Karolina Lukretsiya Gershel (1750-1848)
Biz foydalanadigan yulduzlar xaritalari aksariyat hollarda real voqe'likka unchalik ham to‘g‘ri kelmaydi: chunki, odatda biz samoni faqat tunda va qurollanmagan ko‘z bilan kuzatamiz. Aslida esa, har soniya, har lahzada koinotda ulkan, favqulodda ulkan miqyosli tomoshalar ijro etiladi: o‘ta yangi yulduzlar portlaydi; qora tuynuklar materiyani o‘z komiga tortadi; ko‘z ongimizda hayratlanarli rang va shakllarga ega ulkan galaktikalar namoyon bo‘ladi. Lekin ushbu beqiyos va favqulodda go‘zal tomoshani faqat kam sonli mutaxassis kishilar - kuchli va sifatli teleskoplarga ega astronomlargina kuzatishadi. Qurollanmagan ko‘z bilan esa deyarli hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi.
NASAning koinotga - Yer atmosferasi tashqarisiga chiqargan ilk orbital teleskopi "Xabbl" deb nomlanadi va unga odatiy teleskoplarga xalaqit beradigan omillar atmosfera va tashqi yorug‘lik ta'siri kabilar hech qanday ta'sir ko‘rsatolmaydi. "Xabbl" teleskopi har bir Yerlik uchun koinotda har lahzada yuz berib turadigan ulkan samoviy tomoshalardan bahra olish imkonini paydo qildi. Koinotning ushbu teleskop orqali olingan tasvirlaridagi go‘zallik, betakrorlik va jozibadan hayratlanmaslikning iloji yo‘q. 2009-yil Yevropa Ittifoqi koinotga shunga o‘xshash yana bir teleskopni chiqardi. Uning nomi "Gershel" bo‘lib, mazkur teleskop "Xabbl"dan ham biroz kattaroqdir. "Gershel" linzasining diametri 3,5 metrni tashkil qiladi. Uning yordamida Koinotni kuzatish amaliyoti spektrning infraqizil nurlar qismida bajariladi. "Xabbl" orqali tasvirga olingan samoviy tomoshalarning jozibasidan tomoshabinning og‘zi lang ochilib qoladi. "Gershel" esa bizga undan ham qiziq rakurslarni namoyish qila oladi. U orqali Koinotga nigoh tashlagan kishi, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘layotgan manzaradan lol qolib, o‘zini yo‘qotib qo‘yish ham hech gap emas.
Keling, barchasi haqida bir boshdan gaplashamiz. "Gershel" - XVIII asrda yashab o‘tgan buyuk ingliz astronomi Vilgelm Gershel (1738-1822) sharafiga nomlangan. Vilgelm Gershel Germaniyada tavallud topgan va keyinchalik Angliyaga ko‘chib o‘tib, ismini ingliz tiliga moslab Uilyamga o‘zgartirgan. Uning tarixda o‘ta mashhur bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgan kashfiyoti - Uran sayyorasining kashf qilganligi bo‘lgan. Albatta, astronomlar Gersheldan avval ham cheksiz koinot sarhadlarida Uranni payqashgan va kuzatishgan ham. Lekin ulardan hech biri o‘zlari kuzatayotgan mazkur osmon jismi aslida Yer, Mars, Yupiter va ho kazolar kabi, Quyosh tizimi tarkibidagi sayyora ekanini fahmlamagan. Gershel esa ushbu osmon jismini sayyora sifatida aniqlagan ilk olimdir. Albatta, ko‘plab boshqa astronomlar kabi, Uilyam Gershel ham o‘z mamlakati rahbariyatining homiyligi va qo‘llab-quvvatlashi ostida ishlagan (o‘rta asrlarda esa qirollar astronomlarni eng avvalo munajjimlik qilishi, ya'ni, qirol va mamlakat taqdiri haqida bashoratlar berib borishi uchun saroyda saqlashgan). Shu sababli, Gershel o‘zi kashf qilgan sayyoraga o‘z zamonasi qiroli Georg III nomini bergan. Keling bu mavzuda chuqurlashmaylik-da, Uran XIX asr o‘rtalaridan boshlab shu nomga ega bo‘lganini ta'kidlash bilan cheklana qolaylik.
Uilyam Gershelning ajoyib va chiroyli singlisi bo‘lgan. U ham akasi singari astronomiya bilan shug‘ullangan. Hozir aynan u haqida suhbatlashamiz.
