Xo‘sh, qani ular?
Yulduzlar g‘uj bo‘lib, osmonni to‘ldirgan oydin kechada Somon Yo‘lining jozibasidan lol qolgan har qanday odam, favqulodda ulkan Koinot qarshisida o‘zining nafaqat mitti zarra ekanini, hattoki, o‘ta ojiz va noqis ekanini ham his qiladi. Ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladigan sanoqsiz yulduzlar va poyonsiz osmon manzarasi odamni qandaydir falsafiy o‘ylarga toldiradi. Nahotki shunday keng va favqulodda ulkan Koinotda bizdan o‘zga ongli mavjudotlar bo‘lmasa. Mayli, ongli mavjudotlar tugul, shunchaki hayot asari ham topilarmikin?
Zamonaviy astronomiyadagi ma'lum Koinotning sarhadlarining qay darajada ulkan va cheksiz ekanini aqlga sig‘dirishi qiyin. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, katta sonlarni va Borliq masshtablarini tasavvur qilishga urinib ko‘ring. Biz esa misollar bilan siga yordam berishga urinamiz.
Biz Quyosh sistemasida joylashganmiz. Quyosh sistemasida bitta yulduz va sakkizta yirik sayyora bor. O‘sha sakkizta sayyoradan bittasida, ya'ni, Yerda hayot mavjud.
Endi miqyosni kengroq olamiz. Quyosh sistemasi Somon Yo‘li galaktikasining chetki qismida joylashgan. Biz Yerdagi tungi osmonda Somon Yo‘li galaktikasining nihoyatda kichik bir qismini kuzatamiz xolos.
Galaktikamizning o‘zida xuddi Quyoshga o‘xshagan yulduzlar soni 400000000000 (to‘rt yuz milliard!) atrofida. Endi tasavvur qiling, shuncha yulduz atrofida o‘z sayyoralaridan iborat sistemalari mavjud bo‘lsin. Hammasining emas, balki, shuncha yulduzdan faqat yarmisini atrofida Yerga o‘xshash sayyora bo‘lishi mumkinmi? Albatta mumkin. Agar Somon Yo‘lidagi taxminan 200 milliard yulduz atrofida Yerga o‘xshash sharoitga ega sayyoralar bo‘lsa va ushbu 200 milliard sayyoraning hech bo‘lmasa 0.1% qismida xuddi Yerdagi singari hayot shakllangan bo‘lsa, demak galaktikamizning o‘zida kamida 200000000 (ikki yuz millionta!) sayyorada hayot shakllanishi mumkin edi. Shuncha sayyoralarda hayot shakllansa-yu, ulardan atiga 0.1% qismidagi hayot evolyutsiyasi rivojlanib, odamlarga o‘xshash ongli mavjudotlar shakllanganida, hech bo‘lmasa, 200000 ta sayyorada ongli mavjudotlar yashayotgan bo‘lishi kerak. Shuncha sayyoradagi ongli mavjudotlardan atiga 0.1% qismi taraqqiyot darajasi texnologik rivojlanish yo‘lidan borib, Yerdan tutsa bo‘ladigan radiosignallar uzata olsa, ya'ni, o‘zining mavjudligi haqida Koinotga axborot tarqata olsa ham, Galaktikamizning o‘zida hech bo‘lmasa 200 ta sayyorada texnologik taraqqiy etgan ongli mavjudotlar bo‘lishi kerak. Lekin galaktikamizdan hozirgacha biror hayot nishonasini payqaganimiz yo‘q...
Endi masshtabni yanada kengroq olamiz. Hozirda fanga ma'lum Koinot o‘lchamlarida taxminan 400 milliardda galaktika mavjud! Endi tasavvur qiling, 400 milliardda galaktikaning har birida 400 milliardtadan yulduz bo‘lsa! Osonroq bo‘lishi uchun shunday qiyos keltiramiz. Xullas, hozirda ma'lum Koinotdagi yulduzlar soni shunchaki, Yerdagi barcha sohillardagi har bitta qum zarrasiga, Koinotda taxminan 10000 (o‘n ming!) dona yulduz to‘g‘ri keladi. Matematika tilida bayon qilsak esa, hozirda Koinotda 1024 ga yaqin yulduz aniqlangan.
