Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Maqolalar Chang va g‘ubor bo‘lmasa...

Chang va g‘ubor bo‘lmasa...

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Chang va g‘ubor bo‘lmasa...

(Ayzek Azimovdan tarjima asosida)

O‘lim qosh bilan qovoq orasidan ham yaqin degan iborada jon bor. Bir muddat avval bizning xonadonimiz a'zosidek bo‘lib qolgan to‘tiqushimiz o‘ldi. U 5 yoshda edi. Biz uni juda ham yaxshi ko‘rardik. U doim diqqat markazimizda bo‘lib, xonadonimizning katta-yu kichik barcha a'zosining mehri tushgan jonivor edi. Biz unga yaxshi qarardik. Vaqtida suvini yangilardik, qafasini tez-tez tozalardik va doim ozuqasini berib borardik. Uni xona bo‘ylab uchishga ham ko‘p qo‘yib yuborardik. Unga ayrim qisqa so‘zlarni ham o‘rgatdik. Yelkamizga qo‘nsa va biz ovqat yeyayotgan likopdan uvoq cho‘qisa indamasdik. Qaytanga, bundan xursand bo‘lardik ham. Xullas, biz o‘zimiz ham uni xuddi oilamiz a'zosidek ko‘rardik va unga ham o‘zini shunday his qilishiga imkon berardik.

 

Lekin, taassufki, uning hayot sikli oddiy to‘tiqushning hayot sikli bo‘lib qolaverdi va u to‘tiqush uchun me'yor bo‘lgan muddat ichida yashab, shu muddatga monand vafot etdi. Ayniqsa, umrining oxirgi oylarida u borgan sari beso‘naqay va parishon bo‘lib qoldi. o‘rgatilgan so‘zlarni ham deyarli unutdi. Uchishdan ko‘ra ko‘proq oyog‘i bilan yuradigan bo‘lib qoldi. Bir so‘z bilan aytganda u - qaridi. Oxir oqibatda esa u o‘ldi. Albatta, bunday taqdir barcha tirik jon borki hammasining boshida bor... Bir kun siz ham, men ham, xullas hamma shu tariqa vafot topadi...

Bu fikr ba'zan odamni cho‘chitadi. Ba'zan esa o‘yga toldirib, falsafiy fikrlar ummoniga g‘arq qiladi. Har yili men ham yoshimga yosh qo‘shilib borar ekan, o‘sha kunga - mening ham boshimga o‘lim yaqinlashayotgan lahzaga tobora yaqin qolayotganini his qilaman. Lekin, na iloj?... Barcha tirik jon borki, o‘lim sharbatini totguchidir...

Men qarishni istamayman va bor kuchim bilan, o‘zimning yosh va navqiron holatimni saqlab qolishga tirishmoqdaman. o‘z vaqtida men o‘ta iste'dodli bolakay edim. 4 yoshimda o‘qishni o‘rganib olgandim va 15 yoshimda allaqachon kollej talabasi bo‘lgan edim. 18 yoshimda esa birinchi maqolam nashrdan chiqqandi va ho kazo. Meni o‘z yaqinlarimning qaynoq mehri qurshab olgandi va bundan men cheksiz ilhomlanar edim.

Lekin hammasining o‘z vaqti-soati bor ekan. o‘sha hammaning yoqimtoyi bo‘lgan yosh, chapdast va intellektual bilag‘on yigit bir pasda, biroz dag‘al qiyofali, oz-moz tentaknamo fe'lga ega, parishonxotir o‘rta yashar erkakka aylandi. Yoshlik yillari mashhurlik va to‘kis hayot og‘ushida o‘tgan odamlarga yillar o‘tishi, yosh ulg‘ayishi yanada kuchliroq zarba beradi.

Endilikda, afsuski ko‘pincha shunday bo‘lmoqda: bashang kiyingan va zaruriyatdan emas, balki, oliftagarchilik uchun ko‘zoynak qo‘ndirib olgan yigitcha, o‘zicha aqlli bashara namoyon qilib menga “Sizning barcha asarlaringizni o‘qib chiqqanman. Men o‘qishni o‘rganiboq sizning asarlaringizning mutolaasini boshlaganman. Menda o‘qishni o‘rganib olishimdan avval chiqqan barcha kitoblaringiz bor va ularni ham albatta o‘qib chiqaman” - degan qabilidagi gaplarni aytadi. Bu esa, tan olish kerak, menga yoqimli his bag‘ishlashdan ko‘ra, ko‘proq g‘ashimni keltiradi. Chunki, u menga allaqachon qarib, katta kishi bo‘lib qolganimni, umrim yarim-yortisidan o‘tib, finishga yaqinlashayotganini esga soladi. Ochig‘i, shunday oliftalarni yuziga tarsaki tortib yuborgim ham keladi. Shunday ham qilgan bo‘lardim. Biroq, u va u kabilarining mening yoshimga bo‘lgan hurmatini yig‘ishtirib qo‘yib, o‘zi ham yuzimga tarsaki tortib qilmasligiga kafolat yo‘q va shu fikrgina meni bunday ishdan (ya'ni, olifta basharaga tarsaki tushirishdan) qaytarib turadi. Axir, tan olishim kerakki, uning kuch-quvvati ayni paytda menikidan ziyod va unga yana munosib javob qaytara olishim ham gumon aslida...

Faqat bir narsa qolmoqda. Yosh o‘tib borishi va borgan sari qarib borayotganimning ham ijobiy tomonlarini topa olishim kerak va bu menga taskin va tasalli berishi zarur.

Xo‘sh, tirik organizmlar uchun hayotning o‘rtacha davomiyligi qanday? Bu haqida biz faqat taxminiy fikrlar yuritishimiz mumkin. Bunday mulohazalarni yuritish uchun asos qilib olinadigan statistik ma'lumotlar so‘nggi bir yarim asr mobaynida yig‘ilmoqda xolos va fikrimcha, obyektiv xulosa uchun bu kam. U ham bo‘lsa, faqat rivojlangan mamlakatlarda yuritilayotgan statistika bo‘lib, asosan, ko‘zga yaqin mavjudotlar hayot davomiyligi e'tiborga olinadi.

Shu sababli ham, u yoki bu jonivorning umr davomiyligi haqidagi gap-so‘zlar odatda faqat taxminlardan, yoki, ekspert xulosalaridan iborat bo‘ladi. Taxminlarni esa, shunga ham erinadiganlardan boshqa hamma tuza oladi. Men ham o‘sha «hamma» safidan o‘z taxminlarimni bayon etmoqchiman.

Avvaliga, biz umr davomiyligi deganda o‘zi nimani tushunishimizni aniqlab olaylik. Bu savolga turlicha javob berish mumkin. Odatda, qaralayotgan organizmning joriy sharoitlardagi yashab o‘tgan vaqti nazarda tutiladi.

