Linza va ko‘zoynak
Ko‘zoynakning ixtiro qilinish tarixini bayon etishdan avval, linzaning nima ekanligini va uning nima uchun ko‘zdagi ko‘rish bilan bog‘liq nuqsonlarni bartaraf etish uchun qo‘llanishi haqida suhbatlashsak.
Linza deb odatda, sferik yuzali shaffof optik asboblarni atashadi. Linzalarning aksariyatida har ikki taraf sferik bo‘lib, lekin, bir taraflama sferik, ikkinchisi esa tekis bo‘lgan linzalar ham uchraydi. Linzaning bizga ma'lum eng yaxshi xususiyatlaridan biri, uning tushayotgan nurlarni ma'lum yo‘nalishda o‘zgartirishi hisoblanadi. Nima sababdan bunday bo‘ladi?
Odamlar qadim zamonlardayoq yorug‘likning bir muhitdan boshqasiga o‘tishida, (masalan, havodan suvga yoki, shishaga) o‘z yo‘nalishini o‘zgartirayotganligini, boshqacha aytganda esa, sinayotganligini sezishgan. Masalan, qalamni stakandagi suvga botirsak, uning yon tomondan qaraganda xuddi sinib qolgandek ko‘rinishini hammamiz maktab fizika kursidan yaxshi bilamiz. Bunda yorug‘likning stakandagi suv va havo chegaralaridagi sinishi tufayli, ko‘zimizga shunday illyuziya namoyon bo‘ladi.