Tritemiy poligrafiyasi
Bizning davrimizda kriptografiya asosida murakkab matematik nazariya yotadi. Biroq, qadimgi davrlarda xat-xabarlarni shifrlash uchun juda jo'n usullardan foydalanishgan va bunda masalan, xabar matnidagi harflar shunchaki alifbodagi o'ziga qo'shni har bilan almashtirib yozilgan. Bunday tarzdagi shifrlashda masalan «men» so'z «nfo» bo'ladi va ho kazo. Albatta, bundayin oddiy shifrlarni yechish ziyrak odamlar uchun unchalik qiyinchilik tug'dirmagan. Ayniqsa, IX-asrda yashab o'tgan arab olimi Abu Yusuf Yoqub ibn Isa'hoq ibn Saboh al-Kindi (801-873) tomonidan ishlab chiqilgan takroriylik tahlili usulini qo'llash orqali bu kabi shifrlashni ochish yanada oson bo'lib qolgan. Takroriylik usuli muayyan tilda aynan qaysi harflarning eng ko'p qo'llanishini tahlil qilishga asoslangan bo'lib, masalan ingliz tilidagi so'zlarda harflarning eng ko'p qo'llanilishi quyidagicha ketma-ketlikda bo'ladi: ETAOINSHRDLU. o'zbek tilida esa eng ko'p qo'llanadigan harflar AINLROTDMGS bo'ladi. Shu tariqa shifrlangan xabar mazkur metod vositasida tahlil qilish orqali, uni katta ehtimol bilan shifrdan to'g'ri yechish mumkin. Masalan, ingliz tilida Q harfidan keyin deyarli doimo U keladi va ho kazo.
Kriptografiyaga oid ilk bosma kitob muallifi Benedikt monastiri abbati nemis rohibi Iogann Tritemiy tomonidan yozilgan bo'lib, u Polygraphiae Libri Sex deb nomlangan. Asar abbatning o'limidan ikki yil o'tib, 1518-yilda chop etilgan. Bu kitobda yuzlab lotincha so'zlar ikki ustun qilib terib yozib chiqilgan bo'lib, bu so'zlarning har biri alifbodagi muayyan harfning o'rniga qo'llanishi ko'zda tutiladi. Bunda bitta harfning o'zi uchun bu kitobdagi turli xil so'zlar to'g'ri kelishi mumkin. Masalan, kitobning birinchi sahifasi quyidagi so'zlar ustuni bilan boshlanadi:
a: Deus [Tangri] a: clemens [rahimli]
b: Creator [Yaratgan] b: clementissismus [eng rahmdil]
c: Conditor [Parvardigor] c: pius [adolatli]
Xabarni shifrdan yechish jarayonida uning matnidagi so'zlar tegishli harflar bilan almashtiriladi. Shunisi qiziqki, Tritemiy jadvallari bo'yicha shifrlangan har qanday matnni o'qisangiz (xoh u siyosiy matn bo'lsin, xoh harbiy sir va ho kazo), u xuddi nasroniylar cherkovida o'qiladigan ibodat so'zlaridek chiqaveradi. Masalan, shifrlangan xabarda CAB harflari bilan boshlanadigan so'z mavjud bo'lsa (misol uchun «cabinet» so'zi) u Tritemiy shifrida Conditor clemens clementissismus deb ya'ni, Rahmlilarning rahmlisi Parvardigor deb yozilgan bo'ladi. Kitobda shuningdek, bundan-da mukammalroq bo'lgan boshqacha shifrlash usullari haqida ham so'z boradi va tegishli jadvallar keltiriladi.
Tritemiyning yana bir mashhur asari «Steganografiya» deb nomlangan bo'lib, u 1499-yilda yozilgan va 1606-yilda chop etilgan. Bu kitob bir necha asrlar mobaynida katolik cherkovining «Taqiqlangan kitoblar indeksi»da bo'lgan, ya'ni, uni o'qish va tarqatish cherkov tomonidan ma'an etilgan. Sababi, garchi bu kitob mohiyatan kodlar lug'ati bo'lsa-da, lekin cherkov uni qandaydir qora kuchlar bilan aloqa qiluvchi sehr-joduga aloqador kitob deb hisoblagan.
Rasmda: Abbat Iogann Tritemiy (1462-1516). Adre Teve tomonidan ishlangan gravyura.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
kеyingi > |
---|