Anig‘i shuki, Yerda yashab turgan barcha organizmlar uchun, bu muddat qancha bo‘lsa ham, baribir juda oz. Treska yoki ustritsa singari baliqlar millionlab uvildiriq qo‘yadi. Lekin, ularning atiga bir yoki ikki donasidan chiqqan baliq keyingi bir yil mobaynida yashab qoladi. Shunga ko‘ra, yosh treska baliqlarining umr davomiyligi bir necha hafta va hatto bir necha kun muddat bilan o‘lchanadi xolos. Uvildiriqdan chiqqan baliqlarning aksariyat qismi esa bir necha daqiqa yashaydi xolos...

Qushlarda va Sutemizuvchilarda bu holat unchalik ham fojiali emas. Ular harholda o‘z avlodi haqida qayg‘uradi va shu sababli, bunday jonivorlarning aksariyat avlodi ulg‘ayib, katta bo‘la oladi.

Turlarning yashab qolishi nuqtai nazaridan bu yetarli ko‘rsatkich sanaladi. Agar mavjudot o‘zi jinsiy yetuklikka erishib, o‘zidan avlod qoldira olsa va o‘sha avlodining ham jinsiy yetuklikka erishib, o‘zidan avlod qoldirishini ta'minlay olsa, mazkur jonivor o‘z turining saqlanib qolishiga hissa qo‘shgan bo‘ladi va o‘zining hayotidagi eng ulkan vazifani bajargan deb hisoblanishi mumkin. Agar u yashashda davom etib, yana va yana yangi avlodlarni dunyoga keltirsa, u undan ham yaxshi bo‘ladi.

Bunda jinsiy yetuklikka imkon qadar erta erishish muhim omil sanaladi. Chunki, o‘zidan avvalgi avlod tugab bitguniga qadar o‘zidan keyingi avlodni dunyoga keltirib olish barcha turlar uchun muhim biologik va fizik jarayondir. Bu turlarning saqlanib qolishi va yashovchanligi uchun g‘oyat muhim mezon sanaladi. Dala sichqoni atiga uch haftada jinsiy yetuklikka erishadi va o‘zi tug‘ilganidan olti hafta o‘tib, o‘zi ham bolasini dunyoga keltirishi mumkin. Ot, mol singari yirik Sutemizuvchilar jinsiy yetuklikka erishishi uchun taxminan 1 yil muddat kerak bo‘ladi. Katta kitlar taxminan ikki yilda balog‘atga yetadi. Ayrim hayvonlarda esa jinsiy balog‘atga yetish davri yanada cho‘ziladi. Xususan, ayiqlar 6 yilda balog‘atga yetsa, fillar 10 yildan keyingina nasl qoldirishga tayyor bo‘ladi.

Yirik etxo‘r hayvonlar esa nisbatan uzoq umr kechirish mumkin. Chunki, ularning dushmanlari nisbatan oz bo‘lib (odamlardan tashqari albatta) birovga tushlik bo‘lishdan doimo cho‘chib, qo‘rqib-pisib yurish xavotiridan holi hayot kechirishadi harqalay. Fil, begemot singari yirik o‘txorlar esa o‘z tana o‘lchamlariga ko‘ra nisbatan bexavotir yashagani uchun; buyvol, yoki, babuinlar singari nisbatan kichik o‘txorlar esa to‘da bo‘lib yashagani uchun nisbatan ancha uzoq hayot kechira oladi.

Ibtidoiy odamlar ham shu turkumga mansub bo‘lgan bo‘lsa kerak. Ular ham uncha katta bo‘lmagan guruhlarga birlashib yashashgan va o‘z avlodi haqida qayg‘urishgan. Ular elementar muloqot usullari va vositalarini rivojlantirib borishda va vaqt o‘tishi bilan, olovni, hayvonlarni va boshqa narsalarni o‘z ehtiyoji uchun bo‘ysundirishga erishdilar. Shu sababli, ibtidoiy davrlardayoq odamlarning yashash muddati, ya'ni, umr davomiyligi o‘txo‘r va etxo‘r hayvonlarinikidan uzoqroq bo‘la boshlagan. Lekin, baribir, kasalliklar, turli xavf-xatar, ozuqa yetishmasligi, o‘zaro urushlar va ho kazo boshqa omillar ta'sirida, qadimgi ajdodlarimizning umr uzunligi hozirgi odamlarning o‘rtacha umr uzunligi bilan solishtirganda ancha qisqa bo‘lgan. Shunga qaramay, ushbu «nisbatan qisqa» muddat uchun ham muayyan chegara mavjud bo‘lgan. Chunki, agar odamlar o‘zidan avlod qoldira oladigan darajada yetarlicha muddat yashamaganda edi, odamzot ham allaqachon qirilib ketgan bo‘lar edi. Taxminimcha, ibtidoiy zamonlarda odamlarning o‘rtacha umr davomiyligi 18 yoshni tashkil etishi, turning saqlanib qolishi uchun yetarli bo‘lgan. o‘ylashimcha, aytaylik tosh davrida odamning hayot davomiyligi 18 yosh atrofida bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi va uy hayvonlarini rejali ko‘paytirishni o‘rganib olish bilan, odamzotning ozuqaviy ehtiyojlari nisbatan sifatli va barqaror qondirila boshlagan. Katta shaharlar va qal'alar barpo qilish orqali esa, odamlar dushmanlardan yaxshiroq himoyalanishni o‘rganib olishgan. Shunga ko‘ra, umr davomiyligi ham bir necha yilga uzaygan va ancha yaxshilangan. o‘ylashimcha, bunday sharoitlarda odamlarning o‘rtacha yashash muddati tosh davridagidan ko‘ra ikki barobar oshgan, ya'ni, 35-yoshlar atrofini tashkil qilgan bo‘lsa kerak. Lekin, men qadim davrlarda va hatto o‘rta asrlarda ham odamlar o‘rtacha 40 yosh va undan ko‘p umr kechirishgan degan gapga ham unchalik ishonmayman. Masalan, ma'lumotlarga ko‘ra, o‘rta asrlarda Angliyada fuqarolarning o‘rtacha umr kechirish muddati 35 yoshdan oshmagan. 40 yoshga yetgan odamlar esa faxriy qariyalar singari sanalgan. Albatta, bu paytda Angliyada juda erta nikohlar va erta yoshlarda farzand ko‘rish odatiy hol bo‘lgan va 40 yoshlar atrofidagi odamning kap-katta bo‘lib qolgan nevarasi bor ekanligi hech kimni ajablantirmagan.

