XABBL KOSMIK TELESKOPI:
Koinot qa'ridagi hayot izlarini topish yo‘lidan bormoqda
Koinot mo‘jizalarga boy. Shu bois ham insoniyat yaralgandan buyon uning sir-sinoatidan boxabar bo‘lishga intiladi. Ming yillardan buyon osmon, undagi yulduz va sayyoralarning joylashgan o‘rni, ularga qarab yo‘nalishlarni aniqlash butun boshli fan sifatida olimu donishmandlarni, balki oddiy fuqarolarni ham o‘ziga jalb qilib keladi. Har bir davrning rivojlangan ilm-fani esa ushbu jumboqlarning yechimiga birin-ketin javob topmoqda. Kosmik kemalar, Yerning sun'iy yo‘ldoshlari koinot sari uchirilgan, axborot texnologiyalari jadal taraqqiy yetgan XX-asrda esa olimu mutaxassislar yana bir olamshumul kashfiyot - Xabbl kosmik teleskopini insoniyatga taqdim etdi.
Koinot sirlarini yanada chuqurroq o‘rganish, javobsiz qolayotgan minglab savollarga oydinlik kiritish, qolaversa, koinot qa'ridan hayot izlari va boshqa tamaddunlar bilan aloqa o‘rnatishdek ham xayoliy, ham hayotiy orzu-istaklarni amalga oshirish hamda ko‘plab boshqa masalalar yuzasidan ushbu kosmik teleskopga qayta-qayta murojaat etilmoqda.
Xabbl (inglizcha Hubble Space Telescope, HST) kosmik teleskopi Yer shari orbitasidagi avtomatik observatoriya bo‘lib, AQSH kosmik tadqiqotlar agentligi hamda Yevropa kosmik agentligining qo‘shma loyihasi hisoblanadi. Ushbu teleskopga mashhur amerikalik astronom, galaktikalar nazariyasi bo‘yicha ko‘plab ilmiy kashfiyotlarni amalga oshirgan olim Edvin Xabbl (1889-1953) nomi qo‘yilgan.
Kosmik teleskop to‘g‘risida so‘z ketganda, ko‘pchilikda haqli bir savol tug‘ilishi mumkin. Shuncha ovoragarchilik va mablag‘ sarflab, teleskopni koinotga olib chiqishning qanday zarurati bor, axir Yer yuzining havosi musaffo nuqtalarida ham ushbu ishni amalga oshirish mumkin-ku? Gap shundaki, Xabbl kosmik teleskopi birinchi navbatda oddiy ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan infraqizil va boshqa tur diapazonlaridagi elektromagnit nurlanishlarni qayd yetib boradi. Yer shari atmosferasining ta'siri sezilmagani bois, sayyoramiz sathida joylashgan an'anaviy teleskoplardan 7-10 barobar aniqlikda ishlashi uning ustunligini ta'minlab beradi.
Ming yillik orzular sari
Orbital teleskoplar haqidagi dastlabki mulohazalar German Obertning 1923 yilda olmon tilida chop etilgan «Sayyoralararo bo‘shliqlardagi raketa» (nemischa Die Rakete zu den Planetenraumen) asarida uchraydi. Shundan so‘ng dunyoning ko‘plab olim va astronomlari kosmik kenglikda faoliyat yurituvchi teleskoplar haqidagi turli nazariy ma'lumotlari, o‘z ilmiy farazlari va amaliy takliflarini o‘rtaga tashlashdi.
Quyosh faolligini o‘rganishga mo‘ljallangan ilk kosmik teleskop «Ariel» loyihasi doirasida 1962 yilda Britaniyada samoga uchirildi. 1966 yilda NASA tomonidan uchirilgan OAO-1 kosmik observatoriyasi faoliyati akkumulyatorlarda kelib chiqqan nosozlik tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Oradan ikki yil o‘tib uchirilgan OAO-2 teleskopi esa yulduz va galaktikalardan taralayotgan ultrabinafsha nurlanishlarni qayd etib, 1972 yilga qadar faoliyat ko‘rsatdi. Mazkur muvaffaqiyatli vazifa diametri 3 metr bo‘lgan shishali yangi teleskop-reflektorning yaratilishiga turtki bo‘ldi. Ushbu loyiha shartli ravishda LST (inglizcha'large Space Telescope) nomini oldi. Ko‘zlangan maqsadlarni amalga oshirish, ishlash davrini uzaytirish uchun teleskop qimmatbaho ehtiyot qismlar bilan ta'minlanishi zarur yedi. Bu esa loyiha uchun yirik miqdordagi mablag‘ni talab etardi.
Shunday qilib, 1978 yilda ushbu loyiha qiymatining yarmiga teng bo‘lgan 36 million dollar miqdoridagi mablag‘ rasman ajratildi. Mablag‘ yetarli bo‘lmagani bois, teleskop oynasining diametri 3 metrdan 2,4 metrgacha qisqartirildi, ayrim ehtiyot qism va uskunalarni o‘rnatish bekor qilindi, umumiy ko‘rinish ham ixchamroq holga keltirildi. Yevropa kosmik agentligi esa quyosh batareyalari va boshqa bir qator ehtiyot qismlarni moliyalashtirishni zimmasiga olib, buning natijasida Yevropalik tadqiqotchilar kuzatuvlar vaqtining 15 foiziga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritishdi.
1983 yilda uchirilishi rejalashtirilgan teleskop 1980 yildan boshlab Xabbl nomi bilan atalishi rasman tasdiqlandi. Uni qurish ishlariga ko‘plab kompaniya va tashkilotlar jalb etildi. Jumladan, teleskopning eng muhim qismlaridan bo‘lgan optik ehtiyot qismlarni tayyorlash va yetkazib berish, shu sohada yetakchi hisoblangan «Perkin-Elemer» kompaniyasiga topshirildi.
30 nanometrgacha uzunlikdagi yorug‘lik to‘lqinlarini o‘tkazishga qodir, odatiy teleskoplarga qaraganda 10 barobar samarali bo‘lgan oynani yaratish uchun kompaniya yangi raqamli dasturlangan boshqarish tizimiga asoslangan texnologiyani sinovdan o‘tkazdi. Asosiy oynani yaratish ishlari 1979 yilda boshlanib, 1981 yilning so‘ngiga qadar davom etdi.
Texnik va moliyaviy muammolar sababli uchirilish muddati tobora kechiktirib kelinayotgan loyihaning umumiy qiymati 1986 yilga kelib 1,175 milliard dollardan oshib ketdi. So‘ngi kechiktirilish 1986 yilning oktyabriga qoldirilgan bo‘lsa ham, shu yilning 28 yanvaridagi «Chellenjer» samo kemasining halokati sababli ushbu reja yana bir necha yillarga ortga surildi. Bu vaqt ichida teleskop sun'iy ravishda tozalangan atmosfera muhitida saqlanib, buning uchun har oyda 6 million dollar miqdorida mablag‘ sarflandi.
Loyihaning ortga surilgani ilm-fan sohasidagi yangi yutuqlar bilan boyitilishiga ham xizmat qildi. Jumladan, yanada samarali quyosh panellari, yengil va mustahkam himoya qobig‘i, zamonaviy bort kompyuterlari va aloqa tizimlari bilan ta'minlandi.
1988 yilda Shattl samo kemalari parvozi tiklangach, 1990 yilning 24 aprelida «Diskaveri» STS-31 Shattli parvoziga ruxsat berildi va navbatdagi kun uzoq kutilgan vazifa - vazni 11 tonnani (uskunalarini qo‘shib hisoblaganda 12 tonnadan ziyod) tashkil etuvchi kosmik teleskop Yer orbitasiga olib chiqildi.
Loyiha boshlangandan samoga uchirilganga qadar o‘tgan 22 yildan ziyod vaqt ichida xarajatlarning umumiy miqdori 2,5 milliard dollardan oshib ketdi, 1999 yilgacha esa bu ko‘rsatkich 6 milliard dollarlik ko‘rsatkichni ham ortda qoldirdi.
Muammolar tugagani yo‘q
Parvozning birinchi haftasidanoq teleskopning optik tizimida turli muammolar yuzaga chiqa boshladi. Olingan suratlar Yer sathidagi teleskoplar taqdim yetgan tasvirlardan sifatliroq bo‘lsa ham, kutilgandek yemas yedi. Ehtiyot qismlarni joylashtirishdagi atigi 1,3 millimetr bo‘lgan xatolik bunga sabab bo‘lgan, deya qayd etildi.
Shu maqsadda uch yil ichida tasvirlarni yuqori aniqlikda olishga mo‘ljallangan ikki oynadan iborat COSTAR tizimi ishlab chiqildi. Bu vaqt mobaynida teleskop bir qancha kuzatuvlarni olib bordi, kamchiliklar mavjudligiga qaramasdan, muhim ilmiy natijalarga erishildi. Jumladan, tasvirlar sifatini oshirish borasida yangi algoritmlar ishlab chiqildi.
