Gugol

21.09.2017 13:25 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Qiziqarli matematika
Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Gugol

Siz internetda biror narsani qidirish asnosida, albatta Google qidiruv tizimiga duch kelgansiz. «Google», ya’ni, gugl atamasi aslida «gugol» so‘zining buzib aytilishidan kelib chiqqan. Gugol so‘zining o‘zi esa 1 dan keyin ketma-ket yuzta nol bilan yoziladigan sonning nomidir. Tasavvur qilish uchun, 1 dan keyin atiga bitta nol kelsa, ya’ni, raqam «10» shaklida yozilsa, bu so‘n «o‘n» deyiladi. Birdan keyingi uchta nol – mingni, oltita nol – millionni, to‘qqiztasi esa, milliardni anglatadi. Endi, tasavvur qiling, birdan keyin yuzta nol kelsa! Bu sonni, ya’ni, gugolni raqamlar bilan yozib ifodalash ham qiyin. Axir nollar sonida adashib ketish ham hech gap emas Смешно.

 

Gugol atamasini Milton Sirotta ismli 9 yoshli bolakay o‘ylab topgan. Milton akasi Edvin bilan birgalikda, deyarli butun umr Nyu-Yorkning Bruklin mavzesidagi o‘z otasiga qarashli zavodda o‘rik danagini chaqish bilan shug‘ullanib ishlagan. Ularning amakisi Edvard Kasner Amerikada ko‘zga ko‘ringan matematiklardan biri edi. Aynan Kasner jiyani Milton bilan xiyobonda sayr qilib yurgan paytda, amaki-jiyan sonlarning nomlari haqida suhbatlashib qolishadi. Shunda Milton matematik amakisidan 1 dan keyin 100 ta nol keladigan sonni nomini so‘raydi. Kasner bunday sonning nomi hozircha yo‘qligini aytib, jiyaniga, bu nomni o‘zi o‘ylab topishi mumkinligini taklif qiladi. Milton biroz o‘ylagach, «gugol» atamasini o‘ylab topdi. Uning mazkur bolalarcha fikrini amakisi deyarli butun dunyoga mashhur qilib yubordi. 1938-yildan boshlab, bosma manbalarda gugol soni tez-tez qayd etila boshladi va matematiklar orasida qiziqish bilan qabul qilinib, ommalashib ketdi.

Kasner faoliyatining aksar qismini Kolumbiya universitetida o‘tkazgan. Uning hamkasbi Jeyms Nyumen bilan hamkorlikda yozgan «Matematika va tasavvur» nomli kitobida gugol atamasi ilk bora keng omma hukmiga havola qilinadi. Garchi, gugol soni amaliy jihatdan, masalan, bank ishi, yoki, buxgalteriya uchun yaroqsiz, aniqrog‘i, keraksiz son bo‘lsa-da, lekin, olimlar bu sondan turli ilmiy faktlarni taqqoslash va oddiy odamlarda tasavvur uyg‘otish uchun foydalana boshlashgan. Masalan, Koinotdagi galaktikalar, yoki, astronomik masofalar haqida gap ketganda, olimlar «faloncha gugol» deyish bilan, olamdagi aqlga sig‘mas raqamlar haqida tasavvur uyg‘otishga urinishgan.

Shuningdek, 9 yoshli tirrancha o‘ylab topgan ushbu so‘z, XXI asr boshida kelib axborot almashinish sohasida ham bilvosita katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Biz yuqorida gugl qidiruv tizimining nomi ham aynan gugol atamasini noto‘g‘ri talqini ekanini aytib o‘tgan edik. Google kompaniyasining asoschilaridan biri Larri Peyj ham matematikaga juda qiziqqan shaxs bo‘lib, u gugol soni haqida mutolaa qilish chog‘ida, ushbu so‘zni tasodifan xato yozib qo‘yadi va shundan keyin, avvaliga qidiruv tizimini, keyin esa, butun boshli korporatsiyaning nomini shu son sharafiga ataydi.

Matematikada gugol sonidan katta miqdorlarni albatta hisoblash mumkin. Masalan, xususan, shaxmat o‘yinidagi o‘ynalishi mumkin bo‘lgan barcha partiyalar soni gugoldan katta sonni tashkil qiladi. 70 ta odamning bir-biriga nisbatan turli xil tartiblarda joylashish variantlarining soni ham gugoldan biroz katta bo‘ladi. Ba’zi Astrofiziklarning fikricha, Koinotda bizga ma’lum barcha yulduzlarda mavjud bo‘lgan atomlar sonini sanab chiqilsa, emishki, gugoldan kichik son chiqarmish (tag‘in kim biladi deysiz, axir Koinotning chek-chegarasi yo‘qku...).

Shu o‘rinda, gugol terminiga yaqin qarindosh bo‘lgan «guglopleks» termini haqida ham aytib o‘tish joiz, guglopleks – birdan keyin gugolta nol bilan yoziladigan sondir.

 

Rasmda: ushbu marjonda rangi va o‘lchami bilan farqlanuvchi 70 ta turli xil donalar mavjud. Ushbu donalarni bir-biriga nisbatan joylashish variantlarining umumiy soni, ya’ni, 70! gugoldan biroz katta son bo‘lib chiqadi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 11.12.2017 18:02