Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Uolles chizig'i

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Uolles chizig'i

Tabiiy «pasport nazorati». Jonivorlar va hatto qushlar ham hech qachon kesib o'tmaydigan ko'rinmas chegara haqida.

Uolles chizig'i bu - Malay arxipelagi orollari orasidagi bo'g'ozlar orqali o'tuvchi shartli biogeografik chegaradir.

Agar siz Indoneziya mamlakatining geografik joylashuviga e'tibor qaratsangiz, u juda katta maydonni egallagan, son-sanoqsiz katta va kichik orollardan iborat ulkan arxipelagda yastanib yotganiga guvoh bo'lasiz. Sayyoramizdagi eng ajabtovur va qiziq tabiiy chegaralardan biri - Uolles chizig'i ham aynan shu mamlakat hududidan o'tadi. Uolles chizig'ining o'ziga xosligi shundaki, u masalan qirg'oq, yoki tog' tizmasi, yoxud bo'g'oz singari, biror geografik mintaqa va hududlarni o'zaro ajratib turuvchi tabiiy chegara emas; balki, u bir-biridan tamomila tubdan farq qiluvchi butun boshli hayvonot va o'simlik olamlarini o'zaro ajratib turuvchi bio-geografik chegaradir.

 

Osiyo va Avstraliya qit'alarining flora va faunasi bir-biridan tubdan farq qilishini odamlar allaqachon payqashgan. Agar xaritaga e'tibor qaratadigan bo'lsak, aynan Malay arxipelagi - Osiyo va Avstraliya qit'alari o'zaro eng yaqin keladigan joy hisoblanadi. Insonni taajjubga soladigan va ba'zan lol qoldiradigan jihati shundaki, ushbu arxipelagning orollari bir-biriga qanchalik yaqin joylashganligiga qaramay, biroq, ular orasidan o'tgan mazkur Uolles chizig'idan har ikki tarafda yashaydigan jonivorlar - hayvonlar, qushlar va hatto baliqlar ham mazkur chegarani kesib o'tib, bir-biriga aralashib ketmaydi.

Ushbu qiziqarli fenomenni dastlab 1863-yilda Britaniyalik tabiatshunos olim Alfred Rassel tomonidan ilmiy o'rganila boshlagan. Aynan u, Lombok va Bali, hamda, Sulavesi va Borneo orollari bir-biriga juda yaqin joylashganligiga qaramay, ularda butunlay boshqa-boshqa flora va fauna dunyosi tarqalganligi, hamda, ushbu orollarning birida yashovchi jonivorlar hech qachon qo'shni orolda uchramasligiga diqqat qaratib, jarayonni tahlil qilishga kirishgan. Ta'kidlash joizki, biologiya fani sohasida Charlz Darvin qanchalik mashhur shaxs bo'lsa, aslida Rassel o'z davrida ham undan kam mavqega ega bo'lgan deb bo'lmaydi. U Darvin bilan parallel ravishda evolyutsiya jarayonlariga oid tadqiqotlar yuritgan va ilmiy maqolalarini nashr etib borgan. U XIX-asr ilm-fanida o'ziga xos nom qozongan shaxslardan bo'lib, ilmiy doiralarda Alfred Rasselni «biogeografiya otasi» sifatida hurmat qilishgan. Boisi, u turlarning Yer yuzida tarqalishi masalasida eng kuchli mutaxassislardan biri hisoblangan. Bundan tashqari, u jonivorlarning terisining rangi va tusi qanday omillarga ko'ra tashqi muhit bilan uyg'unlanishiga oid o'ziga xos ilmiy yondoshuv (Uolles konsepsiyasi) ishlab chiqqani bilan ham nom qoldirgan.

 

Uolles kambag'al oiladan chiqqani bo'lib, juda aqlli kishi bo'lganiga qaramay, butun umr nochorlik yoqasida kun kechirgan. Uning yagona daromad manbai - ko'p sonli ilmiy maqolalarini chop etilishi ortidan keladigan qalam haqqi bo'lib, faqatgina umrining so'nggi yillarida Charlz Darvinning sayi-harakatlari tufayli unda davlat tomonidan muayyan maosh tayinlangan. Uolles o'z ilmiy ishlarini asosan sayohatlar orqali amalga oshirgan va sayohati davomida uchratgan har bir voqea-hodisalarni hamda, kuzatuvlarini o'z kundaliklarida batafsil qayd qilib, hujjatlashtirgan. Uning Singapur, Malayziya va Indoneziya hududlariga oid yozib qoldirgan qaydlari XIX-asr ilmiy qo'lyozmalari orasida eng mukammal va mufassal bitiklar sanaladi. U ayniqsa Indoneziya hududidagi hayvonot va o'simlik dunyosini juda sinchiklab o'rgangan bo'lib, olimning sayi-harakatlari bilan mazkur arxipelagdagi 126 000 dan ziyod turlarning namunalari yig'ilgan hamda fanga kiritilgan. Alohida qayd etish joizki, mazkur orollarda tarqalgan turlarning katta qismi to'g'risida zamonaviy ilm-fan birinchi marta tanishgan aynan Uolles izlanishlari orqali. Biroq, u tomonidan taklif etilgan nazariyalarning aksariyati avvalboshdanoq unchalik yaxshi qarshi olinmagan. Ayniqsa, uning qarashlari va ilgari surayotgan g'oyalari dindor qatlamga ma'qul kelmagan.

Uolles o'zining eng dastlabki sayohatlari paytidayoq, Indoneziyaning sharqiy va g'arbiy qismidagi orollarda flora va fauna dunyosi sezilarli farq qilishiga diqqat qaratgan. Masalan, mamlakatning g'arbiy qismidagi orollarda maymunlar, yo'lbars va fil singari Osiyoga xos turlar tarqalgan bo'lsa, aksincha, sharqiy tarafdagi orollarda kenguru va koala singari Avstraliyaga xos jonivorlar uchrar edi. Qizig'i shundaki, masalan, o'sha sharqdagi hayvonlarni g'arbdagi orollarda mutlaqo uchratmaysiz va aksincha, g'arbdagi orollarda yashovchilarga sharqda mutlaqo duch kelmaysiz. Sinchiklab kuzatishlar orqali Uolles ushbu turlar hech qachon kesib o'tmaydigan biogeografik chegara mavjudligini aniqlagan. Ushbu chegara Indoneziya bioxilmaxilligini mohiyatan ikki qismga ajratadi va fanda Uolles chizig'i deb nomlanadi.

Ikki mintaqa flora va faunasini o'zaro ajratib turuvchi Uolles chizig'ining yuzaga kelishi sabablari turlicha bo'lib, eng avvalo u - hududning uzoq o'tmishdagi iqlimi va geologiyasi bilan bog'liqdir. Million yillar muqaddam, muzlik davrlarida dengiz sathi hozirgidan ancha past bo'lib, Osiyo va Avstraliya qit'alari quruqlik orqali o'zaro tutash bo'lgan. Ushbu ulkan quruqlik bo'lagida esa juda turli-tuman jonivorlar yashab, ko'payib borgan. Bu hol so'nggi muzlik davrigacha davom etgan. Muzlik davri yakunlanib, dengiz sathi ko'tarilishi bilan birga, plitalar tektonikasi qit'alarni siljitishni boshlagach, qachonlardir ularni tutashtirib turgan yerlar suv ostida qola boshlagan. Har ikki qit'a butunlay bir-biridan uzilib, ulardagi hayvonot va o'simlik olami ham o'zaro ayro yashashni boshlagach, endi mazkur turlarning evolyutsiyasi ham o'z yo'lidan ketishni boshlagan. Ya'ni, turlar o'z qit'asi uchun xos xususiyatlarni tobora yaqqol shakllantirib, mutlaqo boshqacha tadrijiy jarayonlardan o'tib borgan. Vaqt o'tishi bilan esa, mazkur o'ziga xosliklar tobora yanada yaqqol yuzaga chiqib, o'zaro butunlay farqli ekoztizimlarni yuzaga keltirgan. Oqibatda, biz bugungi kunda Uolles chizig'i deb ataydigan Osiyo va Avstraliya eko-hududlarining shartli chegarasida ularning o'ziga xos tabiiy «pasport nazorati» paydo bo'lgan.

Yuqorida ham aytib o'tilganidek, ushbu shartli tabiiy chegara Borneo va Sulavesi orollari o'rtasidan, hamda, Lombok bo'g'ozi orqali o'tadi. Ba'zi joylarda oraliq masofa juda qisqa ekaniga qaramay, mazkur chiziqning har ikki tarafida yashovchi «devor darmiyon qo'shnilar» ham bir-birini yo'qlab chiqishga oshiqmaydi. Misol uchun Lombok va Bali orollari orqasidagi masofa ba'zi joylarda hatto 40 km dan ham oshmaydi. o'ylab qaralsa, bu masofa, masalan qushlar uchun karnaychining bir puf deganichalik ham gap emas. Biroq, «migratsiya qoidalarga» aynan qanotli do'stlarimiz boshqalardan ko'ra qat'iyroq amal qilishadi va hatto shu arzimas masofalarda ham ularni oroldan-orolga uchib o'tganini ko'rmaysiz. Sut emizuvchilarniku, qo'yaverasiz. Qush uchib o'tmaydigan joylarni, qanotsiz va suzgichlarsiz jonivorlar qanaqasiga kesib o'tsin?! Boshqa turlar bilan ham deyarli shu ahvol, faqat yagona istisno - uzundum makaka maymuni bo'lib, faqat u chiziqning har ikkala tarafida bemalol umrguzaronlik qiladi.

Garchi, Uolles chizig'i bir qarashda shartli tabiiy chegara hisoblansa-da, lekin uni geologik landshaft orqali payqab olish mushkul emas. U Sudna shelfining janubi-sharqidagi chuqur suvosti o'zani orqali o'tib, Indoneziyaning Borneo, Bali, Yava va Sumatra orollarini, Saxul shelfidagi Sulavesi, Yangi Gvineya va boshqa orollardan ajratib turadi.

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 20.01.2025 09:33  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

СмешноУлыбаюсьПодмигиваю

Agar arktangens shimoliy yarimsharda mavjud bo'lsa,
demak, janubiy yarimsharda

Antarktangens ham mavjuddir!!!


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 885
O'qilgan sahifalar soni : 12109116

Tafakkur durdonalari

Xitoydan bo'lsa ham ilm o'rganinglar.

Hadis