Koinotdagi mavjud shuncha sondagi yulduzlardan qanchasi Quyoshga o‘xshashi borasida astronomlarda turli fikrlar mavjud. Bunda yulduzning o‘lchamlari, harorati va yorqinligi bo‘yicha Quyoshga maksimal o‘xshashlari sanab chiqiladi. Shunday hisoblashlar natijalari turli rasadxonalarda turli natija bergan. Chunonchi, ayrim astronomlar Koinotdagi 1024 ta yulduzdan taxminan 20% qismi Quyoshga o‘xshaydi deb aniqlashgan. Balki bu biroz bo‘rttirib yuborilgandir. Shunday bo‘lsa-da, eng kamtarona natija chiqargan astronomlarning hisob-kitobiga ko‘ra ham, Koinotda taxminan 5% yulduzlar bizning Quyoshimiz bilan bir xil. Keling, shu eng kam son bilan kifoyalanaveraylik. Shunday taqdirda ham, Koinotda hozirda 500 kvintillionta (boshqacha aytsak, yulduzlarni 500 milliardtadan guruhlab chiqsangiz, shunaqa guruhning o‘zidan bir milliardta bo‘ladi!) Quyoshga o‘xshash yulduz bo‘lishi kerak.
Endi, Koinotda mavjud shuncha Quyoshga o‘xshash yulduzlardan nechtasi o‘z sayyoralar sistemasiga ega ekan? Optimistik hisob-kitoblar ulardan taxminan 50%qismining atrofida Yerga o‘xshash sharoitga ega sayyoralar mavjud deb ko‘rsatadi. Lekin, yaqindagi AQSH Milliy Fanlar Akademiyasi nisbatan kamtarona boshqa raqamlarni bayon qildi. Unga ko‘ra, Koinotdagi o‘sha 500 kvintillion Quyoshsimon yulduzdan 22% ning atrofida Yer singari sharoitga ega (ya'ni, suvning suyuq holatda barqaror turishiga mos haroratga ega va hayot shakllanishi uchun mos sharoit hosil qila oladigan) sayyora mavjud ekan. Shunday raqamlarga tayanib hisoblab chiqsak, Koinotda mavjud yulduzlarning taxminan 1% qismining atrofida Yerga o‘xshash sayyoralar mavjud bo‘lib chiqadi. Bu degani, Yerga o‘xshash sayyoralardan yuz milliard milliardta deganidir. (Ya'ni, Yerga o‘xshash sayyoralarni 100 milliardtadan guruhlasangiz, bir milliardda guruh bo‘ladi). Yuqoridagi qiyosga qaytadigan bo‘lsak, Yerdagi sohillardagi har bir qum zarrasiga Koinotda 100 donadan Yerga o‘xshash sayyora to‘g‘ri kelmoqda.
Raqamlar bilan ishlashda davom etamiz. Keling tasavvur qilaylik. Shuncha Yersimon sayyoradan o‘tgan milliard yillar mobaynida atiga 1% qismida bo‘lsa ham hayot shakllangan bo‘lsin. Unda, sohildagi har bir qum zarrasiga, 1 donadan hayot mavjud bo‘lgan Yersimon sayyora to‘g‘ri keladi. Endi, sanoqni yanada toraytiramiz. Aytaylik o‘sha, hayot paydo bo‘lgan Yersimon sayyoralardan atiga 1% qismidagi hayot darajasi yanada rivojlanib, xuddi bizning sayyoramizda bo‘lgani singari, oxir-oqibat ongli mavjudotlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan bo‘lsin. Basharti shunday bo‘lganida, hozirning o‘zida Koinotda 10 kvadrillion, yoki, soddaroq aytganda, 10 million milliardta sivilizatsiya bo‘lishi kerak edi.