Zamonaviy dunyoning ayrim mamlakatlarida bunday hol XX-asrning o‘rtalariga qadar ham hali saqlanib turgan edi. Masalan, Hindistonda 1950-yildagi o‘rtacha umr davomiyligi 32 yoshni tashkil qilgan. 1938-yilda Misrda o‘rtacha umr ko‘rish 36-yoshni, 1940-yildagi Meksika statistikasida esa, aholining o‘rtacha hayot davomiyligi 38 yilni tashkil qilgani ro‘y-rost haqiqatdir.

Odamning o‘rtacha umr muddatini yanada uzaytirishga bo‘lgan keyingi katta qadamni tibbiyotning rivojlanishi va ko‘plab kasalliklar, infeksiyalar va virusli qo‘zg‘atuvchilarning butunlay yengilgani tufayli imkonli bo‘ldi. 1850-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma'lumotlariga ko‘ra, o‘rta statistik Amerikalik odamning umr davomiyligi, o‘rta asr Angliyasidagi odam umr uzunligidan uncha farq qilmagan. Ya'ni, 1850-yilgi ma'lumotga ko‘ra, AQSH fuqarolarining o‘rtacha hayot davomiyligi 38 yoshni tashkil qilgan. 1900-yilda, Lui Paster va Kox singari olimlarning sayi-harakatlari evaziga ayrim ommaviy yuqumli kasalliklar ustidan g‘alaba qozonilgach, o‘rta statistik amerikalikning umr uzunligi 48,2 yoshgacha yetgan. 1920-yilda bu ko‘rsatkich 56,6 yoshni, 1930-yilda esa 60,6 yoshni, 1940-yilda 62,8 yoshni, 1950-yilda 66,3 yoshni, 1961-yilda esa 67,8 yoshni tashkil qildi.

Jamiyatning ayollar qatlamida esa vaziyat yanada quvonarli. Agar, 1850-yilda ayollarning o‘rtacha umr davomiyligi erkaklarnikidan taxminan 2 yoshga uzoq bo‘lgan bo‘lsa, 1960-yilga kelib, ayollarning umr uzunligi erkaklarnikidan deyarli 7 yil uzoq bo‘lib qolgan.

2018-yilga kelib esa, sayyoramizda odamlarning o‘rtacha hayot davomiyligi 67,2 yoshni tashkil etmoqda. Bu borada Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlari asos qilib olinadi. Unga ko‘ra, jahon bo‘yicha eng yuqori umr uzunligi ko‘rsatkichiga Shveytsariya va Singapur mamlakatlari egalik qilmoqda. Ushbu mamlakatlarda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish muddati 83 yoshni tashkil qiladi. Avstraliya, Ispaniya va Islandiya ham fuqarolari o‘rtacha 82 yoshdan yuqori yashaydigan davlatlar sirasiga kiradi. Dastlabki o‘ntalikda shuningdek, Italiya, Isroil, Fransiya, Shvetsiya hamda, Janubiy Koreya mamlakatlari mavjud. Ularning barchasida aholining umr davomiyligi 82 yoshdan yuqori sanaladi. O‘zbekiston esa hozircha bu reytingda unchalik ham yuqori o‘rinlarda emas. 2018-yil ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 116-o‘rinda bo‘lib, bizdagi aholining o‘rtacha umr ko‘rish muddati 69,4 yoshni tashkil qiladi. Buni o‘rtacha ≈70 yosh deb yaxlitlab olgan taqdirimizda ham, biz hali aholi salomatligini mustahkamlash borasida ko‘p ishlarni qilishimiz zarurligi ko‘zga tashlanadi. Chunki, bu ko‘rsatkichning qanchalik yuqoriligi, aholining turmush darajasini belgilaydigan omillardan biri sanalishi hammaga ravshan. Afsuski, XXI-asrning ikki o‘n yilligi yakuniga kelib ham, jahondagi ayrim mamlakatlarda aholining umr ko‘rish davomiyligi juda pastligicha qolmoqda. Xususan, Serra-Leone, Angola, MAR, Chad singari Afrika davlatlarida odamlarning hayot davomiyligi 50-52 yosh atrofida xolos. Umuman olganda, aholining umr davomiyligi eng past bo‘lgan 10 ta davlatning barchasi markaziy Afrika davlatlaridir. Ular qatoriga, Kot D'Ivuar, Lesoto, Nigeriya, Somali va Sudan ham kiradi. Ularning barchasida, aholining o‘rtacha umr davomiyligi 55 yoshdan pastdir. Ushbu mamlakatlarda aholi umr ko‘rish darajasining bu darajada past ekaniga sabab, asosan ushbu hududlarda turli infeksion kasalliklarning o‘ta keng tarqalgani va deyarli nazorat qilinmasligi bilan bog‘liq. Sanab o‘tilgan mamlakatlarning ayrimlarida aholining 26% gacha bo‘lgan qismi turli bedavo kasalliklar, jumladan OITS bilan kasallangan.

Lekin umuman olganda, butun jahon bo‘ylab insonning umr ko‘rish davomiyligi muttasil o‘sib bormoqda va ko‘rsatkich yildan-yilga yaxshilanayotgani quvonarli. Jahonning 30 ta mamlakatida aholining o‘rtacha umr ko‘rish muddati 80 yosh va undan baland ko‘rsatkichga ega. 68 ta mamlakatda esa odamlar o‘rtacha 75 yosh va undan uzoq hayot kechiradi. Aholisi o‘rtacha 70 yoshdan ortiq umr ko‘radigan davlatlar soni esa 111 tani tashkil qiladi.

Aholi o‘rtacha yoshining o‘zgarishlari, ayniqsa, uning o‘sib, yaxshilanib borishi shubhasiz, jamiyatda muayyan ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlarga turtki beradi. Agar o‘tgan asrlarda 70 yoshdan oshgan qariyani uchratish favqulodda noyob hodisa sanalgan bo‘lsa, bugungi kunda qari odamlarni ko‘cha-ko‘yda uchratish hech kim uchun ajablanarli holat bo‘lmay qolgan.

Lekin, tarixda, qariya yoshga yetgan odamlar o‘z keksa yoshi tufayli xatarda qolgan paytlari ham bo‘lgan. Bu ayniqsa ayollar uchun jiddiy xavf tug‘dirgan. Chunki, jamiyatdagi ayollarning aksariyati tug‘ish yoshida, farzand dunyoga keltirish paytida o‘lib ketgan, yoki, tug‘ishdan keyingi asoratlar tufayli ko‘p o‘tmay jon bergan. Shu sababli, hatto XX-asr boshlarida ham jamiyatda qari ayollar salmog‘i qari erkaklar sonidan ancha oz bo‘lgan. Bunday keksa yoshga yetgan ayollardan esa ko‘pchilik cho‘chigan va ulardan nari turishga harakat qilgan. Chunki, jamiyatda ildiz otgan xurofot targ‘ibotlariga ko‘ra, alvasti va ajinalar odatda yuzi burishgan, tishi kemshik, xunuk ayollar qiyofasida tasvirlanar edi va odamlar, qariya ayollarni shunday deb o‘ylab, ulardan xavfsirashardi. Lekin, hozir jamiyatlar ancha taraqqiy etdi va endilikda, qariya ayollar va erkaklar, aniqrog‘i chol va kampirlar salmog‘i jamiyatda deyarli teng; ular anchayin ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu yaxshi albatta.

Yuqoridagi misollarni o‘qib va ayniqsa, jahonda odamlarning o‘rtacha umr davomiyligi muttasil o‘sib borayotganini bilib, ayrim mutolaachilar yaqin orada endi odamzot o‘rtacha 150 yil yashay oladigan zamonlar kelsa kerak degan fikrga borib qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin, buning imkoni yo‘q. Agar tibbiyotda va geriatriyada qandaydir inqilobiy yangiliklar paydo bo‘lmasa, biz o‘zimiz uchun qandaydir chegaraviy vaziyatga yetib keldik deb hisoblashimiz mumkin. Chunki, kasalliklar ustidan batamom g‘alaba qozonilgan va qirg‘inbarot urushlar to‘xtatilgan holda ham, baribir inson organizmining biologik qarish va organlarning keksalik tufayli o‘z funksiyasini yo‘qotish holati mavjud bo‘ladi. Shunga ko‘ra, zamonaviy dunyoda odamlar uchun maksimal o‘rtacha yosh chegarasi 70-80 yosh orasida qolmoqda va yaqin yillarda bu ko‘rsatkich saqlanishi kutilmoqda[1]. Lekin bu statistika uchun yaraydigan o‘rtacha umr ko‘rish yoshi xolos. Albatta, har bir inson imkon qadar uzoqroq yashashga intiladi. Keling, shu sababli, o‘rtacha umr ko‘rish yoshi haqida emas, odam maksimal necha yoshgacha yashashi mumkinligi haqida gaplashamiz.

Barcha biologik turlar o‘rtacha umr davomiyligidan tashqari, faqat o‘zigagina xos bo‘lgan maksimal umr ko‘rish yosh chegarasiga ham ega bo‘ladi. Yetish mumkin bo‘lgan maksimal yosh o‘rtacha yoshdan 50-100% gacha farq qilishi mumkin. Hozirgi kungi o‘rtacha yoshni 70 deb olsak, maksimal erishish mumkin bo‘lgan yosh chegarasini 115 deb olishimiz menimcha to‘g‘ri bo‘ladi.

Albatta, siz OAVda davriy paydo bo‘ladigan, dunyodagi eng yoshi ulug‘ kishilar va ularning qayerda yashayotgani haqidagi axborotlarga ko‘zingiz tushgan. Ba'zi uzoq umr ko‘ruvchi keksalarning 150 yosh va hatto undan ham uzoq yashaganligi haqidagi ma'lumotlarga ham duch kelamiz. Taassufki, bunday ma'lumotlar asosan aslida aniq hujjatlarga asoslanmagan va asosan taxminlarga tayangan ma'lumotlardir. Masalan, Angliyada 1481-yilda tug‘ilib, 1635-yilda vafot etgan Tomas Parr ismli shaxs haqida afsonalar yuradi. Bu gapga ishonadigan bo‘lsak, u naq 154 yil umr ko‘rgan bo‘lib chiqadi. Lekin, uning aynan qachon tug‘ilgani aslida faqat taxmin bo‘lib, bu ma'lumotni bo‘rttirib ko‘rsatish va «rekord» ortidan quvish uchun o‘ylab topilgan narsa bo‘lishi ehtimoli katta. Axir Tomas Parrning haqiqatan ham 1481-yilda tug‘ilganini tasdiqlovchi hech qanday dalil-hujjat yo‘q. o‘sha paytlarda Angliyada bola tug‘ilgani haqida, hech bo‘lmasa, uni qaysi sanada cho‘qintirilgani to‘g‘risida cherkov qaydlari yuritilgan va Tomas Parr haqida ham ma'lumot bo‘lishi kerak edi. Lekin, aftidan bu qandaydir bilvosita manbalarga tayanib hisoblab topilgan yil sanasi bo‘lsa kerak va u haqiqatdan ancha yiroq. Balki u haqiqatan ham 100 yildan uzoq yashagandir.

Shuningdek, jahonning turli mamlakatlarida shu kabi, mahalliy «rekordchi» uzoq umr ko‘rganlar haqida ham ma'lumotlar ko‘p uchraydi. Eng ko‘p 130 yoshdan oshgan qariyalar haqidagi ma'lumotlar asosan Kavkaz xalqlarida tarqalgan. Xususan, Sherali Muslimov ismli Ozarbayjonlik cho‘pon 1973-yilda vafot etgan va uning 168 yoshga to‘lganligi haqida ma'lumotlar butun sovet ittifoqida shov-shuv qilingan. Lekin, aslida uning ham aniq qaysi yili tug‘ilgani haqida ishonchli ma'lumot yo‘q. U haqiqatan ham balki, aniq 120, yoki, 130 yoshdan oshgandir. Lekin, 168 yosh - ishonish qiyin bo‘lgan ko‘rsatkichdir.

2015-yil 28-martda vafot etgan Qoraqalpog‘istonlik To‘ti Yusupova ismli ayolning pasportida tug‘ilgan sanasi 1880-yil deb qayd etilgan edi. Shunga ko‘ra, To‘ti Yusupova o‘zining 135-yoshlik yubileyiga bir necha oy qolganda vafot etgan. To‘ti Yusupova O‘zbekistonliklar ichida eng uzoq yashagan inson sanaladi. Lekin, uning ham tug‘ilgan sanasi aynan 1880-yil ekani hech qanday dalilga ega emas. Axir 1880-yilda Xiva xonligida hali odamlarga tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilmas edi... Biroq, shunga qaramay, To‘ti Yusupovaning ham asl yoshi kamida 115-120 bo‘lgani tayin degan ma'lumotlar bor.

Jahonning boshqa mamlakatlarida ham bunga o‘xshash misollar ko‘p. Masalan, 2012-yilda Turkiyada vafot etgan Halima o‘ljay ismli ayol va 2014-yilda Jazoirda olamdan o‘tgan Muborak Rahmoni ismli erkakning ham 1874-yilda tug‘ilgani haqida og‘zaki ma'lumotlari bo‘lgan va shunga ko‘ra ular mos ravishda 137-yosh va 140-yoshga yetgani aytilgan edi. 2010-yilda Indoneziyada olamdan o‘tgan Sodjimejo Saparman ismli erkakni 1870-yilda tug‘ilgan deb hamma ishongan va uni 145-yoshga kirgani aytilgan edi. Xo‘p, bularga-ku, ishonish mumkindir. Lekin, ayrim odamlarning uzoq umr ko‘rish yoshi haqida jahonning asosan qoloq va rivojlanmagan mamlakatlaridan tarqaladigan va ishonchsizligi kundek ravshan bo‘lgan ayrim ma'lumotlar borki, hayratdan yoqa ushlaysan kishi. Masalan, Uganda davlatida 1967-yilda vafot etgan Ezikel Srenze ismli odam 1787-yilda tug‘ilgan edi deb da'vo qilinadi va shunga ko‘ra, o‘lgan paytida u 180 yoshda bo‘lgan deb ta'kidlanadi. Hindistonda 1990-yilda olamdan o‘tgan Devarxa ismli cholni esa 1740-yilda tug‘ilgan edi deb aytishgan. Emishki, u 250 yil (!) yashagan emish... Lekin, Myanma davlati 2013-yilda tarqatgan xabar oldida bular hammasi holva. 2013-yil 24-sentyabrda olamdan o'tgan Sayaday Kovida ismli budda ruhoniysi bo‘lgan erkak aslida 908-yilda tug‘ilgan bo‘lgan emish va shunga ko‘ra u 1105-yil yashagan bo‘lib chiqarmish... Uning oldida, Tailandliklarning 1995-yilda o‘lgan Suvong ismli fuqarosining aslida 1551-yilda tug‘ilgan bo‘lgani va shunga ko‘ra u 444 yoshni qarshilab, keyin o‘lgani haqidagi gaplari biroz insofdan tuyuladi??????.

Odatda, bunday yosh rekordlarini inobatga olishda, aytganimizdek, cherkov qaydnomalari, yoki, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar, yoki, aholini ro‘yxatga olish ma'lumotlariga tayaniladi. Lekin afsuski, ko‘plab mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish ham, tug‘ilganlik haqidagi ma'lumotlarni berish ham faqat XX-asrga kelib yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababli, yuqoridagi kabi, XX-asrdan avvalgi asrlarda dunyoga kelgan qariyalarning aniq yoshini belgilash qiyin. Ayniqsa, qariya sivilizatsiyada yiroq bo‘lgan, chekka joylarda yashab o‘tgan bo‘lsa bu ish yanada murakkablashadi. Chunki, o‘sha paytlarda kimningdir aynan qachon tug‘ilganini hech kim ataylab yozib bormagan. Agar bu haqida eslash kerak bo‘lib qolsa, biror shaxsning tug‘ilgan yilini belgilash uchun odamlar «falonchi xon taxtga chiqqan yili, anjir pishgan mahalda tug‘ilgan», yoki, «falon voqeadan keyin ramazonga yaqin tug‘ilgan» - degan taxminlarga asoslanib ish ko‘rishgan. Tug‘ilish va o‘limning aniq sanalarini yozib borish esa faqat olimlar hamda, aslzoda shaxslar xonadonida yuritilgan.

Tug‘ilishni qayd etish Britaniyada ilk bora 1835-yilda yo‘lga qo‘yilgan. 1948-yilda vafot etgan Izabella Sheferd ismli ayol o‘sha 1835-yilda ikki yoshli go‘dak bo‘lgani haqida ma'lumotlar bor edi va u XX-asrning 40-yillarida Britaniya orollarining eng keksa odami hisoblanardi. 1814-yilda vafot etgan Kanadalik erkak Pyer Juber esa 1701-yilda tug‘ilgani haqida hujjatga ega bo‘lgan. Shunga ko‘ra, u 113-yoshga yetgani ham tayin ma'lumot sanaladi.

Umuman olganda, tarixda tug‘ilganlik haqida guvohnomasiga ko‘ra, aniq tug‘ilgan sanasi ma'lum bo‘lgan eng uzoq yashagan odam 1997-yilda Fransiyada vafot etgan Janna Kalman ismli ayol bo‘ladi. Uning 1875-yil 21-fevralda tug‘ilgani aniq edi va shunga ko‘ra, Kalman to‘liq 122 yil umr ko‘rgani haqiqatdir. AQSHlik Sara Knauss ismli ayol esa, 1999-yilda vafot etgan. Uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi 1880-yil 24-sentyabrda berilgan edi. Shunga ko‘ra u 119 yil yashagani ham aniq. 2018-yil 21-aprelda Yaponiyada vafot etgan Nabi Tadzima ismli ayol esa 1900-yilning 4-avgustida tug‘ilgan edi. U jami 117 yil va 260 kun umr kechirgan.

Hozirda hayot bo‘lgan uzoq umr ko‘ruvchi shaxslar ichida esa Yaponiyalik Kane Tanaka ismli ayol yetakchilik qilmoqda. U 1903-yilning 2-yanvar sanasida tug‘ilgan va allaqachon 115-yoshdan o‘tdi. Shuningdek, 115 yoshdan o‘tgan va hozirda tirik qariyalar ichida 1903-yilda tug‘ilgan Italiyalik Mariya-Juzeppa Robuchchi ismli ayol, hamda, Yaponiyalik Simoe Akiyama ismli ayol ham bor.

Ushbu shaxslar sayyoramizdagi eng uzoq umr ko‘rgan va tug‘ilish va o‘lim sanasi aniq hujjatlar bilan dalillangan odamlar sanaladi. Keling, shunga ko‘ra, sayyoramizda odamlarning hozirgi maksimal yashash yoshi chegarasi 115 yosh deb olamiz. Agar, bu taxminimiz haqiqatga yaqin bo‘lsa, unda bizning xafa bo‘lishga yoki, suyunishga qanchalik asosimiz bor? Sayyoramizda biz bilan yonma-yon yashayotgan boshqa tirik mavjudotlarning umr ko‘rish maksimal chegarasi bilan bizning ushbu 115 yosh ko‘rsatkichimiz taqqoslansa, qanday natija kelib chiqadi?

