Erida

24.02.2014 02:38 Muzaffar Qosimov Ma'lumotnomalar - Astronomiya
Chop etish
Maqola Reytingi: / 0
Juda yomon!A'lo! 

Erida

Erida (136199 Eris) – karlik sayyoralar ichida eng yirigi. U kashf etilgan 2005 yilda, Quyosh tizimining 10-sayyorasi sifatida ham baholangan. Biroq 2006 yildan boshlab u karlik sayyoralar turkumiga kiritildi. Erida Transneptun obyekt va Plutoid hisoblanadi. Uni ilk marta Kaliforniya Texnologiya universiteti olimlari Maykl Braun, Chedvik Truxilo va Devid Rabinovitslardan iborat ilmiy guruh tomonidan, 2005 yilning 5-yanvar kuni, Samuel Oushin teleskopidan olingan 21-oktyabr 2003 yilga tegishli fotosuratlarni tahlil qilish jarayonida aniqlangan. Bir necha oylik kuzatuv va tahlillardan so‘ng, kashfiyot haqida 2005 yilning 29-iyul kuni e’lon qilindi.

Unga dastlab 2003 UB313 shartli nomi berilgan edi. Erida dastavval 10-sayyora deb hisoblangani uchun, unga astronomiya an’analariga muvofiq, qadimgi Rim va Yunon mifologiyasiga oid nom berishga qaror qilishdi. Ilmiy guruh rahbari Maykl Braunning o‘zi unga «Prozerpina» - ya'ni, Plutonning xotinining ismini berishni taklif qilgan. Undan tashqari «Zena», «Persefona» va «Lailo» variantlari ham ko‘rib chiqilgan. Oxir oqibatda, Braunning o‘zi, qadimgi yunon janjal va adovat ma’budasining nomi – Eridani (Ἔρις) tanlashni ma’qul ko‘rdi. XAI bu nomni 2006-yilning 6-sentyabr kuni rasman e’tirof etdi va ertasi kuni 7-sentyabrda Eridani karlik sayyoralar safiga kiritdi.

Erida orbitasi, astronomik arxiv fotosuratlarini 1954 yilgacha qayta tahlil qilish orqali, jiddiy o‘rganib chiqilmoqda. Biroq, uning harakat qonuniyatlarini yuqori aniqlikda o‘rnatishga ko‘plab sabablar to‘sqinlik qilmoqda. Ulardan biri Eridaning o‘z orbitasidagi juda sekin harakati bo‘lsa, uning ko‘rinish kattaligi ham juda xira ekanligi kuzatuvlarni qiyinlashtiradi. Eridaning ko‘rinadigan yulduz kattaligi 18,7m (taqqoslash uchun, Plutonda bu ko‘rsatkich 15m). Eridaning Quyoshdan o‘rtacha masofasi  68,05 a.b. (10,18 milliard km), biroq, uning orbitasi o‘ta cho‘zinchoqligidan (ekstsentrisiteti 0,435), Erida Quyoshdan eng uzoqlashgan paytda, 97,63 a.b. gacha (14,61 milliard km) va eng yaqinlashganida esa, 38,46 a. b. (5,75 milliard km) masofani egallaydi. Erida Quyosh atrofida 581 yilda to‘liq bir marta aylanib chiqadi. «Xabbl» teleskopidan olingan ma’lumotlar asosida, Eridaning diametri 2400±100 km atrofida deb baholandi. Eridaning massasi, uning tabiiy yo‘ldoshi borligiga ko‘ra aniqlandi va Plutondan vaznliroq bo‘lib chiqdi: (1,67±0,02)·1022 kg; bundan kelib chiqadiki, uning o‘rtacha zichligi ham 2,52±0,05 g/sm3 bo‘lishi mumkin. Eridaning o‘z o‘qiga nisbatan og‘ish burchagi va o‘z o‘qi atrofida aylanib chiqish muddati (erida sutkasi) hozircha noma’lum. Stefan-Boltsman qonuniga asoslanib ishlab chiqilgan natijalarga ko‘ra, Erida sirtidagi o‘rtacha harorat, −253 °C atrofida ekan.

Eridaning hozircha yagona tabiiy yo‘ldoshi – Disnomiya 2005 yilning 10-sentyabr kuni S/2005 (2003 UB313) 1 vaqtinchalik nomi bilan aniqlangan. Tabiiy yo‘ldoshga rasmiy nom - (136199) Eris I Disnomiya 2005 yilning 13-sentyabr kuni biriktirildi. Disnomiya – yunon afsonalaridagi ma’buda Eridaning qizining nomidir. U Eridadan 37000 km masofada harakatlanadi va o‘z sayyorasini taxminan 16 kunda aylanib chiqadi

Kashf etilishi

Kashf etgan olim

Maykl Braun, Chedvik Truxilo, Devid Rabinovits

Kashf etilgan joy

Kaliforniya, AQSH

Kashf etilgan sana

5-yanvar, 2005 yil

Eridaning orbital ko‘rsatkichlari

Perigeliy

38,463527 a.b.

Afeliy

97,631354 a.b.

Katta yarim o‘q (α)

68,047441 a.b.

Orbita ekstsentrisiteti (e)

0,43475424;

Siderik aylanish davri

205 029 kun; 561,34 yil.

Orbital tezligi (v)

3,436 km/soniya;

Peritsentr argumenti

150,862297°

Og‘ishi

43,824120°

Yo‘ldoshlari

1 (Disnomiya)

Eridaning fizik ko‘rsatkichlari

Sirt yuzasi (S)

≈17 950 000 km2;

Albedo

0.96

Massasi (m)

(1,67±0,02)·1022 kg;

Ko‘rinadigan yulduz kattaligi

18,7m;

o‘rtacha zichligi (?)

2,52±0,05 g/sm3;

Mutloq yulduz kattaligi

−1,19 ± 0,3

Ikkinchi kosmik tezlik

1,384 km/soniya;

Sirtidagi o‘rtacha harorat

20 K (−253 °C)


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 07.07.2018 14:22