Har 76 yilda keladigan mehmon:
Galley kometasi haqida.
Ajab emaski, kometalar ichida Galley kometasi eng taniqli va mashhuri bo‘lsa kerak. Galley kometasi Quyosh atrofida juda cho‘zinchoq orbita bo‘ylab aylanadi va uning bir marta aylanib chiqish davri 76 Yer yiliga teng bo‘ladi. U Quyoshdan eng olislashgan nuqtasida, ya’ni afeliyda, Neptun orbitasidan ham tashqariga chiqadi. Quyoshda eng yaqin nuqtasi, ya’ni, perigeliyda u Venera orbitasidan ham ichkariga kiradi. Odamzot mazkur kometani juda qadim zamonlardan buyon kuzatadi. Ushbu kometaning osmonda paydo bo‘lishi haqidagi ilk yozma manbalar eramizdan avvalgi 240-yilga oid.
Bu kometa buyuk ingliz olimi Edmund Galley (1656-1742) sharafiga nomlangan. Aynan Galley, 1531, 1607 va 1682-yillarda kuzatilgan kometalar aslida aynan bitta kometaning o‘zi ekanini aniqlagan edi. Hali osmon jismlarining harakat qonunlari va murakkab hisob-kitoblarni osonlikcha bajarish imkonini beruvchi EHMlar bo‘lmagan o‘sha zamonda, ushbu kometaning aynan 76-yi; davriylik bilan qaytishini aniqlashning o‘zi juda katta ilmiy salohiyat talab etar edi. Galley, o‘shanda, ushbu kometa hali yana 1758-yilda qaytishini aytib, o‘zidan keyingi avlod olimlariga juda qiziq intriga tashlab ketgan edi.
Avvaliga, Galleyning mazkur gaplariga hamma ham ishonmadi. Chunki, o‘sha paytlarda ko‘plab osmon jismlari va ularning harakat qonunlari hali yaxshi o‘rganilmagan bo‘lib, bunday vaziyatda, Galleyning bu gapi shubhali tuyular edi. Biroq, 1687-yilda Isaak Nyutonning mashhur «Olam tuzilishining matematik asoslari» asari chop etildi va unda bayon qilingan fundamental fizik qonuniyatlar, chunonchi Butun olam tortishish qonuni singari qonunlarga ko‘ra, fizikada juda ko‘p chigal masalalarga oydinlik kiritildi. Aytish joizki, Nyuton o‘zining ushbu muhim fundamental asarini aynan Edmund Galleyning ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi orqali chop ettirgan edi. Ushbu asar e’lon qilingach, u o‘sha zamon ilm-fan olamida haqiqiy inqilob yasadi va bu orqali, osmon mexanikasi haqidagi fan ham mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.
Galley o‘zi 1742-yilda vafot etib ketdi va kometaning navbatdagi marta yaqinlashuvini ko‘ra olmadi. Lekin, uning aytgan fikri to‘g‘ri ekanini isbotlash uchun hali uzoq kutish shart emasdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Galley aytgan 76-yillik davriylikka ega kometa 1758-yilning aprel oyida yana osmonda ko‘rinishi kutilmoqda edi. Bu davrga kelib, yangi ilmiy g‘oyalar bilan sug‘orilgan, ilg‘or fikrli butunlay boshqa avlod vakillari fan olamida faoliyat olib borishar edi va ularning ko‘pchiligi, aynan o‘sha, Nyutonning «matematik asoslari»da keltirilgan ilmiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan ta’limot bilan katta bo‘lishgandi. Ular orasida, Fransiyalik olimlar Klero, Lalland, hamda, madam Nikol-Reyn Lepot alohida ajralib turgan. Kometaning Quyoshga bu safargi yaqinlashuvining aniq sanasini aynan ular birinchi bo‘lib hisoblab chiqib, ommaga e’lon qilishgan edi. Ayniqsa, madam Lepot bunday murakkab matematik hisob-kitoblarning katta qismini bajargan bo‘lib, hech qanaqa kompyuter tugul, oddiy kalkulyator ham bo‘lmagan o‘sha zamonlarda, bunday murakkab hisoblashlar faqat qo‘lda, qog‘oz va qalam vositasida bajarilganini e’tiborga olsak, bu janob va xonimlar qanchalik mushkul vazifani uddalashganini biroz bo‘lsa-da tasavvur qilish mumkin bo‘ladi.
