Har safar galaktika bo‘ylab...
(Ayzek Azimovdan tarjima)
Bir necha yil avval qo‘shni mahalladagi maktab binosida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Lo‘ndasini aytganda, u yerda olov deyarli bo‘lmadi. Aksincha, xonalar va yerto‘lani buruqsigan tutun qopladi xolos. Ushbu ko‘ngilsiz hodisa yuz bergan paytda maktabda allaqachon darslar tugagan edi va shu sababli, xayriyatki, hech kim jabr ko‘rmadi.
Shunga qaramay, yong‘in kattalashib, kuchayib ketishini oldini olish uchun, xodimlar baribir o‘t o‘chirish bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilishgan edi. Ko‘chada birinchi o‘t o‘chirish mashinasi paydo bo‘lishi bilan, ko‘p o‘tmay atrofda tumonat tekin tomosha ishqibozlari to‘planib ketdi. Tomosha uchun to‘planib olgan olomonga qarab shunday taassurot uyg‘onadiki, xuddi shaharning barcha bekorchi va dangasa takasaltanglari maktab binosini qanday yonishini ko‘rish uchun shoshilib yetib kelishgandek go‘yo... Odamlar ushbu kulfatni tomosha qilish uchun mashinalarda, velosipedda, ot-aravalarda kelishgan edi. Ko‘pchilik albatta piyoda, yoki, yugurib ham kelganlar bor. Ba'zilar juft-juft bo‘lib dugonalari bilan kelishgan bo‘lsa, ba'zilar qariya ota-onasini ham va yosh bolalarini ham yetaklab kelgan. Nima deyishga ham hayronsan kishi...
Bu tomoshatalab g‘irt bekorchi to‘da olovni ko‘raman deb tiqilib-siqilib, maktab atrofidagi ko‘cha va maydonlarga to‘lib oldi va yo‘lni to‘sib qo‘yib, o‘t o‘chirish mashinasi o‘tishi uchun tirik to‘siq bo‘lib oldi. Natijada, o‘t o‘chiruvchilar yong‘in sodir bo‘lgan joyga mashinada kirib bora olishmadi. Odamlar yo‘ldan qochmaganidan keyin, yong‘inni o‘chirish uchun faqat vertolyotdan foydalanish imkoni qolgan edi xolos.
Afsuski, bunday achinarli hol ko‘p takrorlanadi. Bir joyda katta yoki kichik falokat ro‘y bersa, taassufki, albatta yaqin atrofda uni shunchaki kuzatib turadigan va bundan nima naf borligini o‘zi ham anglamaydigan avom odamlar to‘dasi yig‘iladi. Xo‘sh, bunday odamlarni nima o‘ziga tortadi? Birovning boshiga tushgan kulfatni kuzatib ular nima naf ko‘rishadi o‘zi? Bilmadim. Shaxsan menda bu boradagi fikrim juda salbiy. o‘ylashimcha, o‘shanday olomonni tashkil qilguvchi odamlar birinchidan, kimningdir boshiga tushgan fojeadan zavqlanishsa kerak. Ikkinchidan esa, o‘sha to‘da, voqea joyiga yetib kelayotgan maxsus xizmatlarni - o‘t o‘chiruvchilar, tez tibbiy yordam, qutqaruv xizmati va qo‘riqlash brigadalari singarilarni yo‘lini to‘sib, ularning ishiga maksimal qiyinchilik va murakkablik tug‘dirishni maqsad qilsa kerak...
o‘zing u yerda nima qilayotgan eding? - deb o‘ylayotgandirsiz. Darhol aytib qo‘yayki, men maktab binosining yonishini ko‘rish uchun ko‘chaga yugurib chiqib o‘sha olomon safiga qo‘shilganim yo‘q. Albatta, u yerda nima bo‘layotganini menga qizig‘i yo‘q edi deyishdan yiroqman. Aksincha, men o‘sha yerga chiqishim faqat vaziyatni chigallashtiradi xolos. Lo‘ndasini aytganda, mening bunday yong‘in va portlashlarni tomosha qilishga xushim yo‘q.
Lekin, agar osmonda yulduz portlasa - bu boshqa gap. Men bunday tomoshani o‘tkazib yuborishim qiyin va uni jon-jon deb tomosha qilaman. Hatto, uyqudan kechib bo‘lsa ham. Meni ayniqsa o‘ta yangi yulduz chaqnashlari o‘ziga rom etadi. o‘ta yangi chaqnashi bu - Koinotda ahyon-ahyonda yuz berib turadigan ulkan miqyosdagi yulduz portlashlaridir.
XX-asrning o‘rtalaridan boshlab fanda radioastronomiya sohasi jadal rivojlana boshladi. II-jahon urushi tugashi bilanoq, butun dunyo astronomlari Koinotning turli burchaklaridan kelayotgan qisqa to‘lqinli nurlanishlarni tutish va o‘rganishga kirishdilar. Tez orada shu narsa ma'lum bo‘ldiki, ayrim radioto‘lqinlar bizning yaqin qo‘shnilarimizdan tarqalayotgan ekan. Chunonchi, Quyosh asosiy radiatsiya manbai bo‘lsa, shuningdek, Yupiter va Venera ham muayyan chastotadagi radioto‘lqinlarni taratar ekan.
Amaliyot nuqtai nazaridan, Quyosh tizimidagi radioto‘lqinlar manbalarini o‘rganish unchalik ham qiziq emas. Aksincha, astronomlar olis galaktikalardan, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan uzoq yulduzlardan kelayotgan nurlanishlarni ko‘proq ishtiyoq bilan o‘rganishadi. Masalan, Quyosh tizimidan tashqaridagi shunday radiatsiya manbalaridan biri - Qisqichbaqasimon tumanlikdir. Garchi, uning signallari 5000 yorug‘lik yili masofasi orqali sezilarli so‘ndirib yuborilsa ham, baribir biz o‘z asbob-uskunalarimiz orqali ularni tuta olamiz. Qisqichbaqasimon tumanlikning o‘zi - o‘ta yangi yulduz chaqnashi qoldiqlaridan iborat bo‘lib, uning portlashidan hosil bo‘lgan nur Yerimizga dastavval 1054-yilda yetib kelgan.