Endi o‘zimizning jonajon Somon Yo‘li galaktikamizga qaytamiz. Biz galaktikamiz misolida juda kamtarona taxminlar bilan, ya'ni, atiga 200 ta sivilizatsiya bo‘lishi mumkinligini hisoblab chiqargan edik. Zamonamiz astronomlari bajargan arifmetik hisoblashlarga ko‘ra esa, Galaktikamizning o‘zida 100000 atrofida ongli mavjudotlar yashaydigan sayyora, ya'ni, shuncha sivilizatsiya bo‘lishi mumkin emish. Aytgancha, ilm-fanda shu kabi hisob-kitoblarni bajarish uchun maxsus Dreyk formulasi ham ishlab chiqilgan. U ko‘proq ehtimollik ko‘rsatkichlariga tayanib ish ko‘radi va yuqorida aytilgan sonni, ya'ni, galaktikamizda yuz mingga yaqin ongli sivilizatsiya bo‘lishi kerakligi haqidagi natijani aynan Dreyk formulasi asosida hisoblashgan.
Shuncha hisob-kitoblar odamni qandaydir ilhomlantirib yuboradi, to‘g‘rimi? Demak, Koinotda bizdan boshqa ham ongli mavjudotlar bor ekanda! Shuncha hisob-kitoblar eng past koefitsientlar bo‘yicha bajarilganini inobatga olsak va shunda ham birgina galaktikamizning o‘zida 200 taga yaqin yuqori texnologik rivojlangan sivilizatsiyani taxmin qilib turgan bo‘lsa, demak ular qayerdadir bo‘lishi kerakku! Ularni qachondir payqashimiz, yoki, eshitishimiz, yoki, iloji bo‘lsa ko‘rishimiz kerakki! Demak ularni qidirish va topish qolgan xolos!
Ha, olimlar ularni qidirishga allaqachon kirishishgan. SETI nomli loyiha 1961-yilda AQSHda ishga tushirilgan. Uning ma'nosi inglizcha "Search for Extraterrestrial Intelligence" so‘zidan yasalgan abbreviatura bo‘lib, Yerdan tashqaridagi ongli mavjudotlarni qidirish loyihasi deb tarjima qilish mumkin. Uning maqsadi, o‘sha Yerdan tashqaridagi ongli mavjudotlarning radiosignallarini yoki, lazer signallarini tutish va shu orqali, ularning mavjudligini aniqlash hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida astronomlar Yer sharining turli nuqtalaridagi rasadxonalarda ulkan radioteleskoplarni o‘rnatib, Koinotga qaratib qo‘yishgan va o‘sha 1961-yildan beri, ya'ni, mana 57-yildirki, o‘zga sayyoraliklardan xabar kutishyapti. Lekin, haligacha biror signal tutilgani yo‘q. Bu gapga "mutlaqo" so‘zini qo‘shish kerak. Ya'ni, o‘shandan buyon, SETI loyihasi ham, boshqalar ham Koinotdan ongli mavjudotlar yuborgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir dona ham signal tutishgani yo‘q. Umuman yo‘q...!
Ey, voh, ongli o‘zga sayyoraliklarning radiosignallari MUTLAQO yo‘q...!
g‘alati emasmi?
Boshqa faktlarni ham e'tiborga ola boshlasak, bu g‘alati holat battar ajablanarli bo‘lib qoladi. Masalan, butun Koinotning yoshiga nisbatan bizning Quyoshimiz juda-juda yosh. Koinotda Quyoshdan ham bir necha milliard yillar avval paydo bo‘lgan Quyoshsimon boshqa yulduzlar ham tiqilib yotibdi. Ya'ni, shunday keksaroq Quyoshsimon yulduzlarning atrofidagi Yersimon sayyoralarda hayot Yerdagidan milliardlab yillar avvalroq shakllangan bo‘lishi ham mumkin edi. Bunday sayyoralardagi ongli mavjudotlarning sivilizatsiyasi Yerda eng sodda bir hujayrali hayot shakllari paydo bo‘lishidan avvalroq texnologik taraqqiyotga erishib, Koinotga radiosignallar uzata boshlashi, yoki, kosmik kema yasab, Koinot bo‘ylab sayohatga chiqishi mumkin edi. Agar o‘sha sivilizatsiya bosqinchi kayfiyatda bo‘lsa, boshqa sayyoralarni o‘zlashtirishga kirishishi, boshqa sistemalarni egallashi mumkin edi.
