Quyosh tizimida yangi sayyora kashf qilindi
2016-yil 20-yanvar sanasida Pasadenadagi Kaliforniya Texnologiya Universiteti olimlari Maykl Braun hamda Konstantin Batigin tomonidan AQSHning "Astronomik jurnal"da shov-shuvli chiqish qilindi. Olimlarning ishontirib ta'kidlashicha, Quyosh tizimining eng chetki qismida, Pluton orbitasidan narida, yangi sayyora kashf qilinibdi.
Ushbu sayyorani hozircha hech kim ko‘rmagan. Ya'ni uni olimlar o‘ziga yaqin boshqa osmon jismlariga ko‘rsatayotgan gravitatsion ta'siri orqali, bilvosita aniqlashgan. Hozircha nomlanmagan va rasman tasdiqlanmagan ushbu sayyoraning o‘lchamlari neptun o‘lchamlariga yaqin deb baholanmoqda. Uning massasi ham Yer massasida deyarli 10 barobar katta ekani ma'lum. Uning Quyosh atrofidan to‘liq aylanib chiqish davri 15000 yil deb hisoblanmoqda. Tuzilishiga ko‘ra ushbu sayyora ham, Neptun, Saturn, Yupiter va Uran singari gaz-gigantlari turkumiga kirardi. Olimlarning fikricha, ushbu sayyora, Quyosh tizimi endi-endi shakllanayotgan vaqtda, ya'ni bundan 4.5 milliard yil muqaddam, Quyosh tizimining eng chetki qismiga uloqtirib yuborilgan va o‘sha joyda qolib ketgan emish. Ushbu sayyoraning Quyoshga eng yaqinlashgan masofasi 200 astronomik birlik bo‘lib, bu Neptungacha bo‘lgan masofadan 7 barobar olisdir. Braun va Batiginning xato qilish ehtimoli atiga 0.007% deb baholanmoqda.
Endi ushbu kashfiyotning rasman tasdiqlanishini kutish kerak. Bu esa yaqin 5 yil ichida yuz berishi kutilmoqda. Rasmiy tasdiq uchun, ushbu sayyorani astronomlar teleskop orqali kuzatishga muvaffaq bo‘lishlari lozim. Bu maqsad uchun kashfiyotchi olimlar Braun hamda Batigin, Gavayi orollarida joylashgan Yaponiyaga tegishli "Subaru" teleskopini ijaraga olib qo‘yishdi.
Eslatib o‘tamiz, 1846-yilda xuddi shunday yo‘sinda, ya'ni, aslida hali hech kim teleskopda ko‘rmagan noma'lum sayyoraning boshqa osmon jismlariga (aynan aytganda Uran sayyorasiga) gravitatsion ta'siri orqali yangi sayyora - Neptun kashf qilingan edi. Ushbu kashfiyotni farang astronomi Urban Leverye amalga oshirgan bo‘lib, u matematik hisob-kitoblar orqali yangi sayyoraning orbitasini, massasi va osmonning qaysi qismida ekanini aniq aytib bera olgan. Lekin bu vaqtlarda olimlar ixtiyorida Neptunni ko‘ra oladigan kuchli teleskoplar bo‘lmagan. Shu sababli olimning kashfiyotini teleskop orqali ko‘z bilan ko‘rishguncha ancha vaqt o‘tgan. Neptunni 1846-yilning 23-sentyabr kuni Berlin rasadxonasida boshliq Iogann Enke hamda uning shogirdi Genrix d'Arre teleskopda, Leverye hisoblagan nuqtadan atiga 1° farq bilan aniq ko‘rishgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|