Bizning galaktikamiz tashqarisida radiatsiya manbai bo‘lgan juda ko‘plab obyektlar mavjud bo‘lib, ularning joylashgan masofasi Yerdan millionlab va hatto milliardlab yorug‘lik yili masofalarida bo‘ladi. Shunday favqulodda ulkan masofalarga qaramay, mazkur obyektlarning radiatsion nurlanishlaridan kelayotgan mikroto‘lqinlarni Yerdagi maxsus asboblar qayd mufassal qayd eta oladi. Bunday obyektlar shu qadar ulkan energiya manbaiki, ular bilan taqqoslaganda, biz yuqorida aytib o‘tgan o‘ta yangi chaqnashi - eslashga arzimaydigan kichik hodisadir.
Masalan, shunday ulkan energiyali radionurlanishlar manbalaridan biri bizdan 200 000 000 yorug‘lik yili masofada joylashgan galaktika hisoblanadi. Teleskoplar ushbu galaktikaga e'tibor qarata boshlagan dastlabki paytlardayoq shu narsa ma'lum bo‘ldiki, kuchli radionurlanish manbai bo‘lgan mazkur galaktika o‘ziga xos tarzdagi, boshqalarga o‘xshamaydigan, g‘alati shaklga ega ekan. Olimlar yaxshiroq tekshirib, sinchiklab kuzatish orqali shuni aniqlashdiki, ma'lum bo‘lishicha, mazkur obyekt aslida bir-biri bilan to‘qnashib, o‘zaro qo‘shilib ketayotgan ikkita ulkan galaktikalar juftligi ekan.
Ikkita galaktikalar to‘qnashuvi - ikkita yulduz to‘qnashuviga unchalik ham o‘xshamaydi. Galaktikalarning aksariyatida (jumladan bizning galaktikamizda ham ) gaz-chang bulutlari mavjud. Agar, ushbu gaz-chang bulutlari o‘zaro to‘qnashsa, to‘qnashuv natijasidan qisqa to‘lqinli radionurlanishlar yuzaga keladi va mazkur galaktik bulut qo‘zg‘alishi xuddi Qisqichbaqasimon tumanli, yoki, Yupiter va Venera sayyoralari atmosferasi singari, qisqa to‘lqinli nurlanish manbaiga aylanadi.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, Koinotda bunday qisqa to‘lqinli nurlanish manbalari juda serob ekan. Bunday manbalarning soni ortishi bilan, ularning kelib chiqishi haqidagi savollar ham ko‘payib bordi. Qisqa to‘lqinli nurlanish manbalarining soni bizdan olisdagi galaktikalar soniga taqqoslaganda, hayratlanarli darajada ko‘p bo‘lib chiqmoqda edi va bu fakt olimlarni boshini qotirib qo‘ydi. Albatta, galaktikalarning o‘zaro to‘qnashishi ahyon-ahyonda uchrab turadigan, kamyob hodisa deb baholanardi va Koinotda bu qadar ko‘p sonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi va ulardan bu qadar ko‘p radionurlanish manbalari yuzaga kelishi mumkin emasdi.
Ehtimol, bunday nurlanish manbalarining kelib chiqishini tushuntirib beruvchi boshqa ilmiy yondoshuv kerakdir? Qanday samoviy hodisa bo‘lishi mumkinki, uning bir o‘zi yakka holda, ikkita to‘qnashayotgan galaktikalar singari kuchli radionurlanish manbasiga aylana olsa? Demak, nurlanish manbasi bo‘lish uchun ikkita galaktika to‘qnashishi shart emas ekan degan fikr kelib chiqmoqda. Lekin, qanday qilib, bitta galaktikaning o‘zi yakka holda, shunday kuchli radioto‘lqinlar tarata oladi?
Keling shunday taxmin qilamiz: galaktika portlashi mumkin.
Lekin qanday qilib? Axir galaktika yaxlit bir butun obyekt emas. Aksincha, galaktika - bir-biri bilan gravitatsiya orqali bog‘lanib turgan yuz milliardlab yulduzlarning to‘plamidir. Albatta, galaktika tarkibidagi yulduzlar har biri alohida holda portlashi mumkin; lekin, o‘sha yulduzlarning hammasi bir vaqtda portlashi natijasida butun galaktika portlashi ehtimoli juda kam bo‘lgan, deyarli imkonsiz masaladir.
Ushbu savollarga javob olish uchun galaktikaning ichki tuzilishi qandayligini to‘g‘ri tasavvur qilib olish muhim. Galaktikada yulduzlar qandaydir erkin holda g‘uj bo‘lib to‘plangan deb o‘ylash - xato fikrdir. Bizning galaktikamiz va unga o‘xshash boshqa galaktikalar ham katta diametri yuz minglab yorug‘lik yili masofasiga cho‘zilgan bo‘lib, unda yulduzlar anchayin siyrak, ya'ni, bir-biridan juda katta masofalarda joylashgan. Biz o‘z galaktikamizda yulduzimiz - Quyoshga qo‘shni yulduzlar soni juda kam bo‘lgan siyrak yulduzli fazoda yashaymiz va bu narsa biz uchun odatiy, me'yoriy hol sanaladi. Lekin, bu doim ham shunday bo‘ladi degani emas.
Galaktikaning asosiy massasini uning markazida g‘uj bo‘lib to‘plangan nihoyatda zich yulduzlar to‘plami tashkil etadi va u galaktika yadrosi deb ataladi. Galaktika yadrosi sfera yoki, unga yaqin shaklda bo‘ladi. Galaktika yadrosi diametri taxminan 10000 yorug‘lik yili, hajmi esa 525000000000 kub yorug‘lik yilini tashkil qiladi. Agar galaktika yadrosida 100 000 000 000 dona yulduz bor deb taxminan olsak, unda, yadroning yulduz "aholi zichligi" har bir 5,25 yorug‘lik yili kubiga bittadan yulduz to‘g‘ri keladi.
