Chiziqlar tilga kirganda
Shtrix-kod haqida
Irland xalqida bir hazil gap bor: ular shtrix-kodni aynan irlandlar o‘ylab topgan deb hazillashishadi. Buning asosli sababi bor albatta: o‘tgan asrda Irlandiya hududidan qadimgi Kelt qabilalariga tegishli toshga o‘yilgan yozuvlarni topishgan. Ogama deb yuritiluvchi ushbu yozuvlar tashqi ko‘rinishidan xuddi shtrix-kodga o‘xshab ketadi. Ogamada ham, shtrix-koddagi singari, ma'lumotlar chiziqlarning muayyan ketma-ketligi orqali ifodalanadi.
Siz supermarketlarda sotuvchining xaridor savatchisidagi mahsulotlarni birma-bir olib, ularning yorliqlaridagi oq-qora chiziqlar tushirilgan qismini, ya'ni, shtrix-kodini maxsus uskuna orqali skanerlashini ko‘p bora ko‘rgansiz. Skanerlashni tugatgach, sotuvchi kassa apparatiga bosadi va xaridorga sotib olingan mahsulotlar ro‘yxati va narxi ko‘rsatilgan chekni chiqarib beradi.
Bugungi kunda do‘kon va bozorlarda sotilayotgan mahsulotlarning aksariyati, oddiy bolalar o‘yinchoqlaridan tortib, faqat buyurtmaga tayyorlanadigan qimmatbaho samolyot detallarigacha maxsus shtrix-kodlar bilan belgilanadi. Shtrix-kodlar ham ichki, ham xalqaro bozorlarga chiqarilayotgan mahsulotlar uchun, mazkur mahsulot haqida birlamchi ma'lumotlar taqdim etadigan axborot manbasi sanaladi. Mahsulotga shtrix-kod biriktirish, demakki uni indentifikatsion raqam bilan belgilash deganidir.
Shtrix-kodni skanerlarshda faqat mahsulot narxi va miqdorini aniqlash bilan cheklanib qolinmaydi. U bir vaqtning o‘zida mazkur turdagi mahsulotning ombordagi va rastadagi qolgan qismi (qoldig‘i) bo‘yicha ham avtomatlashtirilgan nazorat yuritadi. Agar do‘kon egasi ushbu shtrix-kod skanerlash tizimini maxsus dasturlar bilan ta'minlab qo‘ysa, ushbu dasturlar do‘konda va omborda qolgan muayyan shtrix-kodli mahsulotlar haqida doimiy yangilanib boruvchi ma'lumotlar taqdim etib boradi. Zaruriyat bo‘lsa, dastur ushbu shtrix-kod asosida ta'minotchiga yoki vositachiga yangi buyurtma beradi. Shuningdek, bunday shtrix-kodlar asosida yana xaridorlarning qaysi mahsulotlarni qanday paytlarda sotib olayotgani, ko‘proq qaysi firmaning mahsuloti xaridorgir bo‘layotgani haqida ham qimmatli marketing ma'lumotlari avtomatik ravishda yig‘ib boriladi. Qolaversa, mahsulotlar narxini qo‘lda hisoblash vaqtidagi o‘rtacha xato qilish ko‘rsatkichi 300 ta mahsulot nomiga bitta xatolikni tashkil etadi. Shtrix-kodni skanerlab avtomatik hisob yuritishda esa, xatolik darajasi atiga trilliondan bitta xatoni tashkil qiladi. Ushbularning barcha-barchasi, ishlab chiqaruvchining o‘z mahsuloti yorlig‘iga tushirgan shtrix-kodi tufaylidir. Xo‘sh, shtrix-kodlar o‘zida qanday ma'lumotlarni saqlaydi va ularni qanday o‘qish mumkin?
Shtrix-kodlash tizimida ikkilik sanoq tizimi qo‘llaniladi. Binar sistema deb yuritiladigan ushbu tizimda faqat 0 va 1 raqamlari ishtirok etadi. Shtrix-kodni skanerga tutilganida, skaner avval kod yuzasini yoritadi. Bunda shtrix-kodning qora chiziqlari skanerdan kelgan nurni yutib qoladi. Oq chiziqlar (aslida ular chiziq ham emas, shunchaki, bo‘sh qoldirilgan oraliqlar) skaner nurini qayta akslantiradi. Skaner ushbu qaytgan va yutilgan nurlar asosida o‘zida elektr impulslari ko‘rinishida signallar shakllantiradi. Ushbu elektr impulslaridan iborat signallar matematik algoritmlar vositasida ikkilik sanoq tizimiga (ikkilik kodga) o‘giriladi. Ushbu kodni esa kompyuterdagi maxsus dasturlar qayta ishlaydi va uning asosida mahsulot haqida ma'lumotlarni shakllantirib, ekranga chiqaradi va chek qog‘oziga chop etib beradi.
Shtrix koddagi qora chiziqlar ikkilik sanoq tizimida 1 raqamini anglatadi. Oq chiziqlar esa 0 ni bildiradi. Shunga muvofiq, ikkilik tizimdagi 1101 raqami ikkita qora chiziq, keyin bitta oq chiziq (bo‘sh joy) va so‘ngra yana bitta qora chiziqdan iborat bo‘ladi. Bunda ikkita qora chiziq umumlashtirib bitta qalin qora chiziqqa aylantiriladi. Aks holda, ular orasidagi bo‘sh joyni ham kompyuter 0 o‘rniga qabul qilib yuboradi va natija buziladi. Keyinchalik, kompyuter dasturlari ushbu ikkilik kod bilan uzatilgan ma'lumotni o‘nlik sanoq tizimiga, ya'ni, siz va biz ko‘nikib qolgan oddiy ko‘rinishga keltirib beradi.
Shtrix-kodga 0 va 1 raqamlarini biriktirish masalasi xalqaro kelishuvlar asosida qabul qilingan reglamentlar asosida qat'iy tartibga solinadi. Ikkilik kod biriktirish usuli ancha murakkab bo‘lib, unga to‘xtalib o‘tirmaymiz. Shuni aytish kerakki, istalgan mahsulotga biriktirilgan shtrix-kod quyidagi doimiy qat'iy ma'lumotlarni taqdim etadi:
1) Shtrix-kodning skaner o‘qishi lozim bo‘lgan qismi ikkita oq hudud bilan yaqqol ajratib qo‘yilishi kerak. Bunday oq hududning biri shtrix-kod boshida, ikkinchisi oxirida bo‘ladi va uni "quiet zone" deyiladi.
2) Shtrix-kod boshida qolgan chiziqlardan biroz uzunroq bo‘lgan uchta alohida chiziq, ya'ni, 101 kodi mavjud bo‘ladi. Ushbu chiziqlar skanerni shtrix-kodning boshlanish joyiga yo‘llash vazifasini bajaradi.
3) Shtrix-kod o‘rtasida ham, ikkita uzunroq chiziqdan iborat "ajratish" chizig‘i bo‘ladi. 01010 kodini bildiruvchi ushbu chiziqlar shtrix-kodni "o‘ng" va "chap" qismlarga ajratadi.
