Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Astronomiya Jonatan Sviftdan salomlar: Fobos va Deymosning kashf etilishi

Jonatan Sviftdan salomlar: Fobos va Deymosning kashf etilishi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 6
Juda yomon!A'lo! 

Jonatan Sviftdan salomlar: Fobos va Deymosning kashf etilishi

XIX-asrning ikkinchi yarmida astronomlar sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshlarining aniq sonini bilib bo‘ldik degan fikrga kelib bo‘lgan edilar. Ya'ni, Yerning yagona tabiiy yo‘ldoshi - Oy bo‘lib, Merkuriy, Venera va Marsning tabiiy yo‘ldoshlari yo‘q deb hisoblanardi. Yupiterda to‘rtta, Saturnda esa sakkizta tabiiy yo‘ldosh mavjud degan ishonch hattoki fizika darsliklarida ta'kid bilan keltirilardi. E'tibor bering: Yerda 1 ta, Yupiterda 4 ta, Saturnda esa 8 ta. Agar, Yer va Yupiter orasidagi sayyora - Marsda ham 2 ta yo‘ldosh bo‘lganida, sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshlari soni, ularning Quyoshdan uzoqlashish tartibi bo‘yicha geometrik progressiyani hosil qilgan bo‘lardi.

 

Ushbu qiziq jihat albatta ko‘plab astronomlarni e'tiborini tortgan va o‘sha zamonlarda astronomlar haqiqatan ham shunday izchil matematik samoviy qonuniyat bor deb o‘ylashgan. Aytish joizki, zamonaning yetuk olimlari va ziyolilari bunday "sehri sonlar" tartibotini unchalik ham jiddiy qabul qilishmagan va undan qandaydir qonuniyat yasashni ma'qullashmagan. Hattoki, mazkur masalani mashhur ingliz yozuvchisi Jonatan Svift ham o‘zining "Gulliverning sarguzashtlari" asarida qisqacha hajvga olib, Laputiyalik olimlar qandaydir o‘ta takomillashgan teleskoplar vositasida Marsning ikkita tabiiy yo‘ldoshini kashf qilishadigan syujet bilan o‘z asarini boyitgan. Eng qizig‘i, Svift o‘sha asarida Marsning tabiiy yo‘ldoshlarini juda ifodali qilib, ilmiy jihatdan qandaydir mukammal tasvirlagan. Laputiyalik astronomlar tilidan yozilgan tavsiflarda Mars yo‘ldoshlarning sayyora atrofida aylanish tezligi, unga nisbatan joylashuv masofasi va o‘lchamlari haqida qiziq, lekin albatta Svift tasavvurida o‘ylab topilgan to‘qima ma'lumotlar keltirilgan. Uning mazkur asari 1726-yilda dunyo yuzini ko‘rgan edi.

Shunday bo‘lsa-da, harqalay, g‘oyaning o‘zi ancha yashovchan bo‘lib chiqdi va ancha paytgacha, hech bo‘lmasa "sartaroshxona suhbatlari" darajasida, ya'ni, eng quyi maishiy doiralarda bo‘lsa hamki kun tartibidan tushmadi. Ya'ni, tabiiy yo‘ldoshlar uchun geometrik progressiya bajarilishi uchun, Marsga ikkita tabiiy yo‘ldosh yetishmayotgan edi va asosan havaskor astronomlar o‘sha ikkita yo‘ldosh topilishini juda-juda istashardi.

1877-yildaga Mars va Yerning bir-birga eng yaqin kelishi paytida Amerikalik astronom Asaf Xoll ushbu qiziq lekin bo‘lmag‘ur g‘oyani tekshirib ko‘rishga qaror qildi. U aslida haqiqatan ham Marsning tabiiy yo‘ldoshlari yo‘qligiga ishonch hosil qilmoqchi edi. Xoll teleskop qarshisida bir necha tunlarni bedor o‘tkazib, Marsni diqqat bilan kuzatdi. Deyarli ikki haftaga yaqin kuzatishlar, Marsda tabiiy yo‘ldoshlar haqiqatan ham yo‘qligiga ishora qilib turardi. Ya'ni, shuncha payt deyarli ko‘z uzmay kuzatib, Asaf Xoll biror marta qizil sayyora atrofida tabiiy yo‘ldosh ko‘rmadi. Shundan keyin u, qo‘shni sayyorada tabiiy yo‘ldosh yo‘qligiga ishonch hosil qilgandek hissiyot bilan kuzatuvlarni to‘xtatishga qaror qiladi va tunlarning birida ishni to‘xtatib, rasadxonadan uyga qaytadi. U bir necha tunni bedor o‘tkazgani uchun, vanihoyat to‘yib uxlab olmoqchi edi.

Aytishlaricha, rasadxonadagi ishni tashlab, tun oqqanda uyga qaytgan Asaf Xollning xotini uni ostonada kirarga qo‘ymay, avrab, aldab-suldab rasadxonaga qaytishga va yana bir kecha Marsni kuzatishga ko‘ndirgan emish. Odatda bunday voqealar romanlarda yoki, kinolarda bo‘ladi. Lekin bu safar, taqdir hazilini qarangki hayotda ham shunday bo‘lib chiqdi. Keyinchalik Asaf Xoll xotinidan bir umr minnatdor bo‘lib o‘tgan bo‘lsa kerak. Chunki, u o‘sha kecha rasadxonaga, teleskop qarshisiga qaytib kelib istar-istamas yana Marsga yuzlanarkan, u ne ko‘z bilan ko‘rsinki, sayyora atrofida bir emas, naq ikkita tabiiy yo‘ldosh aylanayotganiga guvoh bo‘ldi! (Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan xotin deb shunga aytishsa kerak-da Смешно Xotinni gapiga kirib, mana endi u Mars tabiiy yo‘ldoshlarini kashf qilgan shaxs sifatida butun insoniyat tarixida nom qoldirdi Смешно).

Eng hayratlanarli va aqlni shoshirib qo‘yadigan jihati esa, Xoll aniqlagan o‘sha tabiiy yo‘ldoshlarning aylanish tezligi, o‘z o‘qining atrofida aylanishi, o‘lchamlari va sayyora sirtigacha bo‘lgan masofasi, Jonatan Sviftning "Gulliverning sarguzashtlari" asarida bayon qilingan ma'lumotlar bilan deyarli o‘xshash edi! Bunisi endi haqiqatan ham faqat romanlarda uchraydigan hodisa edi va u hammani shoshirib qo‘ydi. Jonatan Svift bashoratchilik qobiliyatiga ham ega bo‘lgan bo‘lsa-ya?! Boz ustiga, yetuk olimlar jiddiy e'tibor qaratmagan narsa - sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshlari soni haqiqatan ham geometrik progressiya tartibini hosil qilsa-chi?!

Omadi chopgan astronom o‘zi kashf qilgan yo‘ldoshlarga nom qo‘yishni ham paysalga solmay, tez orada elga ma'lum qildi. Mars - qadimgi Rimliklarning urush ma'budining nomi bo‘lgan. Xuddi shunday urush ma'budini yunonlar Ares deb atashgan. Aniqrog‘i, yunonlardagi Ares ma'budining nomi Rimliklar tiliga Mars tarzda ko‘chib o‘tgan (so‘zlar o‘zakdosh ekaniga ahamiyat bergan bo‘lsangiz kerak). Yunon afsonalarida o‘sha Ares ma'budining Fobos va Deymos ismli ikkita o‘g‘li bo‘lgan. Ushbu o‘g‘illarining ismlari ham "urush" nomiga mos tarzda, "qo‘rquv" (Fobos) va "dahshat" (Deymos) ma'nolarini bildirgan. Nomlar anchayin muvaffaqiyatli tanlangan. Chunki, yunon afsonalaridagi singari, endilikda samoda ham urush nomli sayyoraga qo‘rquv va dahshat yoʻldoshlik qilmoqda.

Fobos yo‘ldoshi Mars sirtiga juda yaqin masofada harakatlanadi va u uzoq kelajakda sayyora sirtiga qulab tushsa kerak degan taxmin mavjud. Deymos esa ancha olis nuqtada joylashgan.

Lekin, boyagi progressiya ixlosmandlarining samoviy sinoat borasidagi quvonchli xayollari uzoqqa bormadi. Ular, agar shunday qonuniyat bajarilsa, "osmon sferalari matematik mukammallikka erishgan bo‘ladi" - degan qandaydir fikrga yopishib olgandilar. Ularning nazdidagi "samoviy mukammallik""tushunchasiga darz ketishiga birinchi zarbani 1892-yilda astronom E. Barnard berdi. o‘shanda u Yupiterning beshinchi tabiiy yo‘ldoshini aniqlagan edi. 1899-yilda esa Uilyam Pikering ismli astronom Saturndagi navbat bo‘yicha to‘qqizinchi tabiiy yo‘ldoshni aniqladi. Shu tariqa, sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshlari soni bilan bog‘liq hech qanday matematik qonuniyat mavjud emasligi uzil kesil dalillandi.

o‘rni kelganda aytib o‘tamizki, hozirda Yupiterning aniqlangan tabiiy yo‘ldoshlari soni naq 69 tani, Saturnniki esa, 63 tani, Uranniki 27 ta, Neptunda esa14 tani tashkil qiladi. Shunday ekan, hovliqish va pafosga hojat yo‘q janoblar Смешно.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 22.11.2018 14:45  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
0 #1 saytshaxboz1993 2019-08-23 10:19
Assalomu aleykum. Xurmatli admin saytingizdan kupdan Nero foydalanib turaman. Yaxshi maqolalar yozilgan.. qizsan but narsani sursmoqchi edim men ham SHUNGA UXSHASH BIR SAYT OCHMOQCHI EDIM... SAYT OCHISH UCCHUN KIMGA MUROJAAT QILISH KERAK... FAQAT ORIFINAL SAYT ICHISH UCHUN MASALAN PRESIDENT.UZ GA UXSHASH SAYT. KAMCHILIGI UMUMAN BULMASIN. KIMGA M MUROJAAT QILISH KERAK. VA NARXI NECHA PUL. AGAR SIZDA OR ORIGINAL SHAXSIY SAYT OCHISHIMG TUGRI TAKLIF BERSANFIZ XURSAND BULARDIM. AGAR VAQTINGIZ BULSA SHU NOMERGA TEL QILING 998941871700
 

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Agar yakuniy natija masalani yechish usuliga bog'liq bo'lmasa, u matematika, agar bog'liq bo'lsa u - buxgalteriya...



Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov