Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Trenddagi termin Fyuchers, WTI, Brent, Barrel

Fyuchers, WTI, Brent, Barrel

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 4
Juda yomon!A'lo! 

Fyuchers, WTI, Brent, Barrel

So‘ngi sutkalar ichida WTI turidagi neft narxining may oyi uchun fyuchers savdolarida narx manfiy qiymatga tushib ketgani (bir barreli -39,44 AQSh dollar) ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Hech zamonada shunaqasi ham bo‘ladimi? Narx shunchaki tekin (0) emas, balki, manfiy ham bo‘lishi mumkin ekanmi?

Bu tarixda misli ko‘rinmagan holat bo‘lsa kerak. Izohlarga qaraganda, bu holning asosiy sababi, asosan Shimoliy Amerika va Xitoy bozorida iste’mol qilinadigan WTI turidagi neft ishlab chiqaruvchilarda, qazib olingan neftni qo‘ygani joy qolmagan emish. Omborlar to‘lib ketgan, tankerlar ham band. May oyi kirib kelishiga esa 10 kundan ham kam vaqt qoldi. Iyun oyi uchun fyucherslar ham 1% ga pastlab, bir barrel WTI nefti uchun 21,1 dollarni tashkil qilmoqda. Qayd qilinishicha, WTI tipidagi neft narxining 0 dan past bo‘lishi avvalgi safar 1983-yilda, ya'ni, bu turdagi neft ilk bora NYMEX birja savdolariga qo‘yila boshlaganda sodir bo‘lgan ekan.

Keling, shu shov-shuvli xabarlarda tilga olinayotgan terminlar - «fyuchers», «WTI», «barrel» va «Brent» so‘zlarining ma’nosiga nazar solib ko‘raylik.

Neftning o‘zi qora, yoki, qo‘ng‘ir-kir rangli modda bo‘lib, suvdan yengil hamda, anchayin qovushqoq narsa bo‘ladi. Neftni tabiiy holida ishlatib ko‘rishga juda qadimdayoq urinib ko‘rishgan. Xususan, Yaqin Sharq hududlarida unda devorlarni suvoq qilishda, loyga qo‘shib qorgani saqich sifatida qo‘llashgan. Buning uchun oddiy quduq qazib, neftni chelaklarda tortib olishgan.

Neft oson alangalanadigan suyuqliklar safiga kiradi. Lekin, uni o‘zini asl holida yoqishdan aytarli naf chiqmaydi. Chunki, xom neft tarkibi bir necha fraksiyalardan iborat bo‘lib, ularning har biri turlicha yonish darajasi va energetik ko‘rsatkichlarga ega. Xom neftning o‘zini yoqilsa, undagi to‘yinmagan uglevodorodlar sababli, u juda ko‘p qurum ajratib, nihoyatda iflos yonadi; boz ustiga, neft tarkibida mavjud bo‘ladigan oltingugurtli organik moddalar sababli, atrofga juda badbo‘y hid taraladi.

Neftni fraksiyalarga ajratib turli mahsulotlar olishni XIX-asrning birinchi yarmida boshlangan. Unda, neftdan olinadigan asosiy mahsulot kerosin bo‘lgan. Kerosin esa, asosan kerosin lampalar uchun ishlatilgan, ya'ni, yoritish maqsadlariga yo‘naltirilgan, hamda, ovqat tayyorlashda ishlatiladigan primus uchun yoqilg‘i sifatida ham kerosindan foydalanilgan. Kerosin ommalashguniga qadar, Yevropada asosan kit yog‘idan tayyorlangan shamlardan foydalanishgan. Shu sababli, ham, kerosindan foydalanishga o‘tilishi, okeanlarda kitlarning batamom qirib yuborilishini oldini olgan deyish mumkin.

XIX-asrda neftchilar neftdan olingan benzinni qoqi bahosida, deyarli suvtekin berib yuborishar edi. Chunki, u paytlar benzin kerosindan keyingi, ikkilamchi yondosh mahsulot sanalgan. Uni hatto shunchaki to‘kib yuborishgani haqida ham ma’lumotlar mavjud. XIX-asr oxirlarida ham benzinni asosan aptekalarda, burgaga qarshi dori sifatida juda arzonga sotib olsa bo‘lardi. Benzin faqat avtomobil ichki yonuv dvigateli uchun eng maqbul yonilg‘i sifatida sinovdan o‘tgach qadr topa boshlagan. Hozirda jahon neft bozorining katta qismi asosan benzin va aviakerosin ishlab chiqarish sanoati uchun ishlaydi.

Neftni qazib olish joyidan kelib chiqib, uning sifati va shunga monand narxi belgilanadi. Jahon bozorida neft narxi uchun asosan etalon sifatida Brent tipidagi neft narxi olinadi. Bu Britaniyadan sharqda va Norvegiyaning janubida joylashgan, Shimoliy dengizdagi bir necha neft konlaridan olinadigan neft turidir. Brent – aslida akronim so‘z bo‘lib, Shimoliy dengizdagi Broom, Rannoch, Etive, Ness va Tarbert konlarining bosh harflaridan olingan. Ushbu neft markasi etalon sifatida olinishining asosiy sababi, uni yetkazib berishdagi ishonchlilik, hamda, bir necha mustaqil qazib oluvchilarning mavjudligi (ya'ni, taklif bo‘yicha raqobat borligi) bilan izohlanadi.

Lekin, hozirda Brent markali neft narxi manfiyga tushmagan, balki, WTI tipidagi neft narxi shunday darajada qulagan xolos. WTI nefti nomi ham bosh harflardan yasalgan yasama nom bo‘lib, u inglizcha West Texas Intermediate so‘zlarining qisqartmasidir. Nomidan ko‘rinib turibdiki, u AQShning Texas shtatida qazib olinadi. Bu turdagi neft asosan avtomobil uchun benzin ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi va u Shimoliy Amerika bozori, hamda, Xitoyda juda xaridorgirdir. 2010-yilgacha bo‘lgan vaqtlarda, WTI markali neft Brent tipidagi neftdan 1-4 dollarga arzon yurar edi. Lekin, 2011-yildan bu yog‘iga, ushbu neft markalari orasidagi tafovut 10-20 dollargacha yetgan. Shuni aytish kerakki, neftning boshqa markalari ham bisyor, xususan, OPEK doirasida neft qazuvchilarning Arab light (Saudiya Arabistoni), Basra light (Iroq), Bonny (Nigeriya), Merey (Venesuela), Qatar Marine (Qatar), hamda, Azeri (Ozarbayjon), Tengiz (Qozog‘iston) singari markalari ham mavjud. Brent va WTI markalari esa, shunchaki, etalon markalar hisoblanadi (shuningdek, etalon neftning Dubai Curde nomli markasi ham bor). WTI turidagi neft jahon bo‘ylab umumiy neft qazib chiqarish hajmining 1% atrofidagi ulushini tashkil qiladi xolos.

Xalqaro birliklar tizimi SI bo‘yicha vazn birligi uchun tonna qabul qilinganiga qaramay, birja savdolarida neft o‘lchami barrel birligida sotilishi tarixan saqlanib qolgan qiziq faktdir. Barrel – ingliz tilida «bochka» degani bo‘lib, neftni qadoqlash uchun qo‘llangan maxsus belgilangan hajmga ega metall bochkani nazarda tutadi. Bir AQSh neft barreli 158,988 litr hajmida neft sig‘imiga ega bo‘ladi. U o‘rtacha 136,4 kg neft deganidir. Lekin, bir barrel neftni aniq kilogramm yoki tonnada ifodalash qiyin. Chunki, neft turiga, aniqrog‘i, zichligiga qarab, uning og‘irligi o‘zgaradi. Kichikroq o‘lchamlarda (ulushli birliklarda) ifodalansa esa, bir neft barreli 42 gallon bo‘lishini aytish mumkin. Bir amerikancha gallon esa, 3,78 litr bo‘ladi (ha, shundoq ham tushunarsiz bu ajnabiy birliklarning yana o‘zaro tafovutli «amerikancha» va «inglizcha» turlari ham bor Смешно).

Endi, WTI markali neftning may oyi uchun narxlarini barbod qilgan «fyuchers» termini haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, uning ingliz tilida «kelajak», «kelgusida» degan ma’nolarni bildiradigan future so‘zidan kelib chiqqanini izohlashga ortiqcha hojat bo‘lmasa kerak. Ingliz tilidan yaxshi xabardor kishilar bu so‘zning ma’nosini shundoq ham bilishadi chamamda. Fyuchers savdolarida xaridor va sotuvchi muayyan tovarni keyinchalik, kelgusida, belgilangan muddatda yetkazib berish va xarid qilib olishga shartnoma qiladilar. Va narx, o‘sha muddatga borib bozorda qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, shartnoma imzolangan kundagi holatida qolaveradi. Masalan, bugungi manfiy narx sharoitida siz, o‘sha WTI markali neftdan 15-may kuni bir barrel sotib olaman deb kelishib qo‘ysangiz, 15-may kuni bu turdagi neft narxi 100 dollarga chiqib ketgan taqdirda ham, sotuvchi sizga, ushbu -39,44 dollardan yetkazib berishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, siz ham uni shu narxda sotib olishga majbur bo‘lasiz. Agar tomonlardan birortasi shartnomada ko‘rsatilgan narxlardan bo‘yin tovlasa, birja unga katta jarimalar soladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 22.04.2020 09:30  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

Kimyo o'qituvchisi Boltavoyga savol beryapti:

-Boltaviy, doskada qaysi moddaning formulasi yozilgan?

Boltavoy vaziyatdan chiqmoqchi bo'lib:

-Domla, shu tilimni uchida turibdiyu, aytolmayapman-da!

Shunda domla rangi oqarib, titroq ovoz bilan:

-Tez tupurib tashla! Axir bu zaharli kislota-ku!!!


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11838751

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)