Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Oltingugurt - sariq element

Oltingugurt - sariq element

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 18
Juda yomon!A'lo! 

Oltingugurt - sariq element

16-raqamli element hammaga yaxshi tanish. Odamzot oltingugurtni juda qadim zamonlardan yaxshi biladi. Lekin, oltingugurt mustaqil kimyoviy element sifatida faqatgina 1777-yilga kelib tan olingan. Oltingugurtni alohida kimyoviy element ekanligini isbotlagan olim mashhur farang kimyogari Antuan Lavuaze (1743-1794) bo‘ladi.

Oltingugurtning lotincha nomlanishi, ya'ni, "sulfur"ning kelib chiqish ildizi ma'lum emas. o‘zbek tilidagi biz bilgan nomlanishi esa turkiy tildagi "oltin" va forscha "gugurt" so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan. Uning "yonish", "olov" so‘zlariga aloqadorligi taxmin qilinadi. Oltingugurt haqiqatan ham yaxshi yonadi va bejizga u forslarda gugurt bilan qiyoslanmagan. Rus tilida oltingugurtni sera ("сера") deyiladi. Qadimgi rus tilida har qanday yonuvchan moddani sera deyilgan. Element nomi ham shundan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

 

Qadimgi yunonlar oltingugurtni "tion" deb nomlashgani tarixiy manbalarda qayd etiladi. Tarkibida oltingugurt mavjud bo‘lgan kimyoviy birikmalarning nomlanishida "-tio" qo‘shimchasi mavjudligi aynan shu fakt bilan bog‘liq.

Davriy jadvalda oltingugurt shundoqqina kislorodning tagidagi katakchada joylashgan. Oltingugurt atomlari ko‘p hollarda o‘zini xuddi kislorod bilan o‘xshash tarzda tutadi. Lekin, tashqi ko‘rinishidan bu ikki element hech qanday umumiylikka ega emas. Siz yaxshi bilasizki, kislorod bu - rangsiz va hidsiz gaz. Oltingugurt esa yorqin sariq rangli qattiq moddadir.

Oltingugurtning bir necha xil allotropik shakllari mavjud. Masalan, erib turgan oltingugurtni sovuq suvga to‘kib yuborilsa, qo‘ng‘ir tusli elastik tolalar hosil bo‘ladi. Ushbu moddani plastik oltingugurt deyiladi. Lekin vaqt o‘tishi bilan bunday plastik oltingugurt ham asta-sekinlik bilan biz yaxshi taniydigan sariq oddiy oltingugurt qayta aylanadi.

Kislorod, oltingugurt va ushbu guruhga mansub boshqa elementlarni kimyogarlar ba'zan xalkogenlar deb ham yuritishadi. Mazkur nomning kelib chiqishi yunonchadagi "mis tug‘diruvchi" degan so‘z bilan bog‘liqdir. Haqiqatan ham, ko‘plab metallarning rudasi, shu jumladan mis rudasi ham, odatda mazkur metallning yoki kislorod bilan, yoki oltingugurt bilan birikmasi ko‘rinishida bo‘ladi.

Tabiatda sof holdagi oltingugurt Italiyaning Sitsiliya orolida, AQSHning Luiziana va Texas shtatlaridagi konlarda mo‘l uchraydi. Ushbu konlarda oltingugurt odatda suyuq holda qazib olinadi. Chunki, shunisi qulayroq. Kondan oltingugurtni suyuq holda qazib olish jarayoni muhandislikda Frash jarayoni deb nomlanadi. Bunda, oltingugurt qatlamlari joylashgan chuqurliklarga burg‘ulash orqali ikkita tuynuk ochiladi va tuynuklardan biri orqali ichkariga qaynab turgan suv bosim ostida haydaladi. Bilasiz, suv 100 °C da qaynaydi. Oltingugurtning erib, suyuqlanishi uchun 113 °C kerak bo‘ladi. Oradagi 13 °C farqni yer qa'riga bosim bilan kirib borayotgan suvning shiddati hosil qilib beradi va natijada, ichkaridagi suvning harorati oltingugurtning eritishga yetarli bo‘lib kirib boradi. Erib, suyuqlangan oltingugurt boshqa bir, ya'ni, ikkinchi tuynukdan so‘rib olinadi.

Oltingugurtni odatda ikki xil ko‘rinishda uchratish mumkin. Agar oltingugurtni qaynatib, bug‘lanib chiqayotgan qismini biror sovuq yuza bilan ta'sirlashishiga sharoit yaratib berilsa, oltingugurt bug‘lari kukun shaklida qaytib tushadi va biz yaxshi taniydigan, odatda uzumni zararkunandalardan himoya qilish uchun ishlatiladigan oltingugurt kukuni hosil bo‘ladi. Agar, qaynab suyuqlangan oltingugurtni o‘z holiga qo‘yib, o‘zi tabiiy sovishini kutilsa, natijada oltingugurt qumoq-qumoq bo‘lib to‘planib, oltingugurt kesaklarini hosil qiladi.

Oltingugurtning Yer qa'rida tarqalish ulushi ham anchayin qiziq statistikani taqdim qiladi. Xususan, Yer po‘stining tashqi qatlamlarida oltingugurt ulushi atiga 0,03% atrofida bo‘ladi. Lekin litosfera bo‘ylab chuqurlashgan sari, oltingugurt ulushi ortib boradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yer sayyorasida oltingugurtning umumiy ulushi 3% ga yaqin miqdorni tashkil qiladi.

Oltingugurt kesagi bilan bog‘liq noxush bir taassurot mavjud. Gap shundaki, XIX asrning oxirlarigacha ham odamlar xonalarni dezinfeksiya qilish uchun oltingugurtning shunday qumoqlarini tutatib yoqishar edi. Oltingugurt yonish jarayonida zangori va shitirlab ovoz chiqaruvchi olov hosil bo‘ladi. Bu jarayonda oltingugurt havodagi kislorod bilan birika boshlaydi va oltingugurt dioksidi (SO2) hosil qiladi. Oltingugurt dioksidi nomidan ham ma'lumki, bitta oltingugurt atomi va ikkita kislorod atomidan iborat bo‘ladi. U keskin o‘tkir hidli, bo‘g‘uvchi gaz bo‘ladi. Xonani dezinfeksiya qilish uchun oltingugurt qumoqlari tutatilganda, xonani albatta oltingugurt dioksidining mazkur o‘tkir noxush hidi qamrab olardi va u odamlarga juda yomon ta'sir qilardi. Lekin, o‘sha zamonlarda odamlar shunga chidashga majbur edilar. Chunki, ulardan kasallar yotgan xonani zararsizlantirish uchun boshqa samaraliroq usul bo‘lmagan. Oltingugurt dioksidi qanchalik sassiq bo‘lmasin, lekin, sof holdagi oltingugurt o‘zi hidga ega emas.

Oltingugurt dioksidi odatda oltingugurt yonganda, yoki eriganda hosil bo‘ladi. Oltingugurtni har doim ham odamlar o‘zi ataylab yoqishmaydi. Yuqorida, Yer qa'rida oltingugurt miqdori anchagina ko‘p ekanini eslab o‘tgandik. o‘sha chuqur yer qatlamlarida to‘planib qolgan oltingugurt konlari yaqinida Yer mantiyasining tektonik faolligi yuzaga kelsa, ya'ni, vulqonlarning ildiziga yaqin joylarda katta oltingugurt miqdorlari mavjud bo‘lsa, vulqon faolligi yuzaga kelgan paytlarda oltingugurt dioksidi yer qa'ridan ham atmosferaga ko‘tarila boshlaydi. Masalan, Sitsiliya orolidagi vulqonlar yaqinida oltingugurt dioksidining o‘tkir hidini darhol payqash mumkin.

Oltingugurt dioksididan tashqari oltingugurtning yana boshqa ko‘plab birikmalari mavjudki, ular ham hidining xushbo‘yligi bilan maqtana olmaydi. Oltingugurtning deyarli barcha birikmalari qandaydir sassiq, qo‘lansa hidga ega bo‘ladi, yoki, umuman hidsiz bo‘ladi. Ko‘pchilikka yoqmaydigan sarimsoqpiyozning hidi, yoki, oddiy piyozning hidi ham, uning tarkibidagi oltingugurt moddasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, xantal va rediskaning hidi ham undagi oltingugurt moddasi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Qo‘lansa hidli va tarkibida oltingugurt tutadigan moddalar umumiy tarzda merkaptanlar deyiladi. Birinchi jahon urushi paytida tomonlar bir-biriga nisbatan qo‘llagan eng zaharli gazlardan biri xantal gazi deb atalgan. Aslida-ku, bu gaz ham emas, balki uchuvchan suyuqlik bo‘lib, hidi sarimsoqpiyozning o‘ta qo‘lansa hidiga o‘xshash bo‘lgan. Tarix darsliklarida ushbu gazni "iprit" tarzida qayd etiladi. Uning kimyoviy formulasi esa C4H8Cl2S shaklida keltiriladi. Ushbu gaz undan nafas olgan odamga o‘ta bo‘g‘uvchi salbiy ta'sir ko‘rsatib, ko‘rish organlarini ham zararlagan. Uning suyuq holda teriga kelib tushishidan esa, uzoq vaqt qichishib azob beradigan va o‘ta sekin bitadigan yara-shishlar hosil bo‘lgan.

