Loksodroma
Buyuk geografik kashfiyotlardan so'ng dengizchilik shiddat bilan rivojlanib, kemalar butun sayyoramiz dengiz va ummonlari bo'ylab suza boshlagan zamonlarda, xaritashunoslar va ayniqsa darg'alar oldida o'ta muhim bir masala ko'ndalang chiqdi. Ya'ni, Yerning sharsimon shaklda ekani e'tiboridan, ochiq dengizda yo'nalishni to'g'ri belgilash va masofani chamalash - o'ta muhim vazifaga aylandi. Aynan shu maqsadda, XV-asrdan boshlab geodeziya va kartografiyada loksodroma tushunchasi keng yoyila boshladi. Loksodroma - fanga navigatsiya maqsadlarida joriy qilingan tushuncha bo'lib, uni shuningdek sferik spiral, yoki, rumb chizig'i ham deyiladi. Loksodroma go'yoki ulkan ilon singari, Yer sharini o'rab-chirmab oladi va qutblar yaqinida buraladi, lekin, hech qachon qutblarga yetib bora olmaydi. Loksodroma chizig'i xaritada barcha meridianlarni muntazam burchak ostida kesib o'tadi.
Dengizchilikda yo'nalishni belgilashda eng muhim jihatlardan biri shuki, unda Yer sharini o'rab turgan ulkan global aylananing muayyan qismida, ya'ni, global yoyda joylashgan ikki nuqta orasini eng qisqa masofa orqali suzib o'tish kerak bo'ladi (masalaning iqtisodiy jihatlariga to'xtalib o'tirish shart emas nazarimda). Biroq, bunday eng qisqa yo'lni to'g'ri suzib o'tishning o'zi bo'lmaydi. Chunki, bunda navigatorga kursni to'g'ri belgilash uchun, muntazam ravishda kompas ko'rsatkichiga qarab turish va unga muvofiq, shturvalni muttasil burash kerak bo'ladi. Bort kompyuterlari va GPS tizimlariga asoslangan avtomatlashtirilgan navigatsiya tizimlari mavjud bo'lmagan zamonlarda, bunday masala dengizchilar uchun o'ta murakkablik qilgan. Chunki, bu ish murakkab matematik hisob-kitoblarni operativ bajara olish, hamda, chuqur muhandislik bilimlariga ega bo'lishni talab etgan.
Aynan shunday murakkab vazifalarni osonlashtirish uchun, 1537-yilda, matematika va xaritashunoslik fanlari kesishgan nuqtada loksodroma tushunchasi ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, dengizchilarga biror A nuqtadan B nuqtaga adashmasdan to'g'ri suzib borish uchun, kompasning muayyan ko'rsatkichiga og'ishmay amal qilish kifoya qiladi. Bunday og'ishmaslikni (tom ma'noda) «aynan bir rumbni ushlash», yoki, «muayyan bir rumb ostida suzish» deyiladi. Garchi, bunda manzilga yetib borish uchun sarflanadigan vaqt biroz ko'proq bo'lsa-da, lekin, kema ko'zlangan portga aniq va eng qisqa yo'l bilan yetib boradi. Misol uchun, Nyu-Yorkdan kemada Londonga yo'lga chiqqan kema muttasil 73° burchak ostida suzsa, shu loksodroma, yoki, rumb bo'ylab u albatta Londonga yetib keladi. Xaritada loksodroma chizig'i to'g'ri chiziq ko'rinishida bo'lishini ta'minlash uchun esa Merkator proyeksiyalari o'ylab topilgan (aynan shu tufayli, bizga odatiy tanish xaritalarda Grenlandiya oroli Avstraliyadan katta ko'rinadi, yoki, Rossiya davlati Afrika qita'asidan yirikroqdek tuyuladi).
Garchi loksodroma chizig'i Merkator proyeksiyalari orqali ommalashgan bo'lsa-da, lekin uni fanga kiritgan shaxs bu - Portugaliyalik matematik va geograf Pedro Nunish (1502-1578) hisoblanadi. Nunish asli yahudiy bo'lib, lekin katolik diniga e'tiqod qilgan. Chunki, u yashagan zamonlarda nasroniy cherkovi dahshatli inkvizatsiya qiynoqlari orqali boshqa e'tiqod vakillarini majburan katolik mazhabiga kiritish bilan band edi. Shu sababli, Nunish bolalik yillaridayoq katolik cherkoviga qatnab, ushbu dinga amal qilib yashaganiga qaramay, biroq, inkvizitsiyaning keyingi to'lqinlarida baribir uni va uning avlodlarini yana ta'qib qila boshlashgan. Nunish ishlarini amaliy kartografiyaga tadbiq etgan Flamandiyalik olim Gerard Merkator (1512-1594) ham o'z davrida protestantlikka xayrixoh deb topilgani uchun o'lim jazosiga mahkum etilishiga sal qolgan.
Hozirda masalan Yer sharining turli burchaklarida istiqomat qiluvchi musulmonlar namoz o'qish uchun qiblani belgilashda, ya'ni, Makka shahri joylashgan tarafni aniqlashda aynan loksodroma chizig'iga asoslanib ish ko'rishadi. Chunki, ilmiy nuqtai nazardan, qiblani to'g'ri topish uchun, xaritada Makkaga qarab tortilgan to'g'ri chiziq emas, balki, ulkan yoydan iborat loksodroma chizig'i eng to'g'ri yo'nalish bo'ladi. 2006-yilda esa ilk musulmon astronavt Muzaffar Shukur orbitada namoz o'qiganligi munosabati bilan, Malayziya milliy kosmik agentligi (AGNKASA) hatto orbitadan turib qiblani belgilash masalasiga oid alohida maxsus ilmiy seminar ham tashkil etgan.
Rasmda: Rassom Pol Nyulander tomonidan kompyuter grafikasi yordamida yaratilgan loksodroma spirali tasviri.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
kеyingi > |
---|