Yulduzlarning bunday g‘uj va zich joylashuvida, galaktika yadrosidagi qo‘shni yulduzlarning o‘rtacha oraliq masofasi 1,7 yorug‘lik yiliga teng bo‘ladi. Bu butun yadro hajmi uchun o‘rtacha qiymatdir. Chunki, yadroda ham, chetki qismlarida yulduzlar zichligi bundan ko‘ra siyrakroq bo‘lsa, yadro markazi tomon zichlik ortib, qo‘shni yulduzlar orasidagi masofa ham qisqarib boradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, galaktika yadrosi markazidagi qo‘shni yulduzlar oraliq masofasi yarim yorug‘lik yili atrofida bo‘lishi taxmin qilingan.
Lekin, ushbu yarim yorug‘lik yili masofasi ham Pluton orbitasi diametridan qariyb to‘rt barobar katta bo‘lib, shunga ko‘ra aytish mumkinki, hatto galaktika yadrosi markazida ham yulduzlar bir yerga u qadar zich g‘uj bo‘lmagan va ular ham bir vaqtda to‘qnashib, bir vaqtda portlashi ehtimoli juda kam. Lekin...
Endi, keling, shunday tasavvur qilamiz: galaktika ichida, qayerdadir bir o‘ta yangi yulduz chaqnab portladi. Unda nima bo‘ladi?
Bunday o‘ta yangi yulduz chaqnashlarning aksariyatida ham, galaktika miqyosida aytarli hech narsa bo‘lmaydi. Faqat o‘sha portlagan o‘ta yangi yulduzning o‘zi mayda bo‘laklarga bo‘linib, yaqin atrof fazoga sochilib ketadi. Agar, chaqnagan o‘ta yangi galaktikaning chetroq qismida, yulduzlar siyrak bo‘lgan hududda portlasa, uning portlashidan hosil bo‘lgan ulkan miqdordagi vayronkor energiya tarqalish radiusi hatto eng yaqin joylashgan yulduzlargacha ham yetib bormaydi va i yo‘l-yo‘lakay so‘nib, bilinmay ketadi.
Lekin, galaktika markazida, yadroda o‘ta yangi chaqnasa, unda galaktikaning holiga voy. o‘rtacha kattalikdagi o‘ta yangi chaqnashidan fazoga tarqaladigan energiya miqdori Quyoshning umumiy energiya zahirasidan 10000000000 marta katta bo‘ladi. o‘ta yangi chaqnashi vaqtida undan 5 yorug‘lik yili masofada joylashgan obyekt, chaqnashdan hosil bo‘lgan favqulodda ulkan energiya miqdorini qabul qilib oladi va bu energiyaning bir soniyada yetib keladigan miqdori, Yer Quyoshdan olayotgan yillik energiyaning o‘ndan biriga teng bo‘ladi. Yarim yorug‘lik yili masofasidagi obyekt esa, o‘ta yangi sifatida chaqnayotgan qo‘shnisi sochib yuborgan ulkan energiya miqdoridan shunday ulushda qabul qiladiki, uning bir soniyada qabul qilib oladigan energiyasi Quyoshdan bir soniyada Yerga yetib keladigan energiya miqdoridan o‘n barobar ko‘p bo‘ladi.
Bu juda katta miqdordir. Agar, Yerdan 5 yorug‘lik yili narida o‘ta yangi yulduz chaqnasa bormi, u bir yil davomida Yerni shunday qizdirib yuboradiki, hammayoq cho‘llanib, muzliklar erib ketishi hech gap emas. Agar o‘ta yangi chaqnashi yarim yorug‘lik yili masofada sodir bo‘lsa, u sayyorani butkul quritib qo‘yishi mumkin. Lekin, bunday xavfning o‘zi mavjud emas. Chunki, Yerdan 5 yorug‘lik yili masofada faqat bitta yulduz mavjud bo‘lib, u ham o‘ta yangi sifatida portlab chaqnaydigan yulduz emas.
Xo‘sh, qo‘shni yulduzning o‘ta yangi sifatida chaqnashidan yulduzlarning o‘zi qanday ahvolga tushadi? Agar, Quyosh yaqinida o‘ta yangi chaqnasa, undan kelayotgan ulkan energiya oqimini qabul qilib olgan Quyoshning o‘z harorati ham juda sezilarli darajada ortishi tayin. Lekin, bunday ulkan energiya miqdorini qabul qilib olgan Quyosh, bir muddat o‘tgach, yana muvozanatga keladi va avvalgi holatidagidan ko‘ra faolroq bo‘lib qoladi. Bu esa, Quyoshda uzluksiz va muttasil sodir bo‘ladigan termoyadro reaksiyasi yoqilg‘isi sarfining jadallashishiga sabab bo‘ladi. Aynan shu narsa yulduzning umrini belgilab beradi.
Yulduzning yoqilg‘i zahirasi bitib, eng kam nuqtaga yetib kelgach, yulduz hajman kengayishni boshlaydi va qizil gigantga aylanadi va portlab, o‘ta yangi yulduz sifatida chaqnaydi. Hatto ancha uzoqda chaqnagan o‘ta yangi ham, qo‘shni yulduzning yoqilg‘i sarfini ortishiga sabab bo‘lish orqali, uning umrini sezilarli qisqartirib yuborishi mumkin. Lekin, baxtimizga ko‘ra, Quyoshimiz yaqinida bunday o‘ta yangilar mavjud emas va uning umri hali bir necha milliardlab yil davom etishi mumkin.
Biroq, galaktikadagi boshqa yulduzlar haqida bunday deyishning iloji yo‘q. Chunki, ulardagi termoyadro yoqilg‘i zahirasi o‘zi shundoq ham juda kamayib, eng past ko‘rsatkichga kelib qolgan bo‘ladi va bunday "qariya" yulduzlar yaqinida o‘ta yangi chaqnashi, ular uchun halokatli o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Keling, shu kabi, yoqilg‘isi tugay-tugay deb qolgan va halokat yoqasida turgan yulduzlarni "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" deb ataymiz. Bunday yulduzlar galaktikada qancha ekan?
Mutaxassislarning baholashicha, bir asr davomida bitta galaktikada o‘rtacha 3 ta o‘ta yangi chaqnaydi. Bundan kelib chiqsak, 33000000 yilda bitta o‘rta statistik galaktikada bir millionta o‘ta yangi chaqnaydi. Agar, galaktikaning umri yuzlab milliard yillar bilan o‘lchanishini inobatga olsak, unda, o‘ta yangiga aylanishiga million yil qolgan yaqin turgan istalgan yulduzni ham halokat yoqasida deb hisoblash mumkin.
