Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Maqolalar Robert Oppengeymer - atom bombasining «otasi»

Robert Oppengeymer - atom bombasining «otasi»

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 17
Juda yomon!A'lo! 

Robert Oppengeymer - atom bombasining «otasi»

 

-Aytingchi, suvda atom bormi?

-Ie, domlajon, suvda atom nima qilsin. Axir atom - Bombaku!

Mashhur kinofilmdagi, mashhur qanotli ibora. Lo‘ttiboz talabaning domlaga qilgan nag‘masida uning modda tuzilishi haqidagi tasavvuri qanchalik yuzaki ekanligi namoyon bo‘lgan. Biroq u nazarda tutgan narsa - atom bombasi esa, insoniyat o‘ylab topgan va yasagan eng dahshatli, eng vayronkor va eng xavfli ommaviy qirg‘in qurolidir. Bu haqda sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ham kuyunib:

Atomni ijod etib,

dahshat balo bunyod etib,

oqibatni yot etib,

hayron o‘zing...

deb yozgan edilar.

Haqiqatan ham, atom bombasi - yadroviy parchalanish natijasidagi reaksiya zanjiriga asoslangan katta miqdorda energiya ajralib chiqishi bilan xarakterli bo'lgan, ommaviy qirg‘in vositasi bo‘lib, uning qo‘llanilishi tufayli bus butun shaharlar vayron, yuz minglab insonlar qurbon bo‘lishi mumkin. Ushbu maqolada atom bombasi va uning «otasi» - yadroshunos olim Robert Oppengeymer haqida fikr almashamiz. Va maqolamiz davomida, ushbu dahshat qurolining yasalishi borasida ba'zi bir jihatlarda, butun bashariyatni Xudo saqlagani haqidagi muhim tarixiy faktlarni bilib olasiz...

 

Robert Oppengeymer - 1904-yilning 22-aprelida Nyu-York shahrida, badavlat oilada tug‘ilgan. 1922-yilda Garvard universitetiga o‘qishga kirib, ta'limning keyingi bosqichlarini Yevropaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida davom ettirgan. Xususan u Kembrij, Gettingen, Syurix, va Leyden universitetlarida tahsil olgan. Oppengeymer Kembrijda o‘qiyotganida, buyuk fizik Ernest Rezerford (1871-1937) laboratoriyasida bir muddat ishlagan va o‘sha yerda nurlanib qolgan ekan. Gettingenda esa, kvant mexanikasi nazariyasi ustida ishlayotgan Verner Geyzenberg (1901-1976) bilan birga ishlagan. Oppengeymer 1927-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va AQSHga qaytib, Pasadenadagi Kaliforniya texnologiya universitetida o‘qituvchilik qila boshlaydi. 1928 yilda u Berklidagi Kaliforniya universitetida adyunkt-professor unvoni bilan, nazariy fizika bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga kirishadi, bir vaqtning o‘zida texnologiya universitetidagi o‘qituvchilik faoliyatini ham olib boradi.

Keyingi bir necha yil mobaynida olib borgan ilmiy izlanishlari tufayli, Oppengeymer, 1930-40 yillarning AQSHdagi eng yetuk nazariyotchi fizik olimi darajasiga ko‘tariladi. U fanning turli sohalarida - astrofizika, kosmik nurlar, kvant tunnel effekti hodisalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Oppengeymer fan tarixida birinchilardan bo‘lib, qora tuynuklarning mavjudligi haqida fikr bildirgan edi. 1936-yilda Robert Oppengeymer professor unvoniga erishgan.

1939-yilga kelib, jahon siyosiy sahnasi beqaror tusga kirdi. Fashistlar Germaniyasi allaqachon imi-jimida qalab yuborgan urush olovi, 1-sentyabr sanasida Polshaga rasman urush e'lon qilinishi bilan, alangalanib ketdi. Bu paytga kelib, AQSH maxsus xizmatlarida ommaviy qirg‘in qilish xususiyatiga ega bo'lgan atom bombasi haqida axborot mavjud edi. Uning tayyorlash texnologiyasi olimlarga ma'lum bo‘lib, faqat reaksiya zanjirini uzviyligini ta'minlaydigan radioaktiv moddaning kritik massasini qanday qilib ixcham o‘lchamlarga joylay olish masalasi ochiq qolayotgan edi.

