Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Virus

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 7
Juda yomon!A'lo! 

Virus

XIX-asrning 80-yillarida quturish kasalligi sabablarini tekshirar ekan, Lui Paster, quturishdan o‘lgan hayvonlarning umurtqa miyasi kasallik manbai va tarqatuvchisi bo‘lishi ehtimolini payqadi. Lekin, u quturishni qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarni topa olmadi. Paster yuqumli kasalliklarni bakteriyalar tomonidan qo‘zg‘atilishi haqidagi o‘z nazariyasini tugallashidan avval, ushbu kuzatishlar uning barcha kasalliklarni mikroorganizmlar tashiydi degan aqidasiga shubha uyg‘ota olmagan edi. Xususan, quturish bilan bo‘lgan holatda Paster, ushbu yomon xastalik qo‘zg‘atuvchisini, ya’ni, infeksion agentini ko‘rishga shunchaki mikroskopi ojizlik qilmoqda deb ishongan. Va keyinchalik, odatdagidek u haq bo‘lib chiqdi.

 

1892-yilda rus tadqiqotchisi Dmitriy Ivanovskiy mozaik kasallik bilan zararlangan tamaki o‘simligi barglaridan g‘alati shira ajratib oldi. Ushbu kasallik bilan zararlangan o‘simlik bargida turli o‘lcham va shakldagi g‘uj-g‘uj yashil dog‘lar paydo bo‘lar edi. Ivanovskiy ushbu shirani bakterial filtrdan o‘tqazdi va keyin u bilan sog‘lom o‘simliklarga ishlov berib ko‘rdi. Lekin, bakteriyalardan xalos bo‘lgan shira baribir boshqa sog‘lom o‘simliklarni zararlashda davom etar edi. Ushbu shirani olim filtrlanuvchi virus deb nomlagan.

G‘alati joyi shunda ediki, kasallikni tashuvchi shira suyuqligi ushbu kasallikni qo‘zg‘atuvchi tirik mikroorganizmlardan holidek taassurot uyg‘otar edi (ya'ni, unda mikroorganizmlar ko‘rinmasdi). Virus so‘zi lotin tilida «zahar» ma’nosini bildiradi. Infeksion kasallik haqida gap ketayotganda, agar uni virulent deb izohlansa, demak bu o‘limgacha olib borishi mumkin bo‘lgan infeksiya bo‘ladi.

Ivanovskiy o‘sha shira bilan tajribalarni davom ettirdi va uni juda-juda mayda g‘ovaklardan iborat filtrdan o‘tkazib, shunday filtrda kasallik tashuvchisi bo‘lgan mikroorganizmlar tutilib qolayotganini aniqladi. Shunga ko‘ra, olim ushbu qo‘zg‘atuvchi-tashuvchi narsa o‘lchami favqulodda kichik mikroorganizm ekanini bilib oldi.

Ivanovskiyning tajribalarini keyinchalik golland botanigi va mikrobiologi Beyernik ham muvaffaqiyatli takrorladi. Lekin u tamaki mozaikasi kasalligi qo‘zg‘atuvchisi tirik organizm ekanini isbotlagan holda, uning eruvchan ekanini ham e’tirof etib, biroz xato qildi.

1916-yilda AQSHlik mikrobiolog Allard shirani yanada mayda, o‘ta mayda g‘ovaklardan iborat filtrdan o‘tkazdi va natijada, kasallikni tashimaydigan, toza shira olishga erishdi. Uning filtri virusni tutib qolgan edi. Allardning tajribalari Ivanovskiy va Pasterning ishlarini qat’iy isbotlab berdi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi haqiqatan ham juda mayda o‘lchamli, zarra darajasidagi kichik mavjudot ekani ayon bo‘ldi.

Vanihoyat, 1935-yilda Amerikalik virusolog Uilyam Stenli tamaki mozaikasi kasalligi sababchisi bo‘lgan viruslarni kristall holatida ajratib olishni uddaladi. Bu virusni shuningdek, dastlabki tadqiqotchisi Ivanovskiy sharafiga Ivanovskiy virusi ham deyishadi.

Virusning kristall strukturasini o‘rganish orqali, Stenli, ushbu virus murakkab protein, ya’ni, oqsil molekulasidan iborat ekanini aniqladi. Ko‘plab mamlakatlarning olimlarning umumiy sayi-harakatlari evaziga, viruslar aslida hujayrali organizm emasligi va ular o‘zidan ko‘ra yuksakroq tuzilishga ega boshqa organizmlar hujayralaridagina ko‘payishi mumkinligi aniqlandi.