Endi statistikaga va ehtimollar nazariyasiga murojaat qilamiz. Agar o‘rta statistik galaktika yadrosida 100 milliard yulduz mavjud bo‘ladi deb olsak va ulardan milliontasi halokat yoqasida deb hisoblasak, unda undagi har 100 000 donasi yulduzdan bittasi "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduz bo‘lib chiqadi. Demak, galaktika yadrosidagi "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduzlar orasidagi o‘rtacha masofa 80 yorug‘lik yiliga teng bo‘ladi. Yadro markaziga yaqinlashgan sayin, bu masofa o‘rtacha 25 yorug‘lik yiliga tenglashib boradi.
Lekin, hatto 25 yorug‘lik yili masofasida ham, o‘ta yangi chaqnashidan hosil bo‘lgan yorug‘likning yetib kelishi miqdori, Quyoshdan Yerga yetib kelayotgan yorug‘lik miqdoridan 250 barobar kam bo‘ladi. Qisqasini aytganda, bunday masofadagi o‘ta yangining chaqnashi ham qo‘shnisiga aytarli ta'sir ko‘rsatmaydi. Boz ustiga, biz bugungi kunda turli galaktikalar qa'ridan o‘ta yangi chaqnashlarini juda tez-tez kuzatmoqdamiz va bundan hech qanday galaktik falokat sodir bo‘layotgani yo‘q. o‘ta yangining chaqnashidan galaktika deyarli hech narsa yo‘qotmayapti va u avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qolmoqda. Chaqnagan o‘ta yangi esa asta sekinlik bilan tumanlikka aylanib, tarqalib, yo‘q bo‘lib ketmoqda.
Shunga qaramay, masalaning yana bir jihatini nazardan qochirmaslik kerak. Agar, o‘rta statistik galaktika tarkibida o‘rtacha 100000 dona "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduz mavjud bo‘lsa, unda, ayrim galaktikalarda bu miqdor bundan-da ko‘proq bo‘lishi va aksincha, ayrim galaktikalarda esa, bu kabi halokat yoqasidagi yulduzlar soni juda kam bo‘lishi mumkin. Aytaylik, biror bir galaktikada, har mingta yulduzdan bittasi halokat yoqasida bo‘lsa, boshqa birida har milliardda yulduzdan birigina "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduz bo‘lishi mumkin.
Agar, muayyan bir galaktikada har mingta yulduzdan biri halokat yoqasidagi yulduz bo‘lib, uning o‘ta yangiga aylanib chaqnashiga bir baxya qolgan bo‘lsa, demak, bunday galaktika yadrosida o‘rtacha 100000000 ta halokat yoqasidagi yulduz mavjud bo‘ladi va ular orasidagi masofa 17 yorug‘lik yilini tashkil qilishi mumkin. Yadro markaziga kirib borgan sayin, bunday "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduzlar oraliq masofasi o‘rtacha 5 yorug‘lik yiliga tenglashib boradi. Agar, shunday tiqilinch zich joyda bitta o‘ta yangi chaqnasa bormi, u o‘zidan atiga 5 yorug‘lik yili masofada joylashgan "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduzni shu darajada qizdiradiki, natijada halokat yoqasidagi o‘sha yulduzning umri yanada jadalroq qisqara boshlaydi. Agar, bungacha, mazkur "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduzning umrida hali bir necha ming yil bor deb baholangan bo‘lsa, endi, unga 5 yorug‘lik masofada chaqnagan o‘ta yangi yulduz tufayli uning umri atiga bir necha oy qoladi va mazkur yulduzning "qarish" jarayoni favqulodda tezlashadi. Chunki, unda yoqilg‘i sarfi shiddati keskin ortib ketadi. Shu nuqtada yana bir muhim faktga ham e'tibor qaratish kerak. Birinchi safar o‘ta yangi yulduz chaqnaganda, uning chaqnash energiyasi har tarafga sochilib ketadi va u eng avvalo, o‘ziga yaqin joylashgan va halokat yoqasida bo‘lgan yulduzlarning umrini keskin qisqartirib yuboradi. Lekin, ushbu ta'sir ko‘lami shu bilan cheklanib qolmaydi. Chaqnagan o‘ta yangi tufayli, undan olisroqdagi boshqa "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduzlar ham jabr ko‘radi va ularning umri ham muayyan darajada qisqaradi. Faqat, ulardagi yoqilg‘i sarfi jadallashuvi, o‘ta yangiga 5 yorug‘lik yili masofasida yaqin bo‘lgan "o‘ta yangiga aylanish arafasidagi" yulduzning yoqilg‘i sarfi jadallashuvichalik bo‘lmaydi. Endi, galaktika yadrosida chaqnagan bitta o‘ta yangidan unga eng yaqin bo‘lgan halokat yoqasidagi yulduz ko‘proq ziyon ko‘rsa, undan nariroqdagisi esa kamroq bo‘lsa-da, zarar yetkazar ekan, demak, bitta chaqnash tufayli, keyingi chaqnashlarning ham oraliq muddati keskin qisqarib ketar ekan. Ya'ni, bitta o‘ta yangi yulduz portlashi, o‘ziga 5 yorug‘lik yili masofasidagi yulduzning qoldiq umrini bir necha ming yildan bir necha oyga qisqartirib qo‘ysa, "sal nariroqdagi" (aytaylik, 7 yorug‘lik yili naridagi) halokat yoqasidagi yulduzning qoldiq umrini ham bir necha yil qilib qo‘ysa, endi tasavvur qiling, zarbani birinchi bo‘lib qabul qilib olgan halokat yoqasidagi yulduz o‘zi ham bir necha oy o‘tiboq o‘ta yangi sifatida chaqnab, portlaydi va u ham o‘z yaqin atrofiga ulkan energiya miqdorini purkab, yaqin qo‘shnilarining umrini qisqartirib yuboradi. Va shu tarzda, domino effekti bilan ketma-ket chaqnashlar boshlanib ketadi. Natijada, galaktika markazidagi yadroda bir nechta o‘ta yangi juda yaqin ketma-ketlikda, navbati bilan chaqnab, portlay boshlaydi va natijada domino effekti yuzaga kelib, juda qisqa vaqt intervallarida, millionlab o‘ta yangilar chaqnaydi. Natijada, bir vaqtning o‘zida bo‘lmasa hamki, lekin, juda yaqin vaqtlar oralig‘ida portlagan o‘ta yangilarning chaqnashidan, butun boshli galaktika larzaga keladi va favqulodda kuchli nurlanishlar manbaiga aylanadi. Natijada, milliardlab yorug‘lik yili masofalariga tarqala oladigan kuchli radiatsion to‘lqinlar vujudga kelib, uzoq ming yilliklar davomida ham butun Koinot bo‘ylab tarqalib, bizning Yerimizga yetib keladi va asbob-uskunalarimiz tomonidan qayd etiladi.