Lekin, ushbu bayon qilinganlar orqali oltingugurt hayot uchun xavfli modda ekan degan xulosa chiqarmaslik kerak. Chunki, oltingugurt hayot uchun g‘oyat zarur bo‘lgan vitaminlar tarkibida, shuningdek, penitsillinda, sulfanilamid preparatlarida, hamda, maishiy turmushda ishlatiladigan bo‘yoq moddalar tarkibida bo‘ladi. Shuningdek, barcha turdagi tirik to‘qimalarda albatta oltingugurt birikmalari mavjud bo‘ladi.

Yaxshiyamki, odam organizmida mavjud bo‘ladigan oltingugurt birikmalari hidga ega emas. Biroq, muayyan sharoitlarda ular ham hidlanib qolishi hech gap emas. Terida, soch tolalarida va qushlarning patida oltingugurt birikmalari ko‘p bo‘ladi. Siz so‘yilgan tovuq, o‘rdak, yoki g‘oz patini kuydirib tozalash jarayonini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. o‘sha kuydirish jarayonida atrofga tarqaladigan hid aynan patlardagi oltingugurt birikmalaridan taraladi. Soch kuyganda ham shunga o‘xshash hid chiqadi va u hid ham sochdagi oltingugurt birikmalari tufayli yuzaga keladi.

Tuxum ham tarkiban oltingugurt va uning birikmalariga boy bo‘ladi. Tuxum eskirgani sari undagi mazkur oltingugurt birikmalari nisbatan sodda molekulalarga parchalandi. Shu jarayonda, tarkibi bir atom oltingugurt va ikki atom vodoroddan iborat serovodorod moddasi hosil bo‘ladi. Serovodorod - aynigan tuxumga shunday qo‘lansa hid beradigan birikmadir. Ya'ni, palag‘da bo‘lgan tuxumning hidi aynan serovodorod tufayli yuzaga keladi.

Hidi o‘ra qo‘lansa va chidab bo‘lmas darajada sassiq bo‘lishiga qaramay, serovodorod birmuncha foydali kimyoviy modda sanaladi. U bilan ishlashda oson bo‘lishi uchun kimyogarlar serovodorodni suvda eritishadi. Suvda erigan serovodorod boshqa ko‘plab atomlar bilan birikishi mumkin va bunday birikish jarayonidan sulfidlar deb ataluvchi alohida turkum kimyoviy moddalar hosil bo‘ladi. Sulfidlarning turli xillari mavjud bo‘lib, ularning o‘zini tutishi ham turli-tumandir. Ulardan ayrimlari oddiy suvda ham erishi mumkin; boshqalarini eritish uchun esa kuchli yoki kuchsiz kislotalar zarur bo‘ladi. Kimyogarlar notanish muayyan moddaning nimadan tarkib topganini aniqlash uchun, unga serovodorod bilan ta'sir ko‘rsatib ko‘rishadi. Bunda, serovodorod bilan ta'sir ko‘rsatilgach Sulfidlarning o‘zini qanday tutishini kuzatiladi. Bu kimyoviy tahlil usullari ichida keng tarqalgan usullardan biri sanaladi.

Serovodorod orqali kimyoviy tahlil usuli ushbu sohadagi eng sodda va oson o‘rganiladigan usullardan biri bo‘lgani uchun, kollej va institutlarning kimyo laboratoriyalarida odatda ushbu modda hidi anqib turadi.

Albatta, serovodorod zaharli gaz sanaladi va uning salbiy ta'siri is gazinikidan ham kuchliroq bo‘ladi. Lekin, serovodorodning juda past konsentratsiyasini ham burun hid sezgilari darhol farqlaydi va xona havosini zudlik bilan shamollatish orqali undan tez qutulish mumkin. Serovodorodni juda past miqdorini ham inson burni juda tez sezgani bois, ayrim hidsiz gazlarning xonada yig‘ilib qolishini va natijada portlash, yoki, yong‘in kelib chiqishini oldini olish uchun ataylab ushbu gazdan qo‘shib yuboriladi. Masalan, tabiiy gaz quvurlari orqali xonadonlarimizga yetib keladigan metan gazi - CH4 aslida hidsiz gaz bo‘ladi. Shu sababli, sof metanni qanday konsentratsiyada bo‘lmasin, odam burni seza olmaydi. Agar sof metan xonada yig‘ilib qolsa, arzimagan uchqundan ham birdaniga alanga oladi va katta yong‘in, yoki, portlash kelib chiqishi mumkin. Shunday falokat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida, tabiiy gazni aholiga yetkazib berishdan avval unga ataylab oltingugurt birikmalari, ya'ni, merkaptanlar qo‘shiladi. Merkaptan qo‘shilgan gaz hidini esa, u sizib chiqishni boshlagan zahotiyoq sezish mumkin.

Oltingugurt insonga naf keltiradigan sohalardan yana biri - rezina ishlab chiqarish sohasidir. Qisqa qilib aytganda, oltingugurt bo‘lmasa, rezina ishlab chiqarishning ham imkoni yo‘q.

Rezina qatlami qo‘llash orqali kiyim-boshni suv o‘tkazmaydigan qilish g‘oyasini ilk bora amaliy sinab ko‘rgan shaxs - Shotlandiyalik chevar Charlz Makintosh bo‘ladi. Hozirgi kunda ham, yomg‘ir o‘tkazmaydigan plash kiyimlarini makintosh deyiladi. Suv o‘tkazmaydigan va shu sababli, kuchli yomg‘irda ham bemalol kiyib yurish mumkin bo‘lgan dastlabki kiyimlar unchalik ham qulay bo‘lmagan. Chunki, issiq haroratda kiyim ustidagi rezina qoplamasi yopishqoq bo‘lib qolardi va asabga tegardi. Sovuq haroratda esa rezinali kiyim qattiq bo‘lib, dag‘al va qo‘pol buyumga aylanardi.

1839-yilda AQSHlik Charlz Gudir tasodifan, oltingugurt va rezina aralashmasini qizib turgan tancha ustiga to‘kib yuboradi. U to‘kilib ketgan mazkur aralashmani sidirib olar ekan, rezina avvalgidan ko‘ra yanada elastik bo‘lib qolgani, boz ustiga, hamon o‘zining suv shimmaslik xususiyatini saqlab qolganini payqadi. Shu tarzda, Charlz Gudir biz hozirda vulkanizatsiya deb ataydigan jarayonni kashf qilgan edi.

Oltingugurtni selitraga va uglerodga qo‘shib ishlov berish bilan porox tayyorlanadi. Albatta, oltingugurtni qo‘llash sohalari ichida bu eng bo‘lmag‘ur soha bo‘lishi mumkin fikrimcha.

Biz yuqorida oltingugurt dioksidi haqida biroz to‘xtalib o‘tgan edik. U odamga zaharli ta'sir ko‘rsatgani bilan, lekin, yaxshigina oqartiruvchi modda ham sanaladi. Xlorning o‘yuvchi xossasi zarar keltiradigan o‘rinlarda, oqartirish uchun aynan oltingugurt dioksididan foydalaniladi. Oltingugurt dioksidi yordamidan masalan, qo‘y junini, ipaki, poxolni yoki, parranda patini tozalash va oqartirish (yuvish) mumkin. Shuningdek, ayrim o‘rinlarda oltingugurt dioksidini suyuqlantirish orqali, undan xladagent sifatida ham foydalansa bo‘ladi.

