Nil Olden Armstrong |
Nil Oldin Armstrong (inglizcha: Neil Alden Armstrong) 1930-yilning 5 avgustida AQSHning Ogayo shtati, Ualakoneta shahrida tug‘ilgan. AQSH astronavti, insoniyat tarixida Oyga qadam qo‘ygan birinchi inson, sinovchi-uchuvchi, kosmik muhandis. Ualakoneta shahridagi o‘rta maktabni 1947 yilda tamomlagach, shu yilning o‘zida, Indiana shtati, Vest-Lafayet sharidagi Perdyu universitetining aviatsiya sanoati yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. Universitetdagi o‘qishni, oraliq tanaffuslar bilan, 1955-yilgacha davom ettirgan va yakunda, 1955-yili, aviatsiya texnikasi fanlari bo‘yicha bakalavr diplomini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng, u harbiy xizmatga chaqirilgan va AQSH harbiy havo kuchlari tarkibida, Koreys urushida qatnashgan. Koreys urushidan ikkita oltin yulduz va "Aviatsiya" medali bilan qaytgach, 1958-yilda, tajribaviy kosmik apparati - American X-15 da uchish uchun tanlov bo‘yicha, sinovchi-uchuvchilar safiga kiritildi. Ushbu turkumdagi raketalardagi ilk parvozini 1960-yilda amalga oshirgan Armstrong, 1962-yilga qadar 7 marta, atmosferaning yuqori qatlamlariga raketa parvozlarini amalga oshirdi. 1962-yilda, raketalardagi uchishlarning muvaffaqiyatsiz loyiha ekanligini ta'kidlagan holda loyihani tark etdi va NASAning koinotga uchish uchun olib borayotgan fazogirlar tanloviga ishtirok etish uchun hujjat topshirdi. Shu yili Armstrongni, kosmik parvozlar uchun tayyorlanuvchi kosmonavtlar ro‘yxatining 2-guruhiga qabul qilishdi. Nil Armstrong NASAdagi ilk kosmik parvozini, 1966 yilida, "Ajena-8"fazoviy kemasida amalga oshirdi. Biroq, parvoz, fazo kemasining yo‘nalish belgilovchi tizimlarida kelib chiqqan jiddiy nosozliklar tufayli, ekipaj muddatidan avval yakunlanib, yerga qaytishga majbur bo‘lgan. Ushbu parvoz davomida, Armstrong fazo kemasi kapitani bo‘lib, ikkinchi uchuvchi - Devid Skott bilan birgalikda, ilk bora ikkita fazo kemalari - "Ajena-8" hamda, uchuvchisiz "Jemini" apparatlarining o‘zaro tutashtirish operatsiyasini amalga oshirishgan edi.
1969-yilda Nil Armstrong, Oyga parvoz dasturi doirasida, Apollon-11 Oy kemasining kapitani sifatida, Yerning tabiiy yo‘ldoshiga kosmik parvozni amalga oshirdi. U, hamkasbi Bazz Oldrin bilan birgalikda, Oy sirtiga yengil qo‘nishni amalga oshirishdi va Apollon-11 dan chiqib, Oy yuzasiga qadam bosishdi. Aynan Nil Armstrong birinchi bo‘lib Oyga qadam bosgan edi. U Oyga qadam bosishi bilanoq, quyidagi iborani xitob qilgan; "Bu bir inson uchun kichik bir qadam, lekin butun insoniyat uchun ulkan sakrashdir". Nil Armstrong, sherigi Edvin Oldrin bilan birgalikda, Oy yuzasida 2.5 soat bo‘lib, u joyda, ilmiy asbob uskunalarni o‘rnatish, ba'zi oddiy tajribalarni o‘tkazish ishlari bilan shug‘ullanishdi va Oyga AQSH bayrog‘ini o‘rnatishdi.
Nil Armstrong 1971-yilda NASAdan ketishga qaror qildi va 1979-yilgacha, Sinsinatti universitetida dars berdi. So‘ngra u biznes bilan shug‘ullanishga qaror qildi va All Systems, Inc. Firmasini tashkil qildi. Keyingi faoliyatida mashhur astronavt, Milliy Kosmonavtika Qo‘mitasida ham ish olib bordi. U shuningdek, 1986-yildagi Chellenjer shattlining fojiali halokati yuzasidan tekshiruv komissiyasi tarkibida ham ishladi. Armstrong, BBC telekanalining, "BBC: Sayyora" loyihasida ham muntazam ishtirok etgan.
Armstrong, harbiy xizmatda ham, sinovchi-uchuvchilik faoliyatida ham, o‘zining doimo xotiram va o‘ta sovuqqonligi bilan yaqqol ajralib turgani bois, unga "Sovuq kapitan" degan taxallus berilgan ekan. Uning ikki o‘g‘li va bir qiz farzandi bo‘lgan. Oyga birinchi qadam bosgan inson, kundalik hayotda doimo kamtarin bo‘lganligini, safdoshlarining qaydlarida ko‘p uchratish mumkin. U o‘zini, doimo qalam va logarifmik chizg‘ich bilan yuradigan, termodinamikaning ikkinchi qonuni bilan yashaydigan, izlanuvchan muhandis sifatida tasavvur qilishini va har doim shunday bo‘lib qolishini ta'kidlar edi.
1969-yilda, Oyga parvozdan so‘ng, Prezident Ozodlik medali bilan, 1978-yilda esa, Kosmik medal hamda, Kongress faxri ordeni bilan, 2009 yilda, Oyga parvozning 40 yilligi munosabati bilan, Kongressning Oltin medali bilan taqdirlangan. Armstrong sharafiga, "Apollon-11" qo‘ngan joy yaqinidagi Oy kraterlarining biri, Armstrong krateri deb nomlangan. Shuningdek, asteroidlardan biri - (6469)Armstrong asteroidi nomlangan.
Nil Oldin Armstrong, 2012-yilning 25-avgustida, 82 yoshida, Ogayo shtati, Sinsinatti shahrida vafot etdi. Uning xoki, 2012-yilning 14-sentyabr kuni, Atlantika okeani tubiga dafn etildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|