Balki, bu aytilganlar shunchaki mening fantaziyam bo‘lib, asl voqe'lik butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin deb o‘ylarsiz. Albatta, bu mulohazalar mening shaxsiy fantaziyam ekanligi rost. Lekin, 1963-yildagi kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu yo‘nalishdagi mulohazalarda jon bor ekan va agar jiddiyroq yondoshilsa, bu muayyan ilmiy xulosalarga olib kelishi ham ehtimoldan holi emas ekan.
1963-yildagi kuzatishlar deganda, o‘sha yili o‘tkazilgan Katta Ayiq turkumidagi M82 galaktikasi yuzasidan olib borilgan astronomik kuzatuvlar haqida gap ketayotganini ta'kidlab o‘tishim joiz. Ushbu galaktika M82 deb nomlanishiga sabab, u bundan ikki asr muqaddam farang astronomi Sharl Messye tomonidan tuzib chiqilgan osmon jismlari tasnif-ro‘yxatida 82-raqam bilan qayd etilganidir.
Messye o‘zi kometalarni kuzatish ishqibozi bo‘lgan. U umrining katta qismini rasadxonada, teleskop oldida o‘tkazdi. Messyening asosiy maqsadi - osmonda biror bir yangi kometani kashf qilish va kuzatishdan iborat bo‘lgan. U ko‘plab marta yangi kometa kashf qilganini taxmin qilib, sevinib uni kuzata boshlagan. Lekin, uning quvonchi har safar ham uzoqqa cho‘zilmagan. Chunki, Messye kometa deb o‘ylagan osmon jismi aslida joyidan qo‘zg‘almay turadigan biror bir tumanlik bo‘lib chiqavergan.
Oxir oqibat Messye avval bunday tumanliklarni hammasini osmon xaritasiga tushirib chiqib, ularni aniq belgilab olishni maqsad qildi. Uning niyati - hamma shunday tumanliklarni aniq-tiniq belgilab olib, qaytib ularga chalg‘imaslik va kometa izlashda ushbu tumanliklarni istisno qilib, e'tiborni faqat haqiqiy kometalarga qaratish edi. Messye shunday tumanliklarni osmon xaritasiga kirita boshladi va ko‘p o‘tmay uning xarita va qaydnomalarida 101 ta shunday tumanlik qayd etilgan ro‘yxat yuzaga keldi. Messye ushbu obyektlarni kometa deb o‘ylab chalg‘imaslik uchun shunchaki ro‘yxat qilgan edi. Biroq, u o‘zi ham kutmagan tarzda, aynan ushbu ro‘yxat uning nomini ilm-fan tarixiga abadiylashtirib qo‘ydi.
Messyening mazkur ro‘yxatida №1 raqam bilan biz yaxshi bilgan Qisqichbaqasimon tumanlik joy olgan edi. Keyin esa, 12 ta sharsimon yulduz to‘dalari ro‘yxatni davom ettirgan. 13-raqam bilan esa, o‘sha zamonda ma'lum yulduz turkumlaridan eng kattasi - Gerkules yulduz turkumi joy olgan. Ro‘yxatda 30 yaqin o‘rinlarda turli galaktikalar, shu jumladan, Andromeda galaktikasi (M31), Suv Uyurmasi nomli galaktika (M51) kabilar joy olgan. Bundan tashqari, Messye ro‘yxatida Orion tumanligi (M42), Halqasimon tumanlik (M57) kabilarni ham uchratish mumkin.
M82 esa Yerdan 10000000 yorug‘lik yili masofasida joylashgan galaktikadir. Ushbu galaktikaning astronomlar diqqat markaziga tushishiga asosiy sabab, uning juda kuchli radioto‘lqinlar manbai ekanligi bo‘lgan. Astronomlar ushbu galaktika tomon maxsus teleskopni yo‘naltirishdi. 200 dyumlik ushbu teleskopning shunday jihati mavjud ediki, u har qanday yorug‘lik nurlarini filtrlab, faqat vodorod ionlaridan chiqadigan nurlanishlar bo‘yicha fotosuratlar olish imkonini berardi. Olimlar, muhim radiatsion qo‘zg‘alishlar birinchi navbatda aynan vodorod ionlarida o‘z aksini topadi degan asosli ilmiy mantiqqa ega edilar.
Shunday ham bo‘lib chiqdi! Maxsus teleskop orqali kuzatishlar natijasida, galaktika markazidan minglab yorug‘lik yili masofalarga cho‘zilib chiqib tarqalayotgan vodorod ionlari oqimi qayd qilindi. Shiddat bilan galaktika markazidan otilib chiqayotgan vodorod ionlarining umumiy massasi o‘rtacha kattalikdagi 5000000 ta yulduzning massasiga teng ekani hisob-kitob qilingach, olimlarning mulohazasi to‘g‘ri o‘zanda ekani oydinlashdi. Vodorod ionlari oqimining tarqalish tezligi va ular bosib o‘tgan masofani inobatga olinsa, galaktika markazida sodir bo‘lgan va ushbu oqimni shiddat bilan otilib chiqishini yuzaga keltirgan portlash bundan taxminan 1500000 yil muqaddam sodir bo‘lgan ekan. Yorug‘likning M82 dan chiqib Yerga yetib kelgunicha taxminan 10 million yil o‘tishini inobatga olsak, demak, Yer vaqti bo‘yicha M82 dagi o‘sha portlash bundan 11500000 yil muqaddam (pleystotsenning eng boshida) sodir bo‘lgani ma'lum bo‘lmoqda.