1938-yilda Germaniyada(!) nemis olimlari - Otto Gan (1879-1968) va Frits Shtrassman (1902-1980) Uran yadrosini neytronlar bilan bombardimon qilish orqali yadroviy parchalanishiga erishishgan edi. Biroq ular yadroning parchalanishi davomida, bir yadroga tegishli zarrachalarning boshqa yadrolarni ham bombardimon qilib, o‘z navbatida ulardan ajralib chiqqan zarrachalar ham keyingi boshqa yadrolarni bombardimon qilib parchalanishga majbur qiladigan reaksiya zanjirining uzviyligini ta'minlay olishmadi. Otto Gan va Frits Shtrassmanlarning tajribalaridan keyin, Uran-235 atomining reaksiya zanjirini uzviy borishi uchun yetarli miqdorini qanday qilib nisbatan kichik hajmdagi joyga joylashtirish, ya'ni kritik massasini aniqlash qolgan edi. Mazkur tajribalar shundoqqina natsistlarning burnini tagida, fashizmning qo‘l uzatsa yetadigan joyda amalga oshirilganini o‘ylasam, ba'zan, insoniyatni baloning kattasidan xudoni o‘zi saqlagan ekan deb o‘ylab qolaman. Agar o‘shanda atom bombasi fashistlarning qo‘liga tushib qolganida bormi....

Oppengeymerga qaytsak.

Urush avj olib, dahshatli, dushman uchun eng maksimal talafot yetkaza oladigan qurolga ehtiyoj paydo bo'ldi. Bu borada AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Franklin Delano Ruzvelt tomonidan, «Manxetten loyihasi» kodli nomi ostida maxsus dastur qabul qilindi. Bu dastur, atom bombasining tezroq yasalishi va AQSHning bunday qudratli qurolga ega bo‘lishini ko‘zda tutar edi. 1942 yilda qabul qilingan «Manxetten loyihasi»ga olimlardan aynan Oppengeymer loyiha rahbari etib tayinlandi. (shuningdek harbiy rahbar - Lesli Grouvs ham bor edi). Mazkur loyihaga Oppengeymer o‘z davrining eng yetuk olimlarini jalb qildi. Xususan Enriko Fermi, va Nils Borlar ham ushbu loyihada ishtirok etishdi. «Manxetten loyihasi» bo‘yicha asosiy amaliy ishlar 1942-1945 yillarda Oukridj (Tennisi shtati) va Los-Alamos (Nyu Meksiko shtati) ilmiy markazlarida olib borildi. Uzoq va mashaqqatli mehnat natijasida 1945-yilga kelib Oppengeymer va uning jamoasi tarixdagi ilk atom bombasini tayyorlashga erishdi. 16 iyul 1945-yilda Nyu Meksiko shtatining Alamogordo shahridan 80 km shimoliy-g‘arbda atom bombasining birinchi marta portlatish-sinov amaliyoti o‘tkazildi. Bu sinovdagi atom bombasi portlatish loyihasiga Oppengeymer «Uchlik» (Trinity), portlash amaliyotining o‘ziga esa, Klementina deb kodli nomlash biriktirgan edi. Insoniyat tarixidagi birinchi atom bombasi, (uning nomi - «Baqaloq» edi) portlashi, Alamogordo vaqti bilan tonggi soat 530 da ro‘y berdi. Bomba 33 metrlik temir-beton konstruksiyasi ustiga joylashtirilgan bo‘lib, olimlar jarayonni 8 km masofadan turib kuzatib borishdi. Jarayonning dahshatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan fizik olim Otto Frish taassurotini quyidagicha bayon qilgan edi: «...keyin men sukunat ichra quyosh porlayotganini ko‘rdim. Bu shunday manzara edi». «Baqaloq» ning portlashi, sahro uzra quyosh o‘ta pastlab chiqqandek taassurot uyg‘otib, dahshat namoyon qilgan edi. Otto Fishning so‘zlariga quyidagi fotosurat ham dalolat berib turibdi.

Oppengeymerning o‘zi esa, hodisani kuzata turib, hind eposidagi - «Men - dunyolarni vayron qiluvchi buyuk ajalman[1]» satrlarini takrorlagan ekan. Atom bombasining portlashi butun osmonni yoritib yubordi va 30 soniyadan keyin, zarba to‘lqini butun hudud bo‘ylab tarqaldi.

Bu paytga kelib, fashistlar Germaniyasi so'zsiz kapitulyatsiya bergan bo‘lsa-da, uning uzoq sharqdagi ittifoqdoshi - Yaponiya hali urushni davom ettirayotgan edi. AQSHning Pirl-Xarbor portidagi xunrezliklar va boshqa harbiy amaliyotlar yuzasidan Yaponiyaga javob tariqasida, Oppengeymer texnologiyasi asosidagi atom bombani, Xirosima shahriga tashlashga qaror qilindi. 6-avgust, 1945-yili Xirosimaga tashlangan atom bombasining vayronkorlik ko‘lami, kutilganidan ham ziyoda bo‘lib chiqdi. Xirosima yer bilan yakson bo'ldi, hamda, 70 mingga yaqin tinch aholi qurbon bo‘ldi. keyingi yillar davomida ham, Xirosimaning 60 mingga yaqin aholisi, atom bombasi portlashi natijasida kelib chiqqan nurlanish tufayli halok bo'ldi. 3 kundan keyin, ikkinchi atom bombasi Nagasakiga tashlandi. U yerda ham 70 mingdan ziyod aholi qurbon bo'ldi. 15-avgust kuni esa Yaponiya ham so‘zsiz kapitulyatsiya hujjatiga imzo chekdi va insoniyat tarixidagi eng dahshatli II-jahon urushi nihoyasiga yetdi. Biroq, Nagasaki va Xirosima shaharlarida keyingi bir necha o‘n yilliklarda ham insonlar nurlanish kasalliklari tufayli halok bo‘lishi davom etdi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda gen mutatsiyalari, irsiy o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi. o‘sha vaqtlarda atom bombasining bunday asoratlari haqida juda kam bilishar edi. 1945-yilning oktyabr oyida Oppengeymer, kelgusida «Manxetten loyihasi»da ishtirok etishdan voz kechdi.

«Manxetten loyihasi» da 1942-1946 yillarda ishlagan fizik Edvard Teller (1908-2003) tarkibida vodorodning deyteriy va tritiy izotoplari tutadigan, «vodorod bombasi» tayyorlash haqida g‘oya ilgari surgan edi. Teller fikriga ko‘ra, bunday bomba, atom bombasidan ham kuchliroq bo‘lib, geliy yadrosi hosil qilinishi bilan kechadigan jarayonda yuzaga chiqadigan katta miqdordagi energiyaning portlash kuchidan foydalanishni ko‘zda tutar edi. Bunday jarayon - yadro sintezi deb ataladi. 1949 yil 29 avgustda sobiq ittifoq ham o‘zining ilk atom bombasini sinovlarini o‘tkazganligi haqida axborot berganida, Teller o‘zining vodorod bombasi haqidagi g‘oyalarini yanada qattiqroq targ‘ib qila boshladi. II jahon urushidan keyin yuzaga kelgan «sovuq urush» holatida, okeanning ikki tarafida hosil bo'lgan siyosiy qutbli qarama qarshilik tufayli, davlatlar o‘rtasida qurollanish poygasi avjiga chiqqan, dahshatli qirg‘in qurollarining yangi-yangi turlari paydo bo‘layotgan davr edi u. Oppengeymer bunday jarayonning oqibati yaxshilikka olib kelmasligini hammadan ham ko‘proq anglar edi. Bu paytga kelib u Atom energiyasi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning raisi lavozimida faoliyat olib borayotgandi. 1949-yilning oktyabrida u vodorod bombasining tayyorlanishi borasida o‘zining noroziligini rasman bildirib, «bunday bombaning portlash kuchi chegara bilmaydi va u aholini qirg‘in qilishda, atom bombasidan ham ko‘proq talafot yetkazishi mumkin» deb ta'kidladi.