Misol uchun biror "X" nomli sayyorani olamiz. U bundan taxminan 8 milliard yil oldin paydo bo‘lgan deb faraz qilaylik. (Koinotning o‘zi taxminan 14 milliard yil muqaddam paydo bo‘lgan). Yer esa, 4,5 milliard yil avval paydo bo‘lgan.
Agar "X" sayyorada ham hayot xuddi Yerdagi singari rivojlanganida, hozirda ularning sivilizatsiyasi qanday darajaga erishgan bo‘lardi?!
Demak, oddiy arifmetikaga murojaat qilsak, "X" sayyoradagi ongli mavjudotlar sivilizatsiyasi bizdan ko‘ra 3,4 milliard yilga oldinda borayotgan bo‘lishi kerak edi. Bu benihoya katta muddat! Rasmdagi torgina sarg‘ish interval, Yerda dinozavrlar qirilib ketgan zamondan beri shu kungacha o‘tgan vaqtni bildiradi. Endi tasavvur qiling, shuncha kichik interval ichida Yerda ongli mavjudotlar, ya'ni, odam paydo bo‘lib, texnologik taraqqiyoti hozirgi darajaga erishgan bo‘lsa, unda, rivojlanish uchun bizdan ko‘ra ko‘proq 3,4 milliard yil imkoniyatga ega bo‘lgan sivilizatsiyaning texnologik taraqqiyoti qay darajada bo‘lishi mumkin edi? Aqlga sig‘dirish qiyin bo‘lgan savol...
Muayyan ongli sivilizatsiyaning taraqqiy etganlik darajasini baholash uchun olimlar maxsus shkala ishlab chiqishgan. Kardashyov shkalasi deb nomlanadigan ushbu reytingga ko‘ra, I-tur sivilizatsiya vakillari faqat o‘zi yashayotgan sayyorani o‘zlashtirib, faqat o‘z sayyorasining energetik potensialidan foydalanisha oladi xolos. Sizni xafa qilishni xohlamaymanu, lekin, aytishga majburman. Biz o‘zimiz hali I-tur darajasida ham emasmiz... II-tur sivilizatsiya esa, o‘z sayyorasidan tashqari, o‘zining yulduz sistemasini ham o‘zlashtirib, o‘zining markaziy yulduzining ham butun energetik potensialidan foydalana oladigan bo‘lar emish. Biz o‘zimiz hali I-tur darajasiga yetmagan bo‘lsak, bu II-tur sivilizatsiya qay darajada bo‘lishiga kallamiz yetmasa kerak. III-tur sivilizatsiya esa, nafaqat o‘z yulduz sistemasi, balki, butun galaktikasining energetik potensialidan foydalana oladigan, ya'ni, butun galaktikani o‘zlashtirgan sivilizatsiya bo‘lishi kerak ekan...
Biroz absurd tuyulyapti menga. Lekin, muqobili hozircha yo‘q bo‘lgan uchun ushbu g‘oyaga asoslanib ish ko‘rishga majburmiz.
Keling endi, yuqoridagi raqamlar bilan chayqov qilishga qaytamiz. Basharti, biz hisoblagan atiga 1% ongli sivilizatsiyaga ega sayyoralardan, o‘tgan milliardlab yillar mobaynida faqat 1% qismida taraqqiyot III-darajaga yetib kelgan bo‘lganida ham, Koinotda hozirda minglab shunday favqulodda rivojlangan sivilizatsiya bo‘lishi kerak edi. Bizning galaktikamizda ham hech bo‘lmasa bitta shunday III-tur sivilizatsiya shakllangan bo‘lardi. Ularning bizga nisbatan milliardlab yil texnologik ilg‘or bo‘lishi mumkinligini inobatga olsak esa, biz ularning xatti harakatlarini, hech bo‘lmasa, radio, yoki lazer signallarini payqagan bo‘lardik. Balki "Abdullajon" filmidagi singari, ularning o‘zi biz tomonga uchib kelishgan bo‘larmidi...
Ammo, lekin, biroq... ularning radiosignallari ham, sharpasi ham, ko‘lankasi ham umuman yo‘q... MUTLAQO yo‘q...!
Xo‘sh, qani ular?
