Jon Edvard Lennard-Jons

05.11.2014 02:58 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 7
Juda yomon!A'lo! 

Jon Edvard Lennard-Jons

Jon Edvard Lennard-Jons (inglizcha Sir John Edward Lennard-Jones) - ingliz fizik- va kimyogar-nazariyotchisi. Kvant kimyosining dastlabki namoyandalaridan biri. Uning asosiy ishlari, kvant kimyosi, atom fizikasi va statik mexanika sohalariga oiddir. Olimning asl ism-sharifi Jon Edvard Jons bo‘lib, 1924-yilda, rafiqasi Ketlin Lennardga uylanishi munosabati bilan, familiyasini Lennard-Jons tarzida qo‘shaloq shaklga o‘zgartirgan.

Jon Edvard Lennard-Jons 1894-yilning 27-oktyabr sanasida, Angliyaning Lanakshir grafligi hududida joylashgan Li shahrida tug‘ilgan. Avvaliga mahalli grammatika maktabida ta'lim olgan. 1912-yilda u Manchester universitetiga matematik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirib, ushbu oliygohni magistr darajasi diplomi bilan muvaffaqiyatli tamomlaydi. Oliy ta'lim davomida u tovush nazariyasi masalalari bilan shug‘ullangan.

1915-yilda, I-jahon urushi munosabati bilan uni Qirollik harbiy havo kuchlari safiga chaqirishadi va bo‘lajak olim, harbiy xizmatni Fransiyada, jangovar harakatlar maydonida o‘taydi. Ushbu davr, harbiy harakatlar uchun aviatsiyaning endi-endi qo‘llana boshlayotgan boshlang‘ich davri bo‘lib, harbiy havo kuchlarining tashkil etilishi tarixan yangilik edi. Shu tufayli ham, Lennard-Jons harbiy xizmat bilan vaqtning o‘zida, Milliy Fizika laboratoriyasi uchun aerodinamik hisob-kitoblarni yuritish ishlarida faol qatnashgan.

1919-yilda u harbiy xizmatdan qaytgach, o‘zi o‘qigan Manchester universitetiga ishga joylashadi va matematikadan dars bera boshlaydi. Ayni vaqtda unda gazlarning kinetik nazariyasi yuzasidan jiddiy qiziqishlar paydo bo‘ladi. universitetdagi faoliyatini rivojlantirib u, fan doktori darajasiga erishadi va 1922-yilga kelib esa, 1851-yil Butunjahon ko‘rgazmasi nomidagi stipendiyaga ega bo‘ladi. bu uning uchun ilmiy izlanishlaridagi faoliyatini yanada nufuzliroq muassasa - Kembrij universitetida, mashhur olim Ralf Fauler qo‘l ostida davom ettirish imkonini beradi. 1824-yilda u Kembrijda Falsafa Fanlari Doktori[1] (PhD) darajasi uchun dissertatsiya himoya qiladi. Faulerning tavsiyasi bilan u molekulalararo va atomlararo kuchlar masalalari bilan jiddiy qiziqib shug‘ullana boshlaydi. o‘sha yili u, qator moddalarning kristall panjaralarining energetik parametrlarini hisoblash uchun qo‘llagan va atomlararo kuchlarning potensiallarini ifodalashga xizmat qiluvchi ilmiy mulohazalarini bayon qildi. Shuningdek, Van der Vaals tenglamasi parametrlarni, molekulalararo o‘zaro ta'sir kuchlarini bayon qiluvchi atamalar doirasida umumlashtirdi.

1925-yilda Lennard-Jons Bristol universitetida matematik fizika bo‘yicha ma'ruzachi sifatida ish boshladi. Bir yarim yil o‘tib esa, ushbu universitetning nazariy fizika kafedrasiga rahbarlik qila boshladi. U 1929-yilda mashhur Gettingen universitetiga, kvant mexanikasi bo‘yicha bilim olish uchun yo‘l oladi. Olim kvant mexanikasi nazariyasini, qattiq jism molekulalarining struktura tuzilishi masalalariga tadbiq eta boshlagan.

 

1930-yildan 1932-yilgacha Lennard-Jons Bristol universitetida fakultet dekani lavozimida faoliyat yuritadi. Uning 1928-1932 yillar davomida, Fridrix Xund va Robert Milliken bilan bir qatorda olib borgan, kvant kimyosiga oid ishlari orqali, haqli ravishda, kvant kimyosining asoschilaridan bir sifatida e'tirof etiladi. Yuqorida nomi tilga olingan olimlar bilan bir qatorda Lennard-Jons, kvant kimyosining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri - molekulyar orbitalar uslubini ishlab chiqqan. Ushbu uslubni ikki atomli molekulalar uchun tadbiq qilish orqali, 1929-yilda u, ilk bora kislorod molekulasining paramagnetizmini asoslab berishga muvaffaq bo‘ladi.

Lennard-Jons 1932 yillardagi ilmiy ishlarida, suyuqliklar hamda, zichligi yuqori bo‘lgan gazlardagi fizik-kritika hodisalarni tadqiq qilib, adsorbsiya nazariyasi ustida izlanishlar olib boradi. U molekula va adsorbsiyalovchi yuza orasida kovalent bog‘lanish yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Ushbu ilmiy yondoshuv asosida esa, keyinroq, adsorbsiya turlarining tasnifi ishlab chiqilgan. Yuqoridagi ilmiy muvaffaqiyatlar samarasi o‘laroq, Lennard-Jons 1932-yilda Kembrij universitetida o‘zi uchun maxsus yangi ta'sis etilgan nazariy kimyo professori unvoni va lavozimiga tayinlanadi. U mazkur universitetda, keyinchalik katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kuchli nazariy kimyo maktabini shakllantirdi.

Lennard-Jonsning yuqoridagi ilmiy va amaliy muvaffaqiyatlarining e'tirofi o‘laroq, 1933-yilda uni Buyuk Britaniyaning eng nufuzli ilmiy jamiyati bo‘lmish London Qirollik jamiyatiga a'zolikka qabul qilishgan.

1937-yil avvaliga kelib olim o‘zining molekulyar orbitallar uslubi asosida, turli molekulalarning struktura tuzilishi masalalariga tadbiq etib, polienlar va aromatik molekulalarning xossalarini o‘rganib chiqdi. Shu yilning o‘zida u, o‘zi ishlayotgan Kembrij universitetining matematika laboratoriyasining ta'sischilaridan biri sifatida, ushbu laboratoriyaning tashkillash ishlarida bosh-qosh bo‘ldi. 1939-yilda uning tashabbusi va rahbarligi bilan, mazkur laboratoriyada, kvant mexanikasiga oid hisoblashlarni avtomatlashtirilgan tarzda bajaruvchi differensial analizator loyihalandi va ishga tushirildi.

1939-yil, II-jahon urushi boshlanishi munosabati bilan, Lennard-Jons turli xil harbiy amaliyotlarga oid hisob-kitoblarni bajarishga ixtisoslashtirilgan ilmiy guruhga rahbarlik qila boshladi.

Bir vaqtning o‘zida, Ta'minot vazirligida, turli lavozimlarda maslahatchi bo‘lib ishladi. Butun II-jahon urushi davomida u, ballistik raketalar sinovlari va shu kabi harbiy va strategik masalalar uchun ilmiy yutuqlarni tadbiq etish bilan shug'ullandi. Urush yakunlangach, u bir muddat yana Ta'minot vazirligida faoliyat yuritdi. 1946 yilda, Angliya hukumati tomonidan Lennard-Jonsning II-jahon urushi mobaynida ko‘rsatgan xizmatlarining e'tirofi sifatida, unga ritsarlik maqomi - Britaniya Imperiyasi ritsar-komandori ordeni hamda, "ser" unvoni taqdim etildi. Aynan shu yili unga, Kembrij universitetining Faxriy doktori ilmiy unvoni ham berilgan.

Olim 1946-yil so‘ngida, hukumat tarkibidagi faoliyatini to‘xtatib, yana Kembrij universitetiga qaytishga qaror qildi va ilmiy-ta'limiy jarayonlarni isloh qilish bo‘yicha qator tashabbuslari bilan, universitetda bir qancha ishlarni amalga oshirdi. Shuningdek, urush tufayli bir oz to‘xtab qolgan ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini qayta jonlantirdi. 1948-yilda Lennard-Jonsni Faradey jamiyati prezidentligiga saylashadi. 1949-yilda olim, kimyoviy valentlik nazariyasini ilmiy asoslab beruvchi turkum maqolalar bilan chiqish qildi. Ikki yil o‘tib, ya'ni, 1951-yilda u o‘zining ekvivalent orbitalar usulini tadbiq etgan holda, ilm-fan tarixida ilk bora organik molekulalarning ionizatsiya potensiallarini hisoblab chiqdi.

Lennard-Jonsning katta ilmiy salohiyati va boy ma'muriy tajribasini inobatga olib, uni 1953-yilda Shimoliy Stenfordshird universiteti qoshidagi kollejga rahbarlikka tayinlashdi. Ushbu muassasada, ta'lim tizimi va ma'muriy boshqaruv shakllarini isloh qilish bo‘yicha amaliy tajriba-sinov ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan edi. Lennard-Jons rahbarligida tajribalar muvaffaqiyatli yakunlandi. Amaliy tajribalar yakuniga ko‘ra ushbu kollej universitet darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, hozirda u Kil universiteti tarzida faoliyat yuritmoqda va uning laboratoriyalaridan biri Lennard-Jons nomi bilan ataladi.

50-yillar boshiga kelib, ilmiy va ma'muriy faoliyatdagi ulkan yutuqlar tufayli, Lennard-Jons ko‘plab ilmiy mukofotlarga tavsiya etildi va ularga sazovor bo‘ldi. Xususan unga, 1953-yilda London Qirollik jamiyatining Gemfri Devi nomidagi medali; Kembrij falsafa jamiyatining Hopkins mukofoti; shuningdek 1954-yilda, Oksford universitetining Faxriy doktori hamda, Longstaff Kimyo jamiyatining medallari topshirilgan. Bulardan tashqari, Qirollik Kimyo jamiyatining o‘zi, Lennard-Jons nomidagi maxsus medal ta'sis etgan.

Jon Edvard Lennard-Jons 1954-yilning 1-noyabrida, Staffordshir grafligidagi Stok on Trent shahrida vafot etgan.


[1] o‘sha vaqtlarda horijiy oliy ta'lim muassasalarida, har qanday fan yo‘nalishi bo‘yicha doktorlik darajasiga erishgan olimga Falsafa Fanlari Doktori (Philosophy Doctor) unvoni berilar edi. Bu an'ana hozirda ham ba'zi muassasalarda saqlanib qolgan.

Yangilаndi: 24.05.2019 12:22