Demak, xulosa qilish mumkinki, M82 bu - portlagan galaktika ekan. Uning portlashi natijasida Koinotga sochilib tarqalib ketgan energiya miqdori, ketma-ket portlagan 5 million dona o‘ta yangining chaqnashidan tarqalgan energiya miqdoriga ekvivalent bo‘lgan. Bu fizika bilimdonlariga, ya'ni, yadro fizikasi bilan yaqindan tanish bo‘lgan mutolaachiga nimanidir eslatayotgani aniq. Albatta, bunday ketma-ket o‘ta yangi portlashi uran yadrosining parchalanishi natijasida sodir bo‘ladigan zanjir reaksiyasiga o‘xshab ketmoqda. Faqat miqyoslar turlicha. Men shunga aminmanki, agar o‘sha M82 o‘rnida qachonlardir mavjud bo‘lgan va portlab ketgan galaktikadagi birorta yulduz sistemasidagi sayyorada qandaydir shakldagi tiriklik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bunday ulkan miqyosdagi portlashdan keyin, u joyda hayot nom-nishonasi qolmagan...
Bilasizmi, menga ba'zan juda bo‘lmag‘ur, qo‘rqinchli xayollar keladi. Sezganingizdek, men bizning galaktikamizda ham shunday portlash sodir bo‘lmasmikin degan qo‘rquv haqida gapirmoqdaman. Lekin, qo‘rquvim tez tarqalib ketadi, chunki, galaktikalarning portlashi nihoyatda kamdan-kam sodir bo‘ladigan favqulodda noyob hodisadir va aynan bizning galaktikamizning portlash xavfi deyarli yo‘q darajada past ehtimollikka ega. Galaktikamizning portlamasligiga ishonch bilan, lekin, mabodo shunday portlash bo‘lib qolsa nimalar yuz berishini fantaziya qilib ko‘rish mumkin.
Eng avvalo shuni aytib o‘tish kerakki, biz galaktika yadrosida emas, aksincha, uning deyarli chekkasida, yulduzlar nisbatan kam bo‘lgan siyrak joyida yashaymiz. Bunday masofada esa, garchi juda oz bo‘lsa-da, har holda, portlashdan omon qolish imkoniyati doim bo‘ladi. Boz ustiga, galaktikamiz markazi va bizning Quyosh tizimi o‘rtasida juda ulkan, favqulodda katta miqyosli gaz-chang buluti mavjud bo‘lib, bu o‘ziga xos qalqon vazifasini bajarishi mumkin.
Albatta, bunday gaz-chang bulutidan ham, portlash energiyasining muayyan miqdori o‘tib kela oladi. Unda, mazkur to‘lqinlar radioastronomiyani butunlay mahv etadi. Chunki, to‘lqin har tarafdan Yerni qoplab oladi va radioteleskoplar faqat bir xil manzarani kuzatadigan bo‘lib qoladi. Lekin, bu eng yomoni emas. Yomoni shuki, Yerga kelayotgan kosmik nurlar intensivligi keskin oshishi mumkin. Bu esa Yerdagi hayot uchun xavfli bo‘lishi aniq. Koinotdan yopiriladigan radioaktiv hujum - galaktika portlashining eng yomon ta'siri bo‘ladi.
Keling, hozircha kosmik radiatsiya haqida bir muddat unutamiz. Boz ustiga, uning miqdoriy qiymati qanday bo‘lishi mumkinligini hatto taxminan ham aytish mushkul. Ustiga-ustak, atrofda radioaktiv fon kuchayishi haqidagi fikrlar odam ruhiyatini ko‘taradigan narsa emas. Yaxshisi, galaktika yadrosi va biz o‘rtamizdagi chang bulutlarini xayolan surib tashlab, galaktika yadrosining portlashdan avval kuzatib turilsa, qanday manzara yuzaga kelishini o‘ylab ko‘ramiz.
Ma'lumki, galaktikamiz yadrosi diametri taxminan 10000 yorug‘lik yiliga teng va yadroning o‘zi bizdan taxminan 30000 yorug‘lik yili masofa uzoqlikda joylashgan. Agar o‘rtadagi gaz-chang bulutini xayolan olib tashlasak, unda galaktikamiz yadrosi qarshimizda sfera shaklida namoyon bo‘ladi va u gorizontdan balandda bo‘lgan vaqtda osmon sferasining ko‘rinadigan qismining 1/65 qismini egallaydi.
Galaktika yadrosining ravshanligi Venera ravshanligidan taxminan 30 barobar kuchli bo‘ladi; lekin, shunga qaramay, juda katta maydonga yoyilganligi sababli, nisbatan xira bo‘lib ko‘rinadi. Osmonda Oyning o‘lchamichalik ko‘rinadigan galaktika yadrosi markazining yorqinligi, umumiy yorqinlikning 1/2000000 qismini tashkil qiladi xolos.
Shu holatda, galaktikamiz yadrosi portlasa nima bo‘ladi? Agar mabodo shu holat yuz bersa ham, u katta ehtimol bilan, galaktikaning qoq markazidagi o‘ta yangining portlab chaqnashi bilan boshlanadi va chaqnagan o‘ta yangi o‘zining halokat yoqasidagi qo‘shnilariga maksimal halokatli ta'sir ko‘rsatadi. Agar, portlash natijasidan M82 singari 5000000 o‘ta yangi yuzaga kelsa va galaktika markazidagi halokat yoqasidagi yulduzlar oraliq masofasi o‘rtacha 5 yorug‘lik yili bo‘lsa, unda 5000000 ta o‘ta yangi taxminan 850 yorug‘lik yiliga teng diametrli sferaga joy bo‘ladi. 30000 yorug‘lik yili masofasidan esa bunday sfera osmonda to‘linoy diametridan sal kattaroq diametr bilan, aniq-tiniq va yorqin ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Agar, galaktika markazida o‘ta yangi chaqnasa, u zanjir reaksiyasini boshlab beradi va portlashlar tezlanish olish bilan ketma-ket davom eta boshlaydi.
Agar biz million yillar muqaddam sodir bo‘lgan o‘ta yangi chaqnashini ko‘ra olganimizda, unda galaktika yadrosi birdaniga portladi deyishimiz balki to‘g‘ri bo‘lardi. Lekin, bu faqat qisman to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, portlash jarayonining o‘zini kuzatish paytida shu narsa ma'lum bo‘lar ediki, porlashning o‘zi ham muayyan vaqt oladi va bir o‘ta yangining chaqnashidan, unga qo‘shni bo‘lgan halokat yoqasidagi yulduz ham o‘ta yangiga aylanib chaqnashi kelib chiqishi uchun, kamida 5 yil kerak bo‘ladi. Buning sababi esa, yorug‘lik tezligining tabiatda mavjud bo‘lgan eng katta tezlik ekani bilan bog‘liq. Ya'ni, bir yulduz o‘ta yangi sifatida chaqnab portlasa ham, uning atrofga sochib yuborgan radiatsiya to‘lqinlari, shu jumladan yorug‘ligi qo‘shni yulduzga yetib borib, uni ham o‘ta yangi sifatida chaqnashga majbur qilishi uchun, yorug‘likning o‘zi ham juda katta masofalarni bosib o‘tishi talab etiladi. Yuqoridagi mulohazalardan ma'lumki, bu masofa galaktika markazida 5 yorug‘lik yili atrofida bo‘lsa, demak, galaktika yadrosida bitta o‘ta yangi chaqnashidan keyin, uning ta'sirida ikkinchisining chaqnashi uchun kamida 5 yil kerak bo‘lar ekan.
Agar chaqnagan o‘ta yangiga eng yaqin masofada joylashgan va o‘zi ham halokat yoqasida bo‘lgan yulduz, portlab bo‘lgan birinchi o‘ta yangiga nisbatan nariyoqda, ya'ni, Yerga nisbatan undan ham keyin joylashgan bo‘lsa (ya'ni, chaqnagan o‘ta yangining o‘zi, o‘sha halokat yoqasidagi qo‘shnisi va Yer orasida joylashgan bo‘lsa), demak, o‘ta yangining chaqnashi ta'siri unga yetib borib, yerdan ko‘ringunicha, yana 5 yil qo‘shimcha vaqt o‘tadi. Chunki, yorug‘likning unga borib, qaytishi vaqtini ham inobatga olish zarur. Demak, bunday holatda biz ikkinchi o‘ta yangining chaqnashini 10 yildan keyingina ko‘ramiz. Endi, yana bir faktni esga olib o‘tish kerakki, osmonning muayyan qismida portlagan o‘ta yangining nurlari Yerga yetib kelgan taqdirda ham, eng maqbul sharoitlar mavjud bo‘lgan vaziyatda, oddiy ko‘z bilan ko‘ra olishimiz uchun bir yilga yaqin vaqt ketadi. Ikkinchi bo‘lib chaqnagan o‘ta yangi esa, birinchi so‘nib bo‘lgandan keyin ham hali ko‘rinmayotgan bo‘ladi.
Lo‘ndasini aytganda, mabodo, galaktikamiz markazida 850 yorug‘lik yiliga teng diametrga g‘ujlashgan 5000000 yulduz ketma-ket portlab, zanjir reaksiyasi tarzida o‘ta yangi sifatida chaqnay boshlasa hamki, biz ushbu ulkan miqyosli portlashdan chiqqan yorug‘likni taxminan 1000 yildan keyin ko‘ra olamiz xolos. Agar, chaqnash galaktika yadrosini tashkil qiluvchi sferaning bizga yaqin chetidan boshlansa, uning yorug‘ligi bizgacha yetib kelib, keyin boshqa yulduzlarni ham o‘ta yangi sifatida chaqnashga majbur qilganini ham ko‘rish uchun, taxminan 1500 yil kerak bo‘ladi. Agar, o‘ta yangi chaqnashi yadro sferasining narigi chetidan boshlansa, unda chaqnash energiyasi va yorug‘ligi yo‘l-yo‘lakay boshqa chaqnashlarni ham yuzaga keltirish orqali bizga yetib keladi va bunda galaktika yadrosi sferasining portlashini ko‘rishimiz muddati anchayin qisqaradi.
Taxminlarga ko‘ra, basharti, voqealar rivoji shunday tus olib, galaktika markazida o‘ta yangilar chaqnashi boshlanib ketsa va zanjir reaksiyasi tus olib, oxir-oqibatda yadro portlasa, unda ushbu jarayon Yerdan quyidagicha ko‘rinadi: avvaliga, birinchi o‘n yillikda galaktika markazi tarafda tungi osmonda 3-4 ta miltillovchi obyektlar paydo bo‘ladi. Lekin, vaqt o‘tishi bilan bunday miltillovchi obyektlar soni ko‘payib boradi va vaqt o‘tishi bilan, bir vaqtning o‘zida galaktika markazi tarafda yuzlab shunday miltillovchi obyektlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan ular birma-bir so‘nib, o‘z o‘rnida xira yog‘dulanuvchi gaz buluti ko‘rinishidagi dog‘ qoldiradi.
Xo‘sh, o‘sha miltillovchi obyektlar qanchalik yorqin bo‘lishi mumkin? Yakka holda chaqnagan o‘ta yangining yorqinligi -17 mutlaq yulduz kattaligida bo‘lishi mumkin. Ya'ni, bizdan 32,5 (10 parsek) yorug‘lik yili masofada joylashgan o‘ta yangi chaqnashi yorqinligi, Quyosh yorqinligining 1/10000 dan bir qismichalik bo‘ladi. Biroq, 30 yorug‘lik yili masofasida bunday o‘ta yangining chaqnash yorqinligi 15 yulduz kattaligigacha pasayadi va atiga -2 yulduz kattaligini tashkil qiladigan bo‘lib qoladi. Masalan, Yupiterning yorqinligi shunday darajada.
