ppm – milliondan ulush

09.11.2021 10:18 Muzaffar Qosimov Xalqaro birliklar tizimi - SI - Tizimlashmagan birliklar
Chop etish

ppm – milliondan ulush

ppm – muayyan nisbiy kattalikning asosiy ko‘rsatkichga nisbatan 1·10‒6 ulushiga teng bo‘lgan o‘lchov birligidir. Termin inglizcha parts per million so‘zlarining birinchi harflaridan yasalgan bo‘lib, pi-pi-em deb o‘qiladi. Matematik belgilanishlarda ppm birligi o‘rniga shuningdek mln‒1 deb belgilash holatlari ham uchraydi, ba’zan esa matn ichida shunchaki oddiy o‘zbekcha qilib «m.u.» («m.u.» - milliondan ulush degani bo‘ladi). Matematik jihatdan ppm quyidagi nisbatlarga teng bo‘ladi:

Moddalarning konsentratsiyasini milliondan bir ulushlarda ifodalanganda odatda ularning mol ulushi nazarda tutilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin, noaniqliklarga va chalkashliklarga yo‘liqmaslik uchun, baribir har qanday holatda ham kattalikni aniq ko‘rsatish tavsiya etiladi. Shuningdek, biror moddaning massa ulushini ppm orqali ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, ramziy belgini ppmw tariqasida ifodalanishi mumkin. Bunda 1 ppmw = 1 g/t = 1 mg/kg bo‘ladi. Xuddi shuning singari, moddaning hajmiy ulushini ppm bilan ko‘rsatmoqchi bo‘lganda, ppmv tarzida ifodalanishi mumkin. Bunda, 1 ppmv = 1sm3/1m3 bo‘ladi.

Misol uchun, biror moddaning aralashma tarkibidagi massa ulushi 15 ppmw deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, u demak, 1 kg aralashma tarkibida o‘sha moddadan 15 mg mavjud bo‘ladi demakdir. Yoki, masalan, Yer atmosferasidagi karbonat angidrid gazi miqdori 380 mmpv atrofida deyiladi. Bu degani, har bir m3 havo tarkibida taxminan 380 ml karbonat angidrid gazi bo‘ladi demakdir. Is gazi haqidagi maqolada esa biz CO gazining qanday ppm miqdorlari odamga zaharli ta’sir ko‘rsatishini ko‘rib chiqqan edik.

Ingliz tilidan yaxshi xabardor bo‘lgan mutolaachi balki ppmw va ppmv larning nega aynan shunday belgilanishi payqagan bo‘lsa kerak. Bundagi w – inglizcha weight so‘zidan, v esa volume so‘zidan olingan bo‘lib, mos ravishda, massa va hajmga ishora qiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, O‘lchov va tarozilar xalqaro idorasi (O‘TXQ) va Xalqaro amaliy va nazariy kimyo ittifoqi (IUPAC) muayyan qiymatni ifodalashda, ushbu qiymat tegishli bo‘lgan kattalikning o‘zidan aniq foydalanishni tavsiya etadi va qiymatlarni nisbiy o‘lchovlar orqali ko‘rsatmaslikka chaqiradi. Xususan, IUPAC ppm birligidan umuman foydalanmaslikni tavsiya qiladi va buning o‘rniga, karrali ulushlarning o‘zaro nisbatini ko‘rsatish (masalan, mg/kg deb) kerakligini uqtiradi.

Birlik sifatida ppm ni tushunib olish uchun, foiz haqidagi bilimlaringizni taqqoslab ko‘rishingiz mumkin. Foiz – lotincha per cento – yuzdan bir degani (1/100). Cent – 100 sonini bildiradi, shu sababli ham 100 sent – 1 dollar bo‘ladi, shu sababli ham rim raqamlarida 100 sonini C harfi bilan belgilanadi. Foiz, ya'ni, protsent – «yuzdan bir» degani bo‘ladi. Xuddi shuning singari, ppm ham «milliondan bir» degan ulushni ifodalaydi.

Texnik va ilmiy adabiyotlarda shuningdek milliarddan bir ulushni ifodalash uchun ppb (parts per billion = 10‒9), yoki, ppt (part per trillion = 10‒12) birliklarini ham uchratish mumkin.

Shuningdek, shunga qat’iy e’tibor berish kerakki, ilmiy-texnik adabiyotlarda nisbatan tez-tez uchraydigan promille birligini ppm bilan aslo va mutlaqo adashtirib yuborish mumkin emas. Promille – per mille - «mingdan ulush» degani bo‘ladi va matematik jihatdan u 1/1000 ga, yoki, 0,01% ga teng bo‘ladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 10.11.2021 08:46