Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Erkin Kurganov

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 12
Juda yomon!A'lo! 

Erkin Kurganov

Orbita.Uz minbarida navbatdagi tadqiqotchi - biofizik Erkin Shuxratovich Kurganov. Erkin Shuxratovich hali o‘zi juda yosh bo‘lishiga qaramay, biofizika/fiziologiya bo‘yicha ancha yillardan bri tadqiqot olib boradi. Keling, Erkin Shuxratovich tarjimai holi bilan qisqacha tanishib olamiz.

Kurganov Erkin Shuxratovich, 1987-yil 4-iyunda Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. Boshlang‘ich va o‘rta maktabni o‘zi tug‘ilgan qishloqda, Sharof Rashidov nomli 11-maktabda o‘qib, so‘ngra Namangan shahrida joylashgan 2-ixtisoslashgan maxsus maktab-internatida davom ettirgan. 2006-yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti, Biologiya-tuproqshunoslik fakultetiga, Biologiya yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga kirib, 2010 yili Qizil diplomga bitirgan. o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy izlanishlarni, oliygohdagi ta'limning 2-kursida boshlagan. o‘sha paytda Erkin Shuxratovich biofizika faniga qattiq qiziqib, shu sohani yetuk olimlaridan biri Professor Sabirov R.Z. rahbarligi ostida ilmiy izlanishlarni boshlagan edi. 2012 yildan e'tiboran esa, yosh tadqiqotchi Yaponiyadagi Okazaki shahrida joylashgan Fiziologiya Fanlari Milliy Institutiga PhD student sifatida qabul qilingan.

Endi esa suhbatdoshimizni savolga tutamiz:

1. o‘zingiz tanlagan fan sohasi o‘rganadigan masalalar haqida qisqacha so‘zlab bersangiz

Men hozirda haroratni sezuvchi ion kanallari ustida tadqiqot olib borayapman. Tushunarliroq bo‘lishi uchun soddaroq qilib tushuntirishga harakat qilaman. Deylik, oddiy suv. Uni na rangi, na hidi va na tovushidan issiq, yoki, sovuqligi bilib bo‘lmaydi. Unda qanday qilib issiq yoki, sovuq suvni farqlay olamiz? Topdingiz, biror tana a'zosini tekkizish orqali! Misol qilib oladigan bo‘lsak, ko‘rsatkich barmog‘ingizni issiq suvga va sovuq suvga tekkizsangiz, o‘zingizda turli xil ta'sirni sezasiz. Lekin, ko‘rsatkich barmog‘ingiz issiq va sovuq suvga solganingizda ham o‘sha barmoq; muzdek suvga solganingizda ham o‘sha barmoqligicha qolaveradi. Vaholanki siz har ikki holatda ikki xil haroratni sezyapsiz! Qanday qilib? Mana shu savol ushbu sohani o‘rganishga birinchi turtki bo‘lgan.

Albatta bu sohada juda ko‘plab ishlar qilingan. Zamonaviy ko‘rinishda bu fan sohasi asosan 1997-yildan boshlab, ya'ni issiqlikni sezuvchi retseptorlar kashf qilinganidan keyin ancha rivojlandi.

2. Nima sababdan ilm-fan bilan shug‘ullanishga qaror qilgansiz?

Har bir kishi odatda kelajak kasbini tanlashida yon atrofidagilarni ta'siri bo‘ladi. Menda ham shunday bo‘lgan boshida. Maktabni bitirib, avvalo shifokorlik sohasiga harakat qilganman, lekin omad kelmagan. Shundan keyin, biologiya sohasida Namangan viloyatida taniqli, yetuk o‘qituvchi Yo‘lchivoy Abdurahmonov domlani tavsiya va maslahatlari bilan O‘zbekiston Milliy Universitetiga, Biologiya yo‘nalishiga topshirganman. Shu insonni farzandlari biologiya fanlari doktori Ibrohim Abdurahmonov molekulyar genetika bo‘yicha nafaqat o‘rta Osiyoda, balki butun dunyoda ham ma'lum va mashhur inson (veb sayti: http://genomics.uz/administraciya) va Ibrohim akaga o‘xshab olim bo‘lishni maslahat berganlar. Garchi, keyinchalik Ibrohim akaning ilmiy yo‘nalishida emas, balki boshqa yo‘nalishda ilmiy ish qilayotgan bo‘lsam-da, hozirda Yo‘lchivoy domladan mana shu sohaga yo‘naltirganliklari uchun juda minnatdorman.