Yuqoridagi rasmda o‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sut mahsulotlaridan birining yorlig‘iga tushirilgan shtrix-kod tasvirlangan. Mazkur shtrix-kod 13 ta raqamdan iborat. Undagi dastlabki uch raqam ushbu mahsulot ishlab chiqarilgan mamlakat yoki, iqtisodiy hududni bildiradi. Bizning misolimizda - 478 raqami mahsulot o‘zbekistonda ishlab chiqarilganligini ifodalaydi. Ushbu raqam odatda "metama'lumot" ham deyiladi. Keyingi besh raqam esa, hududiy ro‘yxatga oluvchi tashkilot tomonidan, mazkur turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchilariga beriladi. Adashmovchilikni oldini olish maqsadida odatda bir hududda bir xil turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar uchun bu raqamlar bir xilda beriladi. Keyingi besh raqam esa, aynan ushbu mahsulotni o‘zini identifikatsiyalash uchun biriktiriladi va uni ishlab chiqaruvchining o‘zi belgilaydi. Masalan, yuqoridagi rasmda 30100 raqami "15% yog‘lilik darajasiga ega smetana" ma'nosidagi kod sanaladi. Shtrix-koddagi so‘nggi 13-raqam esa (bizning misolimizdagi 0) "nazorat soni" (check digit) deb yuritiladi. Nazorat sonining asosiy vazifasi bir turdagi mahsulotga biriktirilgan shtrix-kodni boshqa turdagi mahsulotlarga o‘tib ketmasligini oldini olishdan iboratdir. Nazorat soni doimo albatta bir xonali son bo‘ladi. Mahsulotlarga shtrix-kodlar biriktirish urf bo‘lgan dastlabki yillarda, ushbu ajoyib qulaylikdan foydalanmoqchi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari uchun rasman shtrix-kod olish o‘rniga (bu anchagina xarajat talab qilgan) biror bir tasodifiy duch kelgan shtrix-kodni yopishtirib qo‘yaverishgan. Natijada, masalan sotuvchi skanerga avtomobil moyi yorlig‘idagi shtrix-kodni tutsa, monitorda esa, qadoqlangan dudlangan seld balig‘i ma'lumotlari paydo bo‘lgan. Nazorat soni shu kabi ko‘chirmachiliklar va xatoliklarni oldini olish uchun yechim sifatida joriy etilgan. Ushbu sonni biriktirish maxsus vakolatli tashkilot tomonidan nazorat qilinadi va u orqali, hech qachon ikkita turli xil mahsulotning shtrix-kodi bir xil bo‘lib qolmaydi.
Agar siz biror safar o‘zingizga mashg‘ulot topolmay zerikib o‘tirgan bo‘lsangiz, yoki, biror joyda uzoq kutishga to‘g‘ri kelib qolsa, qo‘l ostingizda mavjud istalgan buyumning yorlig‘idagi (bunday buyum topilmasligi amri mahol) shtrix-kodidagi nazorat sonining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Buning uchun siz quyidagicha matematik amallarni bajarishingiz kerak bo‘ladi:
1) Shtrix-koddagi nazorat sonidan tashqari qolgan 12 ta raqamni alohida yozib olasiz.
Avvaliga toq sonli chiziqlarni bildiruvchi raqamlarni, ya'ni, 1-, 3-, 5-, 7-, 9- va 11-chi raqamlarni alohida olib, ularni qo‘shib chiqamiz. Masalan, bizning misolimizdagi sut mahsulotida bu amal quyidagicha bajariladi: 4+8+0+3+3+1=19. Yig‘indi 19 chiqdi va uni esda saqlab turasiz.
2) Keyin esa, aynan shu amalni juft sonli chiziqlarni bildiruvchi raqamlar, ya'ni, 2-, 4-, 6-, 8-, 10-, va 12-chi raqamlar uchun bajarasiz: 7+0+2+8+0+0=17. Yig‘indini esa 3 ga ko‘paytirasiz: 17×3=51. Ushbu natijani ham esda saqlab turasiz.
3) Endi har ikkala olingan natijalarni o‘zaro qo‘shasiz: 19+51=70.
Ushbu natijadagi birliklar xonasidagi son, ya'ni, 0 raqami, mahsulot shtrix-kodidagi nazorat sonini beradi. Demak, biz ko‘rayotgan mahsulotdagi nazorat soni to‘g‘ri biriktirilgan va bunday shtrix-kodli boshqa turdagi mahsulot hech qayerda yo‘q deb xulosa qilish mumkin.
Albatta, bu narsalarni bilish avvalo savdogarlar uchun kerak va bu ularning savdosida xatoliklar kelib chiqmasligi uchun zarur bo‘ladi. Lekin, bu haqida biz - iste'molchilar ham bilib qo‘yganimiz foydadan holi bo‘lmaydi. Zero, bir kun ushbu bilganlarimiz juda asqotishi mumkin.
P.S. O‘z mahsulotlarining shtrix-kod yorlig‘igan foydalanishga ruxsat berganliklari uchun "Yaypan sut" korxonasi rahbari Azizxon Alijonovga minnatdorchilik bildiramiz.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|
Bildirilgan fikrlar
Mulohazalar uchun RSS tasmasi