Noyob Yer gipotezasi
Biz Koinotdagi yagona ongli hayot vakili bo‘lsak kerak...
Yerdagi hayot bir necha muhim va nozik omillarning o‘ta muvaffaqiyatli uyg‘unligi, xuddi, favqulodda omadli baxtli tasodif singari moslik natijasida vujudga kelgan. Masalan, Oyning mavjudligi ham beqiyos o‘ringa ega - deyiladi "Noyob Yer" gipotezasiga ko'ra.
Noyob Yer gipotezasiga qarama-qarshi gipoteza «xashaki Yer gipotezasi» deyiladi. Unga ko‘ra, Yer Koinotdagi eng oddiy (xashaki) bir o‘rtamiyona sayyora bo‘lib, unga alohida maqom va tus berish kerak emas deyiladi. Ushbu ikki nazariyaning oltin o‘rtaligini ko‘zlovchi boshqa ilmiy dalillarning esa sanog‘i yo‘q. Demak, biz yoki o‘ta noyob hayot shaklimiz va yoki, biz singari hayot shakli Koinot bo‘ylab istalgancha topiladi va shu sababli, biz singari hayot shakli o‘ta xashaki, oddiy hayot shakli xolos.
Lekin, hozircha bizga ma’lum ilmiy ma’lumotlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, Yerimiz ongli hayot uchun boshpana bo‘la oladigan juda noyob osmon jismi bo‘lishi mumkin. Barqaror va tinch yulduz atrofida barqaror va tinch aylanayotgan sayyorada bizning bugungi singari ongli hayot shaklimiz vujudga kelishi uchun 3 milliard yildan ziyodroq vaqt kerak bo‘lgan. Quyosh – g‘ayrioddiy ravishda barqaror va tinch yulduz bo‘lib, u Yerdagi hayot jarayonlarining barcha evolyutsion taraqqiyoti davomida, issiqlik energiyasi bilan muntazam va barqaror ta’minlab kelmoqda. Ulkan qo‘shnimiz – Yupiter esa Yerimizni kometalar tomonidan bombardimon qilinishidan ihota qilib turibdi va ularni Yerga yetib kelishidan avval, yo‘l-yo‘lakay tutib olib, yutib yubormoqda. Biroq, shunday qulay sharoitda ham, sayyora o‘tmishida yuz bergan bir necha yirik masshtabli ofatlarni, shu jumladan, dinozavrlar qirilib ketishiga sabab bo‘lgan hodisani ham baribir Yerga kometa kelib urilishi bilan bog‘lanadi. Agar Yupiter bo‘lmaganida, Yerga shu kabi kunpayakun qiluvchi kometalar kelib urilishi shu qadar tez-tez sodir bo‘lgan bo‘lardiki, unda sayyoramizda ongli hayot taraqqiy etishga ulgurmay yoppa qirilib ketavergan bo‘lardi. Yerning ulkan tabiiy yo‘ldoshi – Oyning mavjudligi ham favqulodda katta ahamiyatga ega. Aynan Oy Yerning o‘qini barqarorlashtirib turadi va uning pildiroq singari qalqib harakat qilmasdan, balki, barqaror va bir maromda aylanishiga yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, Oy ta’sirida okean suvlarining ko‘tarilishi ham sayyoramizdagi iqlim va hayot uchun mislsiz katta ahamiyatga ega. Yer magnit maydonini qo‘llab-quvvatlashda ham Oyning ahamiyatini inkor etib bo‘lmaydi. Shularni e’tiborga olgan holda, hamda, antrop tamoyili ham ta’kidlaydigan dalillarni inobatga olsak, demak, Yerimiz haqiqatan ham juda noyob sayyora bo‘lishi mumkin!
Oy sababli dengiz suvining ko‘tarilishi va qaytishi ham hayot evolyutsiyasi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Oy shuningdek Yerning temir yadrosining qizishiga va sayyora atrofida magnit maydoni hosil bo‘lishiga ham yordam beradi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
kеyingi > |
---|