3. Sizning fan sohangizdagi ustoz(lar)ingiz haqida

Bilasizmi, ustozlar haqida gap ketganda doimo hamma ustozlarimni tilga olib o‘tgim va ularni qo‘shgan hissasi haqida gapirgim keladi. Keling, Sizga ikkita ustozim haqida aytib bera qolaman. Birinchisi, meni manashu biofizika sohasiga olib kirgan va ilmiy ish qilish, uni ahamiyati va kelajagi haqida tushuntirish bergan inson professor Sabirov Ravshan Zairovich hamda hozirda menga ustozlik qilayotgan, issiqlikni sezuvchi retseptorlarni birinchilardan bo‘lib aniqlagan olim, professor Makoto Tominaga haqida gapirib beraman. Professor Sabirov hozirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Bioorganik kimyo instituti, Molekulyar Fiziologiyasi laboratoriyasi mudiri. Hozirda mazkur laboratoriya hujayra hajm boshqarilishida anion kanallarining ahamiyatuni o‘rganish bo‘yicha ilmiy ish bilan mashg‘ul. Professor Sabirov qo‘l ostilarida bakalavr ilmiy darajasi doirasida xlor kanallari ustida ishlaganman. Professor Tominaga esa, haroratni sezuvchi ion kanallari (retseptorlar) va ularni mexanizmi hamda turli patologik holatlarda ion kanallarini holatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ishlarni olib boradi. Hozirda Professor Tominaga rahbarligi ostida issiqlik sezuvchi retseptor, TRPA1 ion kanali bo‘yicha ishlayapman.

4. O‘zingiz tadqiq qilayotgan fanning o‘tmishdagi eng buyuk olimi kim deb hisoblaysiz? hozirdagi eng yetuk mutaxassisichi (shu jumladan O‘zbekistonda)?

O‘tmishda, albatta o‘z davrining turli olimlari harorat yoki sezgi a'zolari bo‘yicha turli tajribalar o‘tkazishgan. Ulardan birini ajratib ko‘rsatish bu boshqasiga nisbatan hurmatsizlik bo‘lib qolar, balkim. Keling, man shu sohada hozirda faoliyat olib borayotgan olimlardan birini ayta qolaman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, 1997-yil issiqlik sezuvchi retseptor topilgan. Bu ish AQSH da joylashgan Kaliforniya Universiteti olimlari tomonidan qilingan bo‘lib, bu ishga professor David Julius (http://profiles.ucsf.edu/david.julius) boshchilik qilgan. Hozirda bu olim o‘z sohasini yetuk olimidir. Agarda yaqin 2-3 yil ichida shu inson Nobel mukofotini olsa men mutlaqo ajablanmayman. O‘zbekistonda hozirda bu soha bo‘yicha qilingan ishlar juda kam, ilmiy izlanishlar davomida bu sohada ishlayotgan olimlar afsuski hozirda yo‘q.

5. Sizning faningizdagi zamonaviy eng dolzarb ilmiy masala nimada?

Hozirda juda ko‘pchilikni qiynayotgan savol asosan ikkita:

1: Qanday qilib inson haroratni sezadi? Haroratni sezish mexanizmi qanday?;

2: Shu harorat (o‘ta issiq, yoki o‘ta sovuq) sezish natijasida og‘riq paydo bo‘lishi mexanizmi qanday? Shu og‘riqqa qarshi kurashish uchun nima qilish kerak?

Asosan, mana shu savollar haligacha dolzarb bo‘lib turibdi va ishonamanki, hozirgi fan yutuqlari bilan bu savollarga ham javob topiladi.