Agar taqqos va qiyosni o‘simliklardan boshlasak, hech bir shubha yo‘qki, odamlar ham, umuman qonli mavjudotlar o‘simliklarga ancha katta yosh farqi bilan yutqazadi. Odamlardan farqli o‘laroq, o‘simliklarning yoshini birmuncha katta aniqlikda belgilash mumkin. Buning uchun, o‘simlik tanasidagi yog'ochlikdagi halqalar soni sonini sanash kifoya. Albatta, bu maqsadda yana ham yuqori texnologik usullardan, masalan, radiouglerodli tekshiruvdan ham foydalanish mumkin. Hozirda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Yerdagi eng qadimgi tirik daraxt - «qari Tikko» deb nomlanadigan va Shvetsiyada o‘sadigan oddiy archa daraxtidir. Uning yoshi taxminan 9550 yoshda ekani aniqlangan. Shri-Lankada o‘sayotgan fikus o‘simligining eramizdan avvalgi 288-yilda ekilgani ham aniq ma'lum. Sardiniya orolida ham deyarli 3000 yoshda bo‘lgan Zaytun daraxti mavjud. Sitsiliya orolida esa 3000 yoshdan o‘tgan kashtan daraxti barg yozib turibdi. Argentina milliy bog‘ida esa kiparis daraxtining 2600 yoshga to‘lgan vakili mavjud. Yurtimizda ham ming yillik chinorlar mavjudligini ko‘pchilik eshitgan albatta. Shularni e'tiborga olsak, Myanmaliklarning haqiqatdan yiroq «rekord» chollari ham qadimgi qariya daraxtlar oldida ip esholmay qolishi tayin ??????

Xullas, eman, yoki, undan ham uzoqroq yashaydigan ulkan Sekvoya haqida gap ketganda, uzoq umr ko‘rish haqidagi odam bilan qiyosiy savolni qo‘yish o‘zi kulgili bo‘ladi. Daraxtlarning ayrim vakillari 3000 yoshdan ziyod yil yashab kelayotganini esa ko‘pchilik OAV orqali allaqachon eshitgan bo‘lsa kerak.

Biroq, daraxt bo‘lib yashash uchun juda sust va zerikarli hayot tarziga ko‘nikish kerak bo‘ladi. Keling, undan ko‘rasi, hayvonlar bilan taqqoslaganda vaziyat qanday bo‘lishini tahlil qilaylik.

Sodda tuzilgan organizmlar hayratlanarli darajada uzoq yashashi mumkin. Dengiz korallari, anemonlar va shunga o‘xshashlarning 50 yil va undan ziyod yashagani haqida aniq ma'lumotlar bor. umurtqasiz dengiz jonivorlarning ayrim vakillari, masalan dengiz qisqichbaqalari ham 50 yilgacha yashashi mumkin. mollyuskalarning esa 30 yil atrofida umr ko‘rishi kuzatilgan. o‘ylashimcha, biz taqqos uchun umurtqasizlarni olishimiz o‘rinsiz. Keling, umurtqali jonivorlar bilan bahs boylashaveraylik.

Umurtqalilarning umr davomiyligi haqida juda ham ko‘p uydirma-cho‘pchaklar va ishonsa bo‘ladigan, haqiqatga yaqin ma'lumotlar mavjud. Ayniqsa baliqlar baliqlar katta sinfining‘ayrim vakillarning bir necha yuz yillab ham o‘lmay yashashi mumkinligi haqida afsonalar mavjud. Ayrimlarning fikriga ko‘ra esa, ba'zi baliqlar shunchaki qarimas ekan va o‘sib-ulg‘aygach, kimdir uni ataylab o‘ldirmaguncha (masalan, dushmani yeb qo‘ymaguncha), o‘lmay yashayverar emish. Albatta, bu haqiqatdan yiroq bo‘lgan cho‘pchak xolos. Biologik qarish har qanday tirik mavjudotning taqdirida bor. Lekin, shunga qaramay, Shimoliy Amerikadagi ko‘llarning birida 100 yildan ziyod yashagan osyotr balig‘i haqida ishonchli ma'lumot mavjud. Uning yoshi, suzgich qanotidagi halqalar soni orqali katta aniqlikda o‘rnatilgan.

Suvda ham quruqda ham yashovchilar, ya'ni, amfibiyalar orasida uzoq umr ko‘rish rekordlari ulkan salamandralarga tegishli. Ularning ayrim vakillari 50 yil atrofida umr ko‘radi. Sudralib yuruvchilar esa ulardan ham yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Xususan, ayrim turdagi ilonlar 30 yilga yaqin umr kechirsa, timsohlarning 60 yilgacha yashashi ma'lum. Lekin, bu tur jonivorlar orasida rekordchisi baribir toshbaqalar bo‘ladi. Fanda aniq dalil bilan isbotlangan eng qariya toshbaqa 152 yil umr ko‘rgani tasdiqlangan. Galapagos orollarida yashaydigan ulkan toshbaqalarning esa 200 yosh va undan uzoq yil yashashi ham ma'lum.

Toshbaqalar ham o‘ta sust va zerikarli hayot tarzi bilan yashaydi. Albatta, toshbaqalar daraxtlarchalik sekin bo‘lmasada, har holda, faollik darajasi o‘ta sustligi tufayli, odam hayoti bilan qiyos uchun yaramaydi. Odamzotning maksimal umri bilan taqqoslashga loyiq bo‘lgan ikki xil tur jonivorlar bor. Ularning hayoti ham bizniki singari jo‘shqin, tezkor va faol bo‘lgani uchun, taqqosga aynan shu turlarni olish to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Ular ham xuddi bizga o‘xshab issiqqonli jonzotlardir. Bular qushlar va Sutemizuvchilar bo‘ladi. Albatta, Sutemizuvchilarning ayrim turlari qishki uyqu evaziga biroz sustlashib, shu orqali, o‘z umr davomiyligini uzaytiradi. Lekin, umuman olganda, bu ularda u qadar katta tashabbus va imkoniyat bermaydi ham.

Sutemizuvchilar va qushlarni o‘zaro taqqoslansa, qushlarda imkoniyat yuqoriroq ekani ma'lum bo‘ladi. Hayotiy ehtiyojlari tamomila boshqacha bo‘lgan holda, masalan, kaptar va sherning yashash davomiyligi deyarli bir xil. Chag‘alaylar ham begemot bilan deyarli bir xil uzunlikda yashaydi. Qushlar haqida gap ketganda, oqqushlar va to‘tilarning ayrim turlari 100 yil va undan ziyod muddat yashashi mumkinligi haqidagi afsonalarga duch kelamiz. Lekin, bu gaplarning asosi qay darajada ishonchli ekaniga hech kim kafil bo‘la olmaydi. Qarg‘alarning ham 300 yilgacha yashashi haqidagi gaplar ancha ishonchsiz. Bir qarg‘aning 115 yil yashaganini olimlar aniqlashgani haqida o‘qigan edim. Qirg‘iy va burgutlarning ham juda uzoq, 50-70 yillab yashashi mumkinligi aytiladi. Lekin, qushlar olamida aniq dalillarga ega bo‘lgan eng uzoq yashagan qush bu 73 yoshda o‘lgan to‘ti ekani belgilangan. Qolgan barcha «rekord»larda, aytilayotgan «qahramon»ning dunyoga kelgan aniq yili ma'lum emas.

Keling endi Sutemizuvchilar haqida gaplasha qolaylik. Ular biologik jihatdan bizga eng yaqin jonivorlardir. Quyida ayrim turdagi Sutemizuvchilarning erishgan eng maksimal yosh ko‘rsatkichlarini keltiraman. Bu ko‘rsatkichlar ishonarli manbalar asosida olingan. Ya'ni:

Eng keksa fil 77 yilgacha yashagani ma'lum;
Kit 60;
Begemot 49;
Eshak 46;
Ot 40;
Gorilla 45;

Shimpanze 39;
Zebra 38;
Sher 35;
Ayiq 34;
Mol 30;
Kiyik 25;
Tyulen 25;
Mushuk 20;
Cho‘chqa 20;
It 18;
Echki 17;
Qo‘y 16;
Kenguru 16;
Ko‘rshapalak 15;
Quyon 15;
Olmaxon 15;
Tulki 14;
Dengiz cho‘chqasi 7;
Kalamush 4;
Sichqon 3;
Ko‘rsichqon 2.

Yodda tutingki, ushbu sanab o‘tilganlar ichida maksimal yoshga ushbu turga mansub faqat alohida, yakka bir vakil erishishi mumkin. Masalan, qandaydir tasodifiy quyon 15 yil yashashi mumkin; lekin, bu hamma quyonlar ham 15 yil yashay oladi degani emas. o‘rta statistik quyon baribir uzog‘i bilan 10 yilda o‘ladi. Xuddi shuningdek, boshqa bir quyon 3 yoshga ham yetmasdan o‘lib ketishi mumkin.

Umuman olganda esa bir manzara ayon: bir sinfdagi organizmlar ichida o‘lcham jihatdan kattalari uzoqroq yashash muddatiga ega bo‘ladi. o‘simliklarda ham xuddi shu ahvol. Ulkan sekvoya oddiy terakdan ko‘ra ancha uzoq yashaydi. Hayvonlarda ham shunga o‘xshash vaziyat: gigant osyotr balig‘i seld balig‘idan ko‘ra uzoqroq yashaydi; ulkan salamandra ham oddiy qurbaqadan ko‘p umr kechiradi. Timsohning oddiy kaltakesakdan uzoqroq hayot ko‘rishini esa yaxshi bilasiz albatta. Qushlar ham shunday. Qirg‘iyning qaldirg‘ochdan ko‘proq yashashi sir emas. Sutemizuvchilar ham bu tendensiyadan mustasno emas. Axir filning sichqondan ko‘p yashashi hammaga ma'lum.

Uzoq yashash muddati va tana o‘lchamlari orasidagi bog‘liqlik ayniqsa Sutemizuvchilarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin ba'zida bunday aloqadorlikka zid holatlar ham uchrab turadi va ularning ayrimlari hatto o‘ta hayratlanarli faktlarni taqdim etadi. Masalan, kitlarning o‘z gabaritiga nisbatan, maksimal yashash muddati juda qisqa. Yerdagi eng ulkan tana o‘lchamli jonivor bo‘la turib, kitlar uzog‘i bilan 60 yil yashashi g‘alati. o‘rta statistik kit esa 30 yoshdan oshmaydi odatda. Buning sababi, birinchidan, muttasil suvda harakatda bo‘lish, hamda, odamlar tomonidan ayovsiz ovlanishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Ushbularni inobatga olsak, Sutemizuvchilar ichida eng uzoq maksimal yashash muddatiga ega vakil bu - odam bo‘lib chiqadi! Bizning tur tana o‘lchamlari jihatdan ancha kichik bo‘lishiga qaramasdan, quruqlikdagi eng yirik jonivorlar - fillardan ham uzoq yashashi yuqoridagi jadvaldan ma'lum qilindi. Biror keksa odam 100 yoshga to‘lganida, mabodo u bilan bir kunda tug‘ilgan bir yoki ikki dona toshbaqa qolmagan bo‘lsa, lekin, u bilan tengdosh qirg‘iy, yoki osyotrlar umuman qolmagan bo‘ladi.

Agar siz bu faktni o‘qib hayratga tushgan bo‘lsangiz shoshmay turavering. Keyingi faktlar sizni yanada hayratga soladi.

Sut emizuvchi tana o‘lchami qanchalik kichik bo‘lsa, uning tanasidagi moddalar almashinuvi shunchalik tez sodir bo‘ladi. Boshqacha aytganda, bunday jonivor tezkorroq hayot tarzi bilan yashaydi va uning biologik soat millari tezroq, ildamroq yuradi. Sir emaski, mayda Sutemizuvchilar yirikroq hayvonlardan ko‘ra jadalroq harakatlanadi, tezroq ovqatlanadi va umuman olganda chaqqonroq ham bo‘ladi. Sutemizuvchilar tanasidagi modda almashinuvi tezligi ko‘rsatkichi borasida muhim bir jarayonni - jonivorning yurak urish tezligini olish mumkin. Quyida biz yuqorida aytib o‘tgan jonivorlarning endi o‘rtacha yurak urish tezliklari keltirilgan. Ya'ni:

Ko‘rsichqon yuragi bir daqiqada o‘rtacha 1000 marta uradi;
Sichqon 500;
Kalamush 430;
Quyon 150;
Mushuk 130;
It 95;
Cho‘chqa 75;
Qo‘y 75;
Odam 72;
Mol 60;
Sher 45;
Ot 38;
Fil 30;
Kit 17

Endi, shunday qilib, bizda 14 xil sut emizuvchi uchun maksimal yosh chegarasi va yurak urish tezliklari ko‘rsatkichlari ma'lum. Agar shu ko‘rsatkichlarni o‘zaro ko‘paytirsak, sut emizuvchining maksimal umri davomida nechtagacha yurak urishi ko‘rsatkichi kelib chiqadi. Shunda quyidagi jadval hosil bo‘ladi:

Ko‘rsichqon yuragi umri davomida maksimal 1050000000 marta uradi;
Sichqon 950000 000;
Kalamush 900000 000;
Quyon 1150000 000;
Mushuk 1350000 000;
It 900000 000;
Cho‘chqa 800000 000;
Qo‘y 600000 000;
Sher 830000 000;
Ot 800000 000;
Mol 950000000;
Fil 1200000000;
Kit 630000000 marta yurak urishi bilan yashab o‘tadi.

Keltirilgan ma'lumotlar dag‘al taqribiy yaxlitlashlar bilan ifodalanganini unutmagan holda, men shunday xulosa qilishga asos ko‘rmoqdaman: sut emizuvchi eng uzog‘i bilan 1 milliard marta yurak urishi muddaticha bu hayotda umr kechiradi va oxiri yorug‘ olamni tark etadi.

Siz allaqachon sezgan bo‘lsangiz kerakki, oxirgi jadvalda men odam uchun hisoblangan ma'lumotlarni keltirmadim. Bu haqida alohida bayon qilmoqchiman. Odamning ham organizmdagi modda almashinuvi o‘z tana o‘lchamlariga monand va u boshqa Sutemizuvchilarnikidan deyarli farq qilmaydi. Shuningdek, odamning yurak urish tezligi ham o‘z o‘lchamlariga mos ravishda. Qandaydir, favqulodda ko‘zga tashlanadigan keskin farqimiz yo‘q bizning boshqa mavjudotlardan. Odam yuragi yirik Sutemizuvchilarnikidan tezroq, lekin, mayda Sutemizuvchilarnikidan tezroq uradi. Lekin, biz maqola uchun belgilab olgan maksimal yosh ko‘rsatkichi - 115 yil davomida, inson yuragi 4350000000 marta urishini hisoblash qiyin ish emas.

Ya'ni, biz uchun hozirgi davrda qandaydir eng uzoq yashash chegarasi bo‘lgan 115 yil umr ko‘rgan qariya chol yoki kampirning yuragi oz emas, naq 4 milliarddan ko‘proq marta urgan bo‘lar ekan! Shu tariqa, sayyoramizdagi o‘rtacha yashash muddatiga erishgan odamning yurak urishlari soni 2,5 milliard martani tashkil qilishi mumkin ekan. Chorak asrni, ya'ni, 25 yoshni qarshilagan, yosh navqiron yigitcha, yoki, qizning yuragi allaqachon 1 milliard martadan ko‘p zarb urgan bo‘lib, hali bu odam uchun hayotning ancha yosh qismi hisoblanadi.

Gap nimada ekanini endi anglay boshladingizmi? Gap shunchaki bizning boshqa Sutemizuvchilardan ko‘ra yillar hisobida ko‘proq, uzoqroq va uzunroq umr ko‘rishimiz haqida ham emas. Agar, yurak urishlari hisobidan olsak, biz biologik jihatdan, boshqa Sutemizuvchilardan ko‘ra 4 barobar uzoqroq yashaydigan mavjudotlar ekanmiz!

Buning sababi balki bizning go‘sht iste'mol qilishimiz bilan bog‘liqdir? Bu borada hech qaysi sut emizuvchi bizning oldimizga tusha olmaydi. Shimpanze yuragi odam yuragi bilan deyarli bir xil uradi. Gorilla sal sekinroq yurak urishiga ega bo‘lsa-da, lekin, ulaning har ikkisi ham uzog‘i bilan 1,5 milliard yurak urishi muddaticha yashaydi xolos. Undan qanday qilib odam 4 milliarddan ziyod yurak urish muddaticha yashash imkoniga ega bo‘lmoqda?

Yuragimizda ne sir yashirin? Bizning ushbu organizmini boshqalarnikidan yaxshiroq ishlashiga va uzoqroq muddat urib turishiga nima sabab bo‘lmoqda? Nima sababdan, inson yuragi qolgan mavjudotlarnikidan ko‘ra ko‘proq yashash imkonini beradi?

Ochig‘ini aytaman, bu savolning javobini men bilmayman. Lekin, javob qanday bo‘lgan taqdirda ham men unga rozi bo‘lgan bo‘lardim. Chunki, men odam emas, balki, boshqa biror turdagi sut emizuvchi bo‘lganimda, mening yuragim allaqachon milliard martadan ko‘p urib bo‘lgan bo‘lardi va katta ehtimol bilan, allaqachon olamdan ko‘z yumgan bo‘lardim. Lekin, men odam bo‘lib dunyoga keldim. Men Homo Sapiens vakiliman va mening mo‘jaz va mo‘jizaviy yuragim juda faollik bilan, boshqalardan ko‘ra uzoqroq yashash imkoniyati bilan shodon urib turibdi. Tan olishim kerak, ushbu fakt menga favqulodda yoqimli tuyulmoqda va hayotga bo‘lgan ishonchimni orttirmoqda.

Endi men o‘zimni o‘rta yashar ezma erkak deb his qilmay qo‘ydi, Hali yurak urishlar sonini menda juda ko‘p ekani, hayot menga boshqalardan ko‘ra ko‘proq imkoniyat berganligini anglab, ich-ichimdan quvonyapman. Boz ustiga, men Yerda eng uzoq muddat yashay oladigan mavjudotlar turkumidan ekanligimdan tashqari, Yerda hukmron bo‘lgan ongli mavjudot turiga mansub ekanimni o‘ylasam menga yanada ilhom bag‘ishlamoqda. Yillarning endi unchalik ahamiyati yo‘q. Zotan men va mening turimga eng katta ne'mat - hammadan ham uzoq va ongli umr kechirish imkoni berilgan ekan.

Qani endi hisoblab ko‘raychi, 115 yoshgacha yana qancha ishga ulgurarkinman? Balki, menga hayot undan ham uzoq muddat berar? Orzuga ayb yo‘q...

 


[1] Lekin bu ham, o‘z nomi bilan o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ekani va g‘irt statistik ma'lumot bo‘lib, aniq bir odam uchun uning aynan necha yoshda vafot etishini oldindan aytishga hech qanday asos bo‘la olmaydi. 70-80 yosh orasi degani, hamma ham shu yosh chamasida, aytaylik, aniq 75 yoshda o‘ladi degani emas va aqli, ongi ishlab turgan inson buni juda yaxshi tushunadi. Kimdir, 70 yoshga kirib-kirmay allaqachon vafot topishi mumkin. (Xususan, mening har ikkala bobom ham 72 yoshdayoq olamdan o‘tishgan; enam 73 yoshda vafot etganlar; acham, ya'ni, onamning onalari 62 yoshda o‘tganlar; ona tarafdan katta acham, ya'ni, onamning onalarining onasi esa 93 yoshgacha yashagan). Yana kimdir 80 yoshni qarshilab ham, keyingi yoshgacha bemalol sog‘-omon yetib bora oladi. Albatta, har kimning ham imkon qadar uzoq va sog‘lom hayot kechirgisi keladi. Duolarimizda bejizga bir-birimizga uzoq umr tilab fotiha qilmaymiz albatta.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 03.01.2019 13:23  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Kimyo o'qituvchisi Boltavoyga savol beryapti:

-Boltavoy, doskada qaysi moddaning formulasi yozilgan?

Boltavoy vaziyatdan chiqmoqchi bo'lib:

-Domla, shu tilimni uchida turibdiyu, aytolmayapman-da!

Shunda domla rangi oqarib, titroq ovoz bilan:

-Tez tupurib tashla! Axir bu zaharli kislota-ku!!!


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 10916048

Tafakkur durdonalari

Xitoydan bo'lsa ham ilm o'rganinglar.

Hadis