Teleskopga ochiq koinotda texnik xizmatini ko‘rsatish maqsadida ko‘p bor foydalanishga mo‘ljallangan «Speys shattl»turkumidagi samo kemasidan foydalanildi. To‘rt marta amalga oshirilgan ekspeditsiya uchun koinotga ikki bor parvoz uyushtirildi. «Indevor» STS-61»deb atalgan birinchi parvoz 1993 yilning 2-13 dekabrlarida amalga oshirilib, o‘n kun ichida teleskopning optik tizimi takomillashtirildi. Ushbu ekspeditsiya ochiq koinotda amalga oshirilgan tarixdagi eng murakkab vazifalardan biri, deya baholandi. Yuqori tezlikka ega fotometr uskunasi keng burchakli va planetar kamera - yangi modeldagi optik korreksiyalash tizimi bilan almashtirildi. Shuningdek, quyosh batareyalari va ularni boshqarish tizimi o‘tkazgichlari, ikkita magnitometr, to‘rtta giroskop hamda raqamli bort boshqaruv kompleksi almashtirildi.
Atmosferaning yuqori qatlamida yo‘qotilgan balandlik ham me'yoriga keltirildi. 1994 yilning 31 yanvarida NASA tomonidan vazifa muvaffaqiyatli yakunlangani va avvalgidan sifatli bo‘lgan ilk tasvirlar olingani e'lon qilindi.
Ikkinchi ekspeditsiya 1997 yilda amalga oshirildi. 11-21 fevral kunlari kosmik teleskopning ko‘plab ehtiyot qismlari qayta ta'mirlandi yoki, zamonaviy turlariga almashtirildi. Natijada teleskop bir vaqtning o‘zida bir nechta obyektlarni kuzatish va yuqori sifatli tasvirlarni olimlarga yetkazib turish imkoniga ega bo‘ldi.
1999 yilning 19-27 dekabr kunlari o‘tkazilgan uchinchi « 3A ekspeditsiyasida esa tizim yanada takomillashtirildi, bort kompyuteri nurlanishlarga chidamli bo‘lgan Intel kompaniyasining zamonaviy protsessori bilan ta'minlandi. Bu esa Yerda amalga oshiriladigan bir qancha hisob-kitob ishlarini shu Yerning o‘zida avtomatik tarzda bajarish imkonini yaratdi.
Navbatdagi, 2002 yilning 1-12 mart kunlarida olib borilgan «Kolumbiya» STS-109 parvozlari chog‘ida esa teleskop xira obyektlarni tasvirlarni olishga xizmat qiluvchi yangi texnologiyalar bilan boyitildi. Yangi o‘rnatilgan quyosh batareyalari esa avvalgidan hajm jihatdan kichik bo‘lsa ham, 30 foiz ko‘proq energiya ishlab chiqarishga qodir edi. Bu esa barcha uskunalarning bir vaqtda ishlashiga ham zamin hozirladi.
Beshinchi va eng so‘ngi texnik xizmat ko‘rsatish 2009 yilning 11-24 may kunlari amalga oshirildi. Ko‘plab uskunalar takomillashgan zamonaviy turlariga alishtirildi, teleskop imkoniyatlari yanada kengaytirildi.
Ko‘plab natijalarga erishildi
Dastlabki 15 yildan ziyodroq faoliyati davomida Xabbl teleskopi 22 mingdan ortiq osmon jismlari va obyektlarning 1 milliondan ziyod suratlarini Yerdagi boshqaruv inshootiga yubordi. Ular ichida shu vaqtga qadar butunlay noma'lum va sirli bo‘lib kelayotgan ko‘plab yulduzlar, tumanliklar, galaktikalar va sayyoralar mavjud.
Har oylik jo‘natilgan ma'lumotlarning hajmi 80 gigobaytdan oshadi. To‘plangan barcha ma'lumotlarning umumiy hajmi esa 50 terabaytni tashkil etmoqda. Ushbu teleskop yordamida 399 nafardan ziyod astronomlar kuzatuvlarni olib borishdi. 4000dan ortiq ilmiy ish va ilmiy-ommaviy maqolalar chop etildi.
Mazkur teleskop ma'lumotlariga asoslab tayyorlangan maqolalar boshqa manbalarga qaraganda ikki barobar ko‘proqni tashkil etadi. Har yillik 200 ta tan olingan ilmiy ishlarning 10 foizi ham ayni Xabbl bilan chambarchas bog‘liq.
Xabbl teleskopi yordamida quyida muhim ilmiy kashfiyot va koinotning shu vaqtga qadar noma'lum bo‘lgan sir-asrorlari ochildi.
