Barrel
Barrel – asosan AQSh va Britaniyaning sobiq mustamlakalari hududida keng tarqalgan hajm o‘lchov birligi. SI tizimiga kirmaydi va nostandart, ya'ni, o‘nlik sanoq tizimiga tushmaydigan ulushli birliklari tufayli birmuncha noqulay birlik bo‘lib, qolaversa, suyuq va quruq (sochiluvchan) moddalar uchun turli xil barrel o‘lchamlari mavjudligi holatni yanada chigallashtiradi.
Qanday moddaning hajmi o‘lchanayotganiga qarab, quruq barrel va suyuq barrel, hamda, bundan tashqari, hammasidan alohida, neft barreli ham bo‘ladi. Quruq barrel bilan asosan don-dun va shunga o‘xshash moddalarning hajm birligidagi miqdori ifodalanadi. Boz ustiga, donning har bir turi uchun alohida barrel qo‘llanadi, masalan, bug‘doy uchun boshqacha, arpa uchun boshqacha va makkajo‘xori uchun boshqacha barrel bo‘lishi mumkin.