Shunday qilib, 1758-yilning 15-noyabrida Parij fanlar akademiyasida katta majlis chaqirildi. Unda olimlar Klero, Lalland va madam Lepot o‘zlarining hisob-kitob natijalarini e’lon qilishdi. Unga ko‘ra, kometa bu safar 1759-yilning 13-aprel kuni osmonda ko‘rinishi kerak edi. Olimlar shuningdek, kometaga nisbatan Saturn va Yupiter sayyoralarining gravitatsion ta’siri natijasida biroz og‘ishi va shu tufayli, uning osmonda ko‘rinishi 30 kunga farq qilishi mumkinligini ham bayon qilishgan. Ko‘rib turganingizdek, Galleyning o‘zi kometani 1758-yilda kutish kerakligini aytgan bo‘lsa-da, lekin, u 1759-yilning aprel oyida ko‘rinish berishi hisoblangan edi. Galley deyarli 1 yilga adashgan bo‘lib chiqmoqdami? Ishonavering, adashgan aslida Galley emas, balki, madam Lepot va uning hamkasblari edi.
Chunki, 1758-yil kirib kelgach, Galley aytgan kometani birinchi bo‘lib ko‘rish va bu orqali katta mashhurlikka erishish istagida bo‘lgan yuzlab havaskor va professional astronomlar teleskoplarini osmonga qaratgancha, «mehmon»ni kuta boshlagan edilar. Yil yakunlanay deb qolsa ham, «mehmon»dan darak yo‘q, bu tomonda esa, Lalland va madam Lepot uni kelgusi yil aprelda kutish kerakligini aytib turishgan bo‘lsa...
Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘lib turgan shunday bir paytda, bu kabi kuzatuvlarda ko‘pincha bo‘ladigan holat bu safar ham ro‘y berdi: kometani birinchi bo‘lib qandaydir mukammal rasadxona egalari bo‘lgan professional astronomlar emas, balki, o‘zi qo‘lbola vositalari orqali kuzatuv olib boradigan Germaniyalik havaskor astronom Iogann Georg Palich ko‘rib qoldi. U kometani 1758-yilning 24-dekabrdan 25-dekabrga o‘tar kechasi osmonda paydo bo‘lganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi va barcha gazeta va shov-shuvlarning bosh qahramoniga aylandi. Biroq, madam Lepot ham hisoblashlarda xato qilgan edi deb bo‘lmaydi. U katta mahorat bilan, aslida kometaning perigeliyda bo‘lish sanasini deyarli to‘g‘ri hisoblagan ekan va haqiqatan ham, kometa 1759-yilning 13-martida, ya’ni, ular hisoblagandan atiga 1 oy avval Quyoshga eng yaqin nuqtasiga kelib o‘tib ketdi. O‘shanda hamma Galleyning naqadar haq bo‘lganini e’tirof eta boshlagan va kometani endilikda «Galley kometasi» deb nomlanishi ommalasha boshlagan edi.
Galley kometasining o‘sha 1758-yildan keyingi davrlardagi tadqiq qilinishi ilm-fanning va ilmiy tadqiqot usullarining taraqqiy etib, mukammallashib borishini ham ifodalaydi. Vaqt o‘tishi bilan, kometaning keyingi safar qaytishi arafasida olimlar ixtiyorida borgan sari yangi va yangi ilmiy asbob-uskunalar, yanada samarador hisoblash vositalari va aniqroq dalillangan ilmiy ma’lumotlar to‘plana borar edi. Har safar kometaga ushbu yangi ma’lumot va vositalar bilan qurollangan holda yuzlanar ekan, insoniyat u haqida yanada yangi bilimlarni egallab bordi. Xususan, 1910-yildagi navbatdagi qaytishi paytida endi Galley kometasini nafaqat kuzatish, balki, fotosuratga ham olish imkoni mavjud edi. Boz ustiga, o‘sha yili kometa Yerga shu darajada yaqin kelgan ediki, sayyoramiz o‘z orbital yo‘lida kometaning dumini kesib ham o‘tgan. Masalaning bu jihati astronomlarda yanada katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa, lekin, fitna nazariyasi tarafdorlari va shov-shuv hamda, vahimaga beriluvchan olomon orasida, katta vahima ham uyg‘otgan edi. O‘shanda, odamlar orasida bu safar kometa dumi Yer yuzini kuydirib o‘tishi va natijada o‘sha kun Yerda oxirizamon bo‘lishi haqidagi bo‘lmag‘ur vahimalar avj olgan. Lekin, Yer kometa dumini kesib o‘tib ketib bo‘lganini sinchkov astronomlardan boshqa hech kim sezmagan ham hatto. Faqat, bir necha qiziquvchan olimlar, kometa dumini kesib o‘tish paytida Yer atmosferasidan tahlil uchun namunalar olishgan va bu orqali, kometa dumidan Yerga kirib kelgan zarrachalarni va ularning atmosferaga ta’sirini o‘rganmoqchi bo‘lishgan. Lekin, bu urinishlarning barchasi besamar ketgan bo‘lib, atmosfera tarkibida hech qanday anomaliyalar aniqlanmagan edi. Va bu mutlaqo to‘g‘ri natija bo‘lgan bo‘lib, gap shundaki, kometaning dumi aslida juda-juda favqulodda siyrak gaz-changlardan iborat bo‘ladi ular Yerga ta’sir qiladigan darajada bo‘lmaydi.