Jimitdekkina xizmatchining hayoti
Gershellar oilasining shajaraviy ildizlari Germaniyaning Gannover shahridan tarqalgan. Oila boshlig‘i Isaak Gershel harbiy orkestr safidagi musiqachi bo‘lgan. U to‘ng‘ich farzandi Vilgelm Gershelni ham o‘z kasbi bo‘yicha o‘qittirgan va haqiqatan ham, biz astronom sifatida taniydigan Uilyam Gershel, avvaliga harbiy musiqachi bo‘lib xizmat qilgan. Uning bir necha janglarda ham ishtirok etgani ma'lum. Qiziquvchilar internetdagi turli manbalardan va musiqiy arxivlardan Gershel ijodiga mansub simfonik asarlarni va hatto konsertlarni ham izlab topishlari mumkin. Ushbu musiqiy asarlarni diqqat bilan tinglasangiz, ularning muallifida o‘sha davr harbiylariga xos bo‘lmagan ayrim nozik hissiyotlar mavjudligini ilg‘aysiz. Harbiy qasamyoddan keyin Gershel o‘z-o‘ziga "Essiz, menga oyoq-qo‘llar hayf" - deb xitob qilgan ekan. Biroz muddat harbiy xizmat o‘tagach, Gershel jang-jadallarsiz, tinch va xotirjam hayot bilan yashashni istab qoladi va qardosh Angliyaga ketadi. "Qardosh" deyilishining sababi bor albatta. Gershel yashagan zamonda Gannover yerlari ham Angliya qiroli tasarrufida bo‘lgan.
Uilyam Gershelning 12 yosh kichik singlisi Karolina esa Gannoverda o‘z oilasi bilan qolgan. Chunki u avvalo Gershellar xonadoni bekasiga uy-ro‘zg‘or ishlarida bosh yordamchi bo‘lsa, qolaversa, xonadon kattalarning fikriga ko‘ra, ayol kishi faqat o‘z uyi yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak edi. Karolina Gershel o‘z uyida xuddi xizmatchi misol uzukkun faqat pishir-kuydir, supir-sidir ishlari bilan band bo‘lgan. Karolina 10 yoshligida og‘ir asoratli ichterlama xastaligiga duchor bo‘lgan va jismoniy o‘sishda tengdoshlaridan orqada qola boshlagan. U jimmitdekkina qizaloq bo‘lgan. Karolina Gershelning bo‘yi, u voyaga yetgan vaqtda ham atiga 130 sm atrofida bo‘lgan.
Uning bu kabi jihatlarini e'tiborga olgan xonadon kattalari, ayniqsa onasi, hech qaysi yigit Karolinaga uylanmasa kerak deb o‘ylagan. Shu sababli ham, Karolina bu hayotda faqat o‘z ona xonadonida, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lib yashab o‘tadi degan fikr ularda qat'iy o‘rnashib qolgan edi. Birinchi masalada ular haq bo‘lib chiqishdi: Karolina haqiqatan ham turmushga chiqmasdan, toq yashab o‘tdi. Lekin uy xizmatchisi masalasida Karolinaning o‘zidan boshqa Gershellar qattiq yanglishishgandi.
Karolinaga Uilyamga ham ular hali yosh bolalik chog‘larida otasi tungi osmonni, ayniqsa yulduzlarning joylashuvini ko‘p tushuntirgan. Ota-bolalar koinotdagi yulduz turkumlarini o‘rganib chiqishgan. o‘sha paytda fazoda paydo bo‘lgan "dumli yulduz" esa bolalarning sirli koinotga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirib yuborgan edi. Ehtimol aynan o‘sha paytlarda bo‘lajak aka-singil astronomlar o‘zlarining kelajak kasblarini tanlab bo‘lishgandir.
