Moddaning agregat holatlari

09.09.2018 09:00 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Tabiat qonunlari
Chop etish

Moddaning agregat holatlari

Modda oddiy sharoitda qattiq, suyuq, yoki, gaz holatida bo‘lishi mumkin, shuningdek, moddaning plazma holati ham mavjud.

Har qanday narsa molekulalardan tashkil topgan bo‘lib, uning fizik xossalari, o‘sha molekulalarning o‘zaro qanday ta'sirlashayotgani, hamda, qanday tartibda joylashgani bilan bog‘liq. Kundalik turmushda, ya'ni, oddiy sharoitlarda biz moddalarning uch xil agregat holatini, ya'ni, qattiq, suyuq, va gaz holatlarini kuzatamiz.

Gaz o‘zi egallagan hajmni to‘liq to‘ldirmaguncha kengayaveradi. Agar biz gaz moddaga molekulyar miqyosda nazar solsak, unda har yoqqa betartib harakatlanib, ora-sirada o‘zaro to‘qnashib ham turgan ko‘p sonli molekulalarni ko‘ramiz. Lekin bu molekulalar bir-biri bilan deyarli ta'sirlashmaydi. Agar hajmni kichraytirilsa, yoki, kattalashtirilsa, molekulalar yangi hajm ichida ham bir me'yorda, ravon tarqaladi. Gazlarning harorati va bosimi singari makroskopik xususiyatlari bilan uning molekulyar xossalari o‘rtasidagi aloqadorlikni molekulyar-kinetik nazariya o‘rganadi.

 

Gazdan farqli o‘laroq, suyuqlik - berilgan haroratda muayyan aniq bir hajmni egallaydi; lekin, o‘zi turgan idishning sirtidan quyi qismining shakliga kirib oladi. Molekulyar jihatdan suyuqlik molekulalarini sharlar sifatida tasavvur qilish qulay. Ya'ni, ular bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lsa-da, shunga qaramay, modda ichida erkin harakatlanish imkoniga ega bo‘ladi. Siz idishga ko‘p bora suyuqlik quygansiz va suyuqlik idishning ichki shaklini egallashini bilasiz albatta.

Qattiq modda esa o‘zining mustaqil shakliga va barqaror hajmiga ega bo‘ladi. U o‘zi turgan idishning hajmi bo‘ylab tarqalmaydi ham va idish shakliga kirmaydi ham. Mikroskopik miqyosda qaralsa, qattiq moddaning atomlari bir-biri bilan mustahkam kimyoviy bog‘lar orqali chambarchas va jips biriktirilganini, hamda, ularning joylashuvi ham o‘zgarmas ekanini ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, qattiq moddaning ichki struktura tuzilishi ham ikki xil bo‘lishi mumkin. Ayrim qattiq moddalar juda mustahkam, pishiq va tartibli kristall panjara strukturasi hosil qiladi. Boshqa ayrim turdagi qattiq moddalar esa amorf jismlar deyiladi va ularda atomlar birmuncha betartib bo‘ladi.

Ushbu sanab o‘tilgan uch xil holatlar moddaning klassik agregat holatlari deyiladi. Lekin, tabiatda bularning hech biriga o‘xshamaydigan moddaning to‘rtinchi xil agregat holati ham mavjud. Bu plazma holatidir. Plazma holatidagi moddada uning atomlari atrofidagi elektronlari o‘z orbitalarini butunlay tark etgan bo‘ladi va shu bilan birga, ushbu elektronlar modda ichida qolaveradi. Shunga ko‘ra, plazma ionlashgan holatda bo‘lsa hamki, lekin, elektr zaryadiga ega bo‘lmagan, neytral holda bo‘ladi. Chunki, elektronlar atom atrofidagi orbitallarni tark etishi bilan, moddadagi musbat va manfiy zaryadli zarralar soni tenglashib qoladi. Biz, masalan, lyuminessensiya lampalaridagi singari, o‘zi sovuq bo‘lgan va kam miqdorda ionlashgan plazmani; yoki, Quyoshdagi singari, to‘liq ionlashgan yuqori haroratli plazmani ham kuzatishimiz mumkin.

o‘ta past haroratlarda moddadagi molekulalar tezligi shu qadar pasayadiki, biz ularning joylashuvini aniq belgilay olmay qolamiz. Buning sababi Geyzenbergning noaniqliklar tamoyili tufaylidir. Harorat shu darajada pasayib, atomlarning joylashuvini aniqlash darajasi, boshqacha aytganda, noaniqlik darajasi atomlar guruhlari o‘lchami bilan tenglashib qolgan holatda, moddani tashkil qiluvchi barcha atomlar xuddiki birlashib, butun guruh o‘zini yaxlit bir butundek tuta boshlaydi. Moddaning bunday holati Boze-Eynshteyn kondensati deyiladi va ushbu holatni ham moddaning beshinchi agregat holati sifatida e'tirof etish mumkin.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 21.11.2018 11:22