Galley kometasining keyingi va hozircha oxirgi marta yaqinlashishi esa 1986-yilda sodir bo‘lgan. Bu paytga kelib ilmiy taraqqiyot mislsiz darajada ilgarilab ketgan edi va olimlar ixtiyorida endi kometani o‘rganish uchun nafaqat oddiy teleskoplar, balki, samoviy avtomat uchar apparatlar ham bo‘lgan. Garchi, o‘sha yilgi «mehmon» oxirgi 2000 yil ichida Yerga nisbatan eng noqulay traektoriya bilan, eng olis masofa orqali o‘tib ketgan bo‘lsa-da, bu narsa olimlarni to‘xtata olmadi. Uning yaqinlashuvi tomon, bir necha xalqaro kosmik missiyalar tayyorlandi va kosmik zondlar hozirlandi. Xususan, Yevropa ittifoqi tomonidan «Jotto» kosmik stansiyasi, Sovet ittifoqi tomonidan «Vega-1» va «Vega-2» apparatlari, hamda, Yaponiyaning «Suisey» va «Sakigake» zondlari Galley kometasi tomon yo‘l oldi.
Bu missiyalarning ahamiyatli tarafi shunda ediki, avvallari juda qimmat turadigan bu kabi apparatlar faqat o‘ta yirik kosmik obyektlarga – sayyoralar va ularning yo‘ldoshlariga uchirilar edi. Biroq, kometaga apparat uchirilishi birinchi marta rejalashtirilgani tufayli, konstruktorlar avval duch kelmagan qator muammoli masalalarni hal qilishlari lozim bo‘lgan. Chunonchi, kometaning yadrosi har lahzada atrofga sochib turadigan va bizga uning dumi sifatida ko‘rinadigan chang va gaz zarralari oqimi zarbasidan apparatlarni himoya qilish masalasi turardi. «Vega-1» va «Vega-2» apparatlari «mehmon» kelishidan naq ikki yil avval fazoga ko‘tarildi. Ularni ketma-ketlik bilan 1984-yilning 15- va 21-dekabr sanalarida uchirilgan. O‘sha paytlarda bunday o‘ta qimmat ilmiy missiyalardan maksimal foyda olish maqsad qilinardi (hozir ham shunday). Shu sababli, apparatlar Galley kometasi yo‘liga peshvoz chiqishdan avval, Venera sayyorasini ham sinchiklab tadqiq qilishlari ko‘zda tutilgan edi. Shu sababli ham, aslida missiyaning to‘liq nomi «Venera-Galley» bo‘lgan va uni keyinchalik birinchi bo‘g‘inlarga ko‘ra qisqartirib, «Vega» deb nomlashgan.
Vanihoyat, 1986-yilning erta bahorida «mehmon» olisdan ko‘rinish berdi. 6- va 9-mart kunlari ketma-ket «Vega-1» «Vega-2» kometa yadrosi yaqinidan uchib o‘tib, uni imkon qadar katta aniqlikda suratga tushirdi. O‘shanda, apparatlar va kometa yadrosi orasidagi masofa mos ravishda 8912 va 8036 km bo‘lgan. «Vega» apparatlari yuborgan ma’lumotlar asosida, kometaga keyingi yaqinlashuvchi apparat - «Jotto» trayektoriyasi uchun qo‘shimcha hisob-kitoblar amalga oshirilgan va uning yo‘nalishi shunga muvofiq qayta sozlab qo‘yilgan. Natijada «Jotto» kutilganidan ko‘ra muvaffaqiyatliroq missiya bajardi va 1986-yilning 14-mart kuni kometaga maksimal yaqinlashdi. U Galley kometasiga 600 km masofagacha yaqin borgan.
Ushbu missiyalar orqali Galley kometasining tuzilishi haqida muhim ma’lumotlar qo‘lga kiritildi. Xususan, uning yadrosi o‘lchamlari 15×8 km ni tashkil qilishi, kimyoviy tarkibi, magnit maydoni, Quyosh shamoliga nisbatan ta’sirlanishi singari parametrlari o‘rganildi. Tadqiqotlarda dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Avstriya, Vengriya, Germaniya, Yaponiya singari davlatlari ishtirok etishdi.
Galley kometasining navbatdagi yaqinlashuvi 2061-yilda kutilmoqda. Nasib qilsa, biz ham bu safargi kometani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘larmiz. Ungacha, bizning ilm-fan va ilg‘or texnologiyalarimiz yanada taraqqiy etib, mehmonni yanada yaxshiroq o‘rganish imkonini bersa ajabmas.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|