Fermi paradoksiga xush kelibsiz. Xuddi shunday mulohazalar va munozaralar 1950-yilda Los-Alamosdagi yadroviy laboratoriyaning kafesida tamaddi qilayotgan to‘rt fizik olim – Edvard Teller, Gerbert York, Emil Konopinskiy hamda, Enriko Fermi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. o‘sha suhbatda ham, olimlar Koinotda milliardlab yulduz borligi, ularning atrofida milliardlab sayyorlar borligi va ularda ongli mavjudotlar bo‘lishi mumkinligi haqida bahslashishgan. Shunda ular Enriko Fermini o‘zga sayyoraliklar borligiga ishontirmoqchi bo‘lishgan. o‘shanda, Fermi ushbu ma'lum va mashhur savolni o‘rtaga tashlagan edi. Xo‘sh ular qani???
Bu savolga va bu paradoksga bizda javob yo‘q. Nafaqat bizda, balki, zamonamizning eng o‘tkir zehnli olim va fozil kishilarida ham bu savollarga javob yo‘q. Kimga bu savolni bermang, albatta kalovlanib qoladi.
SETI loyihasi ish boshlagan o‘sha 60-yillarda hali astronomlar ancha optimist edilar. Ular ulkan diametrli radioteleskoplar orqali Koinotni diqqat bilan "eshitishsa" albatta biror o‘zga sayyoralikning tovushini keltirgan radiosignal tutamiz deb o‘ylashgan. Xuddiki, muvaffaqiyat burnilarini tagida-yu, unga bir qadam qolgandek edi go‘yo.
SETI loyihasidagi raditeleskoplardan bir guruhi
o‘shandan buyon ancha suvlar oqib o‘tdi. Lekin natija hamon 0 ga teng. Shu sababli, hozirda yetakchi olimlar nima sababdan haligacha biz o‘zga sayyoraliklarning signalini tutmaganimizga, ularning mavjudligini payqay olmayotganimizga turlicha izohlar o‘ylab topa boshlashgan. Bunday olimlar asosan ikki guruhga bo‘linishadi. Ulardan birinchi guruhning xulosasi ancha jo‘n va lo‘nda. Ya'ni, ular biz – Koinotda tanhomiz, bizdan boshqa ongli mavjudotlar borliqda yo‘q deb hisoblashadi. Shu sababli ham, Koinotdan qandaydir signal kutish o‘rinsiz mashg‘ulot deb ta'kidlashadi ular.
Ikkinchi guruh olimlar esa, yuqoridagi sonlar bilan bajarilgan taxminlarga asoslanib, Koinotda biz yakka emasmiz va bidan boshqa ham ongli mavjudotlar bor deb ishonishadi. Ular faqat biz qidirishni eplolmayapmiz, yoki, o‘zga sayyoraliklar bizdan o‘ta mohirona yashirinshmoqda deb hisoblaydilar. Bunday guruhdagi olimlarning turli xil fikrlari mavjud.
Masalan, bir toifa astronomlar, Koinotdagi ongli mavjudotlar qachonlardir uzoq o‘tmishda allaqachon Yerga kelib ketishgan deb o‘ylashadi. U paytlarda Yerda hali odamlar bo‘lmagan, yoki, bo‘lgan bo‘lsa ham, hali ibtidoiy zamonda bo‘lib, ularning kelib ketganini odamlar bilishmagan ham deyishadi. Ya'ni, u paytdagi Yerdagi odamlarning aqli o‘zga sayyoraliklarni o‘ylash darajasida bo‘lmagan emish.
o‘ylab qarasak, bizning hozirgi sivilizatsiyamiz rivojlana boshlaganiga ko‘pi bilan 50000 yil bo‘ldi. Yozuvni esa atiga 5500 yil avval ixtiro qilganmiz. Shu sababli, mabodo qadimgi ibtidoiy odam mamonti ovlayotganida o‘zga sayyoralikka duch kelgan bo‘lsa ham, u haqida bizga yozib qoldirish imkoniyati bo‘lmagan...