 

Biroq, prezident Garri Trumen vodorod bombasi tayyorlash va bu orqali qurollanish poygasida SSSRni ortda qoldirish fikrini ma'qulladi. 1952-yil 1-noyabr kuni, Tinch okeanidagi Marshall orollari Enivetok attolida, tarixda birinchi vodorod bombasining sinov-portlash amaliyoti o‘tkazildi. Portlashdan keyin, tuproqda 1600 metr kenglikdagi krater hosil bo‘ldi. vodorod bombasining portlash kuchi, Nagasakiga tashlangan atom bombasinikidan 500 barobar katta edi.

Qurollanish poygasida SSSR ham o‘z javobini tayyorlab qo‘ygan edi. 1953-yil 12-avgustda shimoliy-sharqiy Qozog‘iston, Semey (Semipalatinsk) shahri yaqinida SSSR ham o‘zining dastlabki, AQSHnikidan ham kuchliroq vodorod bombasining sinov-portlatish ishlarini amalga oshirdi. Bu esa AQSH hukumatida o‘ziga xos intrigani keltirib chiqardi.

Hukumatdagilardan ko‘pchiligi, Oppengeymerning vodorod bombasining tayyorlanishiga qarshilik qilganligi faktini, uning kommunistlar bilan aloqasi borligida, sovet ittifoqiga Los-Alamos maxfiy sirlarini yetkazganlikda, va vodorod bombasining tayyorlanishiga qarshilik qilish orqali unga SSSR avvalroq erishishiga intilganlikni ro‘kach qilib, Oppengeymerni SSSR foydasiga josuslik qilishda ayblashdi. Bu amalda Oppeneymerni davlat xoini deb e'lon qilinishi bilan teng edi. 1953-yilning 21-dekabrida Oppengeymerga nisbatan rasmiy ayblov e'lon qilindi va uning davlat maxfiy  loyihalariga bo‘lgan kirish huquqi bekor qilindi.

Oppengeymer o‘z ayblovi bo‘yicha ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi. U o‘zining aybsizligini isbotlamoqchi edi. Sud qaroriga ko‘ra, uning bo‘ynidagi davlatga xiyonat qilganlik ayblovi bekor qilindi. Biroq, sud Oppengeymerning davlat maxfiy loyihalariga bo‘lgan huquqini tiklab bermadi. Shuningdek u atom energetikasi kengashidagi lavozimidan ham mahrum etildi. Oppengeymerga qarshi guvohlik berganlardan eng asosiysi Edvard Teller edi. U sud majlisidagi nutqida, Oppengeymerning «AQSH hukumatiga nisbatan» xayrixoh ekanligini ta'kidlagan bo‘lsa-da, gap oxirida, «O‘z vatanimning hayotiy muhim qiziqishlarini o‘zim yaxshiroq tushunadigan va demakki, ko‘proq ishonadigan odam qo‘liga topshirishni ma'qul ko‘rardim» degan shubhali jumlani qistirib o‘tdi. Uning so‘zlar, Oppengeymerning sud qilinishiga norozilik bildirgan boshqa ko‘plab olimlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Biroq sudda baribir Tellerning so‘zlari hal qiluvchi bo‘lib chiqdi. bu AQSHda o‘ziga xos iz qoldirgan Makkartizm zamoni edi.

Oppengeymerning hurmati 1963-yilda yangi prezident Lindon Jonsonning hukumat tepasiga kelishi bilan qayta tiklandi. Undan barcha ayblovlar olib tashlandi va to‘liq oqlandi. Rasmiy uzr so‘rashning ramziy ma'nosida Robert Oppengeymerga Fermi mukofotini prezident Jonsonning o‘zi shaxsan topshirdi. Oradan to‘rt yil o‘tib, Robert Oppengeymer tomoq saratoni kasalligidan vafot etdi.

 

[1] Bahgavat-Gita - hind xalq eposidan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

»

Yangilаndi: 07.08.2019 09:10  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Mendeleev ham, o'z xotiniga, birinchi o'rinda xotin emas, balki aynan Vodorod turishi kerakligini juda uzoq tushuntirishga majbur bo'lgan...



Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov