Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Karantin

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 3
Juda yomon!A'lo! 

Karantin

Biz o‘zbeklarda «chilla» tushunchasi bor. Chaqaloq tug‘ilganidan boshlab qirq kun mobaynida chilla saqlanadi, ya'ni, uni begona ko‘zlardan pana tutiladi. Yangi kelin-kuyov ham to‘ydan keyin qirq kun ichida chillali bo‘ladi deyiladi. Bu ularning baxtiga ins-jinslarning yomon nazari tushmasligi uchun qilinadi. Yoz chillasi – saraton va qish chillasi qahratonni ham siz yaxshi bilasiz. Bularning hammasi qirq kun davom etadi. O‘zbek udumlarida chilla qachon va qanday paydo bo‘lganini bilmayman. Har holda, buning o‘tmishi juda uzoq ekani aniq. Va albatta bu, xalqimizning uzoq asrlar mobaynida tajribasidan o‘tgan, amalda o‘z nafini bergan amaliyot ekaniga ham men ishonaman. Chilla – qirq kun davom etadigan jarayondir. Shu sababli, uning ma’nosi ham fors-tojik tilidagi «qirq» ma’nosini beruvchi chilla so‘zidan kelib chiqqan. Marg‘ilondagi Сhilduxtaron mahallasi nomi «qirq qiz» degan ma’noda tarjima qilinadi. Chiltor – qirqta tor, chilyosin qilish esa, Hazrati Yosin surasini qirq marta o‘qib dam solishdan iborat bo‘ladi.

 

Xo‘sh, bularning karantinga nima aloqasi bor deysizmi? To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor! Karantin ham aynan «qirq» degan ma’noni bildiruvchi italyancha quaranta so‘zidan kelib chiqqan termindir. Buning sababi, biz hozirgi ma’nosida qo‘llayotgan, zamonaviy usuldagi karantin amaliyotini dastavval 1377-yilda Italiyada, aniqrog‘i, o‘sha paytda mustaqil qirollik bo‘lgan Venetsiyada qo‘llashgani bilan bog‘liq. XIV-asr dunyo tarixidagi eng ayanchli pandemiya bilan yodda qolgan asr bo‘lgan. O‘shanda, 1347-yilda Xitoyda tarqalishni boshlagan qora o‘lat epidemiyasi, keyingi oylar ichida savdo karvonlari va kemalar orqali jahonning barcha sivilizatsiyalariga yetib borgan. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘shanda, pandemiyaning cho‘qqisi to‘rt yil davom etgan va jahon bo‘ylab 200 millionga yaqin odam bu kasallikdan vafot etgan. Mazkur o‘lat pandemiyasi tufayli Yevropa qit’asi aholisining uchdan bir qismi qirilib ketgan. Natijada, Venetsiya qirolligi bunday ayanchli holat takrorlanmasligi uchun, 1377-yildan boshlab portga kirib kelayotgan kemalar uchun maxsus qat’iy qoida joriy qilgan. Ya’ni ular avvaliga qirg‘oqdan nariroqda, taxminan 4 km masofada langar tashlab, keyingi o‘ttiz kun mobaynida kutib turishlari lozim bo‘lgan. O‘ttiz kunlik cheklov muddati trenta deyilgan (trenta - «o‘ttiz» degani). Keyinchalik, bu muddat qirq kun etib belgilangan. Aynan shu muddat quaranta ya'ni, «qirq kun» deyilgan. Biz shu terminni hozir «karantin» deya biroz o‘zgacha talaffuz bilan qo‘llaymiz.