Vaqt o‘tishi bilan Karolina Gershel shunchaki maishiy turmush bilan o‘ralashib, yashashdan zerikdi. 1772-yilga kelib u ham akasining ortidan Angliyaga yo‘l oldi. Akasini izlab topgach, avvaliga uning xonadoniga joylashib, yana ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lib turdi. Uilyam Gershel ingliz tuprog‘ida yaxshi o‘rnashib olgan edi. U musiqachilik qilish bilan tirikchilik o‘tkazar, konsertlar berib, xor va orkestrlarga dirijyorlik qilardi. Shuningdek, undan organ saboqlarini olish uchun shogirdlar pullik dars olishardi. Karolina esa ajoyib, qo‘ng‘iroq ovozi bilan ajralib turgan. Bir-ikki sinov mashqlaridan so‘ng, Uilyam o‘z singlisi uchun maxsus kuylar bastalashni boshlagan va bu orqali Karolina qo‘shiqchilik yo‘nalishiga kirib kelgan. Aka-singil birgalikda konsertlar va tomoshalar qo‘yib, yaxshigina hayot kechira boshlashgan. o‘sha paytlarda musiqa va qo‘shiq ushbu aka-singillarning taqdiri ekaniga o‘zlari ham shubha qilishmasdi. Lekin kunlardan bir kun Uilyam Gershelning bolalik xotiralarini uyg‘otgan va hayotini ostin-ustin qilib yuborgan voqea sodir bo‘ldi. Uning qo‘liga Fergyussonning "Astronomiya" (Astronomy explained upon sir Isaac Newton's principles, 1750) kitobi tushib qoladi. Aka-singil ushbu kitobni mutolaa qilib chiqqach, o‘zlari uchun musiqadan ham qiziq mashg‘ulotni qayta kashf etishgandi. Uilyam astronomiya - yaqin asrlarning markaziy fani bo‘ladi deb ishongan va kunlardan bir kun, astronomik asbob-uskunalar - teleskop-refraktorlar va jadvallar tayyorlab sotish bilan yaxshi pul ishlasa bo‘ladi degan g‘oya bilan uyg‘ongan. U teleskoplarni mukammallashtirish kerak degan fikr bilan, ushbu ilmiy asbobning turli modellarini loyihalashni boshlab yuborgan. Kelajak - ko‘zguli teleskoplar bilan deb ishonadi u.
Gershel teleskopning tarkibiy qismlarini tayyorlab sota boshladi. U avvaliga linzalarni yasashni va kerakli aniqlikkacha sayqallashni yo‘lga qo‘ygan. Uilyam Gershel ustaxonasida har safar yangi-yangi va borgan sari mukammal teleskop modellari sotuvga chiqa boshlagan. Bu borada u bilan singlisi Karolina ham teppa-teng ishlardi. Karolinaning nozik barmoqlari, akasining qo‘pol qo‘llari dag‘allik qiladigan ishlarni ham yuqori sifatda, ajoyib aniqlikda bajara olgan.
Vaqt o‘tishi bilan aka-singillar asta sekin, shunchaki astronomik asboblar yasovchi maqomidan, haqiqiy professional astronomlar darajasiga chiqib borishdi. Ular buning uchun matematikani ham qaytadan o‘rganib chiqishgan. Aytish joizki, Karolina Gershel avvallari matematikani deyarli bilmagan. Chunki Gannoverda uning xat-savod chiqarishi uchun ham sharoit berishmagan. U akasi orqali, astronomik kuzatuvlar uchun kifoya qiladigan darajadagi qisqa matematik bilimlarni o‘zlashtirib olgan. Boshida Karolina akasining astronomik kuzatuvlari natijalarini qog‘ozga tushirish va kerakli trigonometrik hisob-kitoblarni bajarish bilan band bo‘lgan.
Asta-sekinlik bilan Karolina trigonometrik hisob-kitoblarni mukammal darajada o‘zlashtirib oldi. U astronomiyaga oid chizmalar va kuzatuv natijalarini yuksak mahorat bilan taqqoslab, osmon jismining harakat trayektoriyasi va boshqa xossalarini o‘ta aniqlik bilan keltirib chiqara olgan. Bir vaqtning o‘zida u boshqa astronomlarning nazaridan chetda qolgan jihatlarga e'tibor qaratib, hisoblashlarda yangicha usullarni qo‘llay boshlagan. Singlisining mahorati ortib borayotganidan quvongan akasi, 1782 yilda unga alohida teleskop tayyorlab berib, kuzatuvlarni mustaqil o‘tkazishi mumkinligini aytgan. Mustaqil kuzatuvlarni Karolina Gershel koinotda yangi kometalarni izlashdan boshlagan. Eslatib o‘tamiz, 1781-yilda Uilyam Gershel Uran sayyorasini kashf etgan va butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgan edi.
Karolina o‘zining ilk katta kashfiyotini 1786-yilning 1 avgust kuni amalga oshirgan. U astronomlarga ilgari noma'lum bo‘lgan yangi kometani kashf qilgan edi. Shu tarzda, 1786-1797 yillar mobaynida Karolina Gershel 6 ta yangi kometani kashf qilib, ularning harakat trayektoriyasini ham hisoblab chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Bunday natija o‘sha zamondagi istalgan nufuzli astronom uchun ham nihoyatda ulkan ilmiy yutuq sanalardi. Karolinaning obro‘si akasiniki singari favqulodda oshib ketdi. Uni mustaqil astronom sifatida tan olindi va nufuzli ilmiy manbalarda qayd eta boshlashdi. Ba'zi olimlar esa Karolina Gershelni "Kometalarning birinchi raqamli xonimi" deb ham atay boshlashgan. o‘sha paytlar uchun bunday yuksak ilmiy natijalarni ayol kishi qayd etganini eshitish - "jazirama saratonda qizil qor yo‘g‘ibdi" degan gap bilan barobar bo‘lgan. Karolina bilan shaxsan tanishish ilinjida kelgan olimlar esa, qarshisidagi, bo‘yi atiga 130 sm jimmitdekkina ayolning shunday ulkan ilmiy kashfiyotlar muallifi bo‘lganiga ishonolmay hayratda qolishardi. Vaqt o‘tishi bilan olimaning salohiyati haqidagi maqtovlar qirollik xonadoniga ham yetib bordi va Angliya qiroli Karolina Gershelning ilmiy ishlarining e'tirofi sifatida unga 1787 yildan boshlab 50 funt-sterling miqdorida yillik maosh tayinlandi. Shu tarzda, Karolina Gershel Yevropalik ayollar ichida ilmiy ish uchun maosh tayinlangan ilk olima bo‘lib tarixga kirgan. Mukofotdan ruhlangan olima, endi faqat kometalarni kuzatish bilan cheklanib qolmasdan, boshqa samoviy obyektlarga ham diqqat qarata boshlagan. Uning bir necha yulduz to‘dalari va tumanliklarni ham kashf etib, tegishli astronomik jadvallarga kiritganligi ma'lum.
1788-yili Uilyam Gershel uylanadi. Aftidan Karolina Gershel biroz injiq ayol bo‘lgan bo‘lsa kerak. Harholda u va akasining uylanishidan keyingi munosabatlari darz ketganini boshqacha izohlash qiyin. Karolina ko‘pincha akasining xotini bilan kelishmovchiliklarga borib qolardi va bu narsa aka-singillar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikka ham katta ta'sir ko‘rsatardi. Lekin ular bir-birlariga bo‘lgan ishonchni saqlagan holda, sabr bilan birga ishlashda davom etishgan. Harholda ular yana naq 10 yil birga ishlashdi va bu muddat ichida Karolina o‘zining shaxsiy muallifligidagi yulduzlar katalogini tuzib, tugal holatga keltirishga erishdi. Ushbu katalogda olima avvaldan mavjud yulduzlar xaritalariga tuzatish va qo‘shimchalar kiritish bilan birga, o‘zi amalga oshirgan kashfiyotlarni ham bayon qilgan. Shuningdek Karolina Gershel katalogida naq 560 ta yangi yulduzlarning koordinatalari bayon qilinadi. Katalogda shuningdek qirollik astronomi Jon Felmstid ishlariga ham sharh berib o‘tiladi va uning ham ayrim natijalariga aniqlik kiritiladi. Ushbu chuqur ilmiy ishlari tufayli Karolina Gershelning astronom sifatidagi obro‘si yanada oshib ketadi va uni saroyga, qirol huzuriga tez-tez taklif qilib turadigan bo‘lishadi.
1822-yilda Uilyam Gershel vafot etadi va Karolina Gannoverga qaytishga qaror qiladi. Biroq bu payga kelib uning jiyani, ya'ni, akasining o‘g‘li Jon Gershel ham yetuk astronom bo‘lib shakllangan edi va u ham otasi va ammasi yo‘lidan borib, yangi-yangi osmon jismlarini kashf etishga kirishgandi. Karolina akasining xotinini bilan unchalik murosa qilmasa-da, lekin jiyanini juda yaxshi ko‘rgan va Jon Gershelning astronomik tadqiqotlarida ham amaliy ham nazariy ko‘mak bergan. Ko‘p yillik izlanish va mehnat natijasida amma-jiyan birgalikda tumanliklarning kattagina yangi katalogini nashrdan chiqarishgan (keyinchalik ular tumanlik sifatida qayd etgan obyektlarning ba'zilari galaktikalar bo‘lib chiqqan).
Odatda bunday hollarda, Karolina singari olimalarning hayotini sarhisob qilib, muallif o‘zining so‘nggi "shoh asari"ni tamomlagach, ko‘p o‘tmay vafot etgani qayd etiladi. Lekin Karolina haqida bunday deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki u ilmiy ishlarni bir chetga surib, faqat qarilik hayoti bilan yashay boshlagach ham yana uzoq yillar baxtli umr kechirgan. Karolina Gershel haqida xotirlaganlar uning 98 yoshida ham es-hushi tiniq, salomatligi ham anchayin mustahkam, kuch-quvvati joyida bo‘lganini eslashgan. U bilan do‘stlashish ko‘plab olimlar uchun obro‘ sanalgan. Karolina Gershel bilan shaxsan yuz ko‘rishish uchun hatto o‘z davrining eng yetuk matematigi va astronomi, Gyottingen rasadxonasining direktori, matematiklar shohi - Karl Fridrix Gauss ataylab vaqt ajratib, Angliyaga kelib ketgan.
Biz yuqorida Karolina Gershel ilm-fandan yiroqlashib, qarilik hayoti bilan yashay boshlagach ham, uzoq yillar baxtli hayot kechirgan deb aytib o‘tdik. Haqiqatan ham, Karolinaning umridagi eng baxtli yillari aynan o‘sha, uning nuroniy yoshga yetgan davri bo‘lgan. o‘sha yillarda Karolina Gershel ko‘plab nufuzli ilmiy mukofotlar va e'tiroflar sohibasi bo‘lgan. Xususan, uni Irlandiya Qirollik Akademiyasi safiga a'zolikka saylashgan. Britaniya Qirollik Astronomiya Jamiyati esa uni maxsus oltin medal bilan mukofotlagan. Karolina Gershelning so‘nggi ilmiy mukofotlaridan biri - oltin medal u 96 yoshga to‘lgan yili Prussiya qiroli tomonidan taqdim qolingan. Keyingi yili, ya'ni, Karolina Gershel 97 yoshga kirgan payt uning huzurida Angliya Qirollik taxti vorisi, ya'ni, Uels shaxzodasi shaxsan mehmon bo‘lgan. Oliy martabali mehmon uchun Karolina o‘zining astronomlik faoliyatidan avvalgi kasbi - qo‘shiqchilik mahoratini namoyish qilib bergan. 97 (!) yoshli Karolina akasi bilan sayyor konsertlar qo‘ygan paytlarda yod olgan qo‘shiqlarini shunday keksaygan paytida ham bemalol yoddan aytganligi hammani hayratlantirgan ekan.
Karolina Gershel haqidagi hikoya yakunida yana shuni aytib o‘tish joizki, zamonaviy astronomik kataloglarda qayd etiluvchi NGC205, 225, 253, 381, 659, 891, 2349, 2360, 2548, 6633, 7380 va 7789 raqamli obyektlar Karolina Gershel obyektlari deyiladi. Chunki ularning hammasini hikoyamiz qahramoni kashf qilgan edi. Karolina Gershel sharafiga uning nomi bilan 281"Lukretsiya" asteroidi nomlangan. Shuningdek oydagi diametri 13 km keladigan ulkan krater ham Karolina Gershel nomi bilan ataladi.
Karrani bilmaydigan astronom
Melissa Naysounder ismli yozuvchining hikoyalaridan birida qiziq bir holat tilga olib o‘tiladi: Naysounder qahramonlaridan biri, oddiy karra jadvalini ham bilmaydigan, ya'ni, sonlarni o‘zaro ko‘paytira olmaydigan odam, hayotda mahoratli astronom mutaxassis bo‘lib yetishadi. Bir qarashda bu - imkonsiz narsadek, ishonish mumkin bo‘lmagan uydirmadek tuyiladi. Axir qanday qilib, ko‘paytirish amalini bilmaydigan odam, murakkab hisob-kitoblarni talab qiladigan astronomiya sohasida mutaxassis bo‘lib yetishishi mumkin?
Karra jadvalini hammamiz boshlang‘ich sinflardayoq o‘rganganmiz. Nafaqat astronom olim, balki oddiy ishchi, sotuvchi, hatto bekorchining ham karrani bilmasligi bugungi kun tasavvuriga sig‘maydi. Lekin, qanchalik g‘alati bo‘lmasin, XIX-asr birinchi yarmining eng yirik astronomlaridan biri, "kometalarning birinchi raqamli xonimi" - Karolina Gershel aynan shunday olima bo‘lgan. U murakkab yulduz xaritalarini bemalol o‘qib, turli osmon jismlarining elliptik orbitalarini qiyinchiliksiz hisoblay olgan. Lekin, u ikkita sonni bir-birga ko‘paytirishni umuman bilmagan! U karra jadvalini ilk bora ko‘rganda allaqachon 30 dan o‘tgan kap-katta ayol bo‘lib qolgandi. U karra jadvalini yodlab ham o‘tirmagan va uni shunchaki o‘zi bilan olib yurgan. Biror sonni ko‘paytirishga to‘g‘ri kelib qolsa, olima yonidan jadvalni olib, kerakli natijani qarab olgan va shu yo‘l bilan ish bitirgan. Ana shunaqa! Kimnidir professional astronom, lekin karra jadvalini bilmaydi deyishsa, hayron bo‘lishga shoshilmang‘
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|