Oltingugurt dioksidi shuningdek qog‘oz sanoatida ham keng qo‘llaniladi. Bilasiz, qog‘ozni mayda-mayda qilib parchalangan yog‘och qirindisidan tayyorlanadi. Yog‘ochning qog‘oz uchun eng zarur qismi bu uning sellulozasi bo‘ladi. Daraxt sellulozasi, uning tanasini tashkil qiluvchi tolalarda jamlangan bo‘lib, ushbu tolalar esa o‘zaro bir-biri bilan lignin moddasi orqali birikkan (yelimlangan) bo‘ladi. Oltingugurt eritmasining suvdagi eritmasi, yoki, sulfit yog‘och qirindilari massasiga aralashtirilsa, u o‘sha ligninni eritib yuboradi va sellulozani alohida ajratib olish imkonini beradi.

Oltingugurt dioksidi molekulasi o‘ziga uchinchi bir kislorod atomini ham biriktirib olishi mumkin. Bu holda endi oltingugurtning trioksidi (SO3) hosil bo‘ladi. Oltingugurt trioksidini shuningdek oltingugurt gazi ham deyiladi. Oltingugurt gazi suvda oson va yaxshi eriydi. Uning suvda erishi jarayonida mazkur gaz molekulasiga suv molekulasi ham birika boshlaydi va natijada oltingugurt kislotasi hosil bo‘ladi. Oltingugurt kislotasining molekulasi yettita atomdan iborat bo‘ladi: bitta oltingugurt, ikkita vodorod va to‘rtta kislorod atomlari (H2SO4).

Oltingugurt kislotasi kuchli kislota bo‘lishi bilan birga, arzonligi evaziga ham eng ko‘p ishlatiladigan kislotalar qatorida yetakchilik qiladi. Statistiklar biror davlatning sanoat qudratini baholash uchun, uning yiliga necha tonna oltingugurt kislotasi iste'mol qilayotganiga e'tibor qaratish yetarli bo‘ladi deb ham hisoblaydilar. Oltingugurt kislotasi molekulalari suv molekulalari bilan oson birikadi va ushbu jarayonda katta miqdorda issiqlik ajralib chiqadi. Lekin, mazkur jarayon birmuncha xatarlidir. Chunki, oltingugurt kislotasini suv bilan aralashtirish jarayonini haddan tashqari tezlashtirib yuborilsa, reaksiya o‘ta shiddatli tus olishi va ajralib chiqayotgan issiqlik miqdori keskin ortib ketishi mumkin. Bu esa, atrofga kuchli oltingugurt kislotasini sochib yuborishga moyil bo‘lgan qaynash va toshish jarayonini keltirib chiqaradi. Oltingugurt kislotasi esa, kuchli kislota bo‘lgan uchun, odam tanasiga tushsa, kuchli kimyoviy kuyishni keltirib chiqaradi. Agar ko‘zga tushsa, ko‘zlarning ko‘rish darajasini yomonlashtiradi va hatto ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishgacha olib kelishi mumkin. Shu sababli ham, oltingugurt kislotasi bilan muomala qilishda o‘ta xushyor bo‘lish, hamda, belgilangan qoidalarga og‘ishmay amal qilish lozim va shart!

Boshqa molekulalar bilan birikish jarayonida, oltingugurt kislotasi molekulasi ulardan vodorod yoki, kislorod atomlarini tortib olishi mumkin. Organik molekulalar bilan ta'sirlashganda oltingugurt kislotasi undagi vodorodni ham kislorodni ham tortib olishi hech gap emas. Bunday holatda, organik molekulada faqat uglerod atomi qoladi. Masalan, shakarga oltingugurt kislotasi tomizilsa, u qorayib, ko‘piklasha boshlaydi. Yog‘ochga oltingugurt kislotasi to‘kilsa, u ham asta-sekinlik bilan qorayib qoladi. Latta matolarni va qog‘ozni esa oltingugurt kislotasi juda tez yemiradi va o‘zi tushgan joyda teshik qoldiradi. Terini esa ushbu kislota kuchli kuydiradi.

Shunga qaramay, oltingugurt kislotasi zamonaviy sanoatda eng ko‘p iste'mol qilinadigan kimyoviy moddalardan biridir. Hozirgi zamon sanoat sivilizatsiyasi ushbu kislotasiz ishlay olmaydi. U metallarni tozalashdan boshlab, yoqilg‘ini tozalashda, o‘tkazgich simlar ishlab chiqarishda, hamda, kimyo sanoatining deyarli barcha yo‘nalishlarida juda keng ishlatiladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 22.11.2018 14:49  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Massaning saqlanish qonuni



Tafakkur durdonalari

Xitoydan bo'lsa ham ilm o'rganinglar.

Hadis