6. O‘zingiz shug‘ullanayotgan sohaning insoniyat turmush tarziga ko‘rsatgan ijobiy va salbiy jihatlari (agar bo‘lsa) haqida nima deya olasiz?

Bilamizki, harorat va og‘riq sezish va shu og‘riqdan aziyat chekishga qarshi kurashish uchun eng avvalo bu og‘riq mexanizmini bilish va tushunish shart. Va bu sohadagi ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatyaptiki, turli xil dori vositalari orqali bu muammolarni yechish mumkin ekan. Mazkur sohani o‘rganish, insoniyat uchun faqat foydali deb bilaman, chunki har qanday ilmiy izlanishlar eng avvalo insoniyat hayotini yengillashtirish va muammolarni hal qilish uchun qaratilgan deb hisoblayman.

7. O‘z faningizning kelajak taqdirini qanday tasavvur qilasiz?

Bilasizmi, kelajak haqida gapirganda hozir juda ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki, fan, ilmiy izlanishlar va umuman olganda deyarli har bir soha juda katta tezlikda rivojlanib ketmoqda. Deylik Siz faraz qilgan g‘oya yoki kelajak 50 yil keyingi davr uchun deb hisoblasak, bu davr 5-10 yilda kelib qolishi mumkin. Umuman olganda, esa kelajakda ilmiy izlanishlar sohasida ham inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Bu birinchi navbatda, aniqlik, tezlik va sifatli natijalar.

8. Bu fan bo‘yicha hozirdagi eng kuchli ilmiy maktab(lar) qayerda joylashgan (oliygohlar, ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriya, ilmiy markaz va ho kazo)?

Keling, bu savolga umumiyroq qilib javob bersam. Hozirda ushbu sohada AQSH, Yaponiya, Yevropa davlatlarida ancha kuchli ilmiy markazlar, institutlar va laboratoriyalar bor. Alohida ta'kidlab o‘tsam:

  • San-Fransiskodagi Kaliforniya Universiteti, David Julius laboratoriyasi;

University of Californiya, San-Fransisco (http://profiles.ucsf.edu/david.julius)

  • Fiziologiya Fanlari Milliy Instituti, Okazaki, Yaponiya; Professor Makoto Tominaga laboratoriyasi;

National Institute for Physiological Sciences, Japan (http://www.nips.ac.jp/cs/)

  • Lyuven Universiteti, Belgiya - Professor Tomas Voets laboratoriyasi;

(http://gbiomed.kuleuven.be/english/research/50000618/50753342/personal_pages/TV);

  • Garvard Universiteti, AQSH - Professor David Clapham laboratoriyasi.

(http://clapham.tch.harvard.edu)

9. Bu fan bo‘yicha tahsil olmoqchi bo‘lgan va kelajakda uning mutaxassisi bo‘lishga qaror qilgan yoshlarga maslahatlaringiz?

Eng avvalo o‘z sohasini sevishi va doimo izlanishda bo‘lishni maslahat beraman. Bunga qo‘shimcha ravishda xorijiy tillarni bilishi kerak. Chunki, yetuk mutaxassis bo‘lib turib, o‘z g‘oyalarini, natijalarni boshqalarga yetkazib, tushuntirib bera olmasa, bu juda katta kamchilik bo‘ladi. Qolaversa, til bilish har qanday inson uchun katta imkoniyatlarni ochadi.

10. o‘z faningiz bo‘yicha bizga quyidagilarni tavsiya qilsangiz: a) fanga boshlang‘ich kirish uchun eng maqbul, tushunarli adabiyot(lar) qaysi?; b) fanning fundamental masalalari eng keng qamrovda yorituvchi mukammal fundamental adabiyot(lar) qaysi? c) bu fan mutaxassisi bo‘lmagan, lekin unga qiziquvchilarga qaysi ilmiy-ommabop adabiyot, yoki nazariy minimum(lar)ni tavsiya etasiz?

Men o‘qiyotgan soha bu fiziologiya va biofizikadir. Fiziologiya sohasini o‘qish uchun albatta universitet va maktab darajasidagi adabiyotlarni tavsiya qilaman.

Universitet darajasida "Odam va hayvonlar fiziologiyasi" Almatov K.;

Biofizikaga kelsak, bu sohani tushunish uchun avvalo biologiya, kimyo va fizikani juda yaxshi bilish kerak, chunki bu fanlarsiz biofizikani tushunish, undagi muammolarga javob topish juda qiyin. Afsuski, Biofizika bo‘yicha biz o‘qigan paytdagi eng yaxshi adabiyotlar ruscha edi, hozir balkim O‘zbekchalari paydo bo‘lgandir.

Biofizika bo‘yicha tibbiyot oliygohlari uchun chiqarilgan "Tibbiyot biofizikasi" kitobi menimcha ancha foydali.

Qolaversa, hozirda internet har bir xonadonga kirib borgani va yoshlarni til bilishi ancha yuqorilaganini hisobga olsak, internet olamidagi ma'lumotlar va turli xil saboq beruvchi saytlardan ham o‘rgansa juda foydali bo‘ladi.

11. Bu fan bo‘yicha zamonaviy tendentsiyalarni o‘zida ifodalovchi qanday ilmiy jurnallar, axborotnoma va saytlarni tavsiya etasiz?

Biologiya fani, yoki Fiziologiya bo‘yicha juda ko‘p jurnallar bor, lekin eng dolzarb muammolar ko‘pincha Nature, Science, Cell va Neuron kabi jurnallarda chop etiladi. Va men eng yoqtirganim buTED loyihasidir. Bu shunday loyihaki, ilmiy ishlarni jamiyatga juda osonlik bilan tushuntirib berishadi. Shu TED ni ko‘rishni ham tavsiya qilardim.

12. Bu fan bo‘yicha adabiyot, qo‘llanma va ho kazo manbalar O‘zbek tilida yetarlimi yoki aksincha? O‘zbekistonda bu fanni yanada taraqqiy qilishi uchun bajarilish lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘pmi?

Eng katta og‘riqli nuqtalardan biri bu O‘zbekcha adabiyotlarni yetishmasligi yoki yo‘qligidir. Yana bir kamchilik shuki, eski sovet adabiyotidagi ma'lumotlarni shundoq tarjima qilib, bugungi kunga mos adabiyot qilib chiqarishayotganidir. Sizga bir misol keltiraman. o‘tgan yili Neuroscience (asab tizimi fanlari) ga oid juda katta bir kitobni navbatdagi soni ingliz tilida nashrdan chiqdi. Meni hayratlantirgani shuki, oradan 5-6 oy o‘tib, shu kitobni yaponcha tarjimasi chiqdi. Kitob umumiy bo‘lgani uchun, qaysi sohani qamrab olgan bo‘lsa, o‘sha sohani mutaxassislarini ko‘magi yordamida kitob tarjima qilindi, davlat homiylik qildi. Yaponlar o‘sha kitobni o‘qisa tushunadi, soda va tushunadigan tilda yozilgan, lekin yaponcha o‘qish va tushunish baribir boshqachada. Mana shunday tarjima bo‘lsa, man juda xursand bo‘lardim.

13. Bu fan bo‘yicha O‘zbek tiliga birinchi navbatda o‘girilishi zarur deb hisoblagan va O‘zbek mutaxassislariga amaliy/nazariy yordam berishi mumkin bo‘lgan biror horijiy nashrni (kitob, lug‘at va ho kazolar) ayta olasizmi?

o‘z sohamdan misol keltiradigan bo‘lsam avvalo "Principles of neural science" (Kandel et al.); "Molecular Biology of the Cell"; "The Cell"; "Fundamental Neuroscience"; "Ion channels of excitable membranes" kabi kitoblarni tavsiya qilardim

14. Agar o‘tmishga qaytib, o‘zingiz istagan faqat bitta buyuk olim bilan gaplashish imkoni berilsa siz qaysi olim bilan suhbatlashishni istardingiz va undan nimani so‘ragan bo‘lardingiz?

Savol tabiiyki g‘alatiroq, shuning uchun man ham shunday javob bersam: o‘tmish olimlarini qilgan ishlari asarlarida, ilmiy ishlarida yozilgan. Agar shunday imkoniyat berilganida ham, o‘sha inson bilan suhbatlashib balki yozganidan ko‘proq ma'lumot olarmiz, balkim yo‘q. Buni hech km bilmaydi. Lekin shaxsan men Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan uchrashgan bo‘lardim. Menimcha, sababini aytish yoki izohlashga hojat bo‘lmasa kerak.

15 Ilmni puxta egallash uchun kishida eng avvalo qaysi jihatlar bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz. ilm egallash uchun biror narsadan voz kechish shartmi?

Eng avvalo kishida ishtiyoq bo‘lishi kerak. Kishi har doim nimagadir chanqoq bo‘lishi, izlanishi, o‘ziga-o‘zi savol berishi kerak. Albatta, ilm olishda birinchi yo‘qotiladigan narsa bu vaqt va agar kishi foydali ilm bilan shug‘ullansa yo‘qotilgan vaqtga achinish hissi bo‘lmaydi.

16. O‘zbekistonliklarning ilk Nobel mukofoti qaysi sohada bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

Agar haqiqiy ko‘z bilan qaralsa, albatta tabiiy fanlar bo‘yicha (kimyo, fizika yoki tibbiyot/fiziologiya) sohalari bo‘yicha. Ulardan birini yaqqol qilib ko‘rsatishdan yiroqman, albatta.

17. o‘zingiz kutgan, lekin biz bermagan savol bormi? agar bo‘lsa, javobi bilan bayon etsangiz?

Mendan ko‘pchilik Yaponiya bilan O‘zbekiston universitetlari o‘qitish tizimi farqi va o‘xshashliklari, afzalliklari haqida so‘rashadi. Shunday savolni Sizdan ham kutgandim. Javobiga kelsak, har bir o‘qitish tizimini afzalliklari va kamchiliklari bor. Deylik, bizda universitetda asosiy sohaga qo‘shimcha ravishda boshqa sohalar ham o‘qitiladi, Yaponiyada asosan e'tibor o‘z mutaxassislik sohasiga qaratiladi. Buni afzalligi yoki kamchiliklari bor, lekin man doim ishongan narsam shuki, qo‘shimcha egallangan bilimni zarari yo‘q.

18. (Ixtiyoriy savol, istasangiz javob bermasligingiz ham mumkin) Tasavvur qiling, siz yashash uchun yaroqli kimsasiz sayyoraga tushib qoldingiz. Sizni u joydan qutqaruvchi ekspeditsiya yetib borgunga qadar, avval Sizga oziq-ovqat, shaxsiy gigiena vositalari va kiyim-kechakdan tashqari, yana zerikmaslik uchun to‘rtta badiiy kitob, to‘rtta musiqiy albom va to‘rtta kinofilm disklarini yuborishadi. Qaysi asarlarni tanlardingiz?

Men faqat adabiyot so‘ragan bo‘lardim. Asosan klassik adabiyotlarni, xoh u O‘zbek xoh u jahon klassikasi bo‘lsin. She'riy kitoblar va detektiv asarlarni sevib o‘qiyman. Zamonaviy adabiyotda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Muhammad Yusuflarning she'rlarini yaxshi ko‘rib qo‘yiman. Oybek domla, Abdulla Qahhor asarlarini so‘rgan bo‘lardim.

Tibbiyot va Fiziologiya bo'yicha Nobel-2013 mukofoti sohibi Tomas Sudhof bilan, Gavayi 2016 yil

 


2013 yil, Shizuoka, Yaponiya. Retreat.

 


Gavayi, AQSH, 2016. Konferensiya


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda:@OrbitaUz

Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 23.11.2018 12:49  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Minbardagi olim:

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Tram-tramiston kimyo lug'ati;

Ekstarktor - sobiq traktor;

Polimer - uy polini o'lchash asbobi;

Xlorofill - xlorparast kimsa


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11744746

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov