Kechayu-kunduz atrofingda parvona...
(Ayzek Azimovdan tarjima)
Sarlavha lirik chekinish emas. Balki, sof astronomik hodisaning tavsifidir.
Astronomiya haqida oddiy kitobxon uchun maqola yozish istagida bo‘lgan har qanday muallif oldida, bir kunmas bir kun, qanday qilib Oyning Yerga faqat bir tarafi bilan yuzlangani, shu bilan birga u yana o‘z o‘qi atrofida ham, Yer atrofida ham aylanishini tushuntirish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi.
Astronomiyada chuqur bilimga ega bo‘lmagan kishi uchun ushbu fakt yaqqol tushunarsiz, bir-birga zid fikrdek ko‘rinadi. Shunga qaramay, Oyning Yerga faqat bir tarafi bilan yuzlangani hammaga oydek ravshan. Chunki, Oy har safar Yerga faqat bir tarafi bilan qarab turishini hech qanday qo‘shimcha asbob uskunalarsiz, hamda hisob-kitoblarsiz ham, shunchaki ko‘z bilan kuzatish orqali ishonch hosil qilish mumkin. Har safar oydin kechada Oyga qaraganimizda, uning yuzidagi qoramtir joylari (dog‘lari) o‘z joyida turganini guvohi bo‘lamiz. Agar u aylanganida edi. Bu joylari asta-sekin siljib, ko‘rinmay qolishi va keyinroq yana ko‘rina boshlashi lozim edi. Shunday holatda, biz Yerdan turib ham, Oyni hamma tomonini ko‘rishimiz mumkin bo‘lardi.
Oyning Yerga faqat bir tarafi bilan yuzlanib, shu bilan birga o‘z o‘qi atrofida ham aylanishiga tushunmaydigan oddiy o‘rta statistik kitobxonni ustidan kulish ham to‘g‘ri emas, chunki u mutlaqo haq. Yerdagi kuzatuvchiga nisbatan olganda, Oy haqiqatan ham o‘z o‘qi atrofida aylanmaydi. Astronomlar ham, Oyning o‘z o‘qi atrofida aylanishi haqida zo‘r berib va'z o‘qiyotgan paytlarida ham, Oyning boshqa osmon jismlariga nisbatan o‘z o‘qi atrofida aylanishini nazarda tutadilar.
Misol uchun, fantaziya qilib ko‘ramiz va kimdir, Quyosh sirtidan turib Yer va Oyni kuzatmoqda deb faraz qilamiz. U Oyni uzoq muddat kuzatib borsa, Quyoshning Oy sirtini yoritib turgan va yoritmayotgan taraflari orasidagi soya chizig‘i, asta-sekinlik bilan, Oy sirtidagi obyektlar bo‘ylab siljiyotganini ko‘rgan bo‘lardi. Quyosh asta-sekinlik bilan Oy sirtining hamma qismini yoritib chiqayotgani ko‘rinadi. Ya'ni, Quyoshdan turib kuzatadigan kishi uchun Oy o‘z o‘qi atrofida aylanayotgani aniq ko‘rinadi va kuzatuvchi yetarlicha muddat sabr bilan kuzatib borsa, Oyning hamma qismini ko‘rishi mumkin bo‘ladi. faqat haqiqat shuki, Oyni hozirgacha faqat Yerdan turib va Oyning o‘zidan turib kuzatilgan xolos. Uni Quyoshdan turib kuzatishning iloji-imkoni hech qachon bo‘lmasa kerak. Axir Quyosh sirtidagi harorat 6000 °C ni tashkil qiladi...
Men oddiy kitobxonlarga Oyning o‘z o‘qi atrofida aylanishini yuqoridagi misol bilan, ya'ni, Quyoshdagi xayoliy kuzatuvchi yordamida tushuntirayotganimda, bir kuni, menga bir kitobxon shunday deb qolgandi: "Men Oyning faqat bir tarafini ko‘raman va u aylanmayapti deb tasdiqlayman. Quyoshdagi kuzatuvchi esa Oyning hamma tarafini ko‘radi va u Oy aylanyapti deydi. Men o‘z fikrimning to‘g‘riligiga shubhalanib o‘tirmayman, chunki, men haqiqatan ham mavjudman, anavi Quyoshdagi kimsa esa aslida yo‘q. U xayoliy timsol xolos. Basharti u mavjud bo‘lganida ham, uni men tanimayman va shu sababli, o‘z fikrimni ma'qullashga to‘liq haqim bor. Oy aylanmaydi!"...
Bunaqa fikrdan keyin, bunday odamga biror fikrni uqtiraman deb urinishning o‘zi ham noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Ushbu nojo‘ya munozarani davom ettirmaslikka qaror qildim. Lekin, Jordano Bruno davrida ham Yerning aylanishiga hech kim ishonmagan. Galiley ham Yerning aylanishi haqida o‘z fikrida turib, "U baribir aylanadi" - deya xitob qilgan edi. Men esa, Oyning aylanishini endi boshqacharoq usul bilan tushuntirishga harakat qilib ko‘rmoqchiman. Buning uchun, masalani har taraflama ko‘rib chiqish kerak. Keling, Yerni o‘zidan boshlaymiz. Axir u hammasidan ham bizga eng yaqin va eng tushunarli obyekt sanaladi.
Avvaliga oddiy, lekin inkor etib bo‘lmas bir haqiqatni qayd etib o‘tamiz. Yerdagi kuzatuvchiga nisbatan nafaqat Oy, balki, Yerning o‘zi ham aylanmaydi. Agar siz Yer yuzidagi biror nuqtada turib, xoh oxirizamongacha tursangiz ham, Yerning faqat bir qismini, o‘zingiz turgan juda kichik qisimini ko‘rib turaverasiz. Shu sababli, Yer yuzida turgan odam uchun sayyora harakatsiz turgandek tuyiladi. Bu esa, ming yillar mobaynida, odamzot naslining eng yuksak zehnli vakillarini ham adashtirib kelgan. 1633- yilda Yer aylanadi degani uchun Galiley inkivizatsiya sudi oldida bo‘yin egib turishga majbur bo‘lgandi.
Keling shunday tasavvur qilamiz. Yer ekvatori tekisligi bilan bir tekislikda joylashgan yulduzlardan biridagi sayyordan turib, biror kuzatuvchi yerimizni kuzatmoqda. Uning qo‘lida, Yer sirtini kuzatish imkonini beruvchi qandaydir asbobi mavjud. U uzluksiz kuzatib tursa, uning ko‘z o‘ngida Yer sirtining barcha qismlari asta-sekinlik bilan namoyon bo‘ladi. Chunki, Yer o‘z o‘qi atrofida aylanib, kuzatuvchi nisbatan hamma qismi bilan asta-sekin o‘girilib, ko‘rsatib beradi. o‘sha o‘zga sayyoralik kuzatuvchi, Yer sirtidagi biror obyektni, masalan bizning Yer ekvatorida turgan holatimizni belgi sifatida qayd etib olib, uni kuzatishi mumkin. Shunda uning ko‘z o‘ngida biz paydo bo‘lib, aylanib ko‘rinmay qolib va keyin yana qancha muddatdan keyin ko‘rinamiz va u ushbu davriylikni hisoblab chiqishi mumkin. Oddiy xronometr vositasida, u Yerning aylanish davrini aniqlay oladi. Biz esa, o‘z navbatida o‘sha o‘zga sayyoralikning harakatlarini takrorlashimiz mumkin. Ya'ni, biz Yerdan turib uning yulduzini kuzatganimizda, uning yulduzi bizning qoq boshimiz ustida bo‘ladi. Kuzatib tursak, o‘sha yulduz boshimiz uzra asta-sekinlik bilan osmon sferasi bo‘ylab siljib boradi. Biz farqni belgilab olib, ushbu yulduzning yana qancha vaqtdan keyin yana qoq boshimiz ustida ko‘rinishini hisoblab chiqishimiz mumkin. (biz bu muddatni daqiqalar bilan o‘lchaganimiz qulayroq. Bir daqiqa 60 soniya, 1 soniya esa, 1/31556925,9747 tropik yilga teng).
Yerning biror yulduzga nisbatan aylanish davri 1436 daqiqani tashkil qiladi. Bunda aynan qaysi yulduzga nisbatan olinishining hech qanday farqi yo‘q. Yulduzlarning bir-biriga nisbatan harakati Yerdan kuzatilganda deyarli sezilmaydi. Shu sababli ham, yulduz turkumlarini bir-biriga nisbatan harakatsiz deb qabul qilsak, hech nima yo‘qotmaymiz ham, zarracha yanglishmaymiz ham.
Demak, Yer biror yulduzga nisbatan aniq 1436 daqiqa ichida to‘liq aylanib chiqadi. ushbu vaqtni biz yulduz kuni deb ataymiz.
Endi, keling, yana maqola boshidagi kuzatuvchiga, ya'ni, Quyoshdan turib Yerni kuzatayotgan xayoliy mavjudotga murojaat qilamiz. Albatta, Quyoshdan turib kuzatayotgan kishi uchun ham Yer o‘z o‘qi atrofida aylanayotgani aniq ko‘rinadi. Lekin, uning uchun Yerning aylanish davriyligi, yulduzdagi kuzatuvchi aniqlagan davriylikdan farq qiladi. Quyoshdagi kuzatuvchining Yerga nisbatan masofasi, yulduzdagi kuzatuvchinikidan ko‘ra ancha yaqinroq va ushbu omilni inobatga olish shart. Yer bir marta o‘z o‘qi atrofini aylanib chiqqan muddat ichida, yulduzdagi kuzatuvchi Yerning fazo bo‘ylab ancha katta masofaga siljiganini ham aniq ko‘radi. Quyoshdagi kuzatuvchi uchun esa, bu muddat ichida Yerni endi shunchaki boshqa burchak ostida ko‘rayotgandek tasavvur uyg‘onadi.
Ushbu natijalarni Yerdagi kuzatuvchiga nisbatan qo‘llasak, masala yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Quyoshdagi kuzatuvchining harakatlarini aniq takrorlash uchun, biz Yerda turib, Quyoshning qoq boshimiz ustida bo‘lgan paytini qayd qilib olib, keyingi safar yana shunday bo‘ladigan vaqtgacha oraliqni o‘lchasak kifoya. Ya'ni, oddiyroq aytganda biz, ikki kun qoq peshin oralig‘i vaqtini hisoblashimiz zarur bo‘ladi. Yer Quyosh atrofida aylanayotgani bois, Yerdagi kuzatuvchi uchun Quyosh yulduzlar fonida g‘arbdan sharqqa qarab aylanayotgandek taassurot uyg‘onadi. Bir yulduz kuni o‘tishi bilan, biz tanlagan yulduz roppa-rossa 1436 daqiqa ichida yana qoq boshimiz ustida namoyon bo‘ladi. Quyosh bilan esa, bunday hol yuz bermaydi. Chunki, Quyosh keyingi safar yana qoq boshimiz ustiga kelganida, u sharqiy yo‘nalishda 4° sharqroqqa siljigan bo‘ladi. shu sababli, Quyosh kunining davomiyligi 1440 daqiqani tashkil qiladi. Ya'ni, Quyosh kuni, yulduz kunidan ko‘ra 4 daqiqaga uzunroq bo‘ladi.
Endi, biz kuzatuvchini Oyga joylashtiramiz. U boshqa istalgan kuzatuvchilardan ko‘ra, Yerga eng yaqin joylashgan bo‘ladi (albatta, Yerdagi kuzatuvchidan tashqari). Shu sababli, uning uchun Yerning yulduzlarga nisbatan harakati, Quyoshdagi kuzatuvchidan ko‘ra 13 barobar aniqroq ko‘rinadi.
Yulduz va Quyoshdagi kuzatuvchiga nisbatan qo‘llagan ishimizni, Oydagi kuzatuvchiga nisbatan ham tadbiq qilsak, ya'ni, Oyning qoq boshimiz tepasida bo‘lgan payti bilan, keyingi safar yana qoq boshimiz ustida bo‘ladigan xuddi shunday payt orasini hisoblasak, bu paytlar oralig‘ida Oyning yulduzlar foniga nisbatan Quyoshga nisbatan 13 barobar kattaroq masofaga siljishini kuzatishimiz mumkin. Ya'ni, bir yulduz kuni yakunlangach, Oy yana qoq boshimiz ustiga chiqishi uchun yana 54 daqiqa kutishimiz zarur bo‘ladi. Demak, Yer uchun bir Oy kuni 1490 daqiqani tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, Oydan turib kuzatsa, Yer 1490 daqiqa ichida bir marta o‘z o‘qi atrofida aylanib chiqadi.
Xuddi shu tarzda, biz Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanib chiqish davrini Veneradagi, Yupiterdagi, Galley kometasidagi va ho kazo osmon jismlaridagi xayoliy kuzatuvchilar uchun hisoblab chiqishimiz mumkin. Keling, yuqoridagi mulohazalarimiz uchun qisqacha xulosalar yasaymiz:
Yulduz kuni: 1436 daqiqa;
Quyosh kuni: 1440 daqiqa;
Oy kuni: 1490 daqiqa.
Va darhol haqli savol tug‘iladi. Ushbu kunlardan qay biri haqiqiy?
Savol shunchalik mujmalki, unga javob berish g‘oyat mushkul bo‘lib qoladi. Haqiqat shuki, "haqiqiy kun"ning ham, "haqiqiy aylanish davri"ning o‘zi yo‘q aslida. Faqat, kuzatuvchining holatiga nisbatan aniqlanadigan turli xil ko‘rinadigan davrlar mavjud xolos. Ilmiy tilda aytganda esa, Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanish davri tanlangan koordinatalar sistemasiga bog‘liq bo‘lib, bunda barcha koordinata sistemalari teng kuchli bo‘ladi.
Agar oxirgi aytilgan tasdiq to‘g‘ri bo‘lsa, unda biz hech qayerda emas ekanimizda?
Umuman bunday emas! Turli koordinatalar sistemasi haqiqatan ham teng kuchli bo‘ladi. Lekin ularning hammasi ham foydalanish va tushunish uchun qulay emas. Hisoblashlarning ba'zi turi uchun juda qulay bo‘lgan biror koordinatalar tizimi, boshqa bir turkum hisob-kitoblar uchun umuman yaramasligi mumkin. Biz o‘zimizga eng qalayni tanlab olib foydalanish imkoniga egamiz.
Masalan, yuqorida Quyosh kunining 1440 daqiqa ekani qayd qilib o‘tildi. Aslida bu har doim ham to‘g‘ri chiqadigan fakt emas. Chunki, Yerning o‘qining orbita tekisligiga nisbatan og‘ishga ega ekani, hamda, sayyoramizning Quyoshga nisbatan ba'zan yaqin, ba'zan uzoq joylashishi tufayli, Quyosh kuni ba'zan qisqa va ba'zan uzunroq bo‘lib turadi. Agar siz erinmasdan, yil davomida barcha qoq peshin vaqtlarini belgilab borsangiz, unda ba'zi kunlari Quyosh belgilanganida 16 daqiqa avval qiyomga chiqishini, ba'zi kunlari esa shuncha daqiqa kech qoq ustingizda bo‘lishini payqaysiz. Bunday holatlar o‘zaro bir-birini to‘ldirib, yil oxirigacha, hammasi yana o‘z joyiga qaytadi.
Shu sababli ham, 1440 daqiqa bu Quyosh sutkasining haqiqiy davomiyligi emas. Aksincha, u o‘rtacha Quyosh sutkasi deb qabul qilinishi kerak.
Oy sutkasi ham Quyosh sutkasidan ham battar notekisdir. Biroq, yulduz sutkasi - deyarli o‘zgarmas bo‘lib, muayyan yulduz, boshingiz ustidan aniq har 1436 daqiqada qaytadan o‘taveradi.
Shu sababli ham, modomiki, biz vaqtni o‘lchamoqchi ekanmiz, buning uchun yulduz sutkasi eng muvofiq tanlov bo‘ladi. Chunki, yulduz sutkasining davomiyligi eng barqaroridir. Agar, yulduz sutkasi soatlarni to‘g‘rilash uchun tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qilsa, ya'ni, masalan, biror yulduz roppa-rosa qoq tun yarim bo‘lganda boshimiz ustida namoyon bo‘lsa, unda, ushbu yulduzning har safar xuddi shunday, qoq boshimiz ustida turgan paytini, aniq qoq tun yarmi deb belgilash va soatni shu paytda 00-00 ga to‘g‘rilash o‘rinli bo‘ladi. o‘shanda, belgilangan yulduzga nisbatan aylanayotgan Yerning o‘zi etalon soat vazifasini ham o‘tab beradi va bunda bir soniya vaqt 1/1436,09 yulduz sutkasi sifatida aniqlanishi va ta'riflanishi mumkin. Lekin Yerning harakati bilan bog‘liq bundan ham barqaror, aniqroq vaqt o‘lchovi mavjud. Bu bir yil, ya'ni, Yerning o‘z orbitasi bo‘ylab Quyosh atrofini bir marta to‘liq aylanib chiqish muddatidir. Shu sababli ham, avvallari, soniyaning atom soatlariga asoslangan ta'rifi qabul qilinishidan ilgarigi vaqtlarda, bir soniyaning ta'rifi sifatida xalqaro birliklar tizimi SI da ham, bir soniya vaqt tropik yilning faloncha qismi deb ta'riflanar edi.
Garchi, Quyosh sutkasining barqaror emasligi singari kamchiligi bo‘lsa-da, lekin, kun davomiyligini Quyoshga qarab belgilash insoniyatning uzoq tarixi mobaynida sinovdan o‘tgan va o‘zini oqlagan, ijobiy jihatlari bisyor. Quyosh kuni Quyoshning Yer sirtini bir qismini yoritayotgan, hamda, Yerning boshqa qismi Quyoshga teskari o‘girilgan holatiga bog‘liq bo‘lgan holda belgilanadi. Boshqacha aytganda, Quyosh kuni, sutkaning tun va kunduz vaqtlarining yig‘indisiga teng bo‘ladi. Qadimgi o‘rta statistik odam, biror yulduzning qoq yarim tunda boshi uzra o‘tishiga e'tibor qaratgani gumon. Lekin, uning kun va tunning almashishini bilmasligi mumkin emas. Eng qadimgi, ibtidoiy odam ham, ayni paytda kunning qaysi payti ekanini juda-juda yaxshi bilgani aniq. U tong sahar, qoq peshin, shomdagi shafaq, yarim tun kabi vaqtlarni aniq farqlay olgan. Bu paytlarning hammasi - Yerning o‘sha odam turgan qismi sirtiga nisbatan Quyoshning vaziyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu jihatdan, qanchalik beqaror bo‘lmasin, baribir Quyosh sutkasidan foydalanish, minglab yillar mobaynida odamzotning qon-qoniga singib ketgani rost.
Aynan shu sababli, yillar o‘tib, ibtidoiy odamlarning avlodlari tabiat haqida ancha katta bilimlarni o‘zlashtirgan, kishilik jamiyati taraqqiy etib, olimlar, faylasuflar yetishib chiqqan zamonlarda ham, sutka davomiyligini Quyosh harakatiga qarab aniqlashni va o‘lchashni kanda qilishmagan. Ya'ni, Quyosh sutkasi davomiyligini aniq 24 soatga bo‘lib, o‘z navbatida, soatlarni esa, har birini 60 daqiqadan deb belgilab, shu tarzda 60×24=1440 quyosh daqiqasini keltirib chiqarishgan. 1440 quyosh daqiqasi 1 quyosh sutkasi deb aniq belgilab olingan. Agar shu mantiqqa asoslanib, yulduz sutkasini hisoblasak, u 23 soat 56 daqiqa bo‘lib chiqadi. Oy sutkasi esa 24 soat va 50 daqiqani tashkil qiladi.
o‘ta yaqqolligi va minglab yillar davomida ongimizga singib ketgani sababli, insonlar Quyosh sutkasini haqiqatan ham aniq 24 soat deb ishonib qolishgan.
Oy sutkasi haqidagi tushunchaning ham o‘ziga yarasha foydali jihatlari bor. Ayniqsa, dengiz bo‘yi mamlakatlari uchun, port shaharlar va qirg‘oq inshootlari uchun oy sutkasiga muvofiqlangan soatlarning ahamiyati katta. Agar, soatni har soatda 2 daqiqa va 5 soniya qisqa yuradigan qilib sozlab olsangiz, unda soatingiz oy sutkasi bo‘yicha yuradigan bo‘lib qoladi. Bunday soat bilan, qirg‘oqda suv ko‘tarilishi va qaytishi har kuni aniq vaqtlarda sodir bo‘lishini belgilab olsa bo‘ladi.
Lekin, Yerning o‘zi bilan bog‘liq sanoq tizimi borasidagi tasavvurimiz ham juda muhim. Ya'ni, Yerning aylanayotganini biz sezmasligimiz haqidagi tasavvur. To‘pni darvozaga qarab tepishda ham, nishonga qarab o‘q uzishda ham, yoki, mamlakat bo‘ylab safarga chiqishda ham biz oyog‘imiz ostida bosib turgan ona Yerimizning aylanayotganini inobatga olib o‘tirmaymiz. Bizning tasavvurimizda, Yer shunchaki oyog‘imiz ostida, tinchgina o‘z joyida turibdi.
Keling endi, maqola avvalida o‘rtaga tashlangan masalaga qaytamiz. Ya'ni, Oyning nimaga bizga faqat bir tarafi bilan ko‘rinishiga. Yerdagi kuzatuvchi uchun Oy aylanmayotgandek ko‘rinadi. Shunga qaramay, Oyning ham o‘z o‘qi atrofida aylanishini tushuntirishning imkoni bor. Buning uchun koordinatalar tekisligini Quyoshga yoki, birorta yulduzga ko‘chirib, o‘sha nuqtai nazardan yondoshuv bilan Oyning aylanishini yaqqol isbotlasa bo‘ladi.
Yulduzga nisbatan Oyning aylanish davri 27 kun, 7 soat, 43 daqiqa va 11,5 soniyani tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, bu 27,3217 sutka deganidir (bu o‘rinda "sutka" deganda biz qadimdan ko‘nikib qolgan, 24 soatlik Quyosh sutkasi nazarda tutilmoqda). Bu Oyning yulduz kuni bo‘ladi. Bu davr shuningdek, Oyning Yer atrofini aylanib chiqish muddati bo‘lib, shu sababli bu muddatni shuningdek yulduz oyi ham deyiladi.
Bir yulduz oyida Oy o‘zining Quyosh atrofidagi orbitasining taxminan 1/13 qismini bosib o‘tadi. Bu vaqt ichida Yerdagi kuzatuvchi uchun Oyning ko‘rinish burchagi ancha katta masofaga o‘zgaradi. Buning o‘rnini qoplash uchun Oy yana ikki kun aylanishi kerak bo‘ladi. Quyosh oyi esa 29 kun, 12 soat, 44 daqiqa va 2,8 soniyani tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, bu 29,5306 sutkadan iborat.
Ushbu ikki xil oy muddatlaridan birini tanlashda, insoniyat quyosh oyiga ko‘proq suyanib qolgan. Chunki, Oy fazalari, Oy va Quyoshning o‘zaro joylashuv vaziyatiga bog‘liq bo‘ladi. Bir quyosh oyi, yoki, 29,5306 sutka, yangi hiloldan keyingi yangi hilolgacha, yoki, to‘linoydan keyingi to‘linoygacha o‘tadigan muddat bo‘ladi. Qadimda aynan shunday oy muddati o‘lchovi odamlar uchun eng asosiy vaqt birligi bo‘lib xizmat qilgan. Albatta, keyingi safar yangi hilol qaysi kuni chiqishini aniq hisoblash uchun, munajjimlarga uncha-muncha ter to‘kishga to‘g‘ri kelgan. Buni aniqlamasdan turib esa, taqvim yuritishning imkoni bo‘lmasligi sababidan, yangi oy chiqadigan kunni aniq belgilash juda muhim sanalgan. Ushbu murakkab yumushni qadimgi xalqlarda asosan diniy yo‘lboshchilar zimmasiga yuklatilgan. Aytgancha, hozirgacha jahon tillarining aksariyatida keng muomalada bo‘lgan "kalendar" so‘zi ham, o‘sha zamonlarda yangi oyning boshlanishini belgilash bilan bog‘liq diniy marosimlar bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Qadimgi lotin qabilalarida "calendar" degani biror bir hodisani e'lon qilmoq, ma'lum qilmoq degan ma'nolarni anglatgan. Ya'ni, ularning diniy yetakchilari yangi oyning boshlanish sanasini e'lon qilgan (shu sababli, ular "e'lon qilmoq" so‘zi, bizdagi "taqvim" so‘ziga to‘g‘ri keladi - tarjimon). Biror bir masalani hal qilish uchun ruhoniylarning maslahatlashuv majlisini, qadimgi lotin xalqlari "sinod" deb atashgan. Masalan, ruhoniylar har oy oxirida to‘planib, yangi oyning birinchi kunini belgilashgan va uni ommaga e'lon qilishgan. Boshqacha aytganda, sinod kalendar qilgan (majlis qaror e'lon qilgan). Shu sababli, bunday oy nomi, ya'ni, quyosh oyi odamlar orasida sinodik oy degan nom bilan o‘rnashib qolgan.
Sayyora Quyoshdan qanchalik olisda bo‘lsa va u yulduzlarga nisbatan qanchalik tezroq aylansa, uning uchun yulduz kuni va quyosh kuni orasidagi farq shunchalik kam bo‘lib boradi. Yerdan olisroq joylashgan har qanday sayyora va uning yo‘ldoshlari uchun, ushbu farqni inobatga olmasa ham bo‘laveradi. Yerdan ko‘ra Quyoshga yaqinroq bo‘lgan ikki ichki sayyora uchun ushbu farq Yerdagiga qaraganda juda katta muddatni tashkil qiladi. Merkuriy va Venera, Quyoshga doimo bir tarafi bilan qaragan holda aylanadi va ular u quyosh kuni umuman mavjud bo‘lmaydi. Biroq, ushbu sayyoralar ham yulduzlarga nisbatan aylanadi va bu aylanish davri ularning Quyosh atrofida aylanish davriga teng bo‘ladi.
Agar, sayyoraning yo‘ldoshlari o‘z sayyorasiga nisbatan faqat bir tarafi bilan yuzlangan holda aylansa, unda, ushbu yo‘ldosh uchun yulduz kuni uzunligi, uning o‘z sayyorasi atrofini aylanib chiqish vaqtiga teng bo‘ladi.
Ushbu tasdiqqa asoslanib, Quyosh tizimidagi 32 ta asosiy osmon jismlari uchun ularning yulduz sutkalari ko‘rsatilgan jadvalni tuzib chiqdim (bunaqa jadvalni men avvallari ko‘rmaganman). Yaqqolroq tasavvur paydo bo‘lishi uchun, men aylanish davrlarini daqiqa hisobi bilan keltiraman va ularni jadvalda kamayish tartibida ifodalayman. Jadvalda yo‘ldosh nomidan keyin, uning sayyorasi, hamda, ushbu yo‘ldoshning sayyoradan uzoqlashish tartibi bo‘yicha nechanchisi ekanini ko‘rsataman:
Osmon jismi |
Sayyorasi |
Tartibi |
Yulduz sutkasi (daqiqa) |
Venera |
o‘zi sayyora |
|
324000 |
Merkuriy |
o‘zi sayyora |
|
129000 |
Yapet |
Saturn |
8 |
104000 |
Oy |
Yer |
1 |
39300 |
Giperion |
Saturn |
7 |
30600 |
Kallisto |
Yupiter |
5 |
24000 |
Titan |
Saturn |
6 |
23000 |
Oberon |
Uran |
5 |
19400 |
Titaniya |
Uran |
4 |
12550 |
Ganimed |
Yupiter |
4 |
10300 |
Pluton |
|
|
8650 |
Triton |
Neptun |
1 |
8450 |
Reya |
Saturn |
5 |
6500 |
Umbriel |
Uran |
3 |
5950 |
Yevropa |
Yupiter |
3 |
5100 |
Diona |
Saturn |
4 |
3950 |
Ariel |
Uran |
2 |
3630 |
Tefiya |
Saturn |
3 |
2720 |
Io |
Yupiter |
2 |
2550 |
Miranda |
Uran |
1 |
2030 |
Enselad |
Saturn |
2 |
1975 |
Deymos |
Mars |
2 |
1815 |
Mars |
o‘zi sayyora |
|
1477 |
Yer |
o‘zi sayyora |
|
1436 |
Mimas |
Saturn |
1 |
1350 |
Neptun |
o‘zi sayyora |
|
948 |
Amalteya |
Yupiter |
1 |
720 |
Uran |
o‘zi sayyora |
|
645 |
Saturn |
o‘zi sayyora |
|
614 |
Yupiter |
o‘zi sayyora |
|
590 |
Fobos |
Mars |
1 |
460 |
Bu raqamlar, qaralayotgan osmon jismi sirtida joylashgan koordinatalar tizimiga nisbatan biror yulduzning to‘liq aylanib chiqish muddatini daqiqa hisobida ko‘rsatadi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|