Qirq kundan keyin, kemaga Venetsiyalik maxsus nazoratchilar ko‘tarilishgan va ular kemadagilarni yaxshilab tekshirishgan. Agar hamma sog‘ bo‘lsa va hech kimda kasallik belgilari bo‘lmasa, shundagina kemaga portga kirishga ruxsat berilgan. Agar kemada kasallar aniqlansa, ular port yaqinidagi Lazaretto orolidagi maxsus qat’iy rejimli qo‘rg‘onga joylashtirishgan. Bugungi kunda, masalan, futbol klublarida ham mavjud davolash amaliyoti – jarohat olgan, yoki, kasal futbolchini lazaretda saqlab davolash tushunchasining ildizi ham shunda. Lekin, odatda lazaret asosan harbiy gospitalga o‘xshash muassasa bo‘ladi va unda harbiyda jarohat olganlarni davolangan.

Umuman olganda, kasallik tarqalgan joyni va kasal bemorlarni karantin orqali izolyatsiyalash amaliyoti turli sivilizatsiyalarda ancha qadimdan beri mavjud bo‘lgan. Vabo tarqalgan joydan chiqmaslik va u yerga bormaslik haqida Payg‘ambarimizning hadislari ham mavjud: Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Agar bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Agar o‘zingiz turgan joyga vabo kelsa, u yerdan qochib chiqib ketmanglar!” deganlar. Demak, karantin amaliyoti islom endi tarqalgan zamonda (VI–VII asrlar) Arabiston hududlarida ham bo‘lgan.

Karantin haqida, shuningdek, Injilda (Eski ahd qismida) ham alohida so‘z yuritilgan. Unda moxov kasaliga yo‘liqqan bemorlarni alohida saqlash haqida gap boradi. Bu degani milodning eng boshida ham odamlar karantinni yaxshi bilganiga dalolatdir.

Odamlar u zamonlarda hali mikrob, bakteriya va virus haqida hech narsa bilmagan. Lekin bemorlarni alohida saqlash va yuqumli kasallik yoyilib ketmasligi uchun muayyan shahar va qishloqlarga kirish va chiqishni taqiqlash amaliyotini ko‘pchilik tamaddunlarda qo‘llab kelingan. Va bu juda yaxshi samara bergan.

O‘sha Injilda qayd etilgan va moxov kasaliga qarshi e’lon qilingan karantin - tarixan fakt asosida qayd qilingan birinchi karantin deyish mumkin. O‘rta asrlarda moxov kasaliga yo‘liqqan odamlarni jo‘natiladigan maxsus hududlar (koloniyalar) keng tarqalgan edi. Moxovga chalingan odam o‘sha koloniyaga majburan jo‘natilgan va u yerda qat’iy rejim ostida ushlab turilgan. Odatda bunday koloniyalar cherkovlar tarkibida bo‘lgan va kasallar cherkov xodimlari nazoratida saqlangan va davolangan. Moxovlarni karantinda saqlaydigan bunday joylarni leprozoriy deb nomlangan (leprae – lotin tilida «moxov» degani bo‘lgan). XIII-asrda butun Yevropa bo‘ylab 19 mingta leprozoriy mavjud bo‘lgani qaydlardan ma’lum.

Bu kasallik sababini olimlar faqatgina 1873-yilda aniqladi; uning qo‘zg‘atuvchisi Mycobacterium leprae (Xansen tayoqchasi) bakteriyasi bo‘lib chiqdi. Hozirda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti moxov kasalini “unutilgan” kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan. Ya’ni hozirda jahon bo‘ylab moxovga chalinganlar soni 800 ming kishidan ham kam va ular asosan sanitar-epidemiologik vaziyat nochor bo‘lgan mamlakatlar – Hindiston, Nepal, Butan, Mozambik, Madagaskar va Tanzaniyada uchraydi.

Avvaliga karantin shunchaki “kasallik yuqtirishda va tarqatishda gumonlangan odamlarni tutish va saqlash” ma’nosini bildirgan bo‘lsa, lekin vaqt o‘tishi bilan bu tushuncha tom ma’noda boshqa mohiyat kasb etdi. Hozirda karantin deganda kasallik yuqtirgan yoki yuqtirgan deb gumon qilinayotgan shaxs, jonivor, yuk, tovar, transport vositasi, aholi punkti, hudud va boshqalarni alohidalashga (izolyatsiyalashga) qaratilgan, epidemiyaga qarshi cheklovchi va rejim qoidalarini belgilovchi chora-tadbirlar kompleksi tushuniladi.

