Stetoskop
Odam tanasidagi turli tovushlarni - o‘pkada nafas kirib-chiqishi, yoki, yurak qorinchalarida qon harakatlanishi tovushini eshitish orqali tashxis qo‘yish tibbiyotda ancha qadimgi usullardan biridir. Lekin avvallari vrachlar tanadagi tovushlarga ko‘ra tashxis qo‘yish uchun bemor tanasiga quloqlarini bosib eshitishlari kerak bo‘lardi. Bu birinchida gigienik nuqtai nazardan yoqimsiz bo‘lsa, qolaversa, ma'naviy-axloqiy qoidalarga ham biroz raxna solardi. Axir doktorlar odatda erkak kishilar bo‘lishgan va bu ayol bemorlar tanasini eshitib ko‘rishda yumshoq qilib aytganda "noqulayliklar"ga sabab bo‘lgan. Qolaversa, bevosita quloqning o‘zi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitib qo‘yilgan tashxislar har doim ham aniq bo‘lmagan. Chunki bunda tashqi shovqinlardan, xalaqitlardan himoyalanish deyarli imkonsiz bo‘lgan. Vaziyat XIX-asrning 10-yillarigacha shunday davom etdi. Vrachlar bemor tanasini eshitish uchun qandaydir mukammalroq va gigienik xavfsiz vositaga muhtoj edilar.
Shunday vrachlardan biri - 1781-1826 yillarda yashab o‘tgan farang vrachi Rene Teofil Giatsint Laennek edi. Laennek masala ustida ancha bosh qotirgach, turli tajriba va sinovlardan keyin, bemor tanasidagi tovushlarni vrach qulog‘iga uzatib beradigan ilk stetoskop asbobini yasashga muvaffaq bo‘ldi. Ixtiro 1816-yilda dunyoga kelgan. Laennek stetskopi yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, o‘zbekcha kichik surnay ko‘rinishida bo‘lgan. Stetoskopning og‘zi katta tarafini bemorning ko‘kragiga qo‘yib, ingichka tarafini esa o‘z qulog‘iga tutib, Laennek o‘pkani va yurakni eshitishni yo‘lga qo‘ydi. Bunda stetoskop naychasi ichidagi havo tebranishlari, bemor tanasidagi tovushlarni vrach qulog‘iga uzatib berar edi. Bu ayniqsa shardagi sanitariya holati yaxshi bo‘lmagan, asosan kambag‘allar yashaydigan mahallalarida bemorlarga tashxis qo‘yish uchun ayni muddao edi. Chunki, bunday joylarda vrachlar bemor tanasini eshitish asnosida o‘zlariga ham turli parazitlarni - burga va bitlarni o‘tib qolishidan ko‘p aziyat chekishardi. Laennek stetoskopi keyinchalik asosan shunday hududlar aholisiga tashxis qo‘yadigan vrachlardan biri tarafidan yanada takomillashtirildi. U stetoskop trubkasini uzunroq qilib, eshitish naychasiga ham tashqi shovqindan ihota qiluvchi maxsus qoplama o‘rnatgan. Laennekning o‘zi esa, amaliyotdagi vrachlar uchun stetoskopdan foydalanish yo‘riqnomasi bilan birga, stetoskop orqali eshitilgan turli tovushlarning qaysi kasallikka ishora qilishi haqidagi tavsiya-maslahat qo‘llanmasini ham yozib nashr ettirgan. Uning mazkur qo‘llanmasida stetoskop orqali pnevmoniya, sil, bronxit kabi kasalliklarga tashxis qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud edi va ushbu qo‘llanma butun XIX-asr tibbiyotida ancha ommalashgan, mashhur manbalardan biri bo‘lgan.
Taqdirni qarangki, ixtirochi-vrach Rene Teofil Giatsint Laennekning o‘zi navqiron 45 yoshida aynan sil xastaligi sababli olamdan o‘tdi. Unga ushbu xastalikni o‘zi ixtiro qilgan stetoskop orqali o‘z shogirdlaridan biri (o‘z jiyani) tashxis qo‘ygan edi.
1940-yillarga kelib mutaxassislar hozirda siz bilan biz "do‘xtir amaki"larning bo‘ynida ko‘rishga ko‘nikib qolgan ikkita quloqchinli stetoskoplarni tayyorlay boshlashgan. o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatgan bunday stetoskoplar tez ommalashdi va tibbiyot sohasidagi standart elementlardan biriga aylandi. Endilikda stetoskopning bemor tanasiga tekkiziladigan tarafi maxsus voronka shaklida, akustika qonunlariga yaxshilab moslab tayyorlana boshladi. Unda eng past chastotali ichki ovozlarni ham payqash mumkin edi. Keyingi yillarda stetoskopning texnik imkoniyatlarini takomillashtirishga qaratilgan juda ko‘p yangi-yangi o‘zgartirishlar kiritildi. Masalan, ovozni kuchaytiruvchi, tashqi xalaqit shovqinini to‘suvchi texnik qulayliklar kiritildi. Stetoskop - fizikadagi oddiy qonuniyatlardan inson manfaati uchun foydalanish imkonini beradigan ajoyib muhim ixtiro sifatida tarixga kirdi va vrachlarning beminnat dastyoriga aylanib qoldi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|
Bildirilgan fikrlar
Mulohazalar uchun RSS tasmasi