Hozirgi paytda viruslarning bir necha yuz xillab turi aniqlangan va yildan-yilga yangi-yangi turdagi viruslar kashf etilishi davom etmoqda. Ulardan ayrimlari haqida quyida to‘xtalib o‘tamiz.

Adenoviruslar – burun-halqum bezlarida uchraydigan turdagi viruslar bo‘lib, ularning nomi ham shundan kelib chiqqan. Ya’ni, yunonchada «bez» ma’nosini beruvchi so‘z adena tarzida yangraydi. O‘pka yallig‘lanishi, adenoidlar hamda, ayrim oshqozon-ichak kasalliklarining qo‘zg‘atuvchisi aynan shu viruslar bo‘ladi.

Gerpes viruslari – turli xil toshma kasalliklari, tutqanoq qo‘zg‘atuvchi kasalliklar manbai. Nomi yunonchada «temiratki» ma’nosini beruvchi hèrpes so‘zidan olingan.

Koksaki viruslari – tana qismlarini falaj va shol qiluvchi viruslar. Masalan poliomiyelit singari xastaliklar shunday virusdan kelib chiqadi. Nomining kelib chiqishi Nyu-York shtatidagi Koksaki shaharchasi nomi bilan bog‘liq. Chunki, ushbu virus birinchi marta aynan shu shahar aholisi orasida ko‘p tarqalgan falajlik kasalliklarini tekshirish vaqtida aniqlangan edi.

Rabdoviruslar – tayoqchali viruslar bo‘lib, quturish kasalligi qo‘zg‘atuvchisi ham aynan shu turkum viruslar safiga kiradi. Nomining kelib chiqishi yunonchada «tayoqcha» ma’nosini beruvchi rhabdos so‘ziga borib taqaladi.

Enteroviruslar – yunonchada «ichak» ma’nosini beruvchi entera so‘zidan olingan ushbu nom ostidagi viruslar turkumi o‘zining tanadagi yashash joyiga ko‘ra shunday ataladi. Ya’ni, bunday viruslar ichaklarda makon topadi va turli xil ichak va hazm sistemasi kasalliklarini qo‘zg‘atadi.

Rinoviruslar – oqsim kasali, hamda, o‘tkir respirator kasalliklar, shu jumladan, rinit kasali qo‘zg‘atuvchisi bo‘ladigan viruslar turkumi bo‘lib, nomi yunon tilida «burun» ma’nosini beruvchi rhinos so‘zidan olingan.

A, B, C turdagi gripp viruslari – aslida nomi ancha murakkab bo‘lgan viruslar bo‘lib, ilmiy adabiyotlarda ularni ortomiksoviruslar deyiladi. Ushbu termin ham yunon tilidan ildiz olgan. Grippda odatda burundan shilimshiq oqishi va burun bitishi sodir bo‘ladi. Yunonlarda shilimshiq manqani myxa deyiladi. Ortos so‘zi esa ularda «to‘g‘ri» va «tekis» ma’nolarini anglatadi.

Koronaviruslar – boshqa viruslardan farqli ravishda, tashqi qismida alohida chiqib ko‘rinib turuvchi tojga o‘xshash shokilalari bo‘lgani uchun shunday nomlangan. Corona - «toj» degani ekanini hamma yaxshi biladi menimcha. Odamga yuqadigan koronaviruslar ilk bora 1965-yilda aniqlangan bo‘lib, keyingi yillar davomida ushbu turdagi viruslar deyarli e’tiborda bo‘lmagan. Faqat 2002-2003 yillarda Xitoyda birinchi marta kuzatilgan SARS infeksiyasi epidemiyasidan keyin ushbu turdagi viruslarning naqadar xatarli ekani ma’lum bo‘ldi. Koronaviruslar RNK tutuvchi ekanligi bilan ham ajralib turadi. 2020-yil yanvar holatiga koronaviruslarning 40 turi aniqlangan. Shundan, hozirgi COVID-19 pandemiyasini qo‘zg‘atgan eng yuquvchan virus bu SARS-CoV-2 turi bo‘lib, u bemorlarda atipik pnevmoniya keltirib chiqarishi bilan ilk bora 2019-yil dekabri oxirlarida Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan edi.

 

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 21.04.2020 16:52  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Horijlik sayyoh samarqandlik matematik olimdan so'rayapti (ko'chada):

-kechirasiz, Registon maydonini qanday topsam bo'ladi?

-eni va bo'yini ko'paytirasiz, ya'ni, S=ab...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11594089

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)