Avvallari biror shaxs yoki joyning karantinga olinishi odatda, uning jamiyat tomonidan yakkalab qo‘yilishi, hududga kirish va chiqishni hamma o‘zi uchun mustaqil hal qilishi orqali tashkillangan bo‘lsa, hozirda karantin choralarini sog‘liqni saqlash organlari va hatto hukumat darajasidagi tadbirlar orqali tashkillanadi va nazorat qilinadi.

Ko‘rib turibmizki, 2020-yilga kelib ham karantin amaliyoti katta ko‘lamda qo‘llanmoqda. Buning sababi oddiy: karantin har doim yaxshi samara bergan va o‘zini oqlab kelgan. COVID-19 pandemiyasida ham karantin amaliyoti juda yaxshi samara bermoqda. Pandemiyadan jabr ko‘rayotgan mamlakatlarning deyarli barchasi o‘z hududida qat’iy karantin choralarini joriy qildi. Xususan, O‘zbekistonda ham 15-martdan e’tiboran, bosqichma-bosqich kuchaytirilgan tartibga o‘tildi va qat’iy karantin cheklovlari belgilandi. Shu jumladan, uydan chiqmaslik, masofa saqlash, majburiy niqob tutish, hududlararo qatnovlarning to‘xtatilishi, shaharlar ichida ham transport harakatining keskin cheklanishi kabi choralar shular jumlasidandir. COVID-19 pandemiyasi sharoitida ayrim mamlakatlar, masalan qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda karantinga uzviy ravishda, favqulodda holat rejimi va hattoki, komendantlik soatlari ham joriy etildi.

Hozirda, jahon bo‘ylab yo‘lovchi tashish aviatransporti muntazam reyslarni deyarli to‘xtatgan (va bundan zamin tin olmoqda). Ko‘plab mamlakatlar o‘z chegaralarini yopgan. Va eng yirik shaharlarda ham o‘z-o‘zini izolyatsiyalash, ya'ni, uydan chiqmaslik qat’iy tartibi joriy qilingan. Ehtimol, ushbu choralar, dunyo tarixidagi eng katta ko‘lamli karantin choralari bo‘lsa kerak.

Karantin e’lon qilishning asoslari va bunda amal qilinadigan me’yorlar borasidagi dastlabki xalqaro huquq normalari XIX-asr o‘rtalarida paydo bo‘lgan. XIX-asrda kuzatilgan vabo epidemiyasi esa shunchaki joyni izolyatsiyalashning o‘zi yetarli chora emasligini, balki masalaga kompleks yondoshish, ijtimoiy va siyosiy choralarni ham tashkillash zaruratini o‘rtaga tashladi. Xususan, odamlarning harakatini cheklash, ijtimoiy masofa saqlash, hamda, yana qator profilaktik tadbirlar ko‘rilishi taqozo etilishi oydinlashib qoldi.

O‘shanda karantin metodikasini standartlashtirish borasida Parij, Istanbul, Vena, Rim va Drezden shaharlarida qator xalqaro anjumanlar o‘tkazildi va jarayonning iqtisodiy asoslari belgilanib, tibbiy-tashkiliy jihatlari standartlashtirildi.

Karantin e’lon qilish va tashkillash borasidagi hozirgi zamonaviy qoidalar majmui esa Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 1951-yildagi sessiyasida qabul qilingan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 21.04.2020 16:42  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

Kimyogar ota o'z oshnalariga maqtanmoqda:

-Kecha meni o'g'lim tili chiqib, birinchi so'zini gapirdi!

-Nima dedi? Dadami, oyimi?

-Izopropiloftormetilfosfonat...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11685100

Tafakkur durdonalari

Xitoydan bo'lsa ham ilm o'rganinglar.

Hadis