi esa 54400 km ni tashkil qiladi. Uning massasi Yernikidan deyarli 95 marta katta, lekin uning o'rtacha zichligi esa, 0.69 g/sm3 bo'lib, quyosh tizimi sayyoralari ichidagi, o'rtacha zichligi, suvning o'rtacha zichligidan kichik bo'lgan yagona sayyoradir. Sirtidagi erkin tushish tezlanishi 10.44 m/soniya2. Saturn quyosh atrofida 29.5 yilda bir marta to'liq aylanib chiqadi. Undan quyoshgacha bo'lgan masofa 1430 million km, yoki, 9.58 a.b. ni tashkil qiladi. Orbita bo'ylab aylanish tezligi 9.69 km/soniya.
Yangilаndi: 31.01.2025 11:00

Yupiter
Yupiter Quyosh tizimidagi eng katta sayyora. Quyoshdan uzoqlashish tartibida beshinchi va Yerga nisbatan Quyoshdan 5.2 marta uzoqroq masofada harakatlanadi. Yupiter Quyosh atrofida deyarli 12 yilda bir marotaba to'liq aylanib chiqadi. Uning ekvatorial diametri Yernikidan 11,2 marta katta bo'lib, 142984±2 km ni tashkil qiladi. Yupiterning o'z o'qi atrofida aylanish davri, boshqa sayyorlarga nisbatan eng kichik bo'lib, ekvatorida 9 soat, 50 daqiqa va 30 soniyani, o'rta kengliklarida esa, 9 soat, 55 daqiqa va 40 soniyani tashkil qiladi. Shu tarzda Yupiter ham xuddi Quyosh singari qattiq jism kabi aylanmay balki, turli qismlarida turlicha aylanish tezligi hosil qiladi. o'ta tezkor aylanishi tufayli bu sayyora qutblarida katta siqilish va zichlikning ortishi paydo bo'ladi. Yupiter massasi Yer massasidan 318 barobar katta. o'rtacha zichligi esa 1.326 gr/sm3 bo'lib, Quyoshning o'rtacha zichligiga yaqin qiymat hisoblanadi. Yupiterning aylanish o'qi uning orbitasiga deyarli perpendikulyar - burchak 87°. Ekvatoridagi erkin tushish tezligi 24.79 m/s2.
Yangilаndi: 05.02.2025 11:42
Mars

Mars - Quyoshdan uzoqligi bo'yicha to'rtinchi sayyora. Qadimgi Rimliklarning urush ma'budi Aresning nomi bilan atalgan. Mars ham Merkuriy va Venera singari insoniyatga qadimdan ma'lum.
Yulduzli osmonda u qizil rangdagi jimirlamaydigan nuqta ko'rinishida namoyon bo'ladi. Uning yorqinligi vaqti-vaqti bilan birinchi kattalikdagi yulduzlarning yorqinligidan ham ortiq bo'lib yarqiraydi. Mars davriy ravishda Yerga 57 mln km gacha masofada yaqinlashib keladi.
Fizik parametrlariga ko'ra Mars Yer guruhi sayyoralari turkumiga mansub. Diametriga ko'ra u Yer va Venerada deyarli ikki marta kichik. Sayyora gaz qobig'i - atmosfera bilan o'ralgan bo'lib, Mars atmosferasining zichligi Yernikiga nisbatan ancha siyrak. Marsning eng chuqur botiqliklarda ham atmosfera zichligi yer sirtidagi atmosferasi zichligidan 100 barobar kichik. Shunga qaramay Mars atmosferasida bulutlar mavjud. Ochiq kunda Mars osmoni pushti rangda bo'ladi. Kimyoviy tarkibiga ko'ra Mars atmosferasi Yer atmosferasidan tubdan farq qiladi va u 95.3% CO2 gazi, 2.7% Azot, 1.6% Argon gazlaridan iborat. Kislorod esa faqat 0.013% ekanligi aniqlangan. Bulardan tashqari, spektral tahlil yordamida Mars atmosferasida Ksenon, Neon, hamda Kriptonlar ham mavjudligi aniqlangan. Bulutsiz Mars osmoni Yernikiga nisbatan ancha shaffof va u ultrabinafsha nurlarini ham o'tkazib yuboradi.
Yangilаndi: 05.02.2025 15:28
Venera

Venera - Quyoshdan uzoqligi bo‘yicha ikkinchi va Yerga eng yaqin sayyora. Venera Quyosh tizimidagi sayyoralar orasida ayol ismi bilan ataladigan yagona sayyora bo‘lib, u qadimgi Rim Panteoni Muhabbat ma'budasi sharafiga shunday atalgan. Venera insoniyatga qadimdan ma'lum. Uning fizik jihatdan yerga o‘xshashligi tufayli, «Yerning singlisi» deb ham ataladi.
Quyoshdan o‘rtacha uzoqligi 108 million kilometr (0,723 a.b.). Quyosh atrofida to‘liq aylanib chiqish davri 224.7 kun. Venera Yerga 40 million km gacha yaqinlashib kelishi mumkin, va bu degani Quyosh tizimidagi barcha boshqa sayyorlar ichida Yerga eng yaqin keladigan sayyora bu aynan - Venera hisoblanadi. Sinodik davri 583.92 kunga teng. Veneraning eng yaxshi ko‘rinadigan vaqtlari elongatsiya davrlariga to‘g‘ri keladi. Quyoshdan burchak masofasi 48° dan ortmagani uchun elongatsiya vaqtlaridagi ko‘rinish yoki shom oqqan paytda, yoki, tong otar chog‘ida paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham Venerani «Tong yulduzi» deb atashadi. Venera - yerdan ko‘rinadigan osmon jismlari orasida Quyosh va Oydan keyingi eng yorqin osmon jismi hisoblanadi.
Venera diametri Yer diametrining 95% qismiga teng va 12104 km tashkil qiladi. Massasi Yer massasining 81.5% qismi - 4,8685·1024 tonna. O‘rtacha zichligi - 5220 kg/m3. Sirtidagi erkin tushish tezlanishi 8.87 m/soniya2 (Yernikiga nisbatan 90%). Veneraning o‘z o‘qi atrofida aylanish davrini hisoblash uzoq vaqtgacha imkonsiz bo‘lib, bunga sayyorani o‘rab turgan qalin bulutli qatlam mone'lik qilar edi. Faqat radiolokatsiya usullarini qo‘llash natijasida Veneraning o‘z o‘qi atrofida aylanish davri 243.2 kunga teng ekanligi va u Yer va boshqa sayyorlarga nisbatan teskari tarafga aylanishi ma'lum bo‘ldi. Aylanish o‘qining orbita tekisligiga nisbatan og‘ish burchagi deyarli 90°.
Yangilаndi: 08.09.2018 09:39
|
|
Mavzuga oid boshqa mаqоlаlаr...
|
|
Maqolaning 7 sahifasi, jami 9 sаhifа |