Shumeyker-Levi kometasining Yupiter sayyorasi bilan to‘qnashuvi (1994-yil), Pluton sathi, Saturn, Yupiter sayyoralari va Yupiterning Gannimed yo‘ldoshida ro‘y bergan ultrabinafsha qutb yog‘dulari yuqori tiniqlikda tasvirga oldi. Shuningdek, Quyosh tizimidan tashqaridagi boshqa sayyoralar haqidagi ko‘pgina ma'lumotlar oydinlashdi.
Orion tumanligida ko‘p miqdordagi proplit-sayyoralar, ya'ni zich gazdan tashkil topgan, yangi yulduzlar atrofida aylanayotgan sayyoralar aniqlandi. Mazkur ma'lumotlar bizning Somon yo‘li galaktikamizdagi ko‘pgina yangi paydo bo‘lgan yulduzlarda ham shu kabi sayyoralar mavjudligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, kuzatuvlar jarayonida galaktikalar markazidagi ulkan massaga ega qora tuynuklar va ularning galaktikalar xususiyatiga ko‘rsatuvchi ta'siri haqidagi nazariyalar ham qisman o‘z tasdig‘ini topdi.
«Xabbl» kosmik teleskopi yordamida kvazarlar (olis galaktikalarning faol yadrosi, galaktikalardagi eng yorug‘ obyektlar)ni kuzatish jarayonida esa borliqning muntazam kengayib borayotgani haqidagi nazariyalar qisman o‘z tasdig‘ini topdi, uning yoshi 13,7 milliard yilga teng ekani ham ma'lum bo‘ldi.
2004-2009 yillar davomida olingan tasvirlarni o‘rganish esa Neptun atrofida aylanuvchi yana bir yo‘ldosh - «S/2004 N 1»ning mavjudligini ko‘rsatdi.
«Xabbl» teleskopi orqali olib borilayotgan kuzatuvlar jarayonida bir guruh olimlar qo‘shni Quyosh tizimiga yaqin hududdagi yulduz atrofida aylanuvchi 5ta ekzosayyora atmosferasida suv alomatlari mavjudligini aniqlashdi. «Science Daily» nashrida yozilishicha, ushbu sayyoralardagi suv mavjudligini isbotlovchi alomatlar ularning har birida turli ko‘rinishda namoyon bo‘lgan. Merilend shtati universitetining Dreyk Deming boshchiligidagi astronomlari «Xabbl» teleskopiga o‘rnatilgan keng burchakli zamonaviy «Wide Field Camera 3» kamerasi yordamida suv alomatlarini infraqizil to‘lqinlar diapazonida tasvirga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Ta'kidlash o‘rinliki, ayni paytda «Xabbl» teleskopida qo‘llanilayotgan - Wide Field Camera 3» kamerasi Yer yuzidagi eng noyob tasvirga olish uskunalaridan biri bo‘lib, zaminimizdan trillionlab kilometr olislikdagi ekzosayyora atmosferasini sinchiklab kuzatish imkonini beradi. To‘g‘ri, olingan tasvir darhol u joyda suv mavjudligini anglatmaydi, buning uchun olimlar qo‘shimcha ravishda ko‘plab izlanish, hisob-kitob ishlarini amalga oshirishlariga ham to‘g‘ri keladi.
Teleskopga ulanish
«Xabbl» teleskopida kuzatuvlar olib borish uchun har bir kishi yoki muassasa murojaat qilishi mumkin. Biroq shu istakdagi arizalar yilda bir marotabagina qabul qilinadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, teleskopda koinotni kuzatish istagida bo‘lganlar sonining nihoyatda ko‘p ekanligi kuchli raqobatni paydo qilgan. Arizalar ko‘zga ko‘ringan havaskor astronomlardan tashkil topgan kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi va eng original taklif, avval kuzatilmagan, amalga oshirilmagan loyihalar tanlab olinadi.
«Xabbl» teleskopining koinotga chiqarilganiga chorak asrga yaqin vaqt o‘tdi. U o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni deyarli ado etdi. Ilm-fan sohasini eng ko‘zga ko‘ringan yutuqlaridan biri sifatida insoniyat tarixida o‘ziga xos o‘rin egallagan teleskop 2014 yilda faoliyatini tugatadi. Uning o‘rniga esa eng so‘ngi ilm-fan, axborot kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlarini mujassamlashtirgan yangi kosmik teleskop - «Jeyms Uebb» egallaydi.
Sanjar RUSTAMOV,
«Ma«rifat« muxbiri
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|