Raqamlar haqiqatan ham aql bovar qilmas darajada! Galaktika yadrosi masofasida birorta ham oddiy yulduzni qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Yadroni tashkil qiluvchi yuz milliardlab yulduzlar birgalikda bo‘lsa ham, juda xira tumanlik ko‘rinishida, arang ko‘rinadi xolos. Hatto yorug‘likni ham shunday darajada susaytirib qo‘yuvchi ushbu favqulodda ulkan masofalarni oralab yetib kelgan o‘ta yangi chaqnashi yorqinligi Yupiter yorqinligiga teng bo‘la olsa - manabuni haqiqatan ham aql bovar qilmas, hayratlanarli hodisa desa bo‘ladi! Bunday o‘ta yangi chaqnashidan yetib keladigan yorug‘lik kuchi, oddiy, butun galaktikadan yetib keladigan yorug‘lik kuchining 1/10 qismiga teng bo‘ladi.
Biroq, portlayotgan har bir o‘ta yangining yorqinligi albatta maksimal bo‘ladi deyish ham to‘g‘ri emas. Buning ehtimoli juda past. Ayrim bir o‘ta yangilar albatta shunday kuchli yorug‘lik kuchiga va yorqinlikka ega bo‘lishi mumkin. Lekin, o‘rta statistik o‘ta yangining yorqinligi maksimumdan ikki birlik past bo‘ladi deb qabul qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Agar, ushbu taxmin bilan ish ko‘radigan bo‘lsak, unda, o‘rta statistik o‘ta yangining yorqinligi 0-kattalikdagi yulduzlar yorqinligiga teng bo‘ladi. Masalan, Arktur yulduzi shunday yorqinlikka ega.
Shunga qaramay, osmonda paydo bo‘ladigan bunday miltillovchi obyektlar - shunchaki oddiy holat emas. Ularga albatta alohida e'tibor qaratishga to‘g‘ri keladi va har qanday odam, osmonda bunday obyektga ko‘zi tushsa, bir zumga tikilib qolishi turgan gap.
Taassufki, (balki, xayriyatki desak to‘g‘riroq bo‘lar...) biz galaktika yadrosini ko‘ra olmaymiz. Lekin, o‘sha yadroni tasavvur qilishimiz uchun bizga nima xalaqit beradi? Balki, uni tasavvur qilishga ko‘maklashadigan biror bir o‘xshash obyektlarni kuzatishimiz mumkindir?
Albatta, bunday tasavvurga yordam beradigan imkoniyat mavjud. Bizning galaktikamizda u yer bu yerda sharsimon yulduz to‘dalari uchrab turadi. Taxminlarga ko‘ra, galaktikamizda taxminan 200 tacha shunday sharsimon to‘dalar mavjud. Bunday sharsimon to‘dalarning diametri taxminan 100 yorug‘lik yiliga teng bo‘ladi va ularning har birida o‘rtacha 100000 dan 10000000 gacha yulduz bo‘lishi mumkin. Ulardagi yulduzlar markaziy o‘q atrofida simmetrik taqsimlangan deb taxmin qilinadi. Aynan shunday sharsimon yulduz to‘dalarini galaktika markazidagi yadroga qiyos qilish mumkin.
Shunday sharsimon yulduz to‘dalaridan eng kattasi, yuqorida ham qayd etib o‘tilgan M13 obyekti, ya'ni, Gerkules yulduz to‘dasidir. Lekin, ungacha bo‘lgan masofa juda uzoq. Bizga, Yerimizga yaqinroq joylashgan sharsimon to‘dalarni qarash kerak. Bunday nomzodlardan biri Sentavr omegasi bo‘lib, u Yerdan 22000 yorug‘lik yili narida joylashgan. Uni tungi osmonda oddiy ko‘z bilan ham aniq ko‘rish mumkin bo‘lib, beshinchi kattalikdagi obyekt hisoblanadi. Tungi osmonda ushbu sharsimon to‘da xira dog‘ ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Chunki, hatto diametri 100 yorug‘lik yili bo‘lgan ushbu sharsimon to‘da, bunday ulkan masofadan Yerda atiga 1,5 minut uzunlikdagi yoy sifatida ko‘rinadi xolos.
Mayli, shunday bo‘lsa ham, keling, o‘sha Sentavr omegasi sharsimon yulduz to‘dasidagi yulduzlarning ketma-ket portlab, o‘ta yangiga aylanib chaqnashini tasavvur qilib ko‘raylik. Sentavr omegasi sharsimon to‘dasida 10000 ta halokat yoqasidagi yulduz, ya'ni, portlash arafasiga kelib qolgan qariya yulduz mavjud bo‘lsa va ular zanjir reaksiyasi ko‘rinishida ketma-keta chaqnay boshlasa, unda mazkur sharsimon to‘da o‘rnida osmonda ulkan va yorqin miltillovchi obyekt hosil bo‘lib, Sentavr omegasining hozirgi yorqinligidan ikki barobar yorqinroq shu'la bilan ko‘rina boshlaydi.
Bunday portlash Yerdan kuzatish uchun eng maqbul portlash bo‘lgan bo‘lur edi. Chunki, bunda masofa xavfsiz, boz ustiga, uni gaz-chang buluti to‘sib qolmaydi va shu bilan birga, yetarlicha yorqin chaqnash bo‘lgani uchun, ajoyib, tomoshabop manzara hosil qilgan bo‘lur edi. Biroq, Sentavr omegasining portlashi ehtimoli juda past. Mabodo u portlab, o‘ta yangi singari chaqnagan taqdirda ham, uni Shimoliy yarimshardan ko‘rib bo‘lmaydi. Buning uchun ekvatorga yaqin mamlakatlarga, yoki, Janubiy yarimsharga borish zarur bo‘ladi...
Lekin shunga qaramay, anchayin serxarj bunday tomosha, o‘ylashimcha, maktab binosining yonishini tomosha qilishdan yaxshiroq. Harholda, maxsus xizmatlarga xalaqit berib, vaziyatni chigallashtiradigan olomon safida bo‘lgandan ko‘ra, osmonda o‘ta yangi chaqnashini kuzatish yaxshiroq degan fikrdaman...
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|
Bildirilgan fikrlar
Mulohazalar uchun RSS tasmasi