Ikkinchi toifa olimlar esa, III-tur sivilizatsiya galaktikani allaqachon ishg‘ol qilgan deb ishonishadi. Faqat, biz galaktikaning eng chetki qismida joylashganimiz uchun, bu haqida bilmaymiz deyishadi ular. Taqqoslash uchun, shunday misolni keltirish mumkin: Yevropaliklar Amerika qit'asini ishg‘ol qilishgani haqida Kanada shimolidagi Inuit qabilasi faqat bir necha asr o‘tib xabar topgan. Yevropalik istilochilarga esa Kanadaning bir chekkasidagi qabila yerigacha yetib borish zarur kelgani ham yo‘q. Shu sababli, basharti Galaktikamizda allaqachon o‘ta taraqqiy etgan III-tur sivilizatsiya mavjud bo‘lsa ham, ularga galaktikaning Yerimiz joylashgan bir chekka ovloq qismining qizig‘i yo‘q...
Uchinchi toifa astronomlar, Koinotdagi ongli sivilizatsiyalarning signallarini tutish uchun bizning texnologik taraqqiyotimiz hali u darajaga yetib bormagan deyishadi. Ularning fikricha, o‘zga sayyoraliklar chiqarayotgan signallarni biz o‘zimiz ham, asboblarimiz ham sezmas emishmiz. o‘zga sayyoraliklar esa biz kutgandek radiosignal chiqarishmas ekan... Boz ustiga, bizning hozirgi texnologik taraqqiyotimiz, masalan, o‘sha "X" sayyoradagi ongli mavjudotlarning texnologik taraqqiyotiga solishtirganda shu darajada ibtidoiy bo‘lishi mumkinki, biz ularning darajasiga hali beri yetolmasligimiz ham mumkin. Shu sababli, biz hozirda ularning yon-atrofimizda mavjudligini sezmayotgandirmiz deyiladi bu toifa taxminlarida. Masalan, bizning hozirgi texnologiyalarimiz atiga yuz yil oldingi avlod uchun ham tasavvur qilib bo‘lmas darajada edi. Samolyotlarda qit'alararo parvoz haqida esa o‘rta asr kishisining aqliga ham sig‘masdi. Ular yelkanli kemalarda oylab suzish orqaligina bir mamlakatdan boshqasiga borishgan. Bizning Koinotdagi ongli mavjudotlar bilan tafovutimiz ham shu darajada, yoki, bundan ham battar bo‘lishi mumkin...
To‘rtinchi toifa astronomlarning fikri undan ham qiziq. Ular aytishicha, o‘zga sivilizatsiya vakillari o‘zlarini sezdirmay bizni jim kuzatishar ekan. Bu g‘oyani ular "qo‘riqxona effekti" ham deyishadi. Ya'ni, biz Yerdagi qo‘riqxonalarda ma'lum noyob jonivorlarni himoya qilib, u yoqqa odamlarni yo‘latmay saqlaganimiz singari, ongli o‘zga sayyoraliklar ham Yer sivilizatsiyasiga shunday munosabatda bo‘lishar emish. Anchayin bo‘lmag‘ur fikr...
Eng qiziq va xavotirli fikrlarni aytuvchi yana bir toifa gapiga ko‘ra, o‘zga sayyoralik ongli mavjudotlar bilan allaqachon aloqa o‘rnatilgan, ular bilan bordi-keldi bor emish. Faqat, Yerni boshqaradigan eng yuqori hokimiyat kishilari va maxfiy xizmatlar buni bizdan boplab yashirib kelishmoqda emish. Bunday fikr tarafdorlarini fanda shuningdek "fitna nazariyasi" ham deyiladi. Bu ham bo‘lmag‘ur va asossiz nazariya...
Xullas, Fermi paradoksiga shu kabi bir-biridan bo‘lmag‘ur taxminlarni qalashtirib tashlash mumkin. Lekin ularning birortasining tayini yo‘q. Vaqti-vaqti bilan sariq matbuot va tijorat kanallari shov-shuv qilib turadigan o‘zga sayyoraliklar mashmashasi esa, o‘sha vijdonsiz OAV vakillari to‘qib chiqargan g‘irt uydirmadan boshqa narsa emas. Hozircha shunga ko‘nishga majburmiz. Kelajak bizga qanday syurprizlar tayyorlab qo‘yganini esa bilmaymiz. Ular qayerdadir bo‘lishi mumkin.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|