Olaf Remerning kashfiyoti. Yorug'likning tezligini o'lchash

15.05.2013 16:04 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Kashfiyotlar tarixi
Chop etish
Maqola Reytingi: / 11
Juda yomon!A'lo! 

Olaf Remerning kashfiyoti

Kassinining kuzatishlari. Asta-sekin  teleskop astronomning tan olingan tekshirish asbobiga  aylandi. Teleskopning o‘lchamlari ortadi: Gyuygensning teleskopi  92-marta kattalashtirar edi, 1670 yili Parijda 150 marta kattalashtiradigan  teleskop  paydo  bo‘ldi. Endi bu teleskopning bitta olimga tegishli emasligi, u yangi turdagi ilmiy muassasa — rasadxonaga o‘rnatilgani xarakterli  edi. Lyudovik XIV ning himoyasida bo‘lgan Parij rasadxonasiga Italiyadan  kelgan  astronom  Jan  Dominik Kassini (1625—1712) rahbarlik qilar edi.  Kassini  astronomiya  uchun juda ko‘p ish qilgan. U Saturnning Gyuygens topgan  bitta (Titan)  yo‘ldoshidan  boshqa  yana  to‘rtta  yo‘ldoshi  borligini  topadi.  O‘sha Gyuygens ochgan Saturn halqasi  Kassini  diqqat bilan  qarasa orasi ochiq ikki halqadan iborat ekan, bu oraliq  Kassini  ochiqligi  deb ataladi.  Kassini Yupiter va Saturnning o‘z o‘qi bo‘yicha aylanishini isbotladi.  Kassinining astronomik  hisoblashlaridagi   xizmatlari  ham katta: u o‘sha vaqtgacha ko‘rilmagan   aniqlikda  astronomik birlik — Yerdan  Quyoshgacha bo‘lgan masofani  aniqladi. Kassini topgan 146 mln. km bilan haqiqiy  149,6 mln. km qiymatni va  o‘sha  vaqtda  qabul  qilingan 8 mln. km ni solishtirish qiziq.

 

 

Oldin  eslatilganidek,  XVII  asrning  ikkinchi  yarmi  astronomiyaning  markaziy masalalaridan  biri  Yupiter yo‘ldoshlarining aylanish davrini hisoblash bo‘lib qoldi. Agar  ularning  ketma-ket tutilish vaqtlari aniq ma’lum bo‘lsa, bu kattaliklarni  oddiy  hisoblashlar  vositasida  topish mumkin. Yo‘ldoshlarning aylanish  davrini  bilgan  holda,  aksincha,  ularning  tutilish onlarini oldindan aytib berish mumkin. 1672 yili Kassini Io (Yupiter yo‘ldoshi)ning tutilish onlarini juda aniq topadi. U Ioning aylanish davri uchun hosil qilingan qiymat bir holdan ikkinchi holga o‘tganda o‘zgarishini topib hayratlandi, chunki tutilish ba’zan kechiksa,  ba’zan  oldinroq ro‘y berar edi.  Hosil  qilingan qiymatlar orasidagi (aylanish  davri 42,5 soat bo‘lganda) eng katta (22 daqiqa) farqni o‘lchash noaniqligi  bilan  tushuntirib  bo‘lmas  edi. Ehtimol, Kassini Gyuygensning astronomik kuzatishlarda foydalanila boshlangan mayatnikli soatidan foydalangandir. Kuzatilgan  effekt  asoslangan tushuntirishga ega emas edi.

1672 yilda — Kassini Yupiterning   yo‘ldoshlarini  sistematik kuzata boshlagan yili  Parij rasadxonasida Daniyalik yosh olim Olaf Remer (1644—1710) paydo bo‘ldi. Uni ajoyib mos kelish qiziqtirib qo‘ydi (ehtimol, unga Kassini e’tibor bergandir). Ioning tutilishidagi eng katta kechikish Yupiter Yerdan uzoqlashgan vaqtda  ro‘y  berardi.  Bunday  mos  kelishga e’tibor berish tasodifiy bo‘lishi mumkin edi, ammo bu kutilmagan holga duch kelib, darhol uni tasodif deb ovoza qilmaslik uchun qanchalik uzoqni ko‘ra bilish kerak! Lyudovik XIV davridagi astronomik atlaslarda Yer Olam markazi tarzida tasvirlansa-da, olimlar Yupiter yo‘ldoshi  aylanish davrining o‘zgarishini Yerning ta’siri bilan tushuntirishga  tayyor emas  edilar! Ammo, bu effektni tushuntirish uchun Remer taklif etgan raqobat  qiluvchi  fikr  ham ancha fantastik edi. Remer Ioning tutilishini, biz Yer bilan  Yupiter  orasidagi  masofa  ortganda  kuzatganimizda yorug‘lik katta masofani  bosib o‘tganidan, tutilish bir oz kechikadi, degan taklifni kiritdi. Remerning gipotezasini baholash uchun uning zamondoshlari yorug‘lik tezligi haqida nimalar deganini eslash kerak.

Yorug‘lik  tezligi haqida  chekinish. Qadimgi  olimlar yorug‘lik  oniy tarqaladi deb hisoblashgan (ehtimol, Empedokl bundan mustasnodir). Bu fikr uzoq asrlar Aristotelning  obro‘si  bilan mustahkamlangan edi. Sharqda Abu Ali Ibn Sino va Alxazen   yorug‘likning  tezligi chekli,  ammo  juda  katta  deb  faraz  qilishdi. Yangi davr  Yevropa  olimlari  orasida  yorug‘lik  tezligini  chekli  deyishga  tayyorlaridan biri  Galiley  edi.  Uning  «Suhbatlari» da  uchta suhbatdosh — Sagredo, Simplichio va  Salviati  yorug‘lik  tezligi  masalasini  muhokama qilishadi. Bu masalani Sagredo ko‘tarib chiqadi, Simplichio uni cheksiz deydi, chunki biz otishning alangasini  ham «Vaqt yo‘qotmay» ko‘ramiz. Ovoz bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng kelishi  Satredo  uchun  ovoz yorug‘likka nisbatan sekin tarqalishini bildiradi. Bunga  javoban  bu suhbatda Galiley tomonini oluvchi Salviati qo‘lida fonari bo‘lgan ikki kuzatuvchi bilan tajriba o‘tkazishini tavsiya etadi. Bunda har bir kuzatuvchi sherigi fonarining yorug‘ligini ko‘rib o‘z fonarini yoqadi. Ammo Florensiya akademiyasini olimlari o‘tkazmoqchi bo‘lgan bu tajriba yorug‘lik tezligini chekliligiga real ishonish imkoniyatini bermaydi. (Eynshteyn va Infeld buning uchun vaqtning 1/100 000 tartibda soniyani oralig‘ini belgilay olish kerakligini aytadi). Kepler yorug‘lik oniy tarqaladi deb hisoblaydi; Robert Guk yorug‘lik  tezligi  chekli,  ammo  u  juda  katta bo‘lganligidan  o‘lchab  bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.  Dekart va Ferma yorug‘lik  tezligini  cheksiz  deb  hisoblaganliklari uchun  ularning  geometrik  optikadan  o‘tkazgan  tadqiqotlari  juda chalkashib ketdi. Dekart  bir tomondan yorug‘lik oniy tarqaladi deb hisoblab, ikkinchi tomondan  uni  tashkil etuvchilarga ajratdi. Ferma o‘zining bugungi kunda eng kichik vaqt tamoyili deb atalgan, mashhur tamoyilini ifodalayotganda yorug‘lik tezligi  haqida gapirmaslik uchun «yorug‘lik antipatiyasi» haqida gapirib, turli-tuman usullar ishlatadi. U kiritgan formal koeffitsient aslida yorug‘lik tezligi nisbatiga teng. Shunday qilib, Remerning ko‘pgina zamondoshlari yorug‘lik tezligining  cheklanganligini tan olishga tayyor emas edi. Yorug‘likning  astronomiya  miqyosida   ro‘y  beradigan  hodisalarning yuzaga kelishi uchun javobgar  qilishni  gapirmasa  ham  bo‘ladi.  Taqqoslash  uchun  tovush  tezligi  ham yaqindagina, ya’ni  XX-asrda  o‘lchanganligini  qayd  etamiz.

Remerning hisoblashlari.  Ular juda  ham sodda.  Shunday qilib, Remer 22 daqiqa — tutilish  boshlanishining maksimal kechikishi—Yer bilan Yupiter oralig‘idagi  eng  katta  va  eng  kichik  farqiga  teng masofani yorug‘lik bosib o‘tishi  kerak  bo‘lgan  vaqtga  teng  bo‘lsa  kerak  degan mulohazaga asoslanadi. Bu  farq  Yer bilan Quyosh orasidagi masofaning ikkilanganiga teng. Bunga nisbatan  Yupiter  bilan  uning  yo‘ldoshlari  orasidagi  masofani  hisobga  olmasa ham  bo‘ladi

Remerning  Kassinidan minnatdor bo‘lishining yana bir sababi borligini ko‘ramiz, u Kassinidan Yer bilan  Quyosh  orasidagi  masofa (146 mln. km) ni aniq bilib  oldi.  Shunday  qilib,  Remerning  fikricha yorug‘lik  292 mln.  km ni bosib o‘tishi uchun  1320 soniya (22 daqiqa) kerak  ekan.  Bundan  yorug‘lik  tezligi  uchun 221200 km/soniya qiymat hosil bo‘ladi. Remer astronomik birlikdagi noaniqlik uchun (anig‘i 149,6 mln. km) xato qildi, ammo asosiy xato maksimal kechikish vaqtini aniqlashda edi (to‘g’risi 16 daqiqa 36 soniya). To‘g‘ri hisoblanganida   yorug‘lik  tezligi  uchun  haqiqiy  qiymatga yaqin 300400 km/soniya qiymat  hosil  bo‘lar edi. Remerning yorug‘lik tezligi uchun tartib bo‘yicha  to‘g‘ri  qiymat  bera  olishi  hayratlanarli.

Bu hisoblashlarni Remer 1676 yilning sentyabrida o‘tkazdi, u o‘zining haq ekaniga  olimlarni ishontirish uchun Misr kohinlari  hiylasiga yaqin qiziq hiyla o‘ylab topdi. U hisoblashlar o‘tkazib, Ioning noyabrdagi tutilishi taxminan 10 daqiqaga  kechikishini  aytdi.  Kassini  qatnashgan  kuzatishlar  Remer  tutilishni  bir  soniyagacha  aniqlikda  aytganini  tasdiqladi.  Lekin bu mos kelish atrofdagilarni  unchalik  hayron  qoldirmadi.  Ayniqsa u, Parij Akademiyasidagi, ular orasida  kartezianlar  (Dekart tarafdorlari)  bo‘lgan  olimlarni  ishontira olmadi. Axir ularning ustozi astronomlar haqida «ularning taxminlari hamma vaqt xato va ishonchsiz bo‘lsa-da, ular  turli  xil  kuzatishlarga  tayanuvchi  ancha to‘g‘ri xulosalar chiqarishadi»  deb  yozgan  edi. Remerni  qo‘llab-quvvatlashdan  hatto Kassini  ham bosh tortdi! Fan tarixida bunday hodisalar tez- tez uchrab turadi. Remerning tarafdorlari  ham  topildi,  ular   orasida   ayniqsa Angliya astronomi Edmond Galley (1656—1742) ajralib turadi.

Remer nazariyasini butunlay tan olish 1728 yili Jeyms Bredli (1693—1762) Yulduzlar  aberratsiyasi  yillik  ko‘rinadigan  harakatini  o‘rganishida  ro‘y  berdi. Bu nazariya Yulduzdan keladigan yorug‘lik tezligi bilan  Yerning  orbita bo‘ylab harakati  tezligining   yig‘indisi  singari  tabiiy  tushuntirish  topdi.  Bunda  yorug‘lik   tezligi  Yerning harakati   tezligidan 10000 marta katta bo‘lib chiqdi, bu esa Remer topgan qiymat bilan juda mos tushardi.  Butunlay turlicha  ikkita  yo‘l  bilan  bitta  javobga  kelingani  juda ko‘pchilikni ishontirdi. «Yer»dagi tajriba asosida   yorug‘lik  tezligini birinchi marta o‘lchashni Arman Fizo 1849-yili o‘tkazdi.

Bugungi      kunda     Galiley      kashfiyotlari      haqida      gapirilganda        «Voyadjer-1», «Voyadjer-2» kosmik apparatlari yordamida Yupiter Galiley yo‘ldoshlari sirti qanday tuzilganligini bilganimizni  aytmaslik mumkin emas. 1986 yili Yupiterni maxsus  o‘rganish  uchun  yuboriladigan  apparat  Galileyning  nomida ekanini qayd, qilamiz.  J. Eberxart  yuborilgan  rasmlarda  ko‘rilgan manzara haqida bunday  yozadi: «Galiley oylari» umuman «cho‘qqili sharlar kolleksiyasi» emas ekan. To‘rtta yo‘ldoshdan eng uzoqdagisi kraterlar bilan to‘lgan Kallisto sirti olimlarning   farazini   tasdiqladi.  Ganimedda tekshiruvchilar  ko‘z  o‘ngida  butun bir  tektonik  yoriqlar,  shox  kabi  egri-bugriliklar namoyon bo‘ldi. Ammo sayyoraga  yaqin  ikki  yo‘ldosh — Io va Yevropa butunlay esankiratib qo‘ydi.

Olimlar  Ioning rasmida  qizil  va oltindek, kumushdek va qora  qaynoq  dunyo — faol vulqonlar hukmronligini  ko‘rib  o‘z  ko‘zlariga  ishonishmadi!  «Voyadjer» ning obyektivi Yevropaga qaratilganida kuzatuvchilar ko‘z o‘ngida yorug‘  sirti qamchi  bilan  savalangan  muz  qoplangan  gigant sayyora  namoyon  bo‘ldi...»

 

